2018 \ 2019 ЎҚУВ ЙИЛИ ШИОРИ «ЖАНГОВАР ТАЙЁРГАРЛИКНИ ТАШКИЛЛАШТИРИШДА ИННОВАЦИОН ЁНДАШУВ, ҚЎШИНЛАРДА ЖАНГОВАР ИМКОНИЯТ СИФАТИНИ ОШИРИШ!»

TARIX BILAN YUZLASHGAN JAJJI QALBLAR

Bolalarning hayratiga guvoh bo‘lish zavqli. Ularning beg‘ubor xatti-harakatini  kuzatib, samimiy gap-so‘zlarini eshitsangiz bir dam hayot tashvishlari ham yodingizdan ko‘tariladi. Xotirangizda xuv o‘sha bolalik bilan bog‘liq unutilmas voqealar jonlanadi. Ko‘nglingiz ajib his-tuyg‘ulardan junbushga keladi.  Olamning kamalak rangi, quvonchi, shodligidan sarmast bo‘lasiz. Poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 274-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga qilgan sayohati  bizni ana shunday faraxbaxsh hislarga  oshno qildi. 

El-yurt himoyachisi bo‘lgan fidoyi insonlarga qo‘yilgan go‘zal badiiy obida – «Vatanga qasamyod» monumenti ziyoratidan boshlangan sayohat muzey ekspozitsiya zallari bo‘ylab davom etdi. Jajji sayohatchilar Amir Temur tarixiga oid va Qurolli  Kuchlarimiz o‘tmishi hamda bugunini o‘zida jamlagan eksponatlarni ayniqsa, katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Ko‘rganlari haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun esa ekskursovodni savollarga ko‘mib tashlashdi. Sayohatning bolajonlar uchun esda qolarli bo‘lgan yana bir jihati ularga muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askar akalari hamrohlik qilishdi.

Biz fursat topildi deguncha bolalarning taassurotlari bilan o‘rtoqlashishga oshiqdik.

– Bugungi sayohat yoqdimi? – so‘rayman o‘zini  Mustafo Rahimboyev deb tanishtirgan boladan.

– Judayam yoqdi. Muzey chiroyli ekan. Bu yerda qurollarning, tanklarning, mashinalarning hatto samolyotlarning maketlari  bor ekan. Xuddi haqiqiyga o‘xshaydi. Men samolyotlarga  qiziqaman.  Chunki katta bo‘lsam uchuvchi bo‘laman...

– Men esa  askar bo‘laman, – deydi  Elmurod Jo‘raboyev qaddini g‘oz tutgancha. – Askarlar Vatanni himoya qiladi. Ular qo‘rqmas va jasur bo‘ladi. Katta bo‘lsam men ham qo‘rqmas va jasur bo‘lib Vatanimizni himoya qilaman.

Shu kuni muzeyda  bolajonlar o‘rtasida «Vatan mening tasavvurimda»  mavzusida rasmlar tanlovi ham o‘tkazildi. Rasmlarni tomosha qilar ekansiz, eng avvalo qalbingizdan joy olgan eng muqaddas tuyg‘u – Vatan tuyg‘usi bilan  yuzma-yuz bo‘lasiz.

G. HOJIMURODOVA

Информеры