Qozog‘iston Respublikasida “Qalqon – 2021” o‘zbek – qozoq o‘quvlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar Jambul viloyatida joylashgan “Gvardeyskiy” o‘quv markazi hamda “Matibuloq” dala-o‘quv maydonida o‘tkazildi.

Qozog‘iston Respublikasida “Qalqon – 2021” o‘zbek – qozoq o‘quvlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar Jambul viloyatida joylashgan “Gvardeyskiy” o‘quv markazi hamda “Matibuloq” dala-o‘quv maydonida o‘tkazildi.

Kuzning so‘nggi oyi bo‘lishiga qaramay, issiq iqlimda boshlangan safarimizning 3-kuni qor yog‘ib, yo‘llar muzladi. Yaxshiki, bir kun avval mashg‘ulot ishtirokchilari “Matibuloq” poligonining chekka hududlariga vertolyotda olib borilib, mo‘ljallash, topografiya shartlarini bajarishgan, salkam 50 km.lik masofani bosib o‘tishgandi. To‘g‘ri, voqealar yozayotganimizdek sip-silliq kechmadi, albatta. Bu bexatolikka erishguncha yigitlar necha yillar tajriba to‘plashgan, jismonan chiniqib, chidamliliklarini oshirishgan. Orttirilgan ko‘nikmalar mashg‘ulotlar davomida sezilarli asqatdi.

Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilar uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Ular yangi qurol-aslahalar, boshqa muhit, issiq va sovuq ob-havo sharoitlarida o‘zlarining qanchalar chiniqqan va chidamli ekanliklarini namoyish etishdi. Taktik mashg‘ulotlarda ham goh u, goh bu davlatning ishtirokchilari o‘ziga xos yondashuv va manyovrlarni ko‘rsatib berishdi.

–  Ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar qadim tarixga ega. O‘tkazilayotgan hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni ushbu an’analarning uzviy davomi, deyish mumkin. Yurtimizda bo‘lib o‘tgan “Qalqon – 2019” mashg‘ulotlari bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan edi. Hamkorligimiz yana mamlakatimizda davom etadi. Iqlimdagi, mintaqa va jahondagi keskin o‘zgarishlarga har tomonlama toblanyapmiz, – deydi podpolkovnik Murodjon Safarov.

Ikki davlat harbiy xizmatchilari shartli dushmanga qarshi aviatsiya va artilleriyani qo‘llagan holda ham taktik harakatlarni amalga oshirdilar. Bu esa mashg‘ulot ishtirokchilari uchun amaliy bilimlarini oshirib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini berdi. Taktik harakatlarning biri bo‘lgan pistirma va bosqinni amalga oshirish davomida harbiy xizmatchilar bir-birini tushungan holda belgilangan vazifani muvaffaqiyatli bajardilar.

Bir oz tin olgan mashg‘ulot ishtirokchilari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha do‘stona musobaqalar tashkil qilindi. Ayniqsa, futbol, arqon tortish kabi bellashuvlar qizg‘in kechdi. Olmaota shahriga sayohat yurtimiz harbiy xizmatchilari uchun yangi taassurotlarga boy bo‘ldi.

Tantanali yopilish marosimida mashg‘ulotning faol ishtirokchilari har ikki davlat mudofaa vazirlarining buyrug‘iga asosan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Shundan so‘ng namoyish qilingan konsert dasturi xalqlar orasidagi madaniy do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Issig‘-u sovuqda topshirilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajargan mashg‘ulot ishtirokchilarining charchoqlarini aritdi.

 

Kapitan Aziz NORQULOV,

“Vatanparvar”

Toshkent – Jambul – Toshkent