Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng qamrovli islohotlar jarayonida kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikamizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinganligi va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor natijasi o‘laroq nodavlat tashkilotlar o‘zlarining jamiyatdagi o‘rinlarini tobora mustahkamlab bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan jamoat tashkiloti sifatida Vatanimiz istiqlolga erishganining dastlabki kunlaridanoq yoshlarni harbiy- vatanparvarlik va harbiy xizmatga hurmat ruhida tarbiyalashda, ularni ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishlarida, zarur texnik kasblarga tayyorlashda Qurolli Kuchlar hamda davlat idoralariga ko‘makdosh bo‘lib, o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Tashkilotning qisqacha tarixi

1991-yil 31-avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulug‘ orzusiga erishdi – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Mustaqil davlatchilik shakllanishi ortidan mamlakatdagi faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning sarasi saraga, puchagi puchakka ajratila boshlandi. Ikki oy davom etgan qizg‘in muhokamalardan so‘ng, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashuvchi butunittifoq ko‘ngillilar jamiyati respublikamizda shakllantirilayotgan milliy armiyamizga ko‘maklashuvchi munosib tashkilot bo‘lishiga ishonch bildirilib, uning saqlab qolinishiga erishildi.

1991-yil 23-noyabrda bo‘lib o‘tgan Armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashuvchi butunittifoq ko‘ngillilar jamiyatining VIII Qurultoyi qarori bilan O‘zbekiston DOSAAFi negizida mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti jamoat birlashmasi sifatida tashkil etildi.

O‘tgan davr mobaynida “Vatanparvar” tashkiloti O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining haqiqiy ko‘makchisiga aylandi: minglab yoshlarni turli harbiy kasblarga tayyorladi, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyaladi hamda sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.

Shuningdek, tashkilot ko‘plab vatanparvar, fidoyi insonlarni, mohir mutaxassislarni va mahoratli sportchilarni yetishtirdi.

Davlatimiz rahbarining tashkilotga e’tibori

Yangi O‘zbekiston barpo etilayotgan, mamlakatimizda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan bugungi davrda respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashga oid tizimli ishlarni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 25-dekabr kuni respublikamiz yoshlariga qilgan murojaatida “Vatanparvar” tashkilotini yanada faolroq bo‘lishga, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rnini mustahkamlashga chaqirdi.

“Bir paytlar “Vatanparvar” tashkiloti yoshlarga nafaqat harbiy sohada, balki katta hayotda ham zarur bo‘ladigan musobaqa va sport o‘yinlarini tashkil etardi, ularni texnik kasblarga o‘rgatardi. Shu sababli, yigit-qizlarimiz o‘rtasida unga qiziqish yuqori edi. Afsuski, keyingi paytlarda uning faoliyati susayib ketdi. Tashkilotning avvalgi nufuzini tiklashimiz zarur”, dedi jumladan Prezident.

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan davlatimiz rahbarining tanqidiga sabab bo‘lgan omillar yuzasidan chuqur tahlil o‘tkazilib, muammolarga to‘liq barham berish maqsadida, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tashkilot faoliyatini yangi bosqichga olib chiquvchi mutlaqo yangi tizim va chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Mahalliy hokimliklar bilan birgalikda respublika bo‘ylab tashkilot zimmasiga yuklatilgan vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari” va hamkorlik memorandumlari tasdiqlandi.

“Vatanparvar” tashkilotini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, respublika aholisi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida uning nufuzini oshirish bo‘yicha qat’iy maqsad va vazifalar belgilandi.

Haqiqiy vatanparvarlik maktabi

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning belgilab bergan vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida “Vatanparvar” tashkilotida harbiy-vatanparvarlik targ‘iboti va yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi yaratildi. Tashkilot tizimida yoshlar bilan ishlarni tashkil etishda “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bo‘lish” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida manzilli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mudofaa sohasidagi boshlang‘ich bilimlarga o‘qitishda va chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari hamda davlat hokimiyati organlariga ko‘maklashish maqsadida o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘rtasida “Ijtimoiy sheriklik sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar” imzolandi hamda amaliy chora-tadbirlar rejalari tasdiqlandi. Ushbu bitimlarda harbiy-vatanparvarlik, sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, yoshlarni kasbga tayyorlash ishlarini rivojlantirishga oid vazifalar belgilandi.

Jumladan, Tashkilot tizimida mavjud ommaviy texnik kasblar o‘quv kurslarida o‘qitilayotgan yoshlar bilan vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan suhbatlar, seminarlar va uchrashuvlar o‘tkazilib, olimlar, tajribali pedagoglar, tadbirkorlar jalb etilmoqda. Ushbu yangi tizim yoshlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortishi va kelgusi hayotlarida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun ularda motivatsiya uyg‘otishiga sabab bo‘lmoqda.

“Vatanparvar” tashkilotining respublika aholisi o‘rtasida ijobiy imijini oshirish, tizimda olib borilayotgan islohotlardan aholini xabardor qilib borish, faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida bosma va elektron ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish bo‘yicha yangi axborot siyosati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, OAV vakillari uchun matbuot anjumani, press-tur va brifinglar tashkil etilib, tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalari haqida ma’lumotlar muntazam berib borilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar natijasida “Vatanparvar” tashkilotining aholi o‘rtasida nufuzining ortishiga, yoshlarni tashkilot faoliyati doirasiga jalb qilish qamrovining o‘tgan davrlarga nisbatan uch barobar oshishiga erishildi, shuningdek, tashkilotga xayrixoh bo‘lgan fuqarolar sonining o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda.

“Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni jismonan chiniqtirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida ham yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, aholini tashkilot tizimidagi avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish ishlari tubdan isloh qilindi. Ushbu sport turlari qatoriga dengiz ko‘pkurashi, xizmatchi itlar va harbiy amaliy ko‘pkurash sport turlari kiritildi. Sportchilarni tayyorlashning zamonaviy va samarali metodikalarini joriy etish, tashkilot tizimidagi to‘garaklar va seksiyalar sonini ko‘paytirish hamda ularning moddiy-texnik bazalarini mustahkamlash, murabbiylar malakasini oshirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.

Hozirda “Vatanparvar” tashkiloti 9 mingga yaqin professional sportchi yoshlarni qamrab olgan. Har yili hamkor tashkilotlar bilan birgalikda respublika va xalqaro darajadagi 50 dan ortiq sport musobaqalari o‘tkazib kelinadi. 2021-yilda “Tokio – 2020” olimpiada o‘yinlari hamda MDH va Osiyo chempionatlarida pnevmatik quroldan o‘q otish yo‘nalishida “Vatanparvar” tashkilotining 11 nafar sportchisi Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 3 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldilar.

“Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, minglab havaskor sportchi yoshlarni o‘z to‘garak va seksiyalariga jalb etib bormoqda. Jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi ommaviy texnik kasblarga tayyorlanayotgan, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi yoshlarning vaqtini unumli o‘tkazish va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida navbatdagi yangi tizim joriy qilindi. Ushbu yoshlar pnevmatik quroldan o‘q otish, duatlon, yozgi biatlon kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etildi. Ular o‘rtasida ushbu sport turlari bo‘yicha tuman, viloyat va respublika bosqichi musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Davlat dasturi ijrosi amalda

“Vatanparvar” tashkilotining ommaviy texnik kasblarga tayyorlash bo‘yicha faoliyatida ham tub burilishlar bo‘ldi.

Ilgari “Vatanparvar” tashkiloti tasarrufidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida turli toifalarda haydovchilar tayyorlab kelingan bo‘lsa, 2021-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturiga muvofiq, ushbu tizim qayta ko‘rib chiqilib, tashkilot bazasida fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yana 10 xil kasblarga o‘qitishga doir mexanizm yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” tashkil etilib, unda fuqarolar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektropayvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitila boshlandi.

Shuningdek, “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidropodyomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovishli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Ahamiyatli jihati shundaki, “Vatanparvar” tashkiloti mamlakat aholisining ish bilan band bo‘lmagan vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularga jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishga ko‘maklashish maqsadida, o‘z faoliyatidagi yangicha tarixiy tizimni joriy etdi. “Vatanparvar” tashkiloti Yoshlar ishlari agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Respublikamizda 15 mingdan ortiq “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari haydovchilik kasbiga hamda 2 000 mingdan ortiq ehtiyojmand yoshlar imtiyoz asosida vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektropayvandchi, avtochilangar, avtoelektrik kasblariga tayyorlandi. Ushbu amaliyot orqali ehtiyojmand yoshlar o‘z oila a’zolariga ko‘makdosh bo‘lishi, xususan, ota-onalarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashlari uchun zamin yaratildi.

Xalqaro aloqalar

“Vatanparvar” tashkiloti o‘zining xalqaro maydonda ijobiy obro‘sini shakllantirish maqsadida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy sport tashkilotlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.

Tashkilot hozirda Aeronavtika xalqaro federatsiyasi (FAI), Xalqaro biatlon ittifoqi (IBU), Xalqaro Kemamodelchilik federatsiyasi (“NAVIGA”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.

Mazkur xalqaro federatsiyalar bilan o‘zaro hamkorlik ishlari tegishli kongress, konferensiya va s’yezdlarda tasdiqlanadigan har yillik sport tadbirlari kalendar rejasiga muvofiq amalga oshiriladi. Xalqaro sport tashkilotlariga a’zolik tegishli sport yo‘nalishlarini rivojlantirishga doir masalalarda ovoz berish huquqini va O‘zbekiston sportchilarining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Rossiya Federatsiyasi DOSAAF (Armiya, aviatsiya va flotiga ko‘maklashuvchi ko‘ngillilar jamiyati tashkiloti) o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan. Joriy yilning noyabr oyida Tashkilot tomonidan O‘zbekiston milliy avtomobil klubi va BMT vakillari ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qurolli Kuchlarning eng yaqin hamkori

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining respublika Qurolli Kuchlari bilan hamkorlik aloqalari yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Jumladan, Tashkilotning yangi tahrirdagi Nizomiga Qurolli Kuchlar bilan hamkorlikka oid yangi bob kiritilib, mamlakatimiz yoshlarini Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligini ta’minlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni o‘tashga tayyorlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan hamkorlik qilishi belgilandi. “Vatanparvar” tashkiloti tashabbusi bilan tashkilot hamda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandumlarga ko‘ra, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ixtiyoriy ravishda “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida va texnik xizmat ko‘rsatish kurslarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari hamda sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha sport musobaqalariga jalb etib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur yangilik mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi, yoshlarda harbiy xizmatga bo‘lgan ishtiyoq va hurmatni yanada oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu yangicha tizim, yoshlar Vatan oldidagi muqaddas burchni bajargan holda, harbiy xizmat davomida o‘zlari egallagan kasb-hunarlari bilan uylariga qaytishlari, fuqarolik hayotiga tezroq ko‘nikib ketishlari va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga mustahkam zamin yaratadi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz mustaqilligining tengdoshi hisoblanmish O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mehnatga mas’uliyatli munosabat tuyg‘ularini singdirish, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish va ommalashtirish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlashda Yangi O‘zbekistonimizning mustahkam tayanchi va ko‘makchisi desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zero, “Vatanparvar” tashkiloti o‘z maqsad-vazifalarini bajarishda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etib, xalqimiz va davlatimiz bildirayotgan yuksak ishonchni to‘la-to‘kis oqlamoqda. Tashkilot jamoasi mamlakatimiz tinchligi, taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida xizmat qilishi kutilayotgan yana ko‘plab rejalar va loyihalarni amalga oshirish arafasida turibdi.

 

Husan BOTIROV,

 O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi

“Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi