2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

VATAN HIMOYASI – AZMU QARORIDA

«Yaxshi do‘st, toza vijdon va albatta, yaxshi kitoblar – ideal hayot uchun boshqa narsa shartmas!» degan edi allomalardan biri. Yaxshi suhbatdoshni esa ko‘pincha kutubxonadan topasan, degan fikrlar ham yo‘q emas. Zero, fikri teranlik, sobitqadamlik muntazam mutolaadan keyingi holatdir.

So‘lim Andijon viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan suhbatdoshlarimiz ham adabiyot va san’atga qiziqadigan yoshlardan. Vodiyga ijodiy safarimiz davomida suhbatlashganimiz bu ikki do‘stning eng katta maqsadlaridan biri – yurt koriga yaraydigan harbiy xizmatchi bo‘lish!

Muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Javlonbek Jo‘ramurodov okruglar o‘rtasida o‘tkazilgan «Eng ilg‘or kitobxon» tanlovi g‘olibi. Ko‘p va xo‘b kitoblar o‘qishga odatlangan do‘stimizning orzulari bo‘yi qadar.

– Bolaligim Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida kechgan, – deydi Javlonbek. – Uyimizda turli xil adabiyotlar ko‘p edi. Ularni o‘qib, varaqlab katta bo‘lganmiz. Bo‘sh vaqtimizni doim o‘qish bilan o‘tkazardik. Bu odat harbiy qismga kelganimda ham davom etdi. Kutubxonamizdagi turfa asarlar yanada ko‘p o‘qishimga turtki bo‘ldi. Siyosiy adabiyotlardan Prezident asarlarini, tarixiy kitoblardan buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Bobur va ular haqidagi asarlarni, XX asr adabiyotidan O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Shayxzoda, Oybek kabi ulug‘larning ijodlaridan o‘qiyman. Okruglar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan «Eng ilg‘or kitobxon» tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etishim va g‘olib bo‘lishimda mana shunday bebaho asarlarning ulushi katta.

O‘tgan vaqt ichida men harbiy ustozlarimizdan intizom, qat’iyat, to‘g‘riso‘zlik kabi yigit kishiga zarur bo‘lgan fazilatlarni o‘rgandim. Qolaversa, harbiy qismimizni obodonlashtirishda ham hissa qo‘shishga harakat qilaman. Gulchilikka mehrim baland. Bu yo‘nalishda yangilik qilishga, tabiatning bu ko‘rkam ne’matlaridan kishi ko‘zini quvnatadigan chiroyli narsalar yaratishga intilaman.

Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni, deyishadi. Men ham o‘z yurtimga sodiq o‘g‘lon bo‘lib, mamlakatimiz tinchligini asraydigan fidoyi yurt himoyachisi bo‘lmoqchiman.

Muddatli harbiy xizmatchi Sherzodbek Isroilov Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug‘ilib voyaga yetgan. Sherzodbek sport va san’atni egiz tushunchalar qatorida biladi. Sportning shaxmat va stol tennisi turi bilan muntazam shug‘ullanib, harbiy qismdagi musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

– Yigit kishi hamma vaqt o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ymog‘i, doimo o‘ziga ishonmog‘i kerak, – deydi u. – Chunki o‘ziga ishongan yigitga yaqinlari ham ishonadi, suyanadi. Armiya esa odamda ana shunday fazilatlarni qaror toptirishda asosiy maktab vazifasini o‘taydi. Har kuni bir yangilikdan xabardor bo‘lishga, harbiy sohaga oid bilimlarni o‘rganishga harakat qilamiz.

Dam olish vaqtlarida san’at bilan oshno bo‘lishga harakat qilaman. O‘rtoqlarimga rubob chalib, milliy qo‘shiqlarimizdan kuylab beraman. Eng yaqin do‘stlarimni armiyada topdim, desam yanglishmayman. Ular bilan niyatlarimiz ham yaqin. Kelajakda Vatanimiz osoyishtaligini muhofaza qiluvchi vatanparvar harbiy xizmatchi bo‘lmoqchimiz.

Ha, orzu-niyatlari osmon bo‘lgan bu yigitlarning har bir maqsadi amalga oshishiga ishonamiz. Zero, ularning intiluvchanligi, yuragidagi qat’iyat bundan dalolat.

N. ASADOVA

 

Информеры