Mudofaa vazirligiga qarashli Farg‘ona shahrida joylashgan harbiy qism mas’ul ofitserlari bilan Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murodovani yo‘qlab, xonadoniga bordik.

Yon-atrofimizda shunday kamtar, bag‘rikeng, samimiy insonlar borki, ular bilan suhbatlashsang, diling yayraydi. Hech qancha fursat o‘tmay, yana o‘sha suhbatni sog‘inasan. Ularning so‘zlari hikmatga boy, ruhiyatni ko‘taradi, kelajakka bo‘lgan ishonchni oshiradi. Harbiylarning yo‘qlovidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan qahramonimiz bilan kechgan samimiy suhbatimiz dala shiyponida, bir piyola choy ustida davom etdi.

– Boshimizdan o‘tgan qiyinchiliklarning barini sabr bilan yengib o‘tdik. Sabr qilsang, g‘o‘radan holva bitar, deb bejiz aytilmagan. O‘sha paytlari ayollarning tadbirkorligiga to‘siqlar bor edi. “E, ayol kishi ham qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadimi?!” deganlar ko‘p bo‘lgan. Hozirgi yosh fermerlarning iqboli bor ekan, qumlar orasida tortgan azoblarimizni ko‘rishgani yo‘q. Endigi fermerlar tayyor yerga urug‘ qadaydi. Boz ustiga, davlatimiz fermerlarning daromadini o‘ziga beryapti, texnika oladimi, uy oladimi, o‘z ixtiyorida. Bunaqa imkoniyatni kim bergan? Men yoshlarga shunday dorilamon kunlarda yashayotganimizga shukur qilinglar, deya bot-bot takrorlayman, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Lolaxon Murodova. – Oldinlari kun bo‘yi dalada bo‘lardik. Kunlik rejani bajargunga qadar tong otardi. Kallayi saharda uyga borib, onam qaynatgan sutni simirib, yana dalaga ketardim. U paytda avtobus qayerda, usti ochiq, urushdan qolgan yog‘och kabinali mashinalardan foydalanilgan. Yo‘l chang, mashinadan tushayotgan xotin-qizlarni tanib bo‘lmasdi, bosh-oyoq tuproq. Endi chiqqan nihollarni shamol yelib, uchirib yuborardi. Yerga qayta urug‘ qadab, hamma ishni noldan boshlagan kunlarimiz bo‘lgan.

Dehqonchilik ilmini kimdan o‘rgangansiz, degan savolimizga zahmatkash fermer quyidagicha javob berdi:

– Bolaligimda otam mototsikliga solib, dalaga olib kelardi. Otam bilan tengma-teng ishlardik. Qumloqqa qovun-tarvuz ekib ketardik. Kim o‘ylabdi peshonamga shu yerning qumlari yozilganini?! Cho‘lni o‘zlashtirish, ekinzorga aylantirishda o‘zim ham ishtirok etdim. Yerlarni tekislash hazilakam ish bo‘lmagan. Otam urush qatnashchisi bo‘lsa, men mehnat fronti qatnashchisiman, deb astoydil ishladim. Shu kunga qadar otamning ishini davom ettirib kelayotganimdan faxrlanaman.

Qahramon opa bilan uzoq suhbatlashdik. Vaqt o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, gurung yakun topishini sira istamasdik. Uning so‘zlaridan ilhomlanib, onani, ayolni ulug‘lovchi she’rlardan o‘qib berdim. Mushoira davraga zavq bag‘ishladi. O‘zbekning oddiy dehqon ayoli Lolaxon opaning bosib o‘tgan hayot yo‘llari, yer bilan “tillasha” olishi uni O‘zbekiston Qahramoni darajasiga ko‘tardi. Ortga qaytar ekanmiz, el farovonligi, xalqimiz dasturxonining to‘kin-sochinligi Lolaxon Murodova kabi Vatanga sadoqat bilan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizning halol mehnati samarasi ekaniga yana bir bor iqror bo‘ldik.

 

Podpolkovnik

Yo‘ldosh XOLIQOV,

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari