2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

«VATANIMGA SADOQAT BILAN XIZMAT QILAMAN!»

Ona Vatan ulug‘ va muqaddas, har nedan aziz va mo‘tabar dargoh. Uning  buyuk kelajagi va baxtu iqboli uchun jon kuydirish eng oliy saodat bo‘lsa, tinchligi, osoyishtaligini avaylab-asrash yuksak sharafdir. Quyidagi qahramonlarimiz ham shunday sharafga muyassar bo‘lgan iqboli porloq yoshlardan. Ular ayni vaqtda milliy armiya saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tamoqda.

 

Oddiy askar Azizbek Komilov Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan. Azizbekning aytishicha, u tug‘ilib o‘sgan qishloqning tabiati juda ajoyib. To kech kuzgacha yashilligini yo‘qotmaydigan bog‘-rog‘lar, sharqirab oqadigan zilol suvlar – bu qishloqning o‘ziga xos manzarasi. Mehmon bo‘lib kelgan inson borki, hayratga tushadi, u yerdan unutilmas taassurot bilan qaytadi.

– O‘zbekistondek jannatmakon zaminda tug‘ilib voyaga yetganimdan g‘ururlanaman, – deydi Azizbek. – Vatan tuyg‘usini inson qalbida bolalikdan qolgan aziz xotiralarday, sog‘inchday aziz va muqaddas tuyg‘u, deb bilaman. Bu tuyg‘u insonga ilhom beradi, shu yurt, shu Vatan uchun jon kuydirishga undaydi. Yurt tinch, osoyishta. Har bir xonadonni bolalarning shodon kulgisi nurafshon qilyapti. Bu kunlarning qadriga yetishimiz kerak. Tilimiz o‘zimizniki, yurtimiz o‘zimizniki. Birgina ona tilining o‘ziyoq sizga hamma narsani beradi: g‘urur, faxr, dillashish, mehr berish, qadr topish, ozod inson kabi baxtli yashash… Shular xayolimdan kechar ekan, yuragimda ona yurtimga nisbatan cheksiz muhabbatni his qilyapman.

Oddiy askar Azizbek Komilov muddatli harbiy xizmatga qadar Qo‘qon servis va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida tahsil olgan. Uning boshqa tengdoshlaridan ustunlik jihati – u sportchi. O‘zbek yigitlariga xos jo‘mardlik, tantilik fazilati bu yigitda ham mujassam. Shu bois xizmatning ilk kunlaridanoq komandirlari e’tiboriga tushdi. Ko‘p o‘tmay uning nomi jamoada eng ilg‘orlar qatorida tilga olina boshladi.

– Bolaligimdan sport bilan shug‘ullanaman, – deydi suhbatdoshimiz. – Bu esa harbiy xizmatda menga juda qo‘l kelyapti. Harbiy qismda tez-tez sport musobaqalari uyushtirib turiladi. Xizmatdan bo‘sh vaqtlarimni sport zalida o‘tkazyapman. Shuning uchun mashg‘ulotlarda uzilish bo‘lgani yo‘q. Kelajakda hayotimni harbiy kasb bilan bog‘lamoqchiman. Demak, sport bir umrlik hamrohim bo‘ladi. Bu kasbga havas harbiy xizmat davomida paydo bo‘ldi. Dadam va onam: «Inson qaysi kasbni tanlashidan qat’i nazar, eng asosiysi el-yurtga nafi tegsin», deb aytadilar.

Adabiyotga muhabbat millatimizning qonida bor. Rivoyat qilishlaricha, Alisher Navoiy yashagan zamonda bozorlarda savdolashish ham vaznu qofiya bilan qilingan ekan. «Balki bu mubolag‘adir. Lekin hazrat Navoiy «Majolis un-nafois»da besh yuzdan ortiq zamondosh shoirlar ijodini tadqiq qilgani aniq», deb yozadi O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov. O‘sha davrdan buyon tuprog‘imizda ko‘p saltanatlar, tuzumlar o‘zgardi. Lekin xalq qalbidagi she’riyatga mehr o‘zgarmadi. Hali-hamon o‘zbekning e’tiborida nazmning qadri ulug‘.

– She’r yozish ko‘ngilga halovat olib kirish demak, – deydi suhbatdoshimiz oddiy askar Temurbek Saidov. – Yoshligimdan  Shavkat Rahmon, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Muhammad Yusuf kabi shoirlarning she’rlarini o‘qib katta bo‘ldim. Ularning she’rlaridan ilhom olib, she’riyatga ko‘ngil qo‘ydim. Shuning uchun ham men bu ijodkorlarni ustoz deb bilaman. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda biror tadbir bo‘lsa,  har doim mana shu shoirlarning she’rlaridan namunalar o‘qib berar edim. Keyinchalik o‘zim ham she’r yoza boshladim. Kechagidek yodimda, ilk yozgan  she’rim Vatan haqida edi. Uni ona tili darsida sinfdoshlarimga o‘qib berganman. Ustozim yozgan she’rimga katta baho berganlar. Bu esa menga ilhom bag‘ishlagan.

Hozir ham xizmatdan bo‘sh vaqtlarimda qog‘oz qoralab turaman. Ehtimol, yozganlarimni kelajakda kitob holida chop etarman... Bo‘sh vaqtlarimda yana mustaqil ravishda ingliz tilini o‘rganyapman. Muddatli harbiy xizmatga qadar ham til o‘rganish kursiga qatnaganman. Kelajakda rejalarim ko‘p. Shulardan biri – kelasi yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirish.

Armiya taassurotlari haqida so‘zlaymi? Bu yerda hayot juda qiziqarli. Yurtimizning turli chekkalaridan kelgan o‘g‘lonlar bilan do‘stlashdim. Mana shu do‘stlarim bilan har bir kunim sermazmun va taassurotlarga boy o‘tayapti. Vatan oldidagi yigitlik burchimizni a’lo darajada o‘tashimiz uchun harbiy qismda yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan. Kutubxona, sport zali, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan mashg‘ulot xonalari, trenajyorlar bizning ixtiyorimizda. Sportning barcha turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatining borligi, ayniqsa, diqqatga sazovor. Bularning barchasida davlatimizning harbiy xizmatchilarga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi aks etgan. Albatta, bunday e’tiborga biz ham sadoqat bilan fidokorona xizmat qilib javob beramiz!

Gulnora HOJIMURODOVA

 

Информеры