1941 – 1945-yillarda fashizmga qarshi olib borilgan urush o‘zbekistonliklar, ayniqsa, urush janggohlarida jon olib, jon bergan harbiylarimiz uchun qanchalik og‘ir kechganini yozib qoldirilgan tarixiy voqea-hodisalar, maqolalar orqali bilib olish mumkin. Urush voqealari haqida ma’lumot beruvchi manba frontlardagi milliy-harbiy matbuotdir. Harbiy matbuotni yo‘lga qo‘yish, uni jangchilarning jangovar targ‘ibotchisiga aylantirish masalasi urushning ikkinchi kuniyoq kun tartibiga qo‘yilgan va hal qilingan edi.

Chunki mustabid tuzum matbuotning jangchilarning fashizmga qarshi nafratini oshirishda, ularni qahramonlik ko‘rsatishga chorlashda, eng muhimi, askarlarni mafkuraviy iskanjada ushlashdagi rolini yaxshi bilar edi. Shu bois, Qizil armiya siyosiy propaganda bosh boshqarmasi 1941-yil 23-iyunda “Front, diviziya matbuoti ishini yaxshilash haqida” direktiva qabul qildi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublikalarining harbiy nashr vakillari ham mazkur boshqarmada maslahatchi sifatida qatnashdilar. Jumladan, mohir o‘zbek harbiy jurnalisti To‘lqin Rustamov O‘zbekistondan vakil sifatida ana shunday lavozimda mehnat qildi. Respublika vakillarining ushbu boshqarmaga maslahatchi sifatida ishga qo‘yish orqali ularga frontlarda, armiya va diviziyalardagi gazetalar yo‘nalishini boshqarish vazifalari yuklatilgan edi.

Ularning bu lavozimdagi faoliyatini front va frontorti matbuoti tarixi orqali ko‘rishimiz mumkin. Urush yillarida birgina “Sovinformbyuro” Qizil armiyaning jang maydonlardagi harbiy harakatlari va jang tafsilotlari haqida 2,5 mingdan ortiq ma’lumot va xabarlarni yetkazib berdi. Bu xabarlar chet el matbuotlarida ham yoritib borildi. Ma’lumki, “Sovinformbyuro” urush boshlanganidan 3 kun o‘tib tashkil etilgan. 1942-yilning 2-yarmidan boshlab front gazetalari milliy tillarda nashr etila boshlangan. Ba’zi manbalarda frontlarda o‘zbek tilida nashr etilgan gazetalar soni 14 ta ekanligi qayd etilgan. T. Ernazarov va A. Akbarovlar esa o‘z asarlarida o‘zbek tilida 13 ta front gazetasi, 3 ta diviziya va 1 ta okrug gazetasi nashr etilgan deb yozishadi. Boshqa bir manbada esa, 14 ta front va 12 ta diviziya gazetalari nashr etilganligi ta’kidlanadi. Shu bois, manbalarga asoslangan holda ularning umumiy soni quyidagicha nomlarda chop etilganligini keltirishimiz mumkin.

  1. “Dushmanga qarshi olg‘a” gazetasi 1942-yil iyundan boshlab, avval Kalinin, 1943-yil 23-dekabrdan esa 1-Boltiq bo‘yi frontida nashr etilgan. Gazetaning bosh muharriri sifatida dastlab N.S. Kassin, so‘ngra 1943-yil 19-dekabrdan boshlab M. M. Ramzin faoliyat ko‘rsatgan.
  2. “Vatan uchun” gazetasi 1945-yil 20-iyuldan 1946-yil oktabr oyiga qadar Boltiqbo‘yi harbiy okrugi siyosiy boshqarmasining organi sifatida nashr etilgan.
  3. “Dushmanni tor-mor etish” gazetasi 1942-yil avgustdan 1945-yil noyabr oyiga qadar o‘zbek tilida Bryansk frontining siyosiy organi sifatida chop qilingan.
  4. “Suvorovchi” gazetasi 1943-yil 13-noyabrdan 2-Boltiq bo‘yi frontining siyosiy organi sifatida nashr qilingan. Uning bosh muharriri A.M.Volovets va o‘rinbosarlari sifatida A. Saitov, Nabi Yusupov faoliyat yuritgan. Gazetada 1944-yil oxiridan boshlab M. Muhamedov va boshqa muxbirlar ishlagan.
  5. “Front haqiqati” gazetasi 1944-yil aprel oyidan 2-Belarus fronti siyosiy boshqarmasining organi sifatida nashr qilingan. Ushbu gazetada N. Egamnazarov va boshqalar ishlagan.
  6. “G‘alaba bayrog‘i” nomi bilan nashr qilingan gazeta (oldin “Front haqiqati” edi) 1945-yil 5-iyuldan e’tiboran sovet qo‘shinlarining Shimoliy guruhi siyosiy boshqarmasining organi sifatida gazetxonlar orasida tanildi.
  7. “Qizil Armiya” gazetasi 1942-yil oktabrdan Don frontida nashr etila boshlandi. Bu gazeta Don, Stalingrad, Markaziy va 1-Belarus frontlari, so‘ngra Germaniyadagi sovet qo‘shinlari guruhining siyosiy boshqarmasi organi bo‘ldi.
  8. “Qizil askar haqiqati” gazetasi 1942-yil 1-noyabrdan boshlab G‘arbiy frontda nashr etildi.
  9. “Vatan sharafi uchun” gazetasi 1942-yil 28-noyabrdan Voronej frontida chiqa boshladi. Mas’ul bosh muharrirlar bo‘lib L.I. Troskunov, S.I. Jukov, 1945-yil iyuldan V.M. Tuninlar ishladi.
  10. “Suvorov natiski” gazetasi “Qizil jangchi” armiya gazetasi bazasida 1943-yildan 1945-yil avgustgacha nashr etildi.
  11. “Sovet jangchisi” gazetasi 1942-yil 25-dekabrdan Janubi-g‘arbiy front organi sifatida nashr etildi.
  12. “Stalin bayrog‘i” gazetasi 1942-yil oktabrdan, dastlab Janub, keyin Stalingrad frontlarining, 1943-yil oktabrdan bu frontning o‘zgarishi bilan, ya’ni 4-Ukraina frontiga aylantirilishi munosabati bilan uning siyosiy organi bo‘ldi.
  13. “Bong” gazetasi Uzoq Sharq fronti siyosiy boshqarmasining organi bo‘lib, Xabarovskda 1942-yil mart oyidan 1944-yil may oyi oxirigacha haftasiga 2 martadan nashr etildi. Hammasi bo‘lib gazetaning 227 ta soni chiqdi.
  14. “G‘alaba uchun” gazetasi o‘zbek tilidagi front gazetalari orasida yagona brigada gazetasi bo‘lib, u Janubi-g‘arbiy frontning 90-alohida o‘qchi brigadasi siyosiy bo‘limining organi edi.
  15. “Harbiy o‘rtoq” gazetasi Janubi-g‘arbiy frontning 3-zarbdor armiyasi uchun nashr etilgan. Uning tashkilotchisi Faxri Kamol edi. Qizil armiya siyosiy bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1943-yildan boshlab 14 ta frontda, 2 ta harbiy okrugda va 3 ta armiyada 100 ga yaqin nomlarda gazetalar bir qator xalqlar tillarida nashr etilgan. Jumladan, o‘zbek tilida 11 ta, qozoq tilida 10 ta, tatar tilida 8 ta, ozarbayjon tilida 6 ta, gruzin tilida 5 ta, arman tilida 4 ta, tojik tilida 2 ta, turkman, qirg‘iz, boshqird tillarida 1 tadan gazetalar nashr etilgan.

