Shanba, May 18, 2024
HomeyangiliklarQORLI DALALAR UZRA ER YIGITLAR SHAXTI

QORLI DALALAR UZRA ER YIGITLAR SHAXTI

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari har yilgi o‘quv dasturlarini takomillashtirib borishi natijasida harbiy xizmatchilar jangovar shaylikning turli uslubdagi mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Yil davomida o‘tkaziladigan har bir o‘quv mashg‘uloti hamda dala chiqishi hudud va ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda tashkillashtirilishi shaxsiy tarkib oldiga yangidan yangi vazifalarni qo‘yadi.

Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonining qalin qor qoplagan o‘quv nuqtalarida ikki haftalik dala chiqishi mashg‘ulotlarida qatnashgan harbiy xizmatchilar o‘z kasblarining mas’uliyatli va shu bilan birga sharafli ekanini yana bir marta his etdi. Chunki shaxsiy tarkibga odatdagi o‘quv mashg‘uloti hamda dala chiqishidan farqli ravishda qo‘qqisdan berilgan trevoga orqali nazorat-tekshiruv o‘tkazildi. Bo‘linmalar “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligoni bo‘ylab o‘z vazifasiga ko‘ra joylashtirildi. Fevral oyining qorli kunlaridan iborat ob-havo sharoitida ko‘chma qo‘mondonlik punktlari tashkil etildi. Ikki hafta yashash uchun chodirlar, dala oshxonasi, tibbiyot punkti, aloqa-kommunikatsiya liniyalari barpo qilindi. Jangovar zirhli texnikalar, artilleriya qurilmalari belgilangan nuqtalarga joylashtirildi.

Dala chiqishi Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi nazorat-tekshiruvi ostida o‘tgani sababli dastlab mashg‘ulotlar maxsus to‘siqlardan iborat yo‘laklarda, keyin esa jangovar otish nuqtalarida olib borildi. Motoo‘qchi, mergan, aloqachi, muhandis-sapyor, razvedka-qidiruv, artilleriya, minomyot bo‘linmalari harbiy xizmatchilari, ularni jangda qo‘llab-quvvatlovchi tank va zirhli texnika (BTR) vzvodlari jangovar otish nuqtalariga qadar qator taktik vazifalarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning harakatlari mas’ul ofitserlar hamda yo‘riqchilar tomonidan kuzatib borildi. Kunduzgi mashg‘ulotlar davomida barcha bo‘linmalar harbiy xizmatchilari qorli muhitga hamohang niqoblangan kiyimlarda harakatlandi. Buning natijasida qishki ob-havo sharoitiga moslashtirilgan topshiriq muvaffaqiyatli uddalandi. Jang maydonidagi to‘siqlar, minalashtirilgan hududlar muhandis-sapyor tomonidan tozalanib, bo‘linmalarning talafotsiz harakati ta’minlandi.

Har kunlik mashg‘ulotlardan keyin axloqiy-ruhiy ta’minot xonasi va gulxan atrofida tashkillashtirilgan dam olish dasturlari orqali harbiy xizmatchilarning ruhiy holati barqarorlashtirib borildi. Jarayonlardagi harakatlar bo‘yicha taklif va mulohazalar o‘rganib chiqildi. Mashg‘ulot davomida bir necha yangicha o‘quv-uslubiy harakatlar sinovdan o‘tkazildi. Qalin qor sharoitiga qaramay, harbiy xizmatchilar o‘zlariga topshirilgan vazifalarni tezkorlik bilan bajardi. Jangchi jangda maydon tanlamaydi, degan ibora mana shunday mashg‘ulotlar davomida haqiqiy ma’noda o‘z isbotini topadi. Harbiy xizmatchilarning noma’lum hududga moslashishi, aniq va hamjihatligi, xavfsizlik qoidalariga ham qat’iy rioya qilishi natijasida ko‘zlangan maqsadga erishildi.

– Mashg‘ulotlar davomiyligi erta tongdan kechgacha bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatli. Harbiy xizmatchilar maxsus to‘siqlardan iborat yo‘laklarni bosib o‘tgan holda jangovar otish nuqtalarida turli masofalardan jangovar qurollardan nishonlarni aniq mo‘ljalga olish bo‘yicha mahoratlarini oshirdi, – deydi kapitan Sardor Shodmonov. – Bu harakatlar jarayonida jangovar bo‘linmalar ikkilik, to‘rtlik va guruhlar tarkibida harakatlandi. Shu bilan birgalikda, yaradorlarga yordam ko‘rsatish, qurol-aslaha, o‘q-dori ta’minotini uzluksiz yo‘lga qo‘yish jarayonlari amalga oshirildi. Umuman olganda, ikki haftalik dala chiqishida bo‘linmalarning jipsligi sinovdan o‘tkazildi.

– Bugungi mashg‘ulot davomida tog‘-o‘qchi vzvodimiz bilan himoyadan shartli dushman egallab olgan hududga hujum uyushtirish amaliyotini bajardik. Vzvod shaxsiy tarkibi oldiga zirhli texnika (BTR) ko‘magida shartli dushman pozitsiyasini ishg‘ol etish topshirig‘i qo‘yilgandi. Bu vazifani kunduzgi sharoitda ham, tunda ham bir xil bajarishga harakat qildik va ko‘zlangan maqsadga erishdik, – deydi kapitan Mirjalol Yo‘ldoshev. – “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida “Kichik komandirlar va yetakchilik kursi”da olgan tajribamni bu kabi mashg‘ulotlarda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lganim alohida e’tiborga molik.

– Qorli muhitda, buning ustiga, yangi taktik uslublarni sinovdan o‘tkazish birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirgani sir emas. Ammo har qanday qiyinchilikni takror va takror bajarilgan mashqlar yordamida yengib o‘tish mumkin. Jangchi jang maydonida o‘zini haqiqiy jangchidek his eta oladi. Shunday ekan, har birimiz bunday imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildik. Xizmatdosh do‘stlarimning chidamliligi, mahorati va nimalarga qodir ekani qor qoplagan adirliklar uzra namoyon bo‘ldi, desam, adashmayman. Shu jumladan, o‘zimning ham, – deydi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Davlat Eshaliyev.

Vatanni qo‘riqlash – muqaddas burch. Harbiylik mas’uliyatini gardanga olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buni anglash uchun “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonida, askarlar chodirida, tungi sovuq havo haroratida yashovchanlik qobiliyatini namoyish etgan harbiy xizmatchilar o‘rnida bo‘lib ko‘rish kerak. Bir marta bo‘lsa ham qorli dalalar uzra er yigitlar shaxtidan ko‘tarilgan hovurni ko‘rganlargina muqaddas burchning mas’uliyati qanchalik og‘irligini haqiqiy ma’noda his eta oladi. Vatan himoyasiga bel bog‘lagan bu yigitlar esa bunday holatni har kuni, har soniyada his etgancha o‘z vazifasini sidqidildan bajaraveradi.

 

Asror RO‘ZIBOYEV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine