2018 \ 2019 ЎҚУВ ЙИЛИ ШИОРИ «ЖАНГОВАР ТАЙЁРГАРЛИКНИ ТАШКИЛЛАШТИРИШДА ИННОВАЦИОН ЁНДАШУВ, ҚЎШИНЛАРДА ЖАНГОВАР ИМКОНИЯТ СИФАТИНИ ОШИРИШ!»

O‘TAYOTGAN FURSATNI TUTGANLAR

Vaqt nimadir – bir damlik omad

yo ajalning vaqtincha rahmi;

bu tilsimni tushuna olmay

o‘tib ketdi umrning yarmi.

Shoir aytmoqchi, o‘tayotgan vaqt oniy, shu qadar yugurikki, uni sarhisob qilishning imkoni yo‘q. Kechasi o‘tmish, buguni naqd, ertasi nasiya bo‘lgan umrning har damini yaxshilik bilan bezash, ezgulikka ulgurish esa o‘z ilkimizda.

Harbiy qismda biz suhbatlashgan bu yigitlar ham umrning g‘animat ekanligini yaxshi anglashadi, shu bois uchqur otdek yelib borayotgan yoshlik fursatidan to‘g‘ri foydalanishga intilishadi. Chirchiq shahridagi safarbarlik chaqiruvi rezervida oylik yig‘inni o‘tayotgan askarlar orasida o‘z kasbiga ega bo‘lgan yigitlar qatori, izlanuvchan, oldiga katta maqsadlarni qo‘yganlari ham talay. Muhimi, ular ona yurtga xizmat qilishni nafaqat burch, balki sharaf deb bilishadi.

Saidkarim AHMADXO‘JAYEV:

 – Men 1992-yilda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bolaligimdan huquq sohasiga qiziqqanligim bois, Toshkent davlat texnika universitetini tamomlaganimdan keyin Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Sergeli tumani bo‘limiga ishga kirdim.

Armiya mening hayotimda katta taassurotlarga boy davr bo‘lishiga ishonaman. Ayniqsa, harbiy nizom va jangovar mashqlarni o‘rganish biz uchun qiziq kechayapti. Armiya hayotiga ko‘nikib ketishimizda bu yerdagi sharoitlarning qulayligi yaqindan yordam bermoqda. Ochig‘i, Vatanga xizmat qilish – muqaddas burch, degan shiorlarga ko‘p duch kelardim. Bugun harbiy libos kiyib, bu shunchaki gap emasligini, uning ma’nosi va mas’uliyati katta ekanligini his qilayapman.

Olim TO‘YCHIYEV:

– Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Kichkinaligimdan texnikalarga mehr qo‘yganman. Bolaligimda o‘yinchoq mashinalar yig‘ardim, ularning tuzilishiga, yig‘ma, ajraladigan qismlariga qiziqardim. Bu qiziqishim meni Turin politexnika universitetiga yetakladi. Talaba bo‘lib, zamonaviy texnikalar yaratish bo‘yicha bilimlar oldim.

Harbiy hayot, harbiy intizom birinchi kundan boshlandi. Harbiy qismdagi tartib va intizom menga juda yoqdi. Garchi oz muddat bo‘lsa-da, armiya baribir armiya. Harbiy ustozlarimizdan iloji boricha bilimlarni, mashg‘ulotlarni tez o‘rganishga harakat qilyapman. Egallagan sohamdan kelib chiqib, kelajakda harbiy sohaga ham yangi innovatsion texnikalarni joriy etish niyatidaman. Ayniqsa, harbiy texnikalarga yanada qulaylik olib kirish, shu bilan birga, ularning jangovarligini oshirish borasida yangiliklar qilmoqchiman.

Abdulloh AKRAMOV:

– Men 1995-yilda tug‘ilganman. Oilada ota-onam doim biz, farzandlarni mustaqil, o‘z dunyoqarashimizga ega bo‘lishimizga harakat qilishgan. Ayni paytda «Tyumen metall group» MCHJda direktor muovini bo‘lib ishlayapman. Bo‘sh vaqtlarimda sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanaman. Bir qancha musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz sharafini himoya qilganman. Jumladan, 2009 yili Qozog‘istonda o‘tkazilgan chempionatda kumush, O‘zbekistondagi musobaqada oltin medal sohibiman.