Urush yillarida O‘zbekistonda jami 200 ta gazeta chiqarilib, shundan 124 tasi o‘zbek tilida chop etilgan. Bundan tashqari, respublikada 52 ta jurnal nashr etilib, shundan 19 tasi o‘zbek tilida bo‘lgan. Urush yillarida O‘zbekistonda chiqarilgan gazetalarning umumiy nusxasi 900 mingtani tashkil qilgan bo‘lib, ulardan o‘zbek tilidagisi 600 ming nusxani tashkil etgan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkin-ki, milliy-harbiy matbuot Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘z xizmatlari bilan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan. Front matbuotida harbiy muxbirlar faoliyati alohida o‘ringa ega ekanligini ko‘ramiz. Chunki ular urushning oldinggi marralarida bo‘lib, dahshatli janglarning guvohi bo‘lganlar va bu voqealarni qog‘ozga tushirganlar. Urush yillarida O‘zbek milliy front matbuoti yuksak darajada faoliyat ko‘rsatdi. Ularning xizmati shunda bo‘ldiki, ular o‘zbekistonlik jangchilarning qahramonlik tafsilotlarini yoritish misolida frontdagi ahvolning haqqoniy tavsifini ko‘rsatishga harakat qildi.

Lekin shunday bo‘lsa-da, gazetalar sahifalarida bosilib chiqqan maqolalarda kommunistik targ‘ibotchilik, balandparvoz shiorlar ruhi, mafkuraviy niqob yaqqol sezilib turardi. Milliy-harbiy matbuot haqidagi ma’lumotlardan shunday xulosa kelib chiqadiki, sovet tuzumi urush yillarida ham har doimgidek mahalliy jurnalist kadrlarga ishonmagan. Buni biz yuqorida sanab o‘tilgan milliy front gazetalarining barchasida rus bosh muharrirlar rahbarlik qilganligida ko‘rishimiz mumkin. Faqatgina ayrim hollarda Yo‘lchi Bilolov va Faxri Kamol vaqtinchalik mas’ul bo‘lib ishlashgan, xolos. Umuman, matbuot o‘z sahifalarida Gitler fashizmining bosqinchilik maqsadlari va talonchilik mohiyatini fosh qildi. Mehnatkashlarni dushmanga qattiq nafrat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi. Urush davri o‘zbek adabiyoti xalq va armiyani dushman ustidan erishilajak g‘alabaga safarbar etish, xalqning ruhiy qudratini ro‘yobga chiqarish, olamshumul tarixiy voqealarga oz bo‘lsa-da, ta’sir o‘tkazishga qodir kuch ekanligini namoyish etdi.

O‘zbek xalqining jangchilariga aynan matbuot orqali hayajonli maktublar yetib bordi. Unda ota va onalar o‘z farzandlarini jasoratli bo‘lishga, so‘nggi tomchi qoni qolguncha urushishga chaqiruvchi qizg‘in vatanparvarlik topshiriqlari yangradi. Ularning maktublarida shunday so‘zlar bitilgan: “O‘zbek xalqining sher yigitlari! Yigit kishining uyalgani-o‘lgani, degan bobolarimiz, o‘zbek xalqining nomiga isnod keltiruvchi ish qilmangiz. Bolalik chog‘laringizda onalaringiz alla aytib tanitgan pahlavonlar: Alpomishlar, Rustamlar, Ravshanbeklar, Avazxonlar sizga yor, madadkor bo‘lsin!”. Umuman olganda, front matbuoti o‘sha davr uchun xalqlar do‘stligi bayrog‘i, jangchilarning ona yurtlari, yaqinlari bilan aloqa qilish vositasi bo‘lib xizmat qildi.

 

Zinur BOZOROV,

“Shon-sharaf” davlat muzeyi

kichik ilmiy xodimi