Samarqand yo‘li

Akademik Abdulahad Muhammadjonov, Bo‘riboy Ahmedov va boshqa mutaxassislar ham Samarqand ahli juda qadimdan Obirahmat va Siyob arig‘i atrofida yil boshi Navro‘zni katta xursandchilik tantanalari bilan kutib olishi haqida yozadi. Navro‘z tantanalari ba’zi farqlar bo‘lishiga qaramay, bugun ham Turonda milliy qadriyat va qadimiy ajdodlardan meros qutlug‘ an’ana bo‘lib davom etayotir. Nazarimizda, qidiruvchini chetga og‘ishtirmay, maqsad manziliga tez olib boruvchi “Samarqand” yo‘li shu tarixiy marosimdan boshlanadi. Hatto undan firdavsmonand bir ko‘hna Kent epkini sezilayotir.

Tamaddunning ilk qadami

Bu qadam O‘kuz va Yaksart oralig‘iga muhr kabi bosilgan zamonda hali Eronning qadimiy hukmdor sulolalarini madh etuvchi mashhur afsonalar, Chinning eng eski solnomalari yo‘q edi. Hatto “Navro‘z” tantanalari hali yer kurrasiga yetib kelmagandi.

Cho‘pon ota tog‘i etagi, Obirahmat suvi bo‘yi, Afrasiyob qal’asi devori tashqarisida minglab el xursandchilik va ezgu umidlar bilan ishtirok etadigan bayramda hozirgidagi kabi umumiy dasturxon yozilardi. U turli noz-u ne’matlar bilan to‘lib toshardi. Xuddi shu kunlari ertaklardagi “ochil dasturxon”ni hayotda ko‘rish mumkin edi. Uni asrab-avaylash Ko‘klam zimmasida edi. Undagi ne’matlardan katta-yu kichik – hamma bahramand bo‘lardi. Bu marosimda taomlar malagi albatta, “Sumalak” edi. U hozirgacha bu azaliy oliy maqomini yo‘qotmagan. Bugun ham u Tangri taoloning yerdagi bandalariga ilohiy in’omi, deb qadrlanadi.

Turon taomi – sumalak birinchi marta balki Samarqandda tayyorlangandir…

Olis asrlar qa’ridagi izoh

U ming yillik masofadan chiqib keldi. “Sumalak” atamasi tarkibidagi “malak” biz o‘qigan yo eshitgan hikoyalardagi arabiy “malak” (farishta) va “su” – forsiy “se” (uch) yoki “si” (o‘ttiz) so‘zlari bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. “Sumalak” sof turkiy (o‘zbekcha) so‘z bo‘lib chiqqanidan cheksiz hayratda edik. Tom tashqi shiftlari va deraza qoshida osilib turgan muz sumalak bilan qozondagi qaynoq taomning ham o‘xshash sifatlari bor ekan.

Muammo yechimi ulug‘ ajdodimiz, turkiy tilshunoslik ilmi darg‘asi, alloma Mahmud Koshg‘ariyning hijriy 469-yili (1076–1077) yozib tugatgan “Devonu lug‘ati-t-turk” kitobidan topildi. Muallif “suma” so‘ziga: “Ivitilgan bug‘doy nomi. U quritilib, tuyiladi. So‘ng undan ugra osh va non tayyorlanadi. Sharbat olish maqsadida undirilgan arpa uchun ham shu so‘z qo‘llanadi”, deb juda tushunarli izoh bergan.

“Suma” mustaqil ma’no anglatuvchi ikkita: “suv” va “ma(n)” (don) so‘zining birikuvidan tashkil topgan ekan. (“Tegirmon” so‘ziga solishtirib ko‘ring: “tugar” + “man” – donni tugib, tuyib un qiluvchi.) “Suma” sumalakning ilk shakli edi.

“Suma” so‘ziga “malak” (farishta) qanday qo‘shilib qolgan?

Arab tilidan bizga o‘zimiznikidek singishib ketgan “malak” so‘zini “suma”ga qo‘shishga qanchalik urinmaylik, bu jarayonga u begona ekani oydinlashaverdi. “Suma” va “malak” sira qovushmadi. Shunda Koshg‘ariyning turkiy so‘zlar lug‘atidan “bulatmoq” so‘zi chiqib keldi va ko‘z o‘ngimizda biz qidirayotgan voqeani sodir etdi. Xuddi so‘rovchini kutib yotganday “malak” sirini oshkor qildi.

Qidiruv jarayonida “bulatmoq” so‘zidan bir necha ma’nolar yuzaga chiqdi.

