Mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qurolli Kuchlari vaziri Jeyms Xippi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov tomonidan qabul qilindi. Jeyms Xippiga Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi elchisi Timoti Torlot hamda boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qilishdi.


Uchrashuv chog‘ida general-leytenant Bahodir Qurbonov Jeyms Xippini mamlakatimizga ilk tashrifi bilan tabriklab, ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va harbiy sohalarda amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalariga e’tibor qaratdi. O‘z navbatida Birlashgan Qirollik Qurolli Kuchlari vaziri do‘stona qabul uchun minnatdorlik izhor etar ekan, kelajakda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi o‘rtasida harbiy ta’lim va boshqa sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bitim imzolandi.
Buyuk Britaniya delegatsiya­si kun davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi va «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmua­si, «Shon-sharaf» davlat muzeyi bilan ham yaqindan tanishdi. Yuqori martabali xorijlik mehmon Qurolli Kuchlar akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi. «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasida esa Zulfiya Zokirovaga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yib, hurmat ko‘rsatdi.

Kamoliddin ASROR