Tan olish kerak, xat yozish, yor-u birodarlarga sog‘inch, dil izhorlari bitilgan maktublar jo‘natish keyingi yillarda urfdan qoldi. Ilgari tahririyatimizga dasta-dasta keladigan xatlar ham to‘xtagan, ularning o‘rnini elektron maktublar egalladi.

Yoshlarni qo‘ya turing, kap-katta odamlarning shapaloqdek telefon qurilmasi orqali jo‘natayotgan fikrsiz, chala, imlo xatolariga to‘la salom-aliklari, hol so‘rashishlari… Shuning uchun ham inson hissiz, ruhsiz, befarq bo‘lib boryaptimikan? Bir paytlar ota-onaga, aka-ukaga, opa-singilga, yor-u birodarlarga yozilgan maktublar ajib bir mehrning, sog‘inchning, oqibatning, muhabbatning muhri bo‘lardi. Xatjild yelimini ko‘chirib, oq qog‘ozga bitilgan xatni katta hayajon bilan o‘qirdik.

Yaqinda tahririyatimizga ana shunday xatlardan biri keldi. Undagi fikr, sog‘inch, tug‘ishganlar o‘rtasidagi oqibat, ilmga rag‘bat, tarbiya borasidagi fikrlar e’tiborimizni tortdi.

Bu xat nazarimizda Vatan himoyasida turgan yigitlarga ham yozilganday. Bu bitiklar balki sizning ham tug‘ilgan makoningizni, duogo‘ylaringizni, mehribon opa-singillaringizni, bolaligingizni yodingizga solar va sog‘inchingizni bosar.

Balki siz ham xizmat tufayli anchadan buyon bora olmagan qishlog‘ingizga, yaqinlaringizga maktub bitarsiz.

 Tahririyat

Assalomu alaykum aka, akajonim! Ushbu maktubim tez va qisqa kunlar ichida yetib ma’lum va ravshan bo‘lsin-ki, Toshkenti azimda yashab ijod qilayotgan akajonimga (ilgari maktubni shunday boshlardik). Ahvolingiz yaxshimi, sog‘ligingiz joyidami? Qizlaringiz ham yaxshi yuribdimi?

Aka, akajonim… Diydor­lashmaganimizga ham ancha bo‘lib qoldi. Sog‘indim… Sog‘indik sizni…

Sizga maktub yozyapman-u, beixtiyor o‘sha olis bolaligimiz ko‘z o‘ngimda jonlanadi. Sirli, sehrli olam… Negadir so‘zlarim ham bir-biriga qovushmayotganday… O‘zini har yonga olib qochmoqda.

Aka, men sizga aytsam, ehtimol kularsiz. Esimni taniganimda, katta akam Toshkentda, opam Qarshida oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgandi (shungacha bo‘lgan hech narsani eslay olmayman). Bundan ota-onam juda baxtiyor edilar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, nazarimda o‘qish juda ajoyib, odamlar havas qiladigan narsa deb bilardim. Akam va opamning o‘qishidan hammamiz faxrlanardik.  Biz baxtiyor edik, baxtli edik.

Biz rahmatli otamiz sababli goh Go‘ro‘g‘li bilan Chambilbelda, goh Kuntug‘mish bilan No‘g‘ay yurtida, goh Alpomish bilan Bobotog‘da yoki Yusuf bilan Misrda bo‘lardik. Bu shunday bir go‘zal, o‘zgacha olam edi-ki, buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. O‘zimizning sir-sinoatga to‘la olamimiz bo‘lardi.

Otam doston aytardi: “Go‘ro‘g‘li va Bozirgon do‘stlashadi. Bozirgon ko‘kragini shamolga berib ketyapti. Maston-g‘animlar gapiga ishongan Go‘ro‘g‘li  unga qarab o‘q otadi. O‘lim yoqasida Bozirgon: Og‘am Go‘ro‘g‘li bilsa, sho‘ring quriydi. O‘zingni tanit, deyapti.

Go‘ro‘g‘li oh urib: “Nomard Go‘ro‘g‘li men bo‘ldim” deb o‘zini tanityapti… (Otam ko‘zlarida yosh, oh urib kuylayapti… Bu holat doim xayolimda takrorlanaveradi) Bu olamni  boshidan kechirganlargina his qilishadi.