Suv bug‘ida qo‘zining go‘shtini “bug‘latib”, “buvlatib” pishirmoq. X–XI asrlar va ulardan qadimgi zamonlarda ham turkiy “bulatti” arabiy “sho‘rva” so‘zining o‘rnida qo‘llangan ekan.

Bu to‘g‘rida Mahmud Koshg‘ariy: “Qozon bug‘ida pishirilgan har narsaga bu so‘z qo‘llanadi”, deydi. Davrimizdagi ba’zi asarlarda ham “qozonda bilq-bilq qaynayotgan sho‘rva” hodisasiga duch kelib qolamiz. Turkiylar o‘sha paytlarda sho‘rvani “mun” deb ham atagan ekan.

Qadimda tomdan erib tushayotgan qor suvi suvoq loyi bilan aralashib, tuproq yoki tom ustiga yopilgan narsa rangiga mos tusga kirgan, bulangan. Tiniq suvga boshqa narsaning aralashuvi xususiyati ikki sumalakka ham tegishli, ular bulangan suvlardir. Bu mazmun daraxt tanasidan oqib chiqayotgan quyuq suyuqlik “simola” so‘zida ham bor. Sumalak o‘z nomini o‘zi aytadigan taomdir.

Muqaddas taom sohibasi

Turonning yetti-sakkiz ming yilliklar bag‘rida yastanib yotgan jo‘shqin va shonli madaniy-ma’rifiy tarixi bag‘rida bizni mashhur va sirli Onaqut kutib oldi. Bu momomiz biz bilgan mashhur “Avesto” (“Ko‘k so‘zi”, keyinchalik undan “ovoz” so‘zi ham yasalgan) kitobi paydo bo‘lishidan 5–6 ming yil oldin bug‘doyni suvda ivitib, undan sumalak pishirayotgan edi. Birin-ketin ming yillar o‘taverdi, xuddi shu momomiz va u tayyorlagan ovqat sharafiga bag‘ishlangan “qut”lovlar ko‘payib boraverdi. Oradan uzoq zamonlar o‘tib, o‘sha “qut”lovlar “Avesto” kitobiga “gut”, “got”, “gos”, “goh” bo‘lib kirdi. Qadimgi sanskrit tili so‘zligiga “git”, “get” bo‘lib joylashdi. Hindlar hozirgacha qo‘shiqni “git” deydi. Bizga u Ovrupodan “get” (tavsifchi, ta’riflovchi, madh qiluvchi) bo‘lib ortga qaytdi.

Bugun ham sumalakni ayollar tayyorlaydi. Ular borliq, hayot, suv, quyosh, tuproq, shamol sha’niga qutlovlar aytadi, duolar yo‘llaydi.

Sumalak va Avesto

Shoir Asqar Mahkam tarjima qilgan “Avesto” nashrida Onaqut nomi “Anahita” shaklida yozilgan. Kitobning 5-yashti “Ardvisura Anahita qasidasi” deb nomlanib: “Mazda bunyod etgan Ardvisura Anahitaning tiniq va tavfiqli suvlariga, jumla o‘simliklariga farrahmandlik – sog‘inch va olqish, farah va sharaf”, satrlari bilan boshlanadi. Tarjimon uning ismiga: “Anahita (g‘uborsiz, pokiza) ismi bilan birgalikda zikr etiladi. U Amudaryo xudosidir”, deb izoh beradi.

Ilmda “Anahita” mavzusiga nazar tashlab, tuganmas munozaraga to‘qnash kelamiz. Uning o‘zbek tilida tiniq jaranglaydigan “Onaqut”, “Enaqut” shakligina turli mavhum izohlar va cheksiz munozaralarga chek qo‘ya oladi.

Avesto kitobida o‘quvchi “sumalak” deb yozilgan so‘zni uchratmaydi. Lekin biz “u matnda bor”, deymiz. U aynan, Onaqut taomi nomi bilan ta’riflanib, tadqiqotchilar uni “havm”, “haom”, “hauma”, “homa” ko‘rinishlarida o‘qiydi va yozadi. U matnda ilohiy sharbat, ichimlik sifatida ulug‘lanadi: “Ahura Mazda javob berdi: – Ey Zardusht Ashavan! Hech bir murdor ulug‘ ibodat uchun tayyorlangan havm sharbatini bulg‘ay olmaydi. Agar ulug‘ ibodat uchun havm giyohining sharbati olinmagan bo‘lsa”.

Avestoda ta’riflanayotgan muqaddas ichimlik-ozuqa tayyorlanishi va ulug‘lanish jihatlari bilan aynan sumalakning o‘zginasidir.

Suv va Bug‘doy

 Mahmud Koshg‘ariy izohidan so‘ng biz gapirmoqchi bo‘lgan kitobning nomini tarjima qilishga hojat qolmadi. Uni dunyo ilm ahli “Somaveda” nomi bilan juda yaxshi taniydi. U to‘laligicha “suma” (sumalak) sharbati qutlovlaridan tashkil topgan va unda ushbu ozuqani tayyorlash bilan bog‘liq marosimlar madh qilinadi. Barcha taniqli va tajribali tadqiqotchilar “Avesto”dagi “homa”, “haoma” va “Somaveda”dagi “soma” muqaddas ichimligi bitta narsa ekanini ixtilofsiz e’tirof etadi. Asarda ta’riflangan muqaddas ichimlik bugungi kunda biz “sumalak” deb ataydigan suyuq taom masallig‘idan boshqa narsa emas.

“Suma” kenti

Mana, maqoladagi sumalagimiz ham tayyor bo‘lib qoldi. Bu jarayon “samarqand” so‘zini tanish marosimi bo‘ldi. Endi “Samarqand”ning o‘zini gapirtiramiz.

Barcha tadqiqotchilar bu atamaning birinchi bo‘lagida hamisha “samar” so‘zini ko‘rdi va undan ma’nolar qidirdi, turlicha sharhladi. Bu masalaga har tarafdan yondashuvlar bo‘ldi. Sumalak tarixi bizni Samarqandning Obirahmat arig‘iga suv beruvchi buloqlari, Cho‘pon ota tog‘i va Afrasiyob qal’asi qapug‘igacha olib keldi. Faqat o‘sha sehrli “sim-sim ochil” so‘zini aytish qoldi.

“Samarqand” ikkita ma’noli (samar+qand) qismdan shakllangan so‘z emas. U aslida o‘ziga to‘rtta mustaqil ma’noli juda eski so‘zlarni biriktirib turibdi. Ular uch bo‘g‘inli so‘zga aylanishi oqibatida, har qanday tadqiqotchini qiynab qo‘yadigan til hodisasi sodir bo‘lgan.

Ko‘raverib ko‘nikib qolganimiz undagi ikki bo‘g‘inli “samar” o‘rniga ushbu tadqiqot natijasida yuz ko‘rsatgan so‘zni maqolaga kiritamiz. Shunda “suv+ma+yer” so‘z birikmasi hosil bo‘ladi. Ular birikkanda, turkiy tillarga xos singarmoniya jarayoni – tovushlarning o‘zaro ta’siri va unlilar uyg‘unlashuvi ro‘y beradi. Asrlar o‘taverib, og‘zaki nutqda aytilishi ung‘aysizroq “suvmayer” – “savmar” – “samar” shakliga o‘zgarib boradi. Mahmud Koshg‘ariy yozadi: “Yiraq yer savin arqish keldurur –Yiroq shahar (yer) xabarini karvon keltirar”. “Suma”ga “yer” (shahar, joy) so‘zi qo‘shilgach, bu so‘z birikmasi “suma marosimi o‘tkaziladigan; suma tayyorlanadigan joy (shahar)” ma’nosini anglatadi. Mazkur tadqiqotimizda bizga tanish “samar” so‘zi juda qadimiy va qiziqarli tarixni asrab kelayotgani yaqqol ko‘zga tashlandi.

Shu paytgacha Ikki daryo orasi madaniy tarixi bu qadar uzun yillar va ko‘p asrlar bilan o‘lchanmagan edi. To‘satdan oldimizda qad ko‘targan tarix Turon o‘tmishining bir lavhasi xolos. Muhanjodaro, Xarappa, Shumer, Misr, Afina shaharlarini turgan vaqtimizdan 5-6 ming yil narida ko‘rib o‘rganib qolganmiz. Ular cheksiz hayrat ulashardi. Yonginamizda ajdodlarimiz o‘tmishi yovuq tutashib turgan tamaddun tarixining bu qadar uzun bo‘lishini birdan tasavvurga sig‘dirish qiyinligi hozirdanoq sezilyapti. Ayniqsa, uning yana bir Bobo kenti ismi o‘zbekcha jaranglashini…

“Samarqand” so‘zi bizga Afrasiyob qal’asining qat-qat asrlar qatlamlariga ko‘milib yotgan ko‘hna qapug‘ini topib berdi. Va nihoyat, Ko‘kning bag‘rini abadiy to‘ldirib turgan qo‘shiq – Kent qapug‘i ochildi.

Demak, Samarqand – Suv+ma+yer – Suv, bug‘doy, yer, shahar…

 

Abdusattor JUMANAZAR,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti

katta ilmiy xodimi