(voqeiy hikoya)

Jo‘ralar odatdagidek qadim va boqiy umrlik Eski shahar tegrasidagi “Otalar choyxonasi”ga jamlandilar. Epchil va chaqqon choyxonachi Ashir aka Oxun Qashqardan meros choyxonani obod qilib kelardi. U navbatdagi choy va kichik taqsimchadagi novvotni Imodiddin aka va og‘aynilari o‘tirgan so‘riga keltirib qo‘ydi. Hol-ahvol so‘rashildi. Kayfiyat surishtirildi. Suhbat odatdagidek qo‘r ola ketdi. Bu orada sobiq pedinstitut domlasi Sayfiddin ham kelib davradan joy oldi.

– Imodiddin aka, ijod olamida nima gap, yangiliklardan bormi?! – qiziqsindi sobiq vagon kuzatuvchisi Salimoxun aka.

– Albatta, tunov kuni kangulga bir ne kelib, bitib edik.

– Qani, tinglaylik-chi, – qiziqsindi davra ahli.

Imodiddin aka chiroyli bitilgan yangi g‘azalni ahli davraga taqdim etish uchun otameros ko‘zoynagini taqdi. Uning gardishlari ertalabki oftobda shu’lalandi. Davrada g’azal ohangi jarangladi:

Intizoringman yo‘lingda, ey go‘zal,

Sen erursan, menga yori bebadal.

Arzi hol etmakni kanglum istagay,

Til qolur so‘zdin seni ko‘rgan mahal.

Mushkul ahvol ichra qoldim, ey nigor,

Kelmasang to, mushkulim bo‘lmaydi hal.

Tarki ishq etmoq menga mumkin emas,

Ne qilay, bu bo‘lsa taqdiri azal.

Achchiq-achchiq so‘zlasang ham men uchun,

Lazzati go‘yo bo‘lur qand-u asal.

O‘z-o‘zimcha so‘zlashurman gohida,

Ishqing ichra yetdi aqlimga xalal.

Lutf ila qoshimga kel, ey nozanin,

Hasratingda yozdi Ulfat bu g‘azal.

– Ofarin, borakallo, – xitoblar yangradi har tarafdan.

– Ha, endi bir nima qoralagan bo‘ldik-da, – dedi Ulfat domla. Keyin davom etdi:

– Qani, so‘z navbati endi o‘zlariga…

Davradagilarga so‘z navbati tezda kelaqolmadi, chunki Ulfat domlaning g‘azali sabab Sharq g‘azaliyoti bobidagi fikrlar bir sidra aylanib chiqdi. Habibiy, Vosit Sa’dulla, Boqir kabilarning bitiklari mavlono Sobir Abdulla bilan bemalol bo‘ylashishi haqida gurung bo‘lgach, ikkinchi choynak ham bo‘shadi. Uni choyxonachiga berib yuborganlarida, Salimoxun aka hayotiy bir voqeani so‘zlay ketdi…

* * *

Savriniso xolaning choli o‘tgach, yakka-yolg‘izligi aynan bilindi. O‘g‘illar o‘zi bilan, kelinlar ham o‘z ishiga andarmon. Ota – oila karvonboshisi yo‘q emasmi, avval pana-pastqamda “qittak-qittak” qilguvchi farzandlar endi ochiq-oshkor uyga gandiraklab keladigan bo‘ldi. Onaning hurmati haqida oilada gap qolmadi.

Savriniso kampir choli rahmatlining suratini bag‘riga bosib, kechalari o‘zicha so‘zlashib chiqardi. “Otasi, ko‘rmaysizmi, farzandlarimizga kuchim yetmay qolayotir”.

Nachora. Shunday kunlarning ba’zilarida ota kampirning tushida unga dalda berib ketardi. Biroq tong yorishdi deguncha, yana hayot avvalgi tusiga qaytardi-qolardi. Oxiri bo‘lmadi: Savriniso kampir uyini tark etishga qaror qildi. Cholining suratini olib, kunlarning birida ertalab yo‘lga otlandi. Qishloq ko‘chasi. Odatdagidek chang. Atrofda odam yo‘q. Onda-sonda bir-ikki bola yo katta yoshli odam o‘tganini demasa, tevarak jim. Kampirning bolalari esa hali uyquda. Ha, bilmaganlari yaxshi bo‘ldi. Balki yomon ham bo‘lgandir. Qidirsa, qaydan topadi?! Yo‘q, qidirishmaydi. Agar ularga ona kerak bo‘lganida, shunchalar dilozorlik qilmagan bo‘lur edilar. Dunyo shu – kim kimga zor, kim kimga xor…

Sap-sariq, shalog‘i chiqqan “Jiguli” vang‘illagancha o‘tib ketdi-yu, ortiga tisarilib qaytib keldi. To‘xtadi. Haydovchi eshikni ochdi.

– Onaxon, chiqing, qaygacha bo‘lsa ham olaketaman, – muloyim gapirdi haydovchi.

Savriniso kampir yengil tin oldi. Mashinaga o‘tirdi. Allaqaysi ko‘prik qurish otryadida zanjirli kran boshqaruvchi Olmosbek ayani shahargacha olib ketdi. Aya mashinadan tushdi. Tevarakka qaradi. Quyosh chiqib nur socha boshladi. Onaxon tavakkaliga yaqin oradagi oshxona taraf yurdi. Choy ichdi. Borar yerini taxminladi – qarindoshlar, tanish-bilishlar bari ko‘z oldidan o‘tdi. Biroq ularnikiga bir kun sig‘ar, ikki kun sig‘ar, keyin-chi… kampirning ichiga ming chiroq yoqsa, yorishmasdi. Keyin qarindoshlarinikida yuraversa, ular ham biri bo‘lmasa biri keting, deb oshkor aytmasa ham, sha’ma qilishi mumkin. Keyin nima deydi? Dilozor o‘g‘illardan, bemehr va noahil kelinlardan zadaman, shuning uchun uyni bus-butun o‘shalarga tashlab keldim, deydimi? Uyat, nihoyatda uyat! Nahotki, chol-kampir qayerdadir adashganlar?! Bolalarga harom luqma yedirgani yo‘q, bu tayin. Ammo ularning ko‘ngliga keragidan ortiq qarab, erkalab yuborganmikanlar-a?!

Mana shu taxmin haqiqatga yaqinroq…

Biroq hozir bularning mavridi emas. Agar Savriniso kampir tezda qaror qabul qilmasa, kechqurun shaharda tentib qolishi hech gap emas. Uyga qaytadimi? Chaqirimlab masofa… boyagi kranchi endi yo‘q…

Atrof gavjumlashdi. Bu – choshgohdan dalolat edi. Demak, kunning barakasi o‘chgan. Tavba, yozda ham shunday bo‘larkanmi?!

Savriniso kampir shu kuni shahardagi allaqanday bir qarindoshining uyida tunab qoldi. Tong ottirdi. Bomdodda choli va farzandlari haqiga duo qildi. O‘ziga tavfiq tiladi. Ikki olam saodatiga noillik so‘rab, qiblaga yuzlangan ko‘yi joynamozi ustida uzoq o‘tirdi. Bu orada uy egasining kelini – epchil-chaqqon Gulandom choy va mastava keltirdi. Ertalabdan qatiqli bu taom kampirga juda ma’qul bo‘ldi. Ayniqsa, uy noniga sadqaiyi jon etsang arziydi – chekimlari ham kungura naqshli. Og‘izda eriydi. Chamasi, Gulandom bu nonlarni bor mehri bilan pishirgan. Tamaddi tugadi. Kampir uy sohiblarining qistoviga ko‘nmay, yo‘lga otlandi. Qo‘lida ixcham tugunchak, boshida hafsalasizlik ila tashlangan odmi oq ro‘mol. Kalishi teshilgan chog‘i, yupqa paypog‘idan nam sizgani sezildi. Yaxshiki, qishmas…

– Endi qayerga boraman?

