2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

TAJRIBALARDAN TAVSIYALAR

Sanoqli kunlardan keyin oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Ayni paytlarda esa aksariyat abituriyentlar bilim olish, maktab va kollejlarda egallagan bilimlarini takrorlashga qattiq kirishgan. Kimdir repetitorga borib, mashg‘ulotlarga qatnayotgan bo‘lsa, kimdir mustaqil shug‘ullanmoqda. Demak, bo‘lg‘usi talabalar, ushbu tavsiyalar aynan siz uchun.

Vaqtingizdan unumli foydalaning. Ayrim abituriyentlar imtihon boshlanishiga bir kun qolganda: «Qaniydi yana bir hafta vaqt berilsa-yu, yaxshilab takrorlab olsam», deb orzu qiladi. Bunday holga tushib qolmaslik uchun sinovlarga vaqt borida tayyorgarlik ko‘rib borish kerak. Buning uchun vaqtingizni samarali taqsimlab chiqing. Miyaga zo‘riqish beradigan ortiqcha axborotlardan xalos bo‘lishga harakat qiling. Buning eng to‘g‘ri yo‘li – ijtimoiy tarmoqlar, do‘stlar bilan uchrashuv va suhbatlardan imtihongacha uzoqlashish. Agarda bu qo‘lingizdan kelmasa, sevimli resurslarga kiradigan vaqtingizni cheklang: kuniga 10 – 20 daqiqadan oshmasin. Aks holda ulgurmasligingiz mumkin.

To‘g‘ri ovqatlaning. Unutmang, miyaning yaxshi ishlashi uchun unga yetarli miqdorda suyuqlik kerak. Shuning uchun doimo o‘qiyotgan vaqtda oldingizda ichishga suv yoki ko‘k choy bo‘lsin. Shifokorlar abituriyentlar ertalabki nonushtaga katta e’tibor qaratishi kerakligini uqtiradi. Ertalabki ovqat kishiga kun davomidagi zarur energiyani beradi. Ertalab organizm «uyqudan uyg‘onishi» uchun bir stakan suv iching, oradan qanchadir vaqt o‘tib, ovqat yeng. Nonushta kletchatka va oqsilga boy bo‘lishi shart: suli bo‘tqasi (ovsyanaya kasha), tuxum, yog‘siz tvorog, pishloq, yong‘oq, ho‘l va quruq mevalar. Ba’zida qora shokolad yeb turing. Uning achchiqrog‘ini tanlang – miyaning yaxshiroq ishlashiga yordam beradi.

Mashg‘ulotlar turini almashtirib turing. Doimo bitta mashg‘ulot bilan band bo‘lish odamni zeriktirib, ishtiyoqini so‘ndirib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun uzoq vaqt o‘qish yoki ma’ruza eshitishdan keyin toza havoda sayr qilish, yugurish, bir joyda sakrash, so‘ngra test yoki mashq yechish foydali. Mashg‘ulotlar turining almashib turishi miyani tez charchashdan xalos etib, o‘qish uchun yangi kuchlarni to‘plashga yordam beradi.

Bilimlarni vizuallashtiring. Sxemalar, jadvallar va diagrammalar abituriyentning eng yaqin do‘stlaridir. Vizual holatda berilgan axborot miyada osonroq esda qoladi. Ularni o‘zingiz tayyorlasangiz, yanada yaxshi. Chunki bu xotira san’ati – mnemonikaning ayni o‘zidir. Vaterloo universiteti (Kanada) olimlarining ta’kidlashicha, chizish – eslab qolishning eng samarali usulidir. Vizual «shpargalka»larni yaratish uchun rangli flomaster va ruchkalardan foydalaning. Ular yordamida eng muhim ma’lumotlarga belgi qo‘yib boring.

– Hayajon, uning asosiy sababi sinov yoki savollardan bexabarlik va tayyorgarlikning yo‘qligidir, – deydi psixolog. – Uni yengishning esa bir necha qoidalari mavjud. Xususan, puxta tayyorgarlik – muvaffaqiyat garovi. Shuning uchun qaysi fandan imtihon topshirmoqchi bo‘lsangiz, mavzularni yaxshilab o‘qing. O’z kuchiga, bilimiga ishonch hayajon va qo‘rquvni bartaraf etadi. Atrofdagi gap-so‘zlarga umuman ahamiyat bermang.

O‘ziga ishonch. Katta kuch. Bu qobiliyatni mehnatingiz bilan yanada rivojlantirgan bo‘lsangiz, bilingki, g‘alaba siz tarafda. Sinov oldidan to‘yib uxlab oling. Toza havoda sayr qilish ham juda foydali. Bu organizmning ruhiy va jismoniy holatini yaxshilaydi. Iste’mol qilayotgan mahsulotlaringiz uglevod va oqsillarga boy bo‘lishi kerak. Ko‘proq tvorog, sabzavotli sho‘rva, baliq, tovuq go‘shti, tuxum iste’mol qilish foydali. Ular sizga tetiklik va kuch bag‘ishlaydi. Bu vaqtda turli donli mahsulotlardan tayyorlangan bo‘tqalar ham foydali. Imtihon oldidan shokolad bo‘lakchasini iste’mol qilishni unutmang. U antidepressant bo‘lib, miyaning faol ishlashida yordam beradi.

Bu ham muhim. Qulay kiyinish alohida ahamiyatga ega. Imtihon kuni tanangizda erkin turuvchi, tabiiy matodan tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi. Tor, juda kalta, ochiq-sochiq, sintetik matoli, to‘q rangli kiyimlardan voz kechgan ma’qul. Qulay oyoq kiyimi tanlashga ham e’tibor bering.

Imtihondan bir kun oldin umuman kitob o‘qimang, dars tayyorlamang. Bundan foyda yo‘q. Undan ko‘ra, toza havoda sayr qiling, sevimli mashg‘ulotlaringiz bilan shug‘ullaning. Bu xotiradagi ma’lumotlarning miyada yaxshi saqlanishiga yordam beradi.

Ayrim abituriyentlar kunduzi dam olib, kechasi dars tayyorlashni afzal ko‘radi. Bu noto‘g‘ri usul. Kechki to‘laqonli uyqu kunduzgi ma’lumotlarning miyada yaxshi saqlanishiga yordam beradi. To‘yib uxlamaslik parishonxotirlikka olib keladi.

Og‘zaki imtihonlar oldidan tayyorgarlik ko‘ring. Jarayonni tasavvur qiling va biror-bir mavzuda ovoz chiqarib gapiring. Bu nutq ravonligiga, tutilib qolmaslikka yordam beradi. Imtihon kuni hayajoningiz kuchli bo‘lsa, nafas mashqini bajarsangiz ham bo‘ladi. Mazkur harakat juda oddiy: chuqur nafas oling, bir necha soniya nafasni ushlab turing, keyin asta-sekin chiqaring. Buni bir necha marotaba takrorlang. Keyin bor diqqatingizni nafasga qarating. Bu mashq miyadagi keraksiz axborotlarni chiqarib tashlashga yordam beradi. Imtihondan bir necha soat oldin musiqa tinglash ham stressni yengib, kayfiyatni ko‘tarishga yordam beradi. Faqat musiqa shovqinlardan xoli, yoqimli, sokin bo‘lsin.

Osonidan boshlang. Savollarga javobni belgilashda, avval siz uchun oson va javobini aniq bilganlaringizdan boshlang. O‘ylantirib qo‘ygan, ikkilanib qolgan savollarga vaqtni ketkazib, to‘xtab qolmang. Xotirjam bo‘lsangiz, aqliy faoliyatingiz yaxshi ishlaydi va butun quvvatingizni siz uchun qiyin bo‘lgan savollarga qarata olasiz. Unutmang, hamma savollarga javob topib bo‘lmaydi, orasida albatta, siz bilmaydigani uchraydi. Bundan xavotirlanishning keragi yo‘q, aksincha, keyingi savollarga kuch bering. Ular navbatdagi ballarni to‘plashda muhimroq bo‘lishi mumkin.

Tekshiring. Javoblarni belgilab bo‘lgach, albatta, qayta tekshirib ko‘rishga ham vaqt qoldiring.

«Shpargalka»larga chalg‘imang. Test sinovlarida abituriyentlar «shpargalka»lardan foydalanishga urinishadi. Biroq bu sizga qanchalik yordam beradi? Vaqtingizni behuda sarflashga, diqqatni chalg‘itishga sabab bo‘lmaydimi? Asosiysi, o‘z bilimingizga ishoning!

«Vatanparvar» gazetasi bo‘lajak talabalarga omad tilaydi.

Shohsanam ODILJON qizi tayyorladi.

 

Информеры