Shanba, May 18, 2024
HomemaqolalarMILLIY KINODA VATANPARVAR OBRAZLAR

MILLIY KINODA VATANPARVAR OBRAZLAR

Vatan tuyg‘usi o‘z nomi bilan TUYG‘U! Uning yuzaga kelish manbayi qalbdagi his-tuyg‘ular bilan bog‘liq ekan, o‘sha hislarga ijobiy ta’sir ko‘rsatish orqali Vatanni yanada kuchliroq sevishga undash mumkin. Kino san’ati bu borada eng ta’sirchan kuchga ega. Mustaqillik davri o‘zbek kinosida yaratilayotgan badiiy filmlar orasida, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi mavzusiga bag‘ishlangan kinolar ahamiyatli. Zero “Vatan” (2006), “Berlin – Oqqo‘rg‘on” (2018), “Ilhaq” (2020), “101” (2020), “O‘zbek qizi” (2023) kabi filmlardagi qahramonlar Vatanga sadoqati, insoniyligi, shijoati va ma’naviy jasoratlari bilan yurt qayg‘usidagi har kimga ibrat bo‘larlidir.

Kinorejissyor Zulfiqor Musoqovning “Vatan” filmi voqealari urushda asirlikka tushgan, Germaniya hamda sobiq Ittifoq konslagerlarida turli sinovlarga uchragan va taqdir zayli bilan u yerlardan qochishga muvaffaq bo‘lib, bir umr o‘zga yurtlarda yashashga mahkum etilgan Qurbon Usmonov hamda uning xotiralari atrofida kechadi. Mazkur syujet chizig‘i qahramon talqinidagi ikkita muhim xususiyatni ochib bergan. Birinchisi, badiiy xususiyat bo‘lib, bunda Qurbon Usmonov obrazi orqali frontga borib, mardonavor kurashgan va har qanday sharoitda ham odamiyligini, o‘zligi va yurtiga bo‘lgan sadoqatini saqlab qola olgan oddiy o‘zbek yigitining qiyofasi hayotiy bo‘yoqlar bilan yoritilgan. Qurbon obrazi urush mavzusi doirasida mustaqillik davrida taklif etilgan ilk qahramon bo‘lish bilan birga “o‘zbekning asl farzandi qanday bo‘lishi kerak?” degan dolzarb masalaga javob berishi bilan ham e’tiborlidir. Qahramon talqinidagi ikkinchi muhim xususiyat esa u orqali urush davridagi siyosiy jarayonlarga ko‘zgu tutilganidir. Bu siyosiy jarayonlar, ayniqsa Vatan uchun boridan kechib kurashgan yuz minglab haqiqiy o‘g‘lonlarni urushga safarbar qilgan hukumatning o‘zi tomonidan Qurbon misolida tazyiq va tahqirlarga duchor etilishi, Stalin rejimining qatag‘on va balandparvoz shiorlarga asoslanishi, buning ortidan Qurbonniki singari qanchadan qancha umrlar zavol topganini ochib berishi bilan muhimdir.

Frontga ketgunga qadar Qurbon tomoshabin ko‘z oldida mard va oliyjanob inson sifatida gavdalanadi, ya’ni dastlab qahramonning qanday inson ekanligi hissiy-emotsional epizodlar vositasida tanishtiriladi. Shu bois ham uning urushga kirgandan keyingi xatti-harakatlari ortiqcha pafosdek tuyulmaydi, vatanparvarlik tuyg‘usi zo‘rma-zo‘raki yopishtirilgandek sezilmaydi, bir jumla bilan aytganda, qahramon nimaiki qilsa, tabiiy chiqadi, o‘ziga yarashadi. Qurbonning vayronalar orasidan chiqib, o‘qdoni bo‘shagan qurolini dushmanga uloqtirishi va ko‘ksini ochib: “Otib tashla, hayvonlar, otlaring!” deya hayqirishi filmning ta’sirchan epizodlaridan biriga aylangan. Dushman qarshisida bo‘yin egishni xohlamay, bor g‘azab-nafratini emotsional portlash orqali ifodalashi Qurbonni qahramon sifatidagi darajasini oshirgan. Aslida u tushgan vaziyat birorta qahramonlik alomatlariga ega emas, birinchidan, jangda mag‘lub bo‘lgan, ikkinchidan, qo‘lidan hech narsa kelmaydigan ojiz ahvolda.

Lekin ayni mana shunday tang holatda ham ruhan taslim bo‘lishni istamasligi, ochiq o‘lim xavfi turganligini bilsa-da, dushmanni “hayvonlar” deb so‘kish bilan ichki isyonlarini davom ettirishi uning xatti-harakatlariga qahramonlik bag‘ishlaydi. Bunday yondashuv Qurbonning ana shu chorasiz vaziyatiga vatanparvarlik, o‘z maslagiga sodiqlik singari ulug‘vor g‘oyalarni singdirgan (bunday talqin uslubi keyinchalik “Ilhaq” filmida asirlikdagi qahramonning dushman bilan suhbatda o‘zini mardonavor tutishi, “101” kartinasida qahramonlarning sillasi quriganiga qaramay, oldilariga tashlangan nonni ko‘zlariga surtib, o‘zaro taqsimlashi bilan bog‘liq epizodlarda kuzatiladi). Demak, qahramonni qahramonga aylantiruvchi omil faqatgina g‘alaba bilan emas, balki oddiy askarning chorasiz ahvolda ham ma’naviy jasoratga qodir kichik qarorlari orqali ham yuzaga chiqishi mumkin.

“Berlin – Oqqo‘rg‘on” filmida esa Qo‘zivoy Shodiyev (Hasan Shuhratov)ning snayperchi sifatida fashistlarga qarshi beayov kurash olib borgani aks ettirilgan. Filmda Qo‘zivoy ikki xil sharoitda namoyon bo‘ladi. Birinchisi, qahramonning urushdan oldingi davrda, ota-onasi bag‘rida yurgan kunlarini tasvirlash bilan bog‘liq bo‘lib, unda ko‘proq Qo‘zivoyning xarakterini tomoshabinga tanishtirish, uning sofdil va samimiy yigitligiga urg‘u berish yetakchilik qilgan.

Bunday uslub, ya’ni qahramonning urushga ketishdan oldingi qiyofasini yoritish unga urush qanday ta’sir ko‘rsatgani, urush uni qaysi tomonga o‘zgartirganini ochib berish uchun imkon yaratgan. Chunki keyingi sharoitda Qo‘zivoy endi fashistlarning dodini berishga qasdlangan haqiqiy jangchi sifatida tasvirlanadi. Agar filmda qahramonning urushdan oldingi davrdagi qiyofasi ko‘rsatilmaganida Qo‘zivoyning dushman askarlarini birin-ketin yo‘q qilishi, kezi kelganda quruq qo‘l bilan ularni yer tishlatish motivlari o‘z ta’sirchanligini yo‘qotgan bo‘lar edi. Sababi Qo‘zivoyning ayni urushga ketishdan avvalgi samimiyligi, soddaligi, mehribonligi, mehnatkashligi uni urushda dushmanlar jonini olayotgan jangchi Qo‘zivoy bilan bevosita solishtirish va shu orqali urushning qahramon xarakteri va hayotiga qanday ta’sir o‘tkazgani haqida xulosa chiqarishga undaydi.

Qahramon talqinidagi yana bir muhim jihat uning jang qilish maqsadi bilan bog‘liq. Avvaliga Qo‘zivoy dushmanga qarshi qasos olish niyatida kurashayotgani ko‘rsatiladi. Chunki u suyukli tog‘asining fashistlar tomonidan bo‘laklarga bo‘linib, ayanchli ahvolga solingan jasadini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. O‘sha epizodda u shunday qarorga keladi: “Komandir, men fashistni asir olmayman, faqat o‘ldiraman”. Shundan keyin Qo‘zivoy dushmanlardan tog‘asining xunini olishga qasdlanadi. Demak, qahramonni jang qilishga undovchi dastlabki omil qasos olish ekani ko‘rinadi. Voqealar so‘ngida esa Qo‘zivoy bir lahzaga oilasi ustiga fashistlar bostirib borayotgani va ota-onasiga qo‘shib, butun yaqinlarini otib tashlayotganini tasavvur qiladi, xayolidan o‘tkazadi. Shundan keyin qahramonning dushmanga qarshi kurashi qasd olish maqsadidan oilasi va yaqinlarini himoya qilish maqsadiga o‘zgaradi. Qahramonning bunday xulosaga kelishi dushmanga qarshi kurash, birinchi navbatda, qasos olish uchun emas, balki ulardan oilani himoya qilish, oila misolida esa Vatanni asrab-avaylash ekani ma’lum bo‘ladi.

Urush mavzusidagi badiiy filmlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra vatanparvarlik, qahramonlik, fidoyilik singari g‘oyalarni targ‘ib etar ekan, “Ilhaq” filmida ushbu vazifani o‘g‘illarning urushga ketishi va janglarda qanday xotima topgani bilan bog‘liq motivlar bajargan. Xususan, birinchilar qatorida Ahmadjon bilan Muhammadjon frontga ketgach, qolgan akalarini ham urushga olib ketmasliklari uchun kenja o‘g‘il – Yusufjonning ko‘ngilli bo‘lib frontga yozilishi, akasi Vahobjonning bundan xabar topib, qattiq g‘azablanishi va o‘zining o‘rniga ukasi urushga ketishiga yigitlik or-nomusi yo‘l qo‘ymay, frontga otlanishi, eng so‘ngida Is’hoqjonning front ortidagi nohaqlik va vijdonsizliklarga chiday olmay, o‘z xohishi bilan urushga jo‘nashi bilan bog‘liq epizodlar qahramonlar xarakteridagi alohida xususiyatlarni ochib berish bilan birga, ularni chinakam qahramon darajasiga olib chiqish uchun yo‘l ochgan.

O‘zbek kinosida Ikkinchi jahon urushi mavzusini yoritish bo‘yicha bir vaqtlar shakllanib ulgurgan an’analar so‘nggi yillarda milliy kinoda suratga olinayotgan filmlar orqali qayta tiklanayotgani quvonarli hodisa, albatta. Bunda urush mavzusida yaratilayotgan har bir filmning o‘ziga yarasha hissasi borligi aniq. Chunki har bir filmdan so‘ng urush mavzusini yoritish bo‘yicha ijodkorlarda ma’lum tajribalar ortadi va bundan ham saviyali, bundan ham mazmunli filmlar yaratish uchun zamin hozirlaydi. Shu ma’noda, “O‘zbek qizi” filmi alohida ahamiyatga ega.

Filmning voqealar markaziga Jamila Qodirova obrazi olib chiqilgan. Film avvalidagi kadrlar orqali uning ota-onasi “xalq dushmani” sifatida qamab yuborilgani va ammasi bilan yolg‘iz qolgani, shuningdek Rustam ismli yigitga unashtirilgani ma’lum bo‘ladi. Qahramon biografiyasi shu ma’lumotlar bilangina cheklangan. Qahramon shaxsiyati qisman front orti va asosan front voqealari davomida ochib boriladi. Raisga xotin bo‘lishni istamay, uyini tark etishi, ayol boshi bilan frontgacha yetib borishi, dushman bilan dastlabki to‘qnashuvdayoq jasorat ko‘rsatishi, og‘ir operatsiyani dadil boshdan o‘tkazishi, snayperchilar maktabida sabot bilan mahorat oshirishi, jang maydonida o‘zini mardonavor tutishi va so‘nggi kadrlarga qadar unashtirilgan yigiti xayoli bilan yashab, sadoqat ko‘rsatishi orqali Jamilaning or-nomusi kuchli, qat’iyatli, bardoshli, jasur va vafoli inson ekani ko‘rinadi.

“O‘zbek qizi” filmidagi o‘zbek jangchi ayoli obrazi milliy kino uchun yangi talqin. Chunki bunga qadar urush mavzusidagi o‘zbek badiiy filmlarida ayollar obrazi, asosan, mushtipar ona, sadoqatli yor, urush tufayli jabr chekkan zaifa sifatida olib chiqilgan. Biroq xorij kinosida Ikkinchi jahon urushi yillari qahramonlik ko‘rsatgan snayperchi ayollar haqida filmlar talaygina. “Diqqat, Moskvadan gapiramiz” (2005), “Snayper 2: Tungus” (2012), “Snayperlar: Nishondagi muhabbat” (2012), “Nishon ko‘rinyapti” (2013), “Sevastopol uchun jang” (2015) va yana boshqa shu singari filmlarda urush yillaridagi ayol snayperchilar obrazi turli taqdir yo‘llari orqali ko‘rsatilgan.

“O‘zbek qizi”da bu kabi filmlarning ijodiy tajribasidan dadil foydalangani butun kompozitsion tuzilmada aks etgan. Ayniqsa, Jamilaning snayperchi qizlar maktabidagi tayyorgarlik jarayonlari, qizlar o‘rtasidagi dialoglar va qahramon ruhiy holatini tasvirlovchi epizodlar hamda qahramonning frontdagi kadrlarida ma’lum klishelar qo‘llanilgani yaqqol seziladi. Shunga qaramay, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “O‘zbek qizi” kabi harbiy-qahramonlik yo‘nalishidagi filmlarga ehtiyoj kattaligini qayd etish zarur. Chunki har bir millat vatanparvar va fidoyi farzandlari bilan yuksalib boradi. Ana shunday avlodni tarbiyalash va kamolga yetkazishda bevosita o‘zbek kinosi zimmasida ham ulkan mas’uliyat yuki bor.

 

Aziz MATYAKUBOV

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine