Bilaman, jurnalist o‘zi haqida iloji boricha kam gapirishi yoki umuman gapirmasligi kerak. Lekin shunday damlar ham bo‘lar ekanki, xotirangda, qalbingda uzoq yillar qatlanib yotgan un, dard, alam hech narsaga quloq solmay, ichingdan chinqiriq bo‘lib chiqib ketar ekan. Tahlil qilish, xulosa chiqarish, bir fikrga kelish qobiliyatiga ega bo‘lgan aql, ong bilan yo‘g‘rilgan ehtiroslar og‘ushidagi ana shu xotira qo‘lingni, barmoqlaringni mahkam ushlab, dardlaringni qog‘ozga tushirishga majbur qilar ekan. Lekin shaxsiy mavzu, ichli ehtiroslaringning quli bo‘lib qolish xavfidan qo‘rqasan, kishi. Aytsam tilim, aytmasam dilim…

…Okopda siyohli qalam uchini lablari bilan ho‘llab yozgan otamdan kelgan uchburchak shaklidagi xatda: “Jangga kirib ketyapmiz. Ko‘p yozishga vaqt yo‘q. Omon chiqsam, xabar qilaman. Xayr!” deyilgan edi. Bu otamdan kelgan so‘nggi xat bo‘ldi. Xatda urush yillari dunyoni larzaga solgan Stalingrad frontining muhri turardi. 1943-yili onamning nomiga kelgan xatda “… turmush o‘rtog‘ingiz, otanglar Abdumalik Abduxoliqov bedarak yo‘qoldi” deb yozilgan edi. Oilamiz shu maktubni olganiga ham mana 77 yil bo‘lyapti. Og‘ir xayollarga tolasan. Ezilasan. “Bedarak ketdi” deganining o‘zi nima, deb o‘ylab qolasan. Ikkinchi jahon urushining eng qonli janglarida butun dunyoni hayratga solgan Stalingrad jangi qatnashchilarining jasorati bilan matonati, ular orasida otam ham bo‘lgani, lekin u ishtirok etgan bu janglarning tafsilotlari shu kunga qadar ma’lum emasligi menga tinchlik bermasdi. Volga daryosi bo‘yida bo‘lib o‘tgan janglar to‘g‘risida bir gapni aytmay o‘ta olmayman. Stalingrad ustiga yog‘ilayotgan aviatsiya bombalari, artilleriyadan uzluksiz otilayotgan raketa va snaryadlar natijasida bu yerga tashlangan jangchilar o‘rta hisobda bor-yo‘g‘i bir necha soatgina, ayrim askarlar esa bir necha daqiqa yoki soniyagina tirik bo‘lishgan xolos. Shaharni qo‘ldan bermaslik, dushmanni daf qilish uchun sovet shaharlaridan Leningrad bilan Stalingrad mudofaasiga o‘nlab diviziya, polk, rota va vzvodlar tashlangan edi.

Yer-u ko‘kni ag‘dar-to‘ntar qilib, go‘yo bahaybat po‘lat eritish qozonlaridan sachrab, chor-atrofni yondirib, kuydirib, larzaga solayotgan bomba, granata, o‘q va po‘lat parchalaridan ularning deyarli hammasi halok bo‘lishgan. Sanoqligina tirik qolganlar orasida, Allohga ming karra shukurlar bo‘lsinkim, mening otam ham bo‘lgan ekan, deyman Stalingraddan kelgan xatni eslab. Urushdan keyin 50-yillarda, Stalin vafotidan so‘ng xizmat muddati tugaganlar ham, asirga tushganlar ham, chet yoki sovet GULAGlarida o‘tirganlar ham o‘z uylariga qaytib kelishdi. Bizning padari buzrukvorimizdan darak yo‘q edi.

Katta akam Abdumajid qirg‘in-barot janglar bo‘lib o‘tgan va yer bilan yakson qilingan Volga bo‘yidagi Stalingradga borib, otamdan so‘nggi xat kelgan joy haykaltarosh Vuchetichning qo‘lida qilich ko‘targan “Ona Vatan chorlamoqda!” haykali poyiga gullar qo‘yib, shu yerda jonini fido etgan askarlarning ism-shariflarini birma-bir sinchiklab o‘qib chiqdi. U yerga onamning opalari – Mopiya xolamning qizi Irisbuvi opam bilan kuyovi O‘skanboy ham borib qidirishdi. Ular ham topganlari yo‘q. Bedarak ketgan emasmi, demak, Stalingrad shahriga osmondan yog‘ilgan aviatsiya bombalari yoki katta kalibrli dahshatli pushka snaryadlarining, okoplardan otilayotgan granatalarning portlashlari natijasida butun jismi-jasadi kul bo‘lib, yer-tuproq bo‘lib ketgan degan xayolga ham bordik. Katta akam tarkibida tuproqqa qaraganda temiri ko‘p bo‘lgan Stalingrad yeridan jigar rangdagi bir siqim tuproq olib keldi.

Toshkentning Minor qabristonidagi onam qabri yoniga ramziy qilib qo’shilgan otam qabriga bir siqim Stalingrad tuprog‘ini tashladik. Men otamni qidirib, o‘zbeklar jang qilgan Ukraina shahar, qishloqlariga bordim.

– Mana, mana bu okoplarda o‘rtaosiyoliklar oyoqlariga avtomobil pokrishkalaridan kovush qilib kiyib olib, qo‘llarida yog‘och miltiqlar bilan nemis tanklariga qarshi turishgan. – Fashistlar buni mazax qilib, okop ustida ko‘p tonnali tanklarini bir aylantirib, tiriklay ko‘mib ketishar edi ularni, – deyishdi ukrain kampirlari.

Ota-onam qabrlari uzra bir yildan keyin sodir bo‘lgan voqea meni larzaga soldi. Otamni izlab, Stalingradga borib kelgan Mopiya xolamning qizlari Irisbuvi opam bilan pochchamiz O‘skanboy Chimkentdan kelib: O‘g‘iloy xolamizning qabrlarini ziyorat qilamiz, – deyishdi. Bu qabr toshi qo‘yilgach, roppa-rosa bir yildan keyin – Xotira va qadrlash kuni edi. Biz qabr yoniga keldik. Marmar toshdagi onam, otam tasvirlarini ko‘rdig-u, qotib qoldik. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, qabr ichidan ko‘zni qamashtiradigan, bandlari uzungina ikki dona chiroyli gul o‘sib chiqib, shamolda mayin silkinib turardi.

Yoqamni ushlab, hayratga tushganimdan ko‘zlarim kattalashib, so‘zlay olmay qoldim. Qabr yonida yoki uning atrofida, boshqa joylarida ham emas, naq qabrning ichidan bir emas, bir nechta ham emas, go‘zalligi jannat gullari bilan bellashadigan ikki dona zangori dala guli bizga qarab, ma’yus jilmayib turar edi. Bir mahal:

– Irismat, gul ekkanmiding qabrga? – deb so‘radi Irisbuvi opam.

– Yo‘q!.. Xudoning qudratini qarang-a, otam bilan onam narigi dunyodan: “Farzandlarim, tinch bo‘linglar, biz birgamiz!” deb bizga belgi berishmoqda-ku, – dedim ularga.

Lekin o‘ylanib qoldim:

– Bu dunyoning ishlaridan ular qanday qilib xabar topishgan ekan?! – degan fikr o‘tdi xayolimdan. Demak, nafaqat biz ularni yod etamiz, balki ular ham bizning holimizdan xabardor bo‘lishar ekanlar-da, degan xulosaga keldim ichimda. Xolamning qizlari va Chimkentdagi katta domlalarning avlodi bo‘lgan O‘skanboy pochcham bilan Allohga shukronalar aytib, ikki dona chiroyli dumaloq ko‘kimtir gul silkinib turgan otam bilan onam qabrlari tepasida Qur’on tilovat qildik.

Ota-onam qabri uzra o‘zidan-o‘zimi yoki kimningdir irodasi bilanmi, ikki dona anvoyi gulning o‘sib chiqish hodisasi menga qattiq ta’sir qildi. Butun ichki dunyomni titratib, u dunyo-yu bu dunyo haqida bilgan ilgarigi ayrim ko‘nikma va tushunchalarimni o‘zgartirib yubordi.

