Ba’zida “tinch zamon bo‘lsa, harbiy xizmatchilar otning kallasidek (sal mubolag‘a qilishadi, albatta) oylikni olib yuribdi-da” kabi ilmoqli iboralar quloqqa chalinib qolsa, g‘ashimiz keladi. Hoy, baraka topgur, issig‘-u sovuqda, tog‘lar-u cho‘llarda, kamchilik va ko‘pchilikda hech o‘zingizning chidamliligingizni sinab ko‘rganmisiz, degimiz keladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida Harbiy kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro olimpiadaning Mudofaa vazirligi bosqichida kursantlarning xatti-harakati, g‘ayrat-shijoati, fidokorligini ana shunday tiliga erk beradigan kimsalar ham ko‘rishini juda istadik.

Keskin kurashlarga boy bo‘lgan musobaqada Qurolli Kuchlar akademiyasi, O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari bir necha kun davomida ko‘plab shartlar bo‘yicha o‘zaro bahslashdilar. Ayniqsa, 1 000 metrlik masofaga to‘siqlar osha yugurish mashqi ishtirokchilarning jangovar shayligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ular bir-birlarini ehtimoliy dushmandan himoya qilgan holda goh yuksaklikni, goh o‘tish mushkul bo‘lgan yo‘laklarni, to‘satdan paydo bo‘lib qoladigan yerosti yo‘llarini, ochiq va yopiq labirintlarni hamda sun’iy ko‘priklarni ortda qoldirishdi. Arqon yordamida balandlikda harakatlanib, tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha ham o‘zlarining tajriba va ko‘nikmalarini sinab ko‘rdilar.

Ko‘pchilikka ma’lumki, kimyoviy qurolni faqat qarama-qarshi tarafga qo‘llash imkonsiz. Undan himoyalanmagan barcha birdek zararlanadi. Musobaqa ishtirokchilari bu borada ham o‘zlarining qanchalar bilim, tajriba va ko‘nikmaga ega ekanliklarini isbotlashdi. Bunda kursantlarning tezkorligi, diqqat-e’tibori, ya’ni vazifani to‘laqonli bajarishi, shu bilan birgalikda himoyalangan holatda harakatlanish mahoratlari ham sinab ko‘rildi.

Ofitserlik ostonasidagi kursantlar ushbu “olishuv”da o‘zlarini yana bir bor sinab ko‘rib, toblandilar. G‘oliblar Rossiya Federatsiyasida o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadada mamlakatimiz sha’nini himoya qiladilar. Ularga bu yo‘lda tolmas kuch-quvvat tilaymiz!

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, kursantlarimiz Rossiya Federatsiyasining Ryazan oliy havo-desant qo‘mondonlik bilim yurtida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida Harbiy-kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan beshinchi xalqaro olimpiadada qatnashib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallab qaytgandi.

Kapitan Aziz NORQULOV,

“Vatanparvar”