2019/2020 ўқув йили шиори: «ЖАНГОВАР РУҲНИ МУСТАҲКАМЛАШ ҲАМДА ЖАНГОВАР ВА КАСБИЙ ТАЙЁРГАРЛИКНИ ОШИРИШ – ҲАР БИР ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИНИНГ ВАЗИФАСИДИР!»

ULARNING NOMI ABADIY SAQLANADI

Chinakam mardu maydonlarga xos

«Vaqt o‘tadi, zamonlar o‘tadi, lekin Vatan ozodligi va erkinligi, el-yurtimizning tinch va osuda hayotini himoya qilishda kurashib jon bergan o‘g‘lonlarining nomlari va xotirasi ko‘pni ko‘rgan, hech qachon yovuz dushman oldida bosh egmagan xalqimizning yodida umrbod, abadiy saqlanadi. Bu fazilat el-yurtimizning ezgu odatiga, qadriyatiga aylanib ketgan», dedi Prezidentimiz Xotira va qadrlash kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lgan suhbatda. Ha, mustaqilligimizning ilk yillaridanoq ajdodlarimizning ezgu ishlari va jasoratini ulug‘lash, xalq qahramonlarining nomlarini abadiylashtirish, mamlakat taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, inson, uning hayoti, huquq va erkinligi eng oliy qadriyat sifatida e’zozlanishi, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar avvalambor, inson manfaatlari uchun xizmat qilishini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xalq o‘z qahramonlarini hech qachon unutmaydi. Ushbu ezgu g‘oya tasdig‘ini Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida elu yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi yo‘lida burchiga, kasbiga sadoqat bilan xizmat qilgan Vatan himoyachilariga bo‘lgan hurmatu ehtirom namunasi sifatida tashkil etilgan xotira burchaklari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Termiz garnizoni ofitserlar uyida harbiy xizmatchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan «Vatan aziz, jasorat mangu» deb nomlangan tadbir ham aynan mustaqilligimizni, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan vatandoshlarimizni xotirlashga bag‘ishlandi. Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar ayniqsa yosh avlodni milliy g‘oya, mardlik va matonat ruhida tarbiyalashda, ular uchun ma’naviy ibrat, jasorat va sadoqat hislarini shakllantiruvchi ta’sirchan vosita bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

MARDLARIMIZ – FAXRIMIZ

«Xotira burchagi» qarshisida jam bo‘lgan harbiy xizmatchilarga razm solaman. Qahramonlarimiz suratlarini tomosha qilayotgan nigohlarda bir paytning o‘zida aks etayotgan ikki xil hissiyotni payqagandek bo‘laman. Birinchisi faxru iftixor bo‘lsa, ikkinchisi qahru g‘azab. Qaysi biri kuchliroq ekanligini bilolmadim. Tadbir ishtirokchilaridan muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Shahzod Ahmedov go‘yo fikrimni o‘qigandek, gap boshladi:

– Fidoyi, Vatan va xalqimizning ishonchli himoyachilari, mard va jasur akalarimiz bilan faxrlanamiz, g‘ururlanamiz. Elu yurtni asrab-avaylash, uning daxlsizligini ta’minlash ishining davomchilari, mana bizmiz. Hurligimiz yo‘lida hatto aziz jonlarini ayamaganlarni xotirlash, ularga hurmat bajo keltirish barchamizning insoniy burchimizdir. Inson xotirasi muqaddas, tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan mamlakatda yashayotganimiz uchun har qancha shukronalar aytsak arziydi. Hur diyorimiz ravnaqi va rivojini ko‘rolmayotgan g‘araz niyatli kimsalarga aytar so‘zim shuki, biz buyuk sarkardalar va jahongirlar avlodimiz. Ajdodlarimizga, qahramonlarimizga munosib davomchi bo‘lib, Vatanimizni har qanday yovdan himoya qilishga qudratlimiz.

«AVLODLARDA YASHAR YURAK CHO‘G‘INGIZ»

Tadbirdan hech kim betaassurot ketmadi, ketolmadi. Axir yaxshilikni, jo‘mardlikni qadrlaydigan, asl farzandlarni unutmaydigan, inson qadrini baland tutuvchi, tinchlikni bebaho ne’mat biluvchi xalqmiz-da. «Bizga tinchlik kerak, bizga omonlik kerak», deya davlatimiz rahbari ko‘p bora takrorladi. Aslida xalq xohish-istagi, orzu intilishlari, maqsadi jamuljam ushbu jumlada.

Quvonarlisi, istiqlol davrida tug‘ilib voyaga yetgan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan, buyuk maqsadlar sari intilayotgan farzandlarimiz ota-bobolaridan meros bo‘lib qolgan o‘z yurtini, tug‘ilgan tuprog‘ini muqaddas deb bilishi, uning ertangi yorug‘ kuni uchun butun borlig‘ini bag‘ishlashga tayyor. Bugun hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan yoshlarimiz hammamizga ishonch va kuch-quvvat bag‘ishlashi shundan. Fikrlarimni esa hamkasbim, shoira Zulfiya Yunusovaning «Xotira» nomli she’ridan olingan satrlar bilan yakunlamoqchiman:

 Avlodlarda yashar yurak cho‘g‘ingiz,

 Erk taxtida baland turar tug‘ingiz.

 Humo qushi asli sizning ruhingiz,

 Vatan uzra so‘nmas ruhi shodlarim.

To`lqin Jumanazarov.

Информеры