Toshkent harbiy okrugida ikki yillik o‘quv dasturi yakuni bo‘yicha sinov imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Imtihonlar “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida sohaning malakali mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi.

Xalq tilida g‘alvir suvdan ko‘tarildi, degan ibora bor. Yigitlarning zo‘r shiddat bilan imtihonlarga kirishayotganini ko‘rib, beixtiyor shu gap xayoldan o‘tdi: g‘alvir suvdan ko‘tarilyapti. Qani, o‘tgan vaqt mobaynida kim o‘z mutaxassisligi bo‘yicha berilgan bilimlarni yaxshi o‘zlashtirdi-yu, kimlarda muammolar ko‘zga tashlanyapti?

Harbiy xizmatchilar dastlab jismoniy va jangovar tayyorgarliklar bo‘yicha olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Undan keyin esa turli to‘siqlardan iborat 5 kilometrlik yo‘lak bo‘ylab harakat olib borishi zarur. Yigitlar eng avvalo balandligi 60 sm, eni 1,5 metr, uzunligi esa 50 metrli simli to‘siqdan belgilangan qurol va anjomlari bilan yer bag‘irlab tirsak yordamida o‘tishi kerak. Bunda ularning psixologik barqarorlik holatini ham sinovdan o‘tkazish maqsadida yo‘riqchilar tomonidan o‘qotar qurollardan tinimsiz o‘q uzib turiladi (ruhiy ta’sir o‘tkazishga qaratilgan bu usul boshqa ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tishda ham qo‘llaniladi).

Yo‘lakdagi to‘siqlar shunday ishlab chiqilganki, ularning hech biri harakat davomida qayta takrorlanmaydi. Eng muhimi esa 5 kilometrlik masofa ichida o‘rin olgan bir-biridan murakkab to‘siqlarni yengib o‘tishdagi mashaqqat yurt posbonlarining marraga yetib borishini qiyinlashtirsa, ularning jismoniy va ruhiy holatini, bardoshini mustahkamlab boraveradi. Imtihon topshiriladi, so‘zsiz hamma harakatiga yarasha baholanadi, horigan tanadan charchoq ketadi. Biroq tajriba orttiriladi, malaka shakllanadi. Mana shular muhim aslida. Chunki shular ertaga harbiy xizmatchining Vatan oldidagi burchini to‘la-to‘kis ado etishiga yordam beradi.

Jismoniy holati barqaror, ruhiyati mustahkam, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori bo‘lgan Vatan posbonlari bu kabi to‘siqlarni “ko‘rdim” demay odimlab boryapti. Murakkabligiga ko‘ra “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida ishlab chiqilgan shartli to‘siqlar birin-ketin ortda qolyapti. Yo‘lak avvalrog‘idagi balchiqli suvli to‘siqdan shalobbo bo‘lib chiqqan jangchi 5 kilometrlik masofani bosib o‘tguncha tabiiy qurinib olishga ham ulguradi.

Imtihonlarning eng qizig‘i, shubhasiz, qo‘l jangi bo‘lib o‘tadigan nuqtada sodir bo‘ladi. Ya’ni harbiy xizmatchilar to‘siqlarga to‘la yo‘lakdan o‘tib bo‘lgach, navbatdagi 10 kilometrlik masofani yugurgan holda bosib o‘tishi kerak. 5 km oldinga, 5 km orqaga. Shunday qilib, imtihonlarning mazkur bosqichida harbiy xizmatchilar yakkalik tarzda harakat qilib, jami 15 km masofani bosib o‘tadi.

Marshdan qaytgan yigitlar nafas rostlashga ulgurmasidan qo‘l jangiga yo‘naltiriladi. Ayash yo‘q! Sabab bitta: haqiqiy jangda dushman sening charchaganingga qarab o‘tirmaydi, u senga o‘zingni tiklab olishing uchun hotamtoylik qilib tanaffus bermaydi. “Amakingning o‘g‘limi?!”, “Xolavachchangga duch kepqoldingmi?!” Bordi-yu, horib-tolib kelgan jangchiga kimdir yumshoq zarbalar bilan “himmat” ko‘rsatayotgan bo‘lsa, qattiqqo‘l yo‘riqchilardan yuqoridagi gaplarni eshitadi. Tishining kovagida quvvat asraganlar qo‘l jangida yaqqol namoyon bo‘lib turadi. Himoyada ishonchli turish, zarbalarga chap berish, qarshi hujumga o‘tish va imkon qadar ko‘proq zarba o‘tkazib yubormaslik ularning asosiy belgilaridir.

Bu yerdan ham o‘tib olgan jangchilar pichoq otish nuqtasiga yetib keladi va nishonlarni mo‘ljalga olib, yana bir bor mahoratini ko‘rsatadi. Shunday qilib, imtihonning mazkur bosqichi o‘z yakuniga yetadi. Ertasi kuni esa yigitlar guruhlar tarkibida 30 kilometrlik masofani bosib o‘tishdi. Xalqaro armiya o‘yinlarida olingan ilg‘or tajribalarni qo‘llagan holda o‘tkazilgan mazkur imtihonlarni kuzata turib, Vatan posbonlarining shiddati, yovqurligi va jasurligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

 Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,

“Vatanparvar”