2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

MEN «MAFTUN»DA BILGAN MAFTUNA

Kartinalarga qiziqishim baland. Tez-tez tomosha qilishga borib turaman.  Maftuna Rahimova degan rassom qizni «Maftun» nomli ilk ko‘rgazmasini tashkil etayotganida tanidim. Ko‘rgazma o‘ylaganimdan ham chiroyli o‘tdi. «Oq atirgul», «Yozgi dala», «Taqdir» singari kartinalarning har biri bir olam. Qoyil qoldim, rosti. Oradan bir yil o‘tib-o‘tmay, u o‘zining xususiy maktabini ochdi. Maktab ochganini eshitib bir xursand bo‘lgan bo‘lsam, u yerda  kam ta’minlangan oilalarga bepul dars o‘tayotganini bilib, yanada havasim keldi. U bilan suhbatlashdim…

– Rasm tomosha qilib, yig‘laydigan odamlarni bilaman. Ba’zan menda ham kuzatiladi. Ayniqsa, sizning «Dadam portreti»ngizni ko‘rib o‘zimga kelishim qiyin bo‘lgan. Demak, rasmlar so‘zlaydi, unda tuyg‘u bor… Ranglarni tushunish kerak...

– San’at turlarining hammasi go‘zal, musiqada ovoz, ohang, badiiy asarda so‘z sehri, ta’siri... Tasviriy san’atda hamma narsa bor. Ranglar kuylaydi, yig‘laydi, yig’latadi, raqsga tushadi.Ranglarni his qilish mumkin, lekin u orqali tuyg‘ularni ifodalash iste’dod va mahorat talab qiladi. Ana shunday chin iste’dod sohiblari odamlarga, tengdoshlarimizga ranglarni, ranglar orqali esa olamni tanitishi shart deb o‘ylayman. Chunki butun borliq ranglardan, ranglar esa tuyg‘ulardan iborat. Ranglarini his qilgan odamdan yomonlik chiqmaydi.

– Rassom kitob o‘qishi shart emas. U ko‘rib, chizadi, deyishadi. Aslida, hammadan ham rassom ko‘proq o‘qishi kerak, menimcha...

– Kitoblar va ranglar. Bu ikki so‘zni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Kitob oq qog‘ozga qora ranglarda bosilgan harflardan iborat emasmi, aslida. Har qanday badiiy kitobda ikki xil rang bo‘ladi, bular – yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat, hijron va visol, zulmat va ziyo, jaholat va ma’rifat. Har qanday ranglar uyg‘unligida chizilgan suratda ham aslida mana shu qarama-qarshiliklar aks etgan bo‘ladi. Shu sababdanmi, musavvirlarni adiblarga, adiblarni esa musavvirlarga qiyos qilgim keladi.

Rassomga kitob o‘qishning nima keragi bor, deguvchilar ham topiladi. Kitobni hamma har doim o‘qishi kerak! Ayniqsa, rassomlar hayotida bu muhim ahamiyatga ega. Boisi, kitob o‘qish jarayonida musavvir ilhom oladi. Asar qahramonlariga bag‘ishlab chizilgan suratlar juda ko‘p-ku. Yaxshi bilasiz, kitoblarda hikoya, qissa yo romanlar, she’rlar uchun ishlangan suratlar bo‘ladi. Rassom uni o‘qimay turib, qahramonning xarakterini, boshidan kechirganlarini bilmay turib, suratini chizolmaydi. Alpomish suratini mahorat bilan chizgan rassom o‘sha qahramonni ko‘rgan deb o‘ylaysizmi? Yoki buyuk bobokalonimiz Amir Temur siymosini turli rassomlar o‘z qarashlaridan kelib chiqib tasvirlashgan. Bunda ularga Sohibqiron haqida yozilgan asarlar ilhom bergani shubhasiz. Yozuvchi shunday tasvirlaydiki, ko‘zingizni yumishingiz bilan ko‘z oldingizda, xayolingizda o‘sha asar qahramoni gavdalanadi.

«O‘tkan kunlar»ni o‘qiganimda, mening ham xayolimda Zaynab obrazi gavdalangan va uni chizib ko‘rishga uringanman. Vaholanki, chizgan suratimni kimga ko‘rsatgan bo‘lsam, hammasi har xil fikr aytishgan. Qodiriy Zaynabning bo‘yi qancha ekanini yozmagan bo‘lsa-da, bir tanishim suratga qarab turib, uning bo‘yini aynan shunday tasavvur qilganini aytdi. Badiiy asar yozgan adibga tog‘ manzarasini zo‘r tasvirlabsan, deyishadi. O‘zimni xuddi o‘sha tog‘ etagida turgandek his etdim, deguvchilar ham bor.

– Fotoapparat yara­tilganda rassomchilik o‘ladi endi, degan fikrlar paydo bo‘lgan. Tasviriy san’at qay darajada muxlislarga ega...

– Ha, shunday fikrlar bo‘lgan. Oradan  yigirma, o‘ttiz yil o‘tib, qo‘lda chizilgan rasmlardan nusxa olib, xuddi rassom chizgandek qilib beriladigan bo‘ldi. Tabiiyki, apparatdagi rasm arzon bo‘ladi. O‘shanda insonlar endi rassomchilik inqirozga yuz tutadi, deyishgan. Lekin unday bo‘lmadi. Asl asarlarning narxi ham, muxlislari ham yildan-yilga ortib boraverdi. Chunki asl mehnat har doim qadr topadi. Musavvirlar tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmalarga borishni yaxshi ko‘raman. Bir safar o‘rta yoshlardagi kap-katta erkak hammaning yonida rassom mahorat bilan chizgan keksa onaxon suratiga uzoq qarab turdi-da, ko‘z yoshini to‘xtatolmay, yig‘lab yubordi. Bir kuni opamning xonasiga kirsam, ko‘z yosh qilib o‘tiribdi. Biron narsa bo‘ldimikan, deb qo‘rqib ketdim-da, darhol nima bo‘lganini so‘radim. U yig‘idan gapirolmas, shu bois ochiq turgan kitobini qo‘li bilan ko‘rsatdi. Keyin bilsam asar qahramoni boshiga tushgan savdolar opamni xuddi o‘sha ona suratini tomosha qilib turgan kishi misol to‘lqinlantirib yuborgan, qalbini junbushga solgan ekan. Rasmlarning muxlisi ko‘pligini ko‘rib, quvonaman, ilhom olaman. 

– Mo‘yqalam sohiblarini bir joyga to‘plab, qo‘shiq qo‘yib rasm chizdirishibdi. Birinchi kuni insonga yoqmaydigan qo‘shiqlar, ikkinchi kuni mumtoz, yoqimli qo‘shiqlar qo‘yishibdi va bir xil topshiriq berilibdi. Biroq rassomlarda ham ikki xil rasm paydo bo‘lgan. Musiqa rassom kayfiyatiga  qanchalik ta’sir qiladi?

– Rassomlarning o‘zining musiqasi, o‘zining ohangi bo‘ladi. Xuddi shu ichkaridagi musiqa bilan tashqaridagi musiqa hamohang kelsagina, chiroyli asar yaratiladi. Ba’zan yaxshi kayfiyatda bo‘lsam ham rasmimda dard bo‘lsa, ichimda dardli kuy paydo bo‘ladi, men shu dardli musiqani tashqaridan qidiraman. O‘quvchilarimga dars vaqtida mavzuga qarab musiqa qo‘yib beraman. Masalan, milliy qo‘shiqlarimizni tabiat manzaralarini chizayotganimizda tinglaymiz. Chunki ular musiqa, ohang  bilan rassomchilik bog‘liqligini his qiladi.

– Siz bilan adabiyot, rassomchilik va musiqa haqida suhbatlashish vaqti kelsa, maza qilib tortishish mumkin. Har sohada o‘zingizga yarasha fikrlaringiz bor.  Oiladagi muhit bunga sababchi bo‘lsa kerak.

– Ha, insonga oiladagi muhitning ta’siri katta. Ota-onaning ahilligi, opa-singillarning inoqligi, ijodiy kayfiyat, quvnoqlik, san’at eshigiga kirishingiz uchun kalitdek. Farzandlarini oldimga olib kelgan ota-otalardan iltimos qilaman. Bolani urushmang, qattiq gapirmang, u ijodiy kayfiyatda yursin. U xayol suryapti, u o‘ylayapti, u band. Bolaning shu lahzalarini qadrlash kerak, ushlab qolish kerak. Unga o‘sha payda imkoniyat berish kerak. Umuman olganda, bolaga e’tibor kerak. U qaysi sohani tanlamasin, eng avval tasavvur qiladi, tasavvur qilish uchun xayol kerak, xayol uchun insonga ijodiy muhit kerak. U xayolida mashina yaratar, u daraxtni qanday ko‘kartirish haqida o‘ylayotgandir. Ba’zida ota-onalar farzandlarini olib kelib, «Farzandim xayolparast, gapirsam eshitmaydi», deyishadi. Lekin buyuklikka yo‘l, kasb haqidagi tasavvurdan, mehrdan boshlanadi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Shohsanam NISHONOVA suhbatlashdi.

 

Информеры