Kampirni shu savol qiynardi. Jon-u jahoniga zim-ziyolik cho‘ktirardi. Yelkasini ezardi. Yuk solardi. Ey taqdiri azal, bir bandayi ojizning manglayiga ne yozgansan?!

Yo‘llar adoqlandi. Qishloq yo‘liga tutashdi. Yon taraf adirlik, Savriniso kampir bolaligida bu adirlarda shamol uvillashini eshitgandi. Bolaligida yana bu adirlar ortidagi bahaybat tog‘larda bo‘ri bo‘lishini, ular noyabrlarda yemish izlab qishloq oralashini bilgandi. Yaxshiki, hozir noyabr emas, yaxshiki, hozir tun emas… kampir yura-yura faqat adir qolgan yo‘lga yo‘naldi. Shu vaqt uzoqdan motor g‘irillashini eshitdi. Tuyqus ortiga qaradi – uzoqda bir nuqta paydo bo‘ldi. Ajab, hali uzoqda-yu, muncha shovqin soladi bu? Nuqta ko‘zga tashlanganida bildiki, bu bir bahaybat mashina ekan. Mashina kampir niyatini bilgandek, naq uning yaqiniga kelib to‘xtadi. Haydovchi eshikni ochib, kampir huzuriga tushdi. Maqsadini so‘radi. Kampirda maqsad yo‘q edi, borar makon yo‘q edi. U to‘pidan ajralgan turnadek edi.

– Chiqing, ona, – dedi haydovchi.

“Ona!” Naqadar shirin so‘z. Savriniso kampir oxirgi marta o‘z o‘g‘illaridan bu kalomni qachon eshitgan? Eshitgan bo‘lsa-da, samimiymi? Bir ne deyish qiyin.

– Aya, – dedi haydovchi, – men, mana, haydovchiman. Konda ishlayman. Uyda dadam bechora yolg‘iz. Men bosh farzandman. Agar rozi bo‘lsangiz, sizni olib ketib, o‘zimga ona qilib olardim… Hamma narsam bor. Faqat onam yo‘q… bag‘rim yarim, yuragim kemtik…

Savriniso kampir indamadi. Tin oldi. Notanish xonadon, notanish odamlar, notanish muhit.

– O‘ylanmang, – dedi Jasurjon – uning ismi shunday ekan, – toqlik tog‘ga ham xosmas, deydi otam. Qarang, huv anavi tog‘lar ham bir-biriga suyangan, tirgak bo‘lgan. Bu dunyoda biror kas tirgaksiz qolmasin. Ayniqsa, qariganda!

Ajabo, muncha mullo ekan bu, o‘yladi kampir. Qayda o‘qigan bu gaplarni?! O‘zi yoshgina ko‘rinadi. Ikki yuz yilda bir tug‘iladi, deganlari shumikan yo?! Savriniso, yo‘q, adashding, bunaqa bolalar ikki yuz yildayam tug‘ilmaydi! Ha.

Qismat yo‘sinimidi, kampir Jasurjonlarnikiga bordi. Uning ukalari onaxonni iliq qarshilashdi. Darrov tahorati uchun iliq suv tutishdi. Ko‘rkam kiyim-boshlar berishdi. Kampir darrov salobatli insonga aylandi. Ha, odam libos bilan ekan, daraxt – yaproq bilan! Kampir samimiy muhitni ko‘rib, yotsiramay qoldi. Musichadek omonat qo‘nimgohi halovatli makon ekaniga yuragi amin edi.

Oylar kunlarning yetovida shakllandi. Onlar soatlarga aylandi. Lahzalar asrni tug‘di go‘yo. Mehrlar mehrga mehmon bo‘ldi.

Ey, dunyoyi qadim, sen faqat armonlar oshyoni emassan, mehrlarga ham ma’vosan…

Savriniso kampir shularni o‘ylardi. Qizlar kampirni otalariga nikohlanishini tezlatdilar. Odamlar borki, xos sifat – goho kuchugi yo‘qolsa-da, izlaydilar.

G‘ofil farzandlar ham onalari borligini esladilar. Axtarishga tutindilar. Darakladilar. Bildilar. Bordilar.

– Kel, – dedi ona to‘satdan kirib kelgan to‘ng‘ichini bag‘irlab. Baraka topkur, alpga aylanibdi. Anchadan beri olinmagan soqoli unga yanayam salobat ato etgandek.

Savriniso kampir Azamatining bolaligini esladi. Ko‘p kasal bo‘lardi. Ota-ona ikkov borini bag‘ishlagandi. Tabiblarga eltishardi. Ulg‘aygach, ust-boshi ko‘chadan kir bo‘lib kelsa, darrov, yuvilgan ko‘ylaklarni unga kiydirardilar. Ota unga atab qishloq chetidagi Chillik bozoridan qo‘lbola xo‘rozqand, parvarda, ishqilib, o‘sha zamonning tansiq shirinliklarini tashigani-tashigan edi. Ammo  negadir, Azamat mehrdan mosuvo ulg‘aydi. Kampir buni doim o‘ylardi. Ayniqsa, uzun kechalarda.

– Aya, bu yoqlarda nima qilyapsiz? Sizni qidirmagan joyimiz qolmadi hisob. Uchastka noziri Ma‘rufni hol-joniga qo‘ymadik. Ammo mana, daragingiz bu yoqda ekan, chiqdi. Qani, ketdik, oldimga tushing!

– Yo‘q, o‘g‘lim, – dedi Savriniso kampir. – Men ketolmayman.

– Nimaga ketolmas ekansiz?!

– Men, hovlida ko‘rdingmi, o‘sha odamga nikohlanganman. Ruxsatisiz bir qadam ham jilmayman… Shukur, yemak-ichmakdan qisinish yo‘q. To‘rt bolam to‘qqizta bo‘ldi. O‘lik-tirigim endi shu yerda. Sizlarni duo qilib o‘tiribman…

Kampir yangi liboslarini, o‘zi o‘tirgan to‘shak tagidagi pullarni maqtangan bo‘ldi. Biroq u eng katta, shu vaqtgacha axtargani, eng arzon boyligi – yangi uydagilardan ko‘rayotgani – Mehrni maqtanib ko‘rsatolmasdi xolos…

Bundan u ojiz edi.

Bundan u chorasiz edi. Qaysi kuni patefondan navo yangradi. Hofiz:

Navoiy, choradin ko‘p dema so‘zkim,

G‘amingga chorasizlik chora bo‘lmish, – dedi. Kampir faqat Navoiy, deganini uqdi. Demak, buni Navoiy gapirganini bildi.

Xullas, kampir ketmadi. U yangi uyning yangi a’zosiga aylanib, beva bog‘bon cholning joniga malham, bolalariga duogo‘y bo‘ldi. To‘ylarga bosh bo‘la boshladi. O‘z bolalari esa, endi o‘na qadrini tuya boshlagandilar. Ammo kech edi. Nachora, odam doim kechikib yuradi. Ishga, o‘qishga, sevishga, sevilishga, yashashga, Baxtga!

* * *

– Bu gapni Jasurjon aytib bergan, u bilan Andijon – Moskva poyezdida Xabarovsk degan o‘lkaga ketayotganida, kupeda gurung qilib, aka-uka bo‘lgan edik. Bilasizlar-ku, o‘tgan yili nabira kelin olganimda kelgandi, oq-sariq yigit, – hikoyasini yakunlagan bo‘ldi Salimoxun aka.

– Yurgan – daryo deydilar, haqiqatan, dunyo kezgansiz-da, – dedi Sayfiddin muallim.

– Eh, afsus, – dedi Imodiddin aka boshini sarak-sarak qilib, biroz yerga tikilarkan.

– Ha, nimaga afsus chekyapsiz, –so‘radi Salimoxun aka. – Bemehrlardan yozg‘iryapsizmi?!

– Yo‘q, – dedi Imodiddin aka, –bilasiz, biz ham so‘qqaboshmiz. Shunga bolalardan birontasini sho‘pirlikka o‘qitib qo‘ymaganimizdan afsusdaman…

Davraga sukut cho‘kdi.

Ikromjon ASLIY-ANDIJONIY,

shoir va adib