Qarasang, poyonini ko‘z ilg‘amaydi, yursang yo‘lning adog‘i yo‘q. So‘zlashuvda aytganda, «tochka»lar orasidagi masofa ham surobingizni to‘g‘rilaydi. Lekin Vatan himoyasiga bel bog‘lagan harbiy xizmatchilar bu yerga, undagi shart-sharoitlarga allaqachon ko‘nikkan. Chidamliligimizni Markaziy harbiy okrug «Kattaqo‘rg‘on» poligonida o‘tkazilgan artilleriya bo‘linmalarining taktik o‘quvida yana bir bor sinab ko‘rish imkoniyati bo‘ldi. Yo‘l charchog‘i, ob-havoga moslashishni aytmaganda, qiyin bo‘lmadi.

Markazga bo‘ysunuvchi harbiy qismlar, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug, Markaziy harbiy okrug, Toshkent harbiy okrugi va Sharqiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari qatnashgan artilleriya bo‘linmalari lager yig‘inining 3-bosqichi nafaqat «Katta­qo‘rg‘on» poligonida, balki Markaziy harbiy okrugning «Forish» hamda Sharqiy harbiy okrugning «Sho‘rsuv» dala-o‘quv maydonlarida ham o‘tkazildi.

Artilleriya bo‘linmalarining jangovar bo‘linmali taktik o‘quvidan oldin «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydonida topobog‘lovchi, razvedkachi-masofa o‘lchovchi va hisoblovchi mutaxassisligidagi harbiy xizmatchilar o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi. Yo‘naltirilgan kunduzgi va tungi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, barcha turdagi artilleriya mutaxassislari bilan divizion (batareya) tarkibida o‘tkazilgan majmua­viy nazorat tekshiruvi Vatan himoyachilarini yana bir bor tobladi. Xalqimizda «Qalovini topsang, qor ham yonadi», degan gap bor. Bu iborani harbiy xizmatchilarning jangovar texnikalar bilan tillashish mahoratiga qo‘llasa bo‘ladi. Ravon ko‘chalarda, hamma ko‘nikkan, o‘rgangan mashinalarni bosh­qarishda yo‘llarimizda qanchalar muammolar yuzaga kelayotgani, ularning ayanch­li oqibatlari ko‘pchilikka ma’lum. Bo‘linmalar esa artilleriya qurilmalarini mahorat bilan boshqarib, belgilangan vazifani ko‘ngildagidek bajarishga muvaffaq bo‘lishayotgandi.

Taktik o‘quvlar shiddati turlicha kechayotgan bugungi harbiy mojarolarda dushmanga o‘z vaqtida o‘t ochib talafot yetkazish, jangni muvaffaqiyatli olib borish, artilleriya qurollarining o‘t ochish samaradorligini oshirish maqsadlarida o‘t ochish va taktik manyovr harakatlarini muvofiqlashtirgan holda olib borildi. Jumladan, ilk marotaba artilleriya qurolidan 27 600 metr uzoqlikdagi nishonga qarata amaliy o‘t ochilib, yakson qilish vazifasi muvaffaqiyatli bajarildi.

Kunni tunga ulab, deganlaridek kunduzgi mashg‘ulotlar kechasi ham davom etdi. Uzoq masofadagi nishonni zulmatni yorib o‘tib yakson qilish anchagina mahorat va tajriba talab qiladi. Bu borada ham harbiy xizmatchilar o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatishdi. Taassurot va hayratlarimizni hazm qilgunimizcha yo‘lga chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Bepoyon dala-o‘quv maydoni ortda qoldi. Qadimiy Samarqand, Jizzax, so‘ngra tong yorishayotganda poytaxtimiz Toshkent shahri bizni qarshi oldi.

Yurtimizdagi osoyishtalik himoyachilari bu mahalda nima qilayotgan ekan?!

 

Kapitan Aziz NORQULOV,

«Vatanparvar»