Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi! Har bir xalq aziz va muqaddas bo‘lgan o‘z tilini asrash, jozibasini to‘la namoyon etish uchun harakat qiladi, chunki unda millat tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi.

1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida shubhasiz buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan tamal toshi bo‘ldi.

Ushbu bayramning mamlakatimizda keng nishonlanishi ona tilimizga e’tiborni yuksaltirish, uning mukammaligi va boyligini ko‘rsatib bera olish, nafaqat o‘zbek xalqi, balki boshqa millat vakillarini ham bebaho boyligimiz hisoblangan tilimiz va madaniyatimizni o‘rganishga ilhomlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylangan. Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalq o‘zining milliy rasmiy tiliga ega, deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Bu olamshumul hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, unga muhabbati, sadoqatini yanada mustahkamlash shu til jonkuyarlari – o‘qituvchilar, tilshunos olimlar, umuman o‘zini shu millatning farzandi deb bilgan har bir shaxsning har kunlik burchi bo‘lishi shart. Shundagina o‘sib kelayotgan yosh avlod til nega milliy g‘urur ekanligini his etadigan, turli ma’naviy, mafkuraviy tahdidlar ta’siriga tushmaydigan bo‘lib yetishadi. Til – davlat timsoli, mulki. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dog‘ tushadi. Shu sababli o‘zbek tilining hududimizda davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilgan.

Istiqlol yillarida tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘si oshib, u faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanilayotgani, xorijdagi qator ta’lim dargohlarida, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilarning soni ko‘payib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Darhaqiqat, har bir millatning, xalqning o‘tgan kuni, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil – ona tilimiz bildirib turadi. Jonajon o‘zbek tili – ona tilimiz xususida so‘z ketganda, shubhasiz uning dunyo tillari orasida o‘ziga xos mavqega ega ekanligini ko‘ramiz. Bu esa, har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, tilimiz sofligini saqlashda zimmamizga mas’uliyatni ham yuklaydi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yaratilishi, uni amaliyotga tatbiq etilishi ham shu ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.

O‘zbek adabiy tili turkiy tillar guruhiga mansub bo‘lib, u mustaqil til sifatida XI asrdan boshlab shakllana boshladi to hozirgi kunimizgacha bu tilda ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratildi. Xususan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘oti-t-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Rabg‘uziyning “Qissai Rabg‘uziy”, shuningdek, Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroiy, Mavlono, Lutfiylarning yaratgan boy ilmiy-adabiy meroslarini tilga olish mumkin. Ayniqsa, turkiy tilning beqiyos imkoniyatlarini ko‘rsatishda Alisher Navoiyning buyuk xizmatlarini alohida e’tirof etish joiz. Hazratning nafaqat badiiyati, balki tilshunoslikka bag‘ishlangan “Muhokomat ul-lug‘atayn”, ya’ni “Ikki til muhokamasi” nomli asari shu sohadagi qiyosi yo‘q manba hisoblanadi. Qolaversa, shoh va shoir Bobur Mirzoning tilimizda yaratgan go‘zal asarlari bugun ham o‘quvchilar tomonidan sevib mutolaa qilinadi.

Albatta, ona tilimizning taraqqiyoti yuqorida nomlari keltirilgan buyuk ajdodlarimizning yuksak muhabbatida ko‘rinib turadi. Til – millatimiz faxri, g‘ururi. Ayni chog‘da orzu-umidlarimiz, istiqlolimiz unda bo‘y ko‘rsatadigan, qalbimiz oynasi hamdir. Shunday ekan, ona tilimizga doimo hurmat va e’tiborda bo‘lib, uning jamiyatimizdagi mavqeini yuksaltirishga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shaylik. Zero, til bor ekan millat barhayot, uning istiqboli nurli va charog‘ondir.

Safiya QALANDAROVA,

Qurolli Kuchlari akademiyasi Tillar kafedrasi professori,

 pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)