Shanba, May 18, 2024
Homemaqolalar2 YIL-U 3 OY MAQSADSIZ, SAMARASIZ HARAKATLAR

2 YIL-U 3 OY MAQSADSIZ, SAMARASIZ HARAKATLAR

Sovetlarga qarshi kurashayotgan afg‘onlarning urush uslubi partizanlar harakatiga o‘xshar, asosan turli yuk olib kelayotgan mashina kolonnalariga hujum qilishar, vertolyot, samolyotlarni raketa va pulemyotlardan nishonga olishardi.

Tog‘ va qishloq yo‘llariga piyoda va tankka qarshi minalarni ko‘mib qo‘yishar, bu ularning ko‘p qo‘llaydigan usuli edi. Qishloqlarda bir necha yuz metr bo‘lgan yerosti yo‘laklari qazilgan bo‘lib, bir odam engashib bemalol harakatlanishi mumkin edi. Buni adashmasam “koriz” deyishardi.

Qishloqqa yurishdan avval aholi “sho‘ravi”lar kirishidan ogohlantirilar, karnay ovozini eshitgan odamlar yo‘lga yaqin “zastava” oldida to‘planishardi. Aholi chiqib bo‘lganidan so‘ng, qishloq to‘plardan o‘qqa tutilar, keyin qiruvchi samolyotlar aviabomba tashlardi. Bir soatlardan keyin piyoda bo‘linmalar tanklar va boshqa jangovar mashinalar bilan qishloq ichkarisiga kirishni boshlardi.

Bu paytda qarshilik kuchlari ham yer ostidan chiqib, mudofaa o‘rinlarini egallardi. Bizning kirib kelayotganimizni aniq ko‘rib turishar, biz esa ularni ko‘rmas edik. Birinchi zarbada kim nishonga olingan bo‘lsa u halok bo‘lar yoki jiddiy yaralanardi. Otishma taxminan qirq, ellik metr oraliqda davom etardi.

Harbiy qismda har doimgidek kunlik ish, mashg‘ulotlar davom etardi.

Shu kunlarning birida oshxonadan chiqib kelayotganimda kimdir “Sodiq” deb chaqirdi. O‘girilib qarasam, Murodjon. Shunaqa xursand bo‘lib ketdimki… U bilan bitta maktabda o‘qiganmiz, bir sinf katta edi. U uchinchi rotada shundoq ortimizdagi kazarmada ekan. Xizmatiga bir yil bo‘lgan Murodjon bilan har kuni ko‘rishib, gaplashib o‘tirardik. U ”reyd”ga chiqqanda nimalarga e’tibor berish kerakligini tushuntirar, ehtiyot bo‘lishni uqtirardi.

1985-yil may oyi boshlandi. Bizning ikkinchi vzvod 9-may bayrami arafasida Kobul shahrida joylashgan Sovet elchixonasini qo‘riqlashga yuborildi. Elchixonaning asosiy kirish darvozasi tashqi tomonida bitta BMP-2 mashinasida qo‘riqlashda turdik, orqa tomonida ham shunday edi.

Ikki haftacha o‘tdi, aytarli hodisa bo‘lmadi, kecha-yu kunduz navbat bilan postdamiz. Ovqatlanishga elchixona ichidagi oshxonaga kirardik. Elchixona binolarini maxsus qo‘riqlash rotasi qo‘riqlar ekan, lekin ularni ko‘rmadim, ular biz kirgan oshxonaga kirishmas edi. Esimda qolgani darvozaning o‘ng tomonida vodakachka bor edi, unda oltmish yoshlardagi afg‘on ishlar, juda chiroyli bir qiz (qizi bo‘lsa kerak) unga tushlik, kechki ovqat olib kelar, menga qarab kulimsirab o‘tib ketardi. Bir kuni oldimga bir o‘zbek kelib men bilan gaplashdi, o‘ttiz besh yoshlarda edi, O‘zbekistondagi hayot to‘g‘risida so‘radi, men unga O‘zbekistonga boring va doimiy yashashga qoling, degandim.

Elchixona joylashgan ko‘chadan bir xil qora kiyimda yuzlari ham qora matoda to‘silgan, boshlariga qora ro‘mol o‘ragan maktab o‘quvchilari o‘tar, ularni ko‘rib hayron bo‘lardim. U paytda Qur’on suralarini bilmasdim. Ammo kazarmada shahardagi masjiddan taralgan azon tovushini eshitib uyg‘onardim.

Batalyonning keyingi reydi may oyida Chorikor, Bagram hududiga chiqish bilan boshlandi. Bir joyda o‘ttizga yaqin ayollar, qariyalar, bolalar yig‘i-sig‘i qilib yo‘lga chiqib keldi. Kombat podpolkovnik Sigankov to‘xtashga qaror qildi, bizning kelayotganimizni ko‘rib, ularni yo‘lga chiqarishgan ekan. Qishloqqa uchta vzvod kirishni boshladi, biz ikkinchi vzvod yo‘l chetida rezervda qoldik. Tush vaqti edi, ko‘p o‘tmay otishmalar boshlanib ketdi. O‘q ovozlaridan yaxshigina jang bo‘layotganini bilib turardik.

Kombatga ichkaridagilar birin-ketin vaziyat xabarini yetkazib turishdi. Razvedvzvoddan bir, uchinchi rotadan ikki askar halok bo‘lgani, minomyot batareyasida minalar tugayotgani va yana razvedvzvoddan bir askar og‘ir yarador bo‘lganini yetkazishdi. Kombat bizning vzvodga yordamga kirish uchun buyruq berdi, vzvod komandirimiz yukqoplarimizni bo‘shatib, siqqanicha mina olishimizni aytdi. Yigirmatacha askar bor edi.

Minalar bilan zovur bo‘ylab kirishni boshladik, meni qo‘rquv, hayajon bosdi. Ellik metr yurmay to‘rtta askarning plashchodirda halok bo‘lgan serjantni olib chiqayotganiga duch keldik, o‘q peshonasining o‘ng tomonida katta teshik hosil qilganiga ko‘zim tushdi. Etim jimirladi. Biroz to‘xtadik, mo‘ljalni aniqlab, yana yurdik. Zovur quruq, chuqurligi ikki metrlar atrofida ekan.

Yuz metrlar yurib zovurdan chiqdik va kuchli otishmalar bo‘layotgan ko‘chada ellik-oltmish metrdan keyin minomyotchilar turgan uyga kirib, ularga minalarni qoldirdik. Keyin atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan katta tomorqada devor panasida yoyilib turgan AGS vzvodiga borib qo‘shildik. Ofitserlardan biri granatomyotchi bir askarga “chiqib ko‘rchi” dedi, u devordan chiqishi bilan pulemyotdan o‘t ochildi, askar o‘zini ichkariga otdi. O‘qlardan biri tizzasini yalab o‘tgan, shimi yirtilib ketgandi. Haligi askar kulib, hayajonda sigaret tutatdi, ichidan nima o‘tganini o‘zi biladi.

Ko‘p o‘tmay orqadan tank kirib keldi. Tankchi o‘q otilayotgan uyni mo‘ljalga olib, bir necha snaryad otdi. Biz zovurga tushib, tez oldinga harakatlandik. Yana ellik metrcha yurdikda zovurning o‘ng tarafiga chiqa boshladik, men oxirida qolib ketdim. Shu payt yonimda ikki metr naridan tankning gumburlagan o‘t ochgani eshitildi, qulog‘im bitib qoldi. Garang holatimda zovurdan chiqib, to‘g‘ridagi paxsa devor panasiga o‘zimni urdim. Shu devor panasida turib qoldik, oldinga yurishga buyruq bo‘lmadi, tor ko‘chadan uchinchi rota askarlari halok bo‘lgan askarni plashchodirda ko‘tarib chiqishdi. Qosh qoraya boshlaganda ortga qaytishga buyruq bo‘ldi.

Bu jang 1985-yili 30-mayda Bagramdagi Qorabog‘ qishlog‘ida bo‘lib o‘tgandi.

Shu o‘rinda yana bir voqea.

1986-yili avgust oyi. Bagram hududida “reyd”dan qaytayotgandik. Biz turgan tog‘ning etagida sapyorlar polki joylashgan ekan, ikki askar ro‘para keldi, ular so‘qmoqning oldi minalashtirilganini aytib, o‘zimiz yo‘l ko‘rsatamiz, deyishdi. Orqaga burilib ular ko‘rsatgan yo‘ldan yurdik. Yo‘l ko‘rsatuvchi askarlar minalarga bog‘langan simlarni nayza tayog‘i bilan ko‘rsatib turdi, biz simlar ustidan hatlab o‘ta boshladik. Men oldingi qatorda edim,  kombat besh metrcha oldinda, razvedvzvoddagi bir rus askar ataylab simni oyog‘i bilan tepib yubordi. Lahza o‘tmay mina baland ovoz chiqarib yuqoriga ko‘tarildi. Shu zahoti kombatning “yot” deb baqirgani eshitildi, hamma o‘zini yerga tashladi… Mina bizdan to‘rt metrcha narida, zanglagan ekan portlamadi. Kombat haligi askarni g‘azab bilan tepdi, qurollarini olib qo‘ydi. Manzilga yetganimizda shom payti bo‘lgandi.

Ertasiga nonushtadan so‘ng batalyon saflandi. Kombat Pomgon tog‘lariga vertolyotlarda tashlanishimizni, shu hududda ikkita Mig-29 “stinger”da urib tushirganligini, agar shu raketani kim topsa “Qizil bayroq” ordeniga ega bo‘lishini va’da berdi. So‘ng parashyutