Sirdaryo viloyatida tug‘ilganman. Shahrimizda o‘zbek millatidan tashqari kariyes, rus, ukrain, qozoq va boshqa millat vakillari ham bo‘lib, bir so‘z bilan aytganda, internatsional muhitda voyaga yetdim.

Dadam o‘zbek, onam esa tojik. Mustaqillikgacha bo‘lgan davrda rus maktablari juda ko‘p bo‘lardi. Men ham ta’limni rus maktabida oldim. Navoiy g‘azallarini bilmasamda, Pushkin she’rlarini yod ayta bilardim. Rus maktabida tahsil olganimdan goh xursand bo‘lsam, gohida qattiq afsuslanaman. O‘qituvchilarimdan halollik, poklik, vijdon kabi fazilatlarni o‘rgandim, lekin afsuski o‘tmishimni, tariximni o‘rganolmadim. O‘zbekiston tarixi haqida juda kam ma’lumotlarga ega edim. Otam ziyoli inson. Ota-o‘g‘il suhbatga berilsak, menga doim: “O‘zligingni unutma bolam! Sening qoningda buyuk ajdodlarimiz qoni bor. Ularga munosib farzand bo‘lishing, Vatan xizmatini oliy burch deb bilishing lozim” – deya ta’kidlardilar. Otam hadya etgan tarixiy kitoblar esa kun kelib, xizmat faoliyatimda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘sha davrda tuzum shunday bo‘lgan ekan-da, Sovet davlatining kuchli mafkuraviy siyosati barcha mustamlaka davlatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Yillar o‘tib, yirik gegemon davlatning parchalanishi mustamlaka davlatlarning mustaqil davlatga aylanishiga zamin yaratdi. Xalqimizning asriy orzusi ushaldi. O‘zbekistonda 1989-yili davlat tili haqidagi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu xabar otamni qanchalar quvontirgani hech yodimdan chiqmaydi.

Maktabni tamomlab, oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirganimda barcha o‘quv qo‘llanmalar rus tilida olib borilardi. Vzvodimizdagi kursantlar ichida juda ozchiligimiz rus tilida erkin so‘zlashardik. O‘qituvchilarimiz esa turli millat vakillari. Kursdoshlarimizga rus tilida mashg‘ulotlarni o‘zlashtirish qiyin kechardi. Biz esa “tarjimonlik” vazifasini o‘tardik. Rus tilidagi darslarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, bilim olishlariga ko‘mak berganmiz. Bu bizlarni yanada jipslikda ish olib borishimizga turtki berdi. Mana yillar o‘tsa hamki, biz kursdoshlar haligacha jipsligimizni yo‘qotganimiz yo‘q. Bu voqealar mustaqillikning dastlabki yillarida bo‘lgan xotiralardan. O‘sha davrlardagi qiyinchiliklar ortda qoldi, armiyamiz kundan-kunga isloh etilib, rivojlangan eng kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olib bormoqda. Armiya saflarida intellektual salohiyati yuqori va jismonan baquvvat yigitlarning soni ortib, milliy armiyamiz sayqal topdi.

Hozirda barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida sof o‘zbek tilida mashg‘ulotlar olib boriladi. O‘quv qo‘llanmalar o‘zbek tilida chop etilgan. Ilmiy ish olib borayotgan harbiylar kasbiy mahoratini o‘zbek tilida bayon etib, dissertatsiya yoqlamoqdalar. Ilgari jangovar safda rus tilida qo‘shiq kuylardik. Endichi?! Endi jangovar saflarda o‘zbek tilida Vatan madhi tarannum etilmoqda. Buning zamirida esa Vatan taqdiri, millatning kelajagi ustuvor deb o‘ylayman. Milliy armiyamizdagi bu islohotlarning tub mohiyati o‘zbek adabiy tiliga bo‘lgan ehtiromdan namuna desam, hech ham mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Otam bot-bot takrorlaydigan “O‘zligingni unutma, bolam!” pand-u nasihatlari yoshimga yosh qo‘shilganda, yuqori qo‘mondonlik menga lavozimni ishonib topshirganlarida, navbatdagi unvonga munosib topilganimda asl mazmunini topa boshladi. Otamning o‘gitlari va uzoq yillik tajribalarimdan quyidagi xulosaga keldim: biz, “ma’naviyatning kema kapitanlari” avvalo insonlarni insonparvarlikka o‘rgatishimiz lozim. Inson qachonki, insonparvar bo‘lib ulg‘ayar ekan, u albatta, millatparvar ham bo‘ladi. Millatparvar insonlar vatanparvar xalqqa aylanadi. Vatanparvar insonlardan qudratli davlat vujudga keladi va uni hech kim sindira olmaydi.

Soqovlarda zabon yo‘q, to‘g‘rimi?! Lekin ular Vatanni sevishni bilishadi. Ba’zan til bilmaslikni aybga yo‘yganlarida, men ularga qarata, shu soqov insonlarni misol keltirgim keladi. Vatanni til bilan sevib bo‘lmaydi. Tildan har so‘z chiqishi mumkin. Lekin tildagi so‘z amalda bo‘lmasa, bundan og‘irroq fojea bo‘lmasa kerak.

Farzandlarim o‘zbek maktablarida ta’lim olishdi. Ona tilida mendan-da a’lo so‘zlashishadi. Hozirda katta qizim Rossiya davlatida tahsil olyapti, o‘g‘lim esa Angliyaning nufuzli oliygohida talaba. Farzandlarim olis yurtlarda men bilan Internet tarmoqlari orqali o‘zbek tilida maroq ila yozishlarini his etib turaman. Ular o‘z Vataniga sog‘inchini o‘zbek tilida yozib, xumorini bosgan bo‘ladilar.

Yurtimizda tilga e’tibor kundan-kunga ortib bormoqda. Zero, til millat ko‘zgusi deya bejiz aytilmagan. Ma’rifatparvar, millatparvar inson Abdulla Avloniyning bir she’rida “Oinai har millat erur til – adabiyot”…degan jumlalari bejiz bitilmagan edi. Til bor ekanki, millat ham yashaydi. O‘zbek tili tarixi O‘rxun – Enasoy bitiklaridan boshlanib, bu qadimgi turkiy til deb ataladi. Necha ming asrlardan buyon shakllanib kelayotgan ona tilimiz boy til sanaladi. O‘zbek tilining ulug‘ yoshda ekanligi yozma manbalar orqali tasdig‘ini topib turibdi. Birgina Navoiy hazratlarining ijodiyoti bilan tanishib, shoirning o‘zbek tiliga qo‘shgan ulkan hissasini anglaymiz. Til quyosh bo‘lsa, adabiyot nur deya ta’riflashadi.

Darhaqiqat, millatning kelajagi adabiyot bilan hamohang. U avloddan-avlodlarga, xalq og‘zaki ijodi bilan yozma manabalar orqali yashamoqda. Men esa ana shunday purviqor o‘tmishga ega, o‘z tili, millatiga ega xalqning, buyuk ajdodlarimiz barpo etgan qudratli yurtning farzandiman. Bundan ruhlanaman, faxrlanaman.

 

Polkovnik

Ulug‘bek DO‘SMATOV,

 Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug

 qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari