2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

MUQADDAS TUYG‘U DA’VATI ILA

Dunyoda shunday muqaddas tushuncha borki, uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Uni faqat his qilish mumkin. Bu Vatanga bo‘lgan mehr tuyg‘usidir. Bu mehr insonni tug‘ilib o‘sgan yurti uchun jon kuydirishga, uning har qarich tuprog‘ini aziz bilib, himoya qilishga undaydi. Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Elyorbek Abdullayev va Farhod Tursunmurodov yuragida jo‘sh urayotgan shu muqaddas tuyg‘u da’vatiga quloq tutgan yurtning fidoyi o‘g‘lonlaridan.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilib voyaga yetgan oddiy askar Elyorbek Abdullayev mehnatsevar, aqlli, do‘stlari va yaqinlaridan yordamini ayamaydigan jo‘mard yigit bo‘lib ulg‘aydi. U shu fazilatlari sabab harbiy xizmatda ham tezda o‘rin topdi, komandirlarining e’tiborini qozondi.

– Yurtini sevadigan inson uni ardoqlashi, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi kerak. Bugun men Vatan oldidagi shunday sharafli burchimni bajaryapman. Bundan faxrlanaman, – deydi Elyorbek. – Xizmatda kechayotgan har bir jarayon bizni katta hayotga tayyorlab borayotganini his qilyapman. Harbiy xizmat men uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tayapti. Bu so‘zlarimni boshqa safdoshlarim ham tasdiqlashi, shubhasiz. Mashg‘ulotlar davomida bilimimni har tomonlama oshirishga intilyapman. Buning uchun harbiy qismda shart-sharoit yetarli. E’tirofga sazovor yana bir jihat – qismimizda askarlarning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazishlari uchun ham alohida e’tibor qaratilgan. Men bo‘sh vaqtlarimda kitob mutolaa qilishni yoqtiraman. Sport bilan shug‘ullanishniyam kanda qilmayman. Kelajakda hayotimni harbiy soha bilan bog‘lamoqchiman. Maqsadim – Vatanimning ishongan tog‘i, qo‘rg‘oni bo‘lib, uning osoyishtaligi va tinchligini saqlash.

Suhbatimiz davomida Elyorbek she’riyatga mehri bo‘lakcha ekanini aytib qoldi. Hatto o‘zi ham she’r yozib turarkan.

– Ko‘ngil kechinmalarini, yurak tug‘yonlarini qog‘oz bilan o‘rtoqlashish zavqli, – deydi u. – Chunki ruhiyat yengil tortadi. Bir kitobda shunday so‘zlarni o‘qigan edim: «Shoirlar ko‘ngilni taftish etish barobarida unga yaqinlashadi. To‘g‘rirog‘i, qayg‘u qalbni poklaydi, shu bilan inson ruhiy olamni bir qadar yuksaklikka ko‘taradi». Men har doim mana shular haqida o‘ylaganimda faylasuflarning «shoirlik – muqaddas qayg‘u», degan so‘zlarining haqiqat ekanligiga amin bo‘laman. To‘g‘ri, men shoirlikka da’vo qilmayman. Lekin orzuga ayb yo‘q. Kelajakda shunday yuksak maqomga erishishni, mening ham yozganlarimni xalqimiz mehr bilan o‘qishini orzu qilaman...

Harbiy xizmatning birmuncha murakkab jihatlari ham yo‘q emas. Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Farhod Tursunmurodov shunday mas’uliyatli jarayonda o‘zini har tomonlama ko‘rsatayotgan ilg‘or harbiy xizmatchilardan yana biri.

– Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida safdoshlarimiz bilan bir-birimizdan qolishmaslikka, doim ilg‘or bo‘lishga intilyapmiz. Ya’ni biz bir-birimiz bilan musobaqadoshmiz, – deydi suhbatdoshimiz. – O‘tayotgan davr mobaynida soha sir-asrorlarini, menga yuklatilgan vazifani mukammal o‘zlashtirishga harakat qilyapman. Chunki kelajakda xizmatni shartnoma asosida davom ettirishni maqsad qilganman. Bu qarorimni ota-onam ham qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman. Bolaligimdan sportning boks turi bilan shug‘ullanaman. Xizmatga kelishdan oldin, bu yerda boks bilan shug‘ullanishga imkoniyat yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Adashgan ekanman. Hozir xizmatdan bo‘sh vaqtlarimni sport zalida o‘tkazyapman. Shu boisdan ham mashg‘ulotlarda uzilish bo‘lmadi. Sport bilan doimiy ravishda shug‘ullanganim uchun ham tayyorgarlik mashg‘ulotlarida hech qanday qiyinchilikka duch kelganim yo‘q. Xullas, harbiy hayot menga manzur bo‘lyapti. Bilasizmi, eng asosiysi nima? Asosiysi, armiyaga kelib, kelajakdagi maqsadimni belgiladim. Bu esa o‘tgan davr hayotimda qanchalik ahamiyatli va muhim iz qoldirganidan dalolat beradi.

Gulnora HOJIMURODOVA

Информеры