Shanba, May 18, 2024
HomemaqolalarO‘ZBEKNING BENAZIR SHOIRASI

O‘ZBEKNING BENAZIR SHOIRASI

Hayotda ezgulik ulashib, o‘zidan yaxshi nom qoldirgan insonlar yillar, asrlar o‘tsa-da, avlodlar qalbidan o‘chmaydi. Aksincha ko‘ngillardan mangu joy egallaydi. Zotan, nurga intilib yashagan insondan faqat nurli izlar, yorqin xotiralar qoladi. O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya haqida ham ana shunday iliq fikrlarni bildirish mumkin. 

Uyimizdagi javonda shoiraning “Hijron kunlarida” deb nomlangan kitobi bor. Har gal bu mo‘jazgina kitobni qo‘limga olganimda uning avvalidagi suratiga uzoq tikilib qolaman. Undagi mehr bilan tikilib turgan nigohlar, mayin tabassum ko‘nglimga juda-juda yaqindek tuyiladi.

Bu ko‘zlar. Uzoq yillardan beri menga tanish va qadrdon. Ularga qarab onamning, buvimning mehrini his qilgandek bo‘laman…

Ha, uni hamisha kulib turgan holatda ko‘rganman. O‘shanda qani endi hayotda hamma ayollar ular kabi serzavq bo‘lsa, deb orzu qilardim. Balki, u kulgu orqali o‘z dardini yenggandir. Balki, u kulmoq uchun yashagandir. Bu haqiqatni men uzoq yillardan keyin, ancha ulg‘ayib, bu benazir shoiraning hayoti va ijodi bilan tanishganimdan so‘nggina tushungandek bo‘ldim…

Shoira ismini o‘rta maktabning 5-sinfida o‘qib yurganimda ilk bor eshitganman. Hech qancha vaqt o‘tmasdan oynayi jahonda uning chehrasini ko‘rishga musharraf bo‘ldim. O‘shanda bahor fasli edi. Qandaydir tantanada katta sahnada egniga atlas ko‘ylak kiyib, gul-gul ochilgan Zulfiya she’r o‘qiy boshladi. Bahor, yasharish va yangilanish haqida zavq bilan o‘qidi, bu she’rni. Biram burro edi, biram yoqimli edi, bu misralar. Shunda zalni to‘ldirib o‘tirgan tomoshabinlar uni oyoqqa turib olqishlagani xuddi kechagidek yodimda.

Vaqtning oqar suvligini qarang, o‘sha voqeaga ham ko‘p yillar bo‘ldi. U o‘z mehnati, mashaqqati bilan obro‘ orttirib boraverdi. U musaffo tuyg‘ular mavjini qalb to‘lqinlari bilan she’riyatga olib kirdi. U misralarda hayotni, qadr-qimmatni, mehr-u vafoni olqishladi. Ayol muhabbati qudratini ko‘klarga ko‘tarib ulug‘ladi, el dardidan kuydi, rohatidan quvondi. Chunki shoiraga befarqlik, o‘zgalar taqdiri uchun kuyinmaslik begona tuyg‘u edi.

Umrda g‘aflatga qolgan nafas yo‘q,

Rohat istagini yo‘llarga sochgum…

Bu satrlar shoiraning qanday oliyjanob, bag‘rikeng, barchaga yaxshilik sog‘inuvchi inson ekanligini tasdiqlaydi. Shular haqida yozyapman-u Asqad Muxtorning shunday so‘zlari yodimga tushadi: “Men dunyoga kelib dunyo orttirdim, hammasini tashlab ketarman, qalbni esa so‘nggi hujayrasigacha, lovullatib yondirib ketarman”. Shoira Zulfiya ham qalbni lovullatib yondirib ketganlardan edikim, bu olovning tafti hali ham so‘nmay kelayotir.

“Haqiqiy she’riyat seni o‘rab olgan hayotning zavq-u shavqi, qalbingning shodligi-yu dardi, ko‘rgan-kechirganlaringning teran fikr etilishi demakdir. Demak, she’r jamiyatdagi, o‘z zamonang va hayotingdagi voqealardan, baxt va tashvishdan oddiy hayotiy orzu-yu yumushlar to‘la kunlardan, qaynoq harorat va mehr to‘la yurakdan, mehnat bilan bedor o‘tgan tunlardan vujudga keladi”, degan edi shoira.

Ha, haqiqiy ijod chin dildan, ko‘ngilning hali hech kimga oshkor etmagan tug‘yonidan vujudga keladi. Shoira ham dunyoning g‘am-tashvishlaridan, taqdirning beshafqat o‘yinlaridan ozorlanganida, ayriliq dardi og‘rig‘idan o‘rtanganida, yoki aksincha quvonganida, qalbi orom olganida qalam bilan sirlashdi, kechinmalarini u bilan o‘rtoqlashdi. Uning uchun qalam eng yaqin sirdoshga, maslahatdoshga aylandi. Ba’zan turmush va ish tashvishlari bilan o‘ralashib, qo‘liga qalam ololmagan kezlari ijodini qo‘msab, tug‘yonlaridan qiynaldi.

Qo‘limda shoiraning “Yillar, yillar…” deb nomlangan to‘plami. Biroz uniqib qolgan kitobni asta varaqlayman. She’riy misralar, xayolotga chorlaydigan sohir misralar. Insoniylik, oddiylik, sadoqat, shafqat tushunchalari, muhabbat tuyg‘usi tarannum etilgan ularda. Ularni mutolaa qilgan sayin hayotga muhabbat, umidvorlik, ishonch va yashash hissi qamrab oladi kishini. Shunda shoiraning muddaosini tushungandek bo‘laman. U o‘z she’rlari bilan insonlar ruhiy olamiga kirib borish, loaqal shu bilan ular xizmatida bo‘lishni maqsad qilgan. Qalbi xasta, ammo purtug‘yon, iymoni but shoira o‘z qismatidan nolimadi, balki she’rlari orqali hayot zavqini, sevgi va vafo shevasini, Vatan  muhabbatini tarannum etaverdi.

…Qayga bormay qaytgum, senga intiqman,

Mening ohanrabom,mening nashidam.

Qonimdagi yonish, bebosh hislarim,

Qoniqmas ta’bimni ziqlikka yo‘yma!

Qaynoq suygum, Kuyim,

Sovuq jasadim,

Ona Vatan, o‘tinch, bag‘ringdan qo‘yma.

Vatan bo‘lmasaydi, odamzod, albat,

 O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.

Alloma Bedil aytganlaridek, “Shodliklarning barchasi g‘amdan yaralgan”. Vatanni baxt deb, baxtni Vatan deb kashf etish, o‘zligi bilan Vatanning mushtarakligini tuyish va o‘zgalarni ham shunday yashashga chorlash, qalblarga uni singdirish, ezgulikdir, go‘zallikdir. Shu boisdan ham bu qalbi go‘zal inson Vatan, hayot, saodat va sadoqat kuychisi deb e’tirof etilgan bo‘lsa, ajabmas. Bunga esa Zulfiyaning turmush o‘rtog‘i, mehrli do‘sti, talabchan ustozi, o‘zbekning baxt kuychisi Hamid Olimjonga bo‘lgan butun umrlik muhabbati, sadoqati sababdir. Zero shoiraning hayoti mobaynida yozgan eng o‘tli satrlari aynan qalbining egasi bo‘lgan mana shu insonga bag‘ishlandi. U har dam Hamid Olimjonni yonida tasavvur qildi, uning borligini dildan his qilib, unga intiq bo‘lib yashadi, his-tuyg‘ularini u bilan bo‘lishdi… Haqiqiy muhabbat deb mana shuni aytsalar kerak-da.

“Bir mo‘jiza yuz berib, Hamid Olimjon dunyoga qayta kelguday bo‘lganlarida edi, borliq sha’ni-shavkatimni, orttirgan izzat-e’tiborimni, borliq-bisotimni, jism-u jonimni izlariga poyandoz qilgan bo‘lar edim”, deb yozadi shoira.

Boshga tushganni ko‘z ko‘rar deymiz, qismat deymiz, taqdir deymiz. Ha, yolg‘iz boshiga tushgan ayriliq, ko‘rguliklar, dardli qismat Zulfiyani buyuk shoira darajasiga olib chiqdi. Hayot, mashaqqatli, iztiroblarga limmo-lim hayot uning qo‘lidagi qalamni charxladi. U tinmay ijod qildi, ezgu niyatlar ila she’r yozdi. Yorug‘ kunlar kelishiga intilib yashadi. Shuning uchun bu mashaqqatlarni buyuk matonati, bardoshi bilan yengib, ertangi kunni shodlik bilan kutib olishga intilaverdi, orzular cho‘qqisi sari parvoz etaverdi. Uning she’rlari, umidli, muhabbatli misralari dardmand qalblarga malham bo‘laverdi va hozir ham malham bo‘lib kelyapti.

Yaxshi insonlar yodi hech qachon xotiradan o‘chmaydi, dedik. Mana, bir necha yillar oldin xalqimizning bu suyukli farzandi Zulfiyaxonim nomini abadiylashtirish maqsadida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etildi. Hozirda shu mukofot bilan taqdirlangan shoira izdoshlari soni yildan yilga ortmoqda. Demak, Zulfiya nomi sira o‘chmaydi, balki shu’la taratib, nazm ko‘chasiga qadam qo‘ygan ijodkorlar uchun o‘ziga xos mayoq bo‘lib turadi.

Uning she’rlari bizni matonatli bo‘lishga, hamisha olg‘a intilishga, ozod, hur Vatanni sevishga, sadoqatli bo‘lishga undab turadi. Demak, shoira hamon xalqqa xizmat qilayotir, u hamon barhayot.

 

Gulnora HOJIMURODOVA

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine