Qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, har qanday vaziyatlarda yuklatilgan vazifani tezkor va sifatli bajarish qobiliyatiga ega harbiy xizmatchilarni tayyorlash ishlariga bugun alohida e’tibor qaratilmoqda. Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazining “Saridala” o‘quv bazasi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Butunlay zamonaviy ko‘rinish kasb etgan mazkur o‘quv bazasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ushbu o‘quv baza harbiy xizmatchilarning, pirovardida esa milliy armiyamizning professional mahorati oshishiga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Tog‘ yon-bag‘rida barpo etilgan mazkur zamonaviy bino va inshootlar endilikda harbiy xizmatchilarning tog‘ sharoitida harakatlanish, o‘z jangovar tayyorgarligini mustahkamlash bo‘yicha kasbiy bilim va malakasini shakllantiradigan maskanga aylandi. Qisqa vaqt ichida kapital ta’mirlanib, qayta rekonstruksiya qilingan o‘quv baza barcha qulayliklarga ega.

Ta’kidlash kerakki, tog‘ yon-bag‘rida joylashgan o‘quv bazada tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha ilk bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan barcha o‘quv nuqtalari zamon talablariga mos ravishda barpo etilgan. Kerakli o‘quv moddiy baza va zamonaviy vositalar bilan to‘liq jihozlangan.

Sodda qilib aytganda, o‘quv baza tog‘ tayyorgarligi yo‘nalishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga kirishayotgan harbiy xizmatchilar uchun dastlabki bosqich vazifasini o‘taydi.

E’tiborli jihati shundaki, bu yerda har bir harbiy xizmatchining individual va professional tayyorgarligini oshirish, mashqlarni real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etish imkoniyati mavjud. Marosim davomida ishtirokchilar uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Bunda yurt himoyachilari o‘quv joylarida turli murakkab mashqlarni bajarib, yuqori jangovar tayyorgarlik va mahoratga ega ekanliklarini namoyish etishdi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu o‘quv baza kelgusida ona Vatanimizni munosib himoya qiladigan minglab mard va jasur o‘g‘lonlarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga, professional yurt himoyachilari safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti