Bu o‘sha yo‘l! Hech o‘zgarmagan. Betartib harakatlanayotgan mashinalar omon bo‘lgur o‘ralar aro misli chang‘ichi kabi to‘siq oshib yo‘rg‘alaydi. Ketyapmiz. Haydovchi ko‘rsatib ketayotgan manavi uylar ko‘tarasiga “Obod mahalla” dasturiga tushgan.

Oltinsoy tumani bog‘lari, olmazor-u uzumzorlari bilan mashhur. Bu yurtdan ko‘p fidoyi insonlar, iste’dod sohiblari, jo‘mard zotlar yetishib chiqgan. Bu makon ulug‘ allomalarning ravzayi pokiga aylangan…

Tumandagi 9-maktab muyulishiga ham keldik. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik va tarix fani o‘qituvchisi, zaxiradagi ofitser Habibullo Ismatulloyev peshvoz chiqdi…

…gacha

 Oltinsoy tumanida bir maktab borligi, unda beminnatgina tashkil qilingan muzeyning ovozasi yurtimiz bo‘ylab taralayotgani, muzeyni ko‘p yillardan beri yuritib kelayotgan odam, hatto o‘z maoshini-da shu ezgu ishning rivojiga yo‘naltirayotgani haqida xabar keldi. “Maoshini ham yo‘naltiradigani… bo‘lmasa kerag-ov, ijtimoiy tarmoqlarda birovlarning rizqini qiyayotganlar, molini yeb ketayotganlar haqidagi xabarlar bodroqday urchib turgan sharoitda ham shunaqasi bo‘larkanmi?” degan yarim hazil, yarim chin xayol bilan “ish”ga yeng shimararkanman, Shukur Xolmirzayevning “O‘zbeklar” hikoyasi syujetini eslab, ajablanmay qo‘ydim: bu xalq – buyuk!

…dan keyin

Habibullo muallim xushtabiat, shirinsuxan, o‘smirlar kabi xipchagina – g‘ayrati ichiga sig‘magan – bir gala ezgu rejalar-u niyatlari ro‘yobiga ko‘z tikkan xokisor inson ekan! Birinchi tasavvurim shunday bo‘ldi. Maktab hovlisidagi yo‘lakchadan muzeyga tomon suhbatlashib yo‘l tortarkanmiz, shu oraliqning o‘zidayoq Habibullo akaning olis qishloqning bir maktabidan turib qilgan ishlariga havas qila boshladim. Ichkariga kirgach, tamoman qoyil qoldim!

Muzeyning shakli, Samarqandga borib, Ulug‘bek rasadxonasi ro‘parasidagi muzey kabi – gir aylana. Birgina farqi: Habibullo muallim muzeyining “gir aylana”si ichida ham ko‘rkam xona bo‘lib, turfa eksponatlar bilan to‘ldirilgan.

Ushbu mezeydagi nodir ashyolar, buyumlar, osori atiqalar batartib davrlashtirilgan. Miloddan avvalgi asrlarga taalluqli sopol, mis va temir idishlar, ro‘zg‘or buyumlari, qurol-aslaha bo‘laklari; kiyim-bosh, qo‘l mehnati sifatida qadrlanadigan (o‘tgan asrlarga tegishli!) naqshinkor so‘zana-yu quroqlar, kigiz-u gilamlar; numizmatika burchagi; Ikkinchi jahon urushi yillaridan “so‘zlovchi” eksponatlar; turli milliy cholg‘u asboblar, duradgorlik va kandakorlik buyumlari, o‘tmishdagi qurilishlarda foydalanilgan detallar, suratlar, xaritalar, o‘lkashunoslikka doxil ashyolar – hayvonot va nabotot dunyosining noyob jonivorlari hamda o‘simliklariga tegishli qoldiq va namunalar, “tabiat mo‘jizasi” degan ta’rifdan boshqa so‘z aytib bo‘lmaydigan, daryolardan topilgan antiqa shakldagi toshlar, ajabtovur matohlar, turli tarixiy yillar-u voqealarni qamragan kitoblar, zamonaviy adabiyotlar, xalqaro ilmiy jurnallar va ko‘zim tushmay qolgan yana qanchadan-qancha ajoyib eksponatlar – xayolni birrov tashqi muhitdan uzib, ruhiyatni olis va sirli tarixning muhtasham kengliklariga yetaklaydi!

– Qirq yildan beri muallimman, o‘zim Samarqandda tahsil olib, tarixchi bo‘ldim. Harbiy xizmat va harbiy hayotga bo‘lgan qiziqishim avvaldan ayricha edi. O‘quvchilarga dastlabki harbiy ko‘nikmalarni to‘g‘ri berish muhim. Ular shunga qarab xulosa chiqaradi… Shu muzeyni tashkil qilganimdan beri ishimdan, o‘zimdan qanoatlanaman. Muzeyni to‘ldirish uchun ko‘plab tumanlarga bordim, odamlarning uylarida saqlanayotgan tarixiy buyumlarni olib keldim. Keyin-keyin odamlarning o‘zlari ham ana shunday ashyolarni muzeyimizga ravo ko‘rishdi. Zanglagan tanga topishsa ham menga tutqazadigan bo‘lishdi. Elimga qulluq! Ayniqsa, shogirdlarim. Ular ham muzeyga ayricha mehru muhabbat bilan keladi. Maktabimizda shunday muzey borligidan, bu dargoh ko‘plarning tiliga tusha boshlaganidan faxr tuyadi. Inson umri shunday ekan-da, muxbirjon! Iz qoldirishi kerak ekan! Janozalarda ham yaxshi inson (marhum) ortidan qolgan farzandlar, kitoblar, bog‘, ko‘prik, masjid-u madrasa, xullas, insonlar og‘irini yengil qiladigan ezgu amallar bejiz tilga olinmas ekan… Bu muzey ham bir bog‘day gap! Mening bog‘im! – deydi muallim.

