Ҳаракатлар стратегиясини “Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили”да амалга оширишга оид ДАВЛАТ ДАСТУРИ қабул қилинди

ASKARIY BIRODARLIK

O‘zbekistonda ichida olovi qaynab turgan yuzlab o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yashar yigitni bir tom ostida, bir safda, bir oshxonayu yuvinish xonasida, bir xil kun tartibida – haq-huquq va insoniy qadr-qimmatlar doirasida hech qanday intizomsizligu o‘zaro kelishmovchiliklarsiz jamlab turadigan yagona intizom maskani bor. Bu – ARMIYA!

Askarlikka chaqirilayotgan kunda bir nechta chin do‘stlarigina vokzalga kuzatishga chiqqanini eslaydi. Endi qarasaki, o‘nlab ana shunday do‘stlari bor! Qanday yaxshi.

Saf maydonida bir-biriga baqamti turib, birvarakayiga qadam bosayotgan, yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan bo‘z yigitlar hali tuzuk tanishib ham ulgurmagan. Ular harbiy dunyoga endigina kelishdi. Tabiatning shunday azaliy qonuniyatlari bor: dunyoga keldingmi, yurishni, gapirishni, seni o‘rab turgan muhitning issiq-sovug‘iga moslashishni o‘rgan! Dunyoga keluvchi ongli-ongsiz mavjudodning bari shu qonuniyat chizig‘ida oyoqlanadi... «Tizzangni bukmay, qadam tashlaysan, har bir qadaming yetmish, poshnang bilan asfaltning orasi esa o‘n besh-yigirma santimetr bo‘lsin! Chap oyog‘ingni ko‘targaningda, chap qo‘ling ortga cho‘ziladi, o‘ng qo‘ling esa mana bunday bukilib, mushting oshqozoning ustida turadi; o‘ng oyog‘ingni ko‘tarsang – aksincha bo‘ladi!», «qarab turinglar, o‘ngga, chapga, ortga burilishni ko‘rsataman!», «yurib harbiycha salom berishni o‘rganamiz!», «saf ichida, bosh kiyimsiz va yelkangda qurol bo‘lsa, «chest» berilmaydi!»...

Bu yigitlar xuddi bir kunda dunyoga kelgan egiz qo‘zilarga o‘xshaydi. Ularning qulog‘iga o‘zaro janjallashmaslik, mushtlashmaslik, bir-birini kamsitmaslik qonuniyatlari ilk kunlardanoq qo‘rg‘oshinday quyiladi; bir oila ekanligi, o‘zbeklar oilasida aka-ukalar senu menga bormasligi uqtiriladi. «Batalyon, saflan! Oraliq masofalar olinsin! Kolonna, sherenga to‘g‘rilansin! Distansiya, interval olinsin! Qadam bos! ...Qoldirilsin! Yo, tavba! Bu qanaqa yurish bo‘ldi?! Xuddi arava ulangan otga o‘xshab qadam bosyapsizlar! Qasamyod kuni ham shunday yursalaring ota-onalaringga kulgi bo‘lmaysizlarmi?! Armiya ko‘rgan akalaring og‘zini ushlab kulmaydi?! Boshqatdan boshlanglar!»...

«Oshxona eshigidan bir kolonna bo‘lib kiramiz. Hech kim shoshilmaydi, joy talashmaydi. Viloyat-viloyat bo‘lib o‘tirib olmanglar! Eshik bo‘sag‘asida bosh kiyimlar yechiladi (havo sovuq bo‘lgani uchun)»...

Bo‘z yigitlar to‘rt kishilik askar stoli atrofida «o‘tirilsin!» buyrug‘ini kutishadi. Buyruq berilgach, tapir-tupir o‘tirishadi. «Qoldirilsin! Bu qanaqa o‘tirish bo‘ldi?! Shuncha odam birdaniga stulni yerga ishqalab tortsa, bilasizlarmi qanaqa ovoz chiqadi? Tashqaridan o‘tgan odam oshxona o‘pirildi, deb o‘ylaydi. Stul tortilmaydi, sekin ko‘tarib, qo‘yiladi... Sen nega bosh kiyimingni yechmading? Tushunarlimi?». «Xuddi shunday!». «Batalyon, tashqariga saflan!»...

Bo‘z yigitlar bir necha kun o‘tib, armiyada askar uchun eng ko‘p ishlatiladigan savol «tushunarlimi?» ekanligini anglay boshlaydilar.

«Hamma «ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik xonasi»ga kirsin! Harbiy qasamyod matnini, «Garnizon va qorovullik xizmatlari nizomi» moddalarini yod olamiz... «Hamma «kazarma»ga saflansin! To‘shaklarni tuzatishni, adyollar hoshiyasini to‘g‘rilashni o‘rganamiz!»... «To, «batalyon, uyquga!» buyrug‘i berilmaguncha hech kim o‘rnini buzmaydi, to‘shak ustiga o‘tirmaydi! Ana, o‘tiraman, desang stulcha bor»... «Hech kim jo‘mrakdan sovuq suv ichmaydi, posbonlar samovarda issiq choy keltirishgan, shuni ichinglar! Choy tugasa, aytinglar, yana keltirishadi!»... «Hech kim safda gaplashmaydi, tupurmaydi, bir-birining oyog‘ini bosib olmaydi! Chunki, sa-a-f? Ha, yashanglar!»

Kechki tana ko‘riklarida, badantarbiya mashg‘ulotlarida, tanovul mahallarida, umumiy yuvinish xonalarida, plash chodirlarning ustida otish nazariyasi mashqlarida, majburiyatlarni yod olayotganda, shaxsiy vaqt chog‘larida, «kurilka»larda – bu bo‘z yigitlar maktabda o‘n bir yil birga o‘qigan jo‘ralaridan-da yaqin, bir-birini tushunadigan va yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lib o‘sadilar.

«O‘rtoq kapitan, oddiy askar Asqarov o‘q otishga tayyor!» «Jangga!»... hayotday sovuqqon qo‘ndoq kift suyaklariga mahkam taqaladi. Saqlagichni tushirasan. Ko‘z olding bir zum tinib ketadi. Tepkini bossang, o‘q xuddi vujudingdan otilib chiqadigandek chatnashini his etasan... qulog‘ing shang‘illab qoladi. Dimog‘ingga poroxning hidi uriladi. Bu hid go‘yo sening chin o‘g‘lon bo‘lib yetilganingga shahodat berayotgandek. Hammasi – shang‘illash lahzalarida kechadi...

Bo‘z yigitlar sanoqli kunlar ichida armiyaning alifbosini o‘rgana boshlaydi. O‘nlab yangi ma’lumotlarni qabul qilish uchun navqiron shuur, albatta, zo‘riqish sezadi. Ammo shu taxlit ular askar degan nomga tobora munosib bo‘lib, xuddi naysondan so‘ng yerni yorib chiqqan qo‘ziqorinday tez bo‘y cho‘zadilar. Shu sababdanmi, ota-onalari, do‘st-yorlari tantanali harbiy qasamyod kuni jigarbandlarini ko‘rib, uning o‘zgarganini darhol payqaydilar. Otalar zimdan sevinadi...

– Oddiy askar Asqarov!

– Men!

– Harbiy qasamyod qabul qilish uchun oldimga!

– Xo‘p bo‘ladi! – Askar qurol dastasini tutib turgan qo‘li bilan birinchi sherengada turgan safdoshining yelkasiga turtadi. Safdosh safdan chiqib, unga yo‘l beradi. Xuddi serjantlar o‘rgatgan kabi tartibda shaxdam qadamlar bilan saf o‘rtasiga yetib keladi va bu haqda komandirga bildiradi.

– Harbiy qasamyod qabul qilishga kirishilsin!

– Xo‘p bo‘ladi! Men, oddiy askar Asqarov...» Ana shu kundan boshlab, harbiy qismda chaqiriluvchi, deya qaraladigan bo‘z yigit askar bo‘ladi, mas’uliyat va sharaf ishonib topshiriladi.

Serjantlarning mehnati zoe ketmadi. Endi ular «qoldirilsin!» buyrug‘ini kamdan kam hollarda beradigan bo‘lishadi.

Askar oilasi haqida, ro‘zg‘oridagi baland-past, nuqsonli-nuqsonsiz gaplarni, qalbini o‘rtayotgan mushkulotlarni, shu kunga qadar hech kimga aytishga jur’at etmagan sirlarini safdoshiga aytadi. Sevgan qizining suratini unga ko‘rsatadi. Husni xatli quroldoshlaridan unga atab xatlar, she’rlar yozishini so‘raydi... tug‘ilgan kunida jondoshlaridan harbiycha tabrik eshitadi, sovg‘alar oladi...

Askar askarlar oilasining jonkuyar a’zosiga aylanadi: naryad o‘tayotgan do‘stining to‘shak choyshablarini almashtiradi; qisqa muddatli ta’tilga chiqqanida u tayinlagan narsani, albatta, olib qaytadi; do‘sti aytmaslikni iltimos qilsa ham, kechki tana ko‘rigi paytida do‘stining falon yeri og‘riyotgani haqida feldsherga bildiradi; posbonlik paytlari usti ochiq quroldoshining adyolini tortib qo‘yadi; do‘stining kitelini, panamasini o‘zining kirlariga qo‘shib yuvadi; do‘sti sanchiq bo‘lsa, uning kuraklarini uqalaydi; harbiy do‘kondan harid qilgan shirinlikmi, sharbatmi do‘stisiz tomog‘idan o‘tmaydi... askar do‘stiga suyanch bo‘la olayotgani, mustaqil hayotga to‘g‘ri yo‘ldan borayotganidan sevinadi.