Demak, yaxshi niyat bilan, Ona yerdan ming-ming chaqirim olisda, uzoq Rossiyada shahid bo‘lgan otamiz xotirasiga Toshkentda onamizga qo‘shib ramziy qabr toshi qo‘yib to‘g‘ri qilgan ekanmiz. Mana, ularning arvohlari ham qo‘llab-quvvatlayotganliklari ko‘rinib turibdi, degan xulosaga keldim. Endi biz bilib-bilmaydigan, ishonib-ishonmaydigan, qandaydir sirli, lekin nihoyatda donishmand, mehribon, rahmli va ayni paytda qudratli ana shu pinhoniy kuchlardan men ich-ichimdan minnatdor edim. Kim o‘ylabdi deysiz bunday bo‘lishini, mening ham shunday g‘oyibona g‘amxo‘rim, mehribonlarim bor ekan-ku, degan xayolga bordim. Axir u kuchlar shahid ketgan otam, bizni qoldirib ketganlariga 2 yil bo‘lgan mushtipar onam bilan shu yo‘l orqali bo‘lsa ham muloqotga kirishdik-ku, deyman o‘zimga o‘zim. Lol qolaman, hayron bo‘laman, ich-ichimda qandaydir dard, alam, ayni bir paytda hayrat, qoniqish va minnatdorlik hislari paydo bo‘ladi. Ota-onam bilan mehrim qonib ko‘rishgandek qabristondan chehram ochilib, ko‘nglim yorishib qaytdim. Otamni qidirish davom etdi.

O‘rtancha Abduvali akam o‘zining “Hayot dovonlari” nomli kitobining “Otam o‘tgan jangovar yo‘llar…” deb nomlangan bo‘limida otajonimizning oxirgi kunlari va otam haqidagi hujjatlarning birinchi bor topilishi to‘g‘risida shunday deb yozadi: “Kuyov bolam Ulug‘bek, qizim Feruza va katta nabiram Sardorbek ko‘p izlanishlardan keyin Buyuk g‘alabaga bag‘ishlab yozilgan va internetga chiqqan bir referatda bobolarining urushda 87-o‘qchi diviziya tarkibida 1943-yili 21-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Rostov oblastining Matveyev-Qo‘rg‘on rayonidagi Ryajenoye qishlog‘ini ozod qilishda bo‘lgan jangda halok bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumot topishdi”. Topgan ma’lumotlardan qalbimiz bir qalqib tushdi, sevindik, ularni mushohada qildik. Otam bor-yo‘g‘i 7 kungina men bilan bu dunyo havosidan birga nafas olgan bo‘lib chiqdi. Men 1943-yil 14-fevralda tug‘ilgan bo‘lsam, otam Internet ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘z ochganimdan bir haftadan keyin, 1943-yil 21-fevral kuni jangda halok bo‘lgan ekan. Hayron bo‘lib yoqangni ushlaysan kishi, avval muhim axborotni xat orqali, gazeta, radio, keyin televideniye orqali olgan bo‘lsak, endi bu ma’lumotlarni, ming afsuski, hukumatdan, rasmiy axborot vositalaridan emas, Internetdan olish mumkin.

Internetda topilgan ma’lumotlar bir necha yil muqaddam Olmaota shahrida bosilib chiqqan “Bozdaqtar” – “Kнига памяти” nashrining birinchi “A” harfi qismidagi otam to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bir xil bo‘lib chiqdi. Urush tugaganiga 65-70 yildan ko‘p vaqt o‘tib, otam bedarak yo‘qolmagani ma’lum bo‘ldi.

Boz ustiga barcha hujjatlar arxivlarda saqlangan ekan.

Bundan xabar topib, hujjatlar yo‘qolmaganidan o‘zingda yo‘q xursand ham bo‘lasan, ayni bir paytda ga’m-anduh hislari paydo bo‘ladi yuragingda.

Zinur BOZOROV,

“Shon-sharaf” davlat muzeyi

kichik ilmiy xodimi