Ha-a… chindan ham shunday! Habibullo muallimning bu gaplari etimni jimirlatdi. Shu gapning o‘zi ham bir shaharni obod qilib yuborishi mumkin! Bir arosatdagi, hayotda ikkilanib yurgan insonni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborishi hech gap emas.

Shu payt eshikda barvasta, chamasi qirq besh-ellik yashar bir kishi ko‘rinish berdi. Habibullo muallim mehmonni tanishtirdi. U O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi Texnik ta’minot kafedrasi o‘qituvchisi podpolkovnik Fozil Sattorov ekan. Ayni damda xizmat ta’tili bilan ona yurti Oltinsoyga kelgan, Habibullo muallim bilan qadrdon, tumandagi shunday muzeyning rivojiga xayrixoh ekan.

– To‘g‘risi, qoyil qolish kerak, bir o‘qituvchi bundan ziyod bo‘lmaydi, ey, muxbir uka, oylik maoshini xarj qilib bo‘lsa ham, muzeyni tikka qilgan shu kishi, yaxshilab yozing! Men, “Vatanparvar”ning har sonini o‘qib boraman! Maqola chiqsa, qishlog‘imda shunday muzey bor, deb kursantlarimga maqtanay, – deydi suhbatimizga qo‘shilgan podpolkovnik Fozil Sattorov.

Muzeyda ikki mingdan ortiq katta-kichik eksponat bor ekan. Bu yerga mamlakatimizning turli hududlaridan, hatto xorijdan ham mehmonlar kelib turarkan. Ular muzeyda uzoq vaqt qolib ketar, eksponatlarga mahliyo bo‘lib qolar emish.

– Muzey hozirgidek ko‘rkam emas edi. O‘sha paytlarda viloyatimiz hokimi bo‘lgan Erkinjon Turdimov sayyor qabul bilan Oltinsoyga kelarkan, degan xabarni eshitib qoldim. Sayyor qabulga bordim, navbat oldim, hokimga muzey haqida aytdim. “Ikki kunda ta’mirlashni boshlaymiz, bobo, muzey ochgan bo‘lsangiz, otangizga rahmat!”, dedi Erkinjon. Haqiqatan ham, u kishi aytgan muddatda ta’mirlash boshlandi. Shu kishi ham muzeyimizning obod bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shdi, – deb esladi Habibullo muallim.

Habibullo Ismatulloyev muzey ishlaridan tashqari asosiy vaqtlarini o‘quvchi-yoshlar bilan o‘tkazar, ularni jamoaviy va individual mashg‘ulotlarda toblar ekan. Domla tayyorlagan maktab jamoasi “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasiga qatnashib, Surxondaryo viloyatida birinchi, respublika bosqichida esa to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Ana, ish! Ana, fidoyilik! Qo‘lni be­ring-ye, domla! Ming rahmat, sizga, degingiz keladi. “Ma’naviyat, ma’naviyat” deymiz. Ma’naviyat – og‘izda, majlis-u “xo‘jako‘rsin” xonalarda qolsa, tajribaga ko‘ra, hech qanday samara bermaydi, “Oqshom ertaklari” kabi utopik bir cho‘pchakday havorda qoladi, xossatan, bugungi shiddatli, “yutub”li, “telegram”li, “instagram”i bor muhitda! Lekin ma’naviyat Habibullo muallimning muzeyi singari “moddiylashsa”, kishilar, ayniqsa, yoshlar ko‘zicha turli shakl-u shamoyillar orqali gavdalansa, ifodalansa, uning qudrati harakatga keladi, vosita, robita, yo‘l topadi…

 ***

Habibullo muallim qo‘ng‘iroq qilib xushxabar aytdi. Domla joriy yilda “Mustaqillikning 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanibdi. Quvonchiga sherik bo‘ldik.

 ***

Bu o‘sha yo‘l! Hech o‘zgarmagan. Betartib harakatlanayotgan mashinalar omon bo‘lgur o‘ralar aro misli chang‘ichi kabi to‘siq oshib yo‘rg‘alaydi… Ne-ne qayg‘u-yu tashvish bilan yelib-yugurib yurgan odamlar orasida Habibullo muallim ham borligini, uning tashvishlari, qayg‘ulari naqadar umumiy, ezgu ekanligini; o‘sha olis Oltinsoy taraflardagi muzeyni ko‘rganim, eksponatlarini yodga olib, ko‘nglim yorishadi. Inson va hayot manzaralariga tahsin aytaman…

Alibek OMONTURDIYEV