Serjant va ofitserlarning o‘z ishiga vijdonan yondashishi, fidoyiligi menda havas uyg‘otdi. Bo‘sh vaqtimizda hamma qiziqishiga qarab mashg‘ulot bilan shug‘ullanadi. Kimdir kutubxonaga borib, gazeta va kitoblar varaqlasa, kimdir sport bilan mashg‘ul bo‘ladi. Men esa san’atni yaxshi ko‘raman. Bu mening xobbim. Kelajakda mardlik, jasurlikni targ‘ib qiluvchi bir qator qo‘shiqlar yaratish niyatidaman.

Abdulla XOLMATOV:

– Ertalabki saf qo‘shiqlari, qurol-aslahalar bilan tanishuv, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan vaqt o‘tganini sezmayapmiz. Ilgaridan harbiy sohaga qiziqishim baland bo‘lgan. Qisqa vaqt ichida zamonaviy, ilg‘or texnikalar bilan tanishishga, harbiy sohaga oid bilimlarni egallashga harakat qilyapmiz. Ayniqsa, egnimdagi askarlik libosi menga o‘zgacha ruh va kuch bag‘ishlamoqda.

Islom AKBAROV:

– Bugun mamlakatimizda biz, yoshlarga katta imkoniyatlar eshigi ochilgan. Sport, ta’lim, san’at kabi barcha yo‘nalishlarda yutuqlarga erishayotgan tengdoshlarimiz – millatimizning g‘ururi. Bunday imkoniyatlar milliy armiyamizda ham yaratilganligini safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga kelib ko‘rdim. Askarlarning yetarlicha bilim olishlari, dam olishlari, sport bilan mashg‘ul bo‘lishlariga barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Har bir inson orzu bilan yashaganidek, men ham Vatanim oldidagi muqaddas burchimni bajarishni niyat qilardim. Bu yerda bizga harbiy ustozlarimiz yigit kishi sabrli va matonatli, mardlik va jasurlik kabi oliy fazilatlarga ega bo‘lishini ko‘p takrorlaydilar. Men ham kelgusida yurtimizning tinchligini asrovchi harbiy xizmatchi bo‘lishni maqsad qilganman.

Rustam MAHKAMOV:

– Men 1992-yil  Toshkent shahrida tug‘ilganman. Yoshligimdan sud-huquq sohasiga qiziqqanman. Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudida sudya yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritmoqdaman.

Armiyada nafaqat jismonan kuchli, balki ruhan tetik, ma’nan yuksak yigitlar xizmat qilishi kerakligini yana bir bor angladim. Harbiy qismimizdagi ofitserlar, serjant va askarlarning salohiyati, odobi, intizomi menda havas uyg‘otdi. Harbiy xizmat-chilarning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yonda-shishini, sobitqadam va yurtsevarligini ko‘rib, davlatimiz mudofaasi ishonchli qo‘llarda ekanligidan quvondim.

Har gal safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga kelgan yoshlarni ko‘rib, ko‘zida shijoatni, g‘ururni sezaman. Ya’ni ular kimningdir qistovi yoki tavsiyasi bilanmas, Vatani va xalqi oldidagi burchini ado etgani kelganligini sezaman. Ular ichida kasb-koriga ega bo‘lgan yoki katta hayot oldida ikkilanib turganlari ham bor. Shunday paytda to‘g‘ri tavsiya berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish muhim. Askarlar orasida sportchi, bilimli, iqtidorli yoshlar talaygina. Ularni rag‘batlantirishga, yurt himoyasi naqadar mas’uliyatli va sharafli vazifa ekanligini tushuntirishga, ertaga qaysi ishning boshidan tutmasin, jamiyatga nafi tegadigan, fidoyi inson bo‘lishiga chaqiramiz.

Ha, yuqorida bejiz vaqt haqida so‘z ochmadik. Ko‘z ochib yumguncha o‘tayotgan fursatga shoirning ushbu dangal xulosasi bilan yakun yasash o‘rinli, bizningcha:

 

Vaqt ketdi deb chekmagin afsus,

afsus chekib ajragaysan naqd.

Vaqt nimadir – mana shu she’rni

o‘qiguncha o‘tib ketdi vaqt.

Nargiza ASADOVA

 

Информеры