Biz ana shu olamning bolalari edik. Birdan boshimizga osmon quladi…

Aka, biz bir-birimizning pinjimizga tiqilardik. O‘sha qorong‘u quyoshsiz, oysiz, yulduzsiz tunlar, kunlar zulmatidan chiqish uchun. Bizning quyoshimiz, oyimiz bo‘lgan enamiz hech kimni ogohlantirmay… yo‘q-yo‘q…. otamni ogohlantirdi:

– Yo‘ldosh (otamni katta akamning ismi bilan chaqirardi), sho‘ring qurib qoldi.

Biz bola edik, kimdir juda-juda go‘dak edi. Sirli olam bolalari birdan zulmat ichida qoldik. Otamiz ham bir-birining pinjiga tiqilib najot izlayotgan farzandlariga chiroq yoqib yo‘l izlardi, adl, mag‘rur qaddi dol bo‘lib, yana Kuntug‘mish bo‘lib bo‘zlardi, Alpomishdek ro‘baro‘ kelgan balo bilan kurashga tushardi. Yusuf kabi sabr-qanoat qilardi. Bir zulmatni yorib, bizning olamimizga Ma’mir amma, Oytosh amma, Ro‘ziqul aka, Qirmiz momo, Alpomish kelbatli Eshmamat polvon, mehr-oqibat timsoli bo‘lib O‘roq akam (O‘roq Hotamov) kirib kelar, bizning qalbimizga yorug‘lik ulashardi.

Aka, akajonim, axir men sizga maktub yozayotgandim. Hozir o‘ksib-o‘ksib, ko‘zda yoshimni to‘xtata olmayapman. Axir bu maktub… shunchaki maktub edi-ku…

Yodingizdami? Biz xat yozishardik. Ikkalamiz bir paytda talaba bo‘lgandik. Siz Toshkentda, men esa Qarshida o‘qirdim. Sizning maktubingizni shunchalar avaylar edim-ki, uni takror-takror  o‘qirdim. Ular menga madad, saboq berardi. Meni yo‘ldan adashmaslikka, to‘g‘rilikka, yaxshi o‘qishga undardi. Mening qayta-qayta o‘qiyotganimni ko‘rgan dugonalarim, do‘stlarim bir kuni yashirincha xatlarni olib o‘qishibdi. Shundan keyin menga sizdek akam borligi uchun havas qilishini aytgandi.

Bizga butun qishloq ahli havas qilardi. Aniqrog‘i, otamizga…. O‘sha paytlar qishloqda o‘qigan qizlarga nisbatan boshqacha nazar bilan qarashardi. Bizning otamiz  boshqacha edi. Bizni o‘qishga, yaxshi o‘qishga undardi. Bizni maktabda ustozlar ham hurmat qilishardi. Biz “Jumanazarovlar” edik. Dugonalarim ochiqdan-ochiq: “Qaniydi, men o‘sha odamning qizi bo‘lsam”, deyishardi.

Endi o‘ylayman… Bizni o‘sha zulmat quchog‘idan kitoblar, ulardan olgan bilimlar yorug‘likka chiqargan ekan. Shuning uchun ham otam faqat kitob o‘qishga undarkan. Bejiz: “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” deyilmagan ekan-da.

Otam meni o‘qish uchun shaharga jo‘natar ekan, yoniga olib shunday dedi:

– Qizim, seni shaharga o‘qishga jo‘natyapman. Biroq bir narsani esingdan chiqarma. Sen oilamizning nomusi, orisan. Mana shu aka-ukalarning g‘ururisan. Sal nojo‘ya harakating bilan o‘zingning ham, ularning ham  boshini  egib qo‘yma. Yana bir gap: qishloqda o‘sayotgan qizlarning kelajagi ham sening qo‘lingda. Sen noto‘g‘ri qadam tashlasang, odamlar: “Ana Jumanazar Kenjaning og‘irgina qizi o‘qishga borib, buzilib ketdi”, deb qizlarini o‘qishga jo‘natmay qo‘yishadi. Ularning uvoli ham sening bo‘yningga. Zimmangga shu mas’uliyatli ishni ololsang, mayli, o‘qishga bor, men roziman.

Men zimmamga yuklatilgan ishni eploldim. Bu nasihatni doimo qalbimda saqladim, amal qildim.

Bir paytlar “Nega, menga Risolat deb ism qo‘yishgan”, deya o‘ylardim. Qishlog‘imizda bu ism boshqa uchramasdi. Endi ayrim sinflarga darsga kirsam, 2–3 nafar qizning ismi “Risolat”. Xayolan otam bilan gaplashaman. “Ota, men siz yuklagan mas’uliyatni eploldimmi?” deyman.

Aka, akajon, kecha jiyaningiz Barchinoyning telefonini olsam, akalarining raqamini birini “Qalqonim akam”, birini “Panohim akam”, deb saqlab qo‘yibdi. “Qalqonim”, negadir bu so‘z mening xayolimga kelmabdi. Aslida akalarimiz biz uchun haqiqatan ham qalqon ekan.

Men garchi ko‘nglim yarim, armonlarga to‘la bo‘lsa-da, maktabda, ko‘cha-ko‘yda o‘zimni mag‘rur tutardim. Sababi onam bo‘lmasa-da, sizlardek akalarim borligi edi. Dugonalarimga sinfdoshlarim, goh yuqori sinf o‘quvchilari gap otishar, hazil, goh mazax qilishar, ba’zi yigitlar ularning yo‘llarini to‘sishardi. Men kelar ekanman, yo‘llar ochilar, o‘zlarini chetga olishib: “Falonchining singlisi, falonchining singlisi”, deb hech biri nojo‘ya  so‘z aytishga botina olmasdilar. Men sizlar bilan g‘ururlanardim. Hurmat ham qilardim, hozir ham.

Biror joyga bormoqchi bo‘lsam, kichik akalardan borib ruxsat so‘rashni boshlardim. Birinchi To‘raqobil akamga borardim:

– Aka, bugun falonchi dugonamning tug‘ilgan kuniga borsam, maylimi? – Akam deyarli tengdoshday edi.

– O‘zing bilasan, faqat o‘g‘il bolalar bilan gaplashma.

– Xo‘p, derdim. Ikkinchi sizning oldingizga borib ruxsat so‘rardim. Siz vaqtni hisob-kitob qilardingiz.

– Shartmikin, – derdingiz-u, biroq ko‘nglimga qarardingiz. – Faqat ko‘p qolib ketma, tabrikla-yu qayt.

Uchinchi navbat og‘irroq edi. O‘rol akam birdan gapni uzib aytardi:

– Yo‘q, hech qayoqqa bormaysan. Qiz bolaning o‘tirishlarga yurishi yaxshilikka olib bormaydi.

Akadan ruxsat tegmagach, undan yuqorilarga o‘tilmasdi. Dugonalarimga esa “zarur ishim chiqib qolgani”ni aytardim.

Hozir ham biror narsa qilgudek bo‘lsam, og‘alarning eng kichigiga borib maslahat so‘rayman. Bilaman, u hamma kattalar bilan telefonlashib, fikrlarini eshitib, keyin xulosasini aytadi. Borliklaringizga shukur, akajon. Ollohimga shukur, menga sizlardek aka-ukalarning singlisi, opasi bo‘lish baxtini bergani uchun.

Aka, qishloqqa kelmaganingizga ancha bo‘ldi. Kunora telefonlashib turibman-ku, dersiz. Mehr ko‘zda. Bu telefon o‘sha mehrni bera olmaydi-da, akajon. Bilaman, siz tinmay, haqiqat izlab, kitob yozayapsiz. Ammo qishlog‘ingiz ham sizni sog‘ingan. Mung‘ayibgina sizni kutayapti. Bilasiz-a, aka, siz kelsangiz qishda, bahorda  yog‘magan yomg‘irlar yog‘ib, haftalab ochilmay qolardi. Biz kulardik. Ba’zan qo‘shnilar “Abdusattorni jo‘natib yuboringlar, yomg‘ir ham jonga tegdi-ku,” – deya hazil qilishardi. Bu yil kelmadingiz, yomg‘irlar tortilib ketdi, suv tanqis bo‘lib qoldi. Qishlog‘imiz ham, biz ham, onam ekkan tut ham sizni sog‘ingan.

Aka, akajonim…

Men maktub yozmoqchi edim, ammo bu tuganmas dostonlarga aylanib borayotganday…

Omonlikda ko‘rishguncha, sog‘inchli salom xati yozuvchi singlingiz….

 

Risolat JUMANAZAROVA

Qamashi tumani