2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

ERLAR ILA OMON TURAR ONA ZAMIN

Muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan askarlarni kuzatish marosimlarida bo‘lganmisiz? Bo‘lajak askarlar nigohidagi g‘urur, o‘ziga bo‘lgan ishonch, ota-onalar chehrasidagi mamnunlik va shukronalikdan dilingiz yayraydi. Askar bo‘lishga intilib turgan o‘g‘lonlar ko‘zidagi havas, bu omadga erisha olmagan yigitlar nigohidagi armon... barchasiga guvoh bo‘lasiz, bu kuzatuvda. Ha, askar libosini kiyib, Vatan tinchligiga kamarbasta bo‘lish o‘g‘lonlarimiz uchun katta sharaf. Ushbu maqolamizda Toshkent shahridagi harbiy qismda yigitlik burchini o‘tayotgan, xizmat mashaqqatlarida toblanib, safdoshlari orasida e’tirof topgan a’lochi posbonlar haqida so‘z yuritamiz.

MUTOLAAGA MEHR QO‘YIB

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar bilan suhbatlashsangiz, har birining o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va rejalari borligidan voqif bo‘lasiz. Bu orzular ortida Vatan ravnaqiga ulush qo‘shish istagi ustuvor. Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Abdulhamid To‘xtaboyevning ham niyati ulug‘.

Abdulhamid Namangan viloyatining Pop tumanida voyaga yetgan. Toshkent temir yo‘l transport kasb-hunar kollejida tahsil olgan. Yigitlar qaysi bir sohani egallamasin, avvalo zimmasidagi konstitutsion majburiyati – yigitlik burchini bajarishga intiladi. Abdulhamid ham muddatli harbiy xizmatga yo‘l oldi. Xalqning, ota-onasining duosiga yo‘g‘rilgan bu yo‘l yigitga yangi orzu eshiklarini ochdi. Kelajakda Vatan himoyachisi – ofitser bo‘lish niyatini diliga tugdi.

– Oddiy askar To‘xtaboyev kutubxonamizning eng faol a’zolaridan, – deydi faxr ila harbiy qism kutubxona mudirasi Xurshida Gayibnazarova. – Dunyoqarashi keng, bilimdon posbonlardan. U barcha yo‘nalishdagi adabiyotlarga – harbiy, ijtimoiy-siyosiy, badiiy kitoblarga qiziqadi, ko‘p mutolaa qiladi. Shu sabab, yaqinda harbiy okrug miqyosida bo‘lib o‘tgan «Temur tuzuklari» bilimdoni» ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, faxrli o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Darhaqiqat, qaysi bir sohada bo‘lmasin, kitobxonlik, bilimdonlik o‘z so‘zini aytadi. Ziyoga intilgan insonlar sohaning yetakchilari safidan joy egallaydi. Vatan himoyasida ham shunday. Zero, faylasuflardan biri ta’kidlab o‘tganidek, «Kitob har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir».

Abdulhamidning kitobga mehri ziyodaligi bolaligidan boshlangan. Balki bunda onasi Feruza opaning muallimaligi o‘rin tutgandir. Otasi Ahror aka Pop tumani Temir yo‘llar aksionerlik jamiyatida bosh boshqaruvchi. Shu sabab, uning ota izidan borib temir yo‘l sohasidagi kasb-hunar kollejini bitirganini tushunsa bo‘ladi.

Biroq ota-ona o‘g‘illarining xizmat davomida maqsadi o‘zgarganini to‘g‘ri tushunishdi. Uning kelajakda harbiy xizmatchi bo‘lish istagini qo‘llab-quvvatlashdi.

IJODKOR O‘G‘LON

Olisdasiz, onajon, so‘zlaringiz sog‘indim,

Mehr ila boquvchi ko‘zlaringiz sog‘indim.

Yuzlarim siypalagan o‘sha qadoq qo‘lingiz,

Bugun juda sog‘indim, sog‘indim-ku, onajon!

Bu satrlar muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Shahzod Ergashev qalamiga mansub. Shahzod bilan suhbat davomida she’r mashq qilish, qo‘shiq kuylash, karvin san’ati bilan ham shug‘ullanishidan voqif bo‘ldim.

Muddatli harbiy xizmatga saralash sinovlarida nafaqat intellektual salohiyati, balki jismoniy chiniqqanligi ham qo‘l kelgan.

– Oddiy askar Ergashev haqida so‘z ketganda, – deydi vzvod komandiri mayor Ixtiyor O‘roqov, – o‘z majburiyatini namunali darajada ado etayotganiga urg‘u berishni istardim. U xizmatning ilk davridan boshlab Umumharbiy nizomlar, yo‘riqnomalarni o‘zlashtirishda safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan. Shuning uchun kundalik xizmat faoliyati davomida oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun o‘z vaqtida va asosli qaror qabul qila oladi. Kelajak maqsadi esa harbiy xizmatni shartnoma asosida davom ettirib, Vatanimiz sarhadlarini himoya qilish. Biz Shahzodning bu sharafli va zahmatli vazifani uddalashiga hamda chin yurakdan ado etishiga ishonamiz.

BO‘LAJAK ARXITEKTOR

Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Asilbek O‘ktamov ustoz komandirlari e’tirof etganidek, a’lochi askarlardan. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda oldingi safda bo‘lgan yigit she’riyatda ham anchayin iqtidorli. Tanlagan mavzulari ham xilma-xil. Vatan, ona, muhabbat tarannum etilgan hamda hazil tariqasida yozilgan mashqlar.

– Har bir yigit xizmatga yo‘l olar ekan, albatta namunali askar bo‘lishni maqsad qiladi, – deydi oddiy askar Asilbek O‘ktamov. – Mening niyatim ham shunday – Vatan himoyasi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish. Sizning qo‘lingizga jangovar qurol ishonib topshirildimi, shuning o‘zi katta mas’uliyat. Oldimizga qo‘yilgan har qanday vazifani talab darajasida bajarishimiz shart. Shu sabab, safdoshlarim bilan har doim oldingi safda bo‘lishga intilamiz. Xizmatdan bo‘sh paytlari kitob o‘qishga, futbol o‘ynashga qiziqaman.

She’riyatga qiziqishim esa o‘quvchilik davrimdan boshlangan. Onam maktabda kutubxonachi bo‘lgani uchun kitobga juda erta mehr qo‘yganman. Kelajakdagi orzuyim – arxitektorlik kasbini egallab, yurtimiz rivojiga, o‘ziga xos yangi binolar qurilishiga ulush qo‘shish.

Darhaqiqat, she’riyatga mehr qo‘ygan insonning dunyoqarashi o‘zgacha bo‘ladi. Vatanga, hayotga bo‘lgan muhabbatini nafaqat fidoyi xizmat bilan, balki qalb tuyg‘ulari bilan ham nazm va nasr orqali namoyon etishni istaydi. Asilbekda ham xuddi shunday. Maqolamizni muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar O‘ktamovning onasiga bag‘ishlab yozgan mana bu satrlari bilan yakunlaymiz:

Kechalari uxlolmasang, qoshingda u,

Xasta bo‘lsang, silab-siypab boshingda u.

Ona bag‘ri beminnatu behisht maskan,

Ona mehrin hech kim senga berolmaskan.

Zulfiya YUNUSOVA

Информеры