Askar harbiy shaharchada xuddi o‘z uyida yurganday, o‘z uyi esa xuddi allaqachon esidan chiqib ketganday yashay boshlaydi. Askarlikka chaqirilayotgan kunda bir nechta chin do‘stlarigina vokzalga kuzatishga chiqqanini eslaydi. Endi qarasaki, o‘nlab ana shunday do‘stlari bor! Qanday yaxshi. Biror safdoshining joni og‘risa, uyidan noxush xat-xabar kelgan bo‘lsa, unga qo‘shilib bab-baravar iztirob chekadi. Do‘stini o‘ylab, kechalari uyg‘onib ketadi, uning ruhini ko‘tarishga, chalg‘itishga tirishadi.

Kim kim ekanligi bilinar sinovlardan jonday do‘stining mardona, alplarday o‘ktam o‘tib kelayotganidan behad shodlanadi. Safdoshining etigini cho‘tkalashga poyabzal kremi tugaganini, dastro‘moli, tarog‘i, oynachasi, puli, ruchka-daftari, shampuni, soati yo‘qligini sezsa, kishi bilmas uning cho‘ntagiga qo‘l soladi – kamini to‘ldiradi! Sochini olib qo‘yadi; uning xizmatini og‘rinmay qiladi. Do‘sti haqida kimdir xunuk gap aytsa, yomonotliqqa chiqarsa yoki masxara qilsa g‘azablanadi. Do‘stining kamsitilishiga chidab turolmaydi!

«Endi-endi askarga o‘xshayapsizlar! Majburiyatlaringni bilasizlar! To‘g‘ridan to‘g‘ri boshliqlar gap so‘rasa, bemalol javob bera olasizlar! Postlarda sergak xizmat qilyapsizlar! Harbiy qism komandiridan «faxriy yorliq» oldilaring, ota-onalaringga «tashakkurnoma» yo‘llandi. Xullas, harbiy bo‘ldilaring, shu tarzda davom etinglar!»

Harbiy qism ofitserlari va serjantlari askarlarni nomma-nom taniydigan, ular bilan bog‘liq qaysidir voqealarni aniq biladigan, joyi kelsa, hazil-huzul qiladigan bo‘lishadi.

Askarlar Harbiy qasamyodgacha bo‘lgan kunlari bilan ayni damdagi holatlarini solishtiradi. Dastlabki, pala-partishliklarini eslab, kulishadi. Hazil-mutoyiba qilishadi. Askarlarning orasidagi shoir, ashulachi, latifago‘y, taqlidchi yigitlar tez-tez o‘rtaga olib turiladi: falon she’rni, qo‘shiqni ayt; falonchini o‘xshatib ber; yangi latifalardan bo‘lsin!

Shu tariqa bushlatlar yechiladi, telpakdan panamaga o‘tiladi... kitelning shimarilgan yenglari tushiriladi... yana ko‘tariladi... va qarabsizki, ko‘z ochib-yumguncha yana telpagu bushlatdasiz...

Birdan askarlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushadi. Bunday qalb sarosimasi avval navqiron badanlariga og‘riq bermaganini payqaydilar... muddatli harbiy xizmat poyoniga yetyapti... darhol uy manzillar, telefon raqamlar, elektron pochtalar almashiniladi...

«Hurmatli askarlar! Bir yil davomida astoydil xizmat qildingiz! Shuni unutmangki, Vatanga xizmat qilish faqat poligonlarda, harbiy libosda kechmaydi! Fuqarolik hayotingizda o‘zingiz tanlagan kasbning chin egasi bo‘lib, sidqidildan xizmatni davom ettirish mumkin! O‘ylaymanki, barchangiz ona O‘zbekiston koriga yaraysiz! Harbiy qasamyodingizga sodiq qoling! Barchangizga rahmat! Ota-onalaringga rahmat!»

Askarlar bazo‘r bir-birlari bilan xo‘shlashadi. O‘n to‘qqiz-yigirma yoshga kirgan yigitlarning ko‘zida yosh... bu yog‘ini yozish ham mushkul.

Askarlar safni tark etadilar. Askarlar safni o‘zlari bilan olib ketadilar. O‘zbekiston ana shunday saflanadi.

Alibek ANVAROV

 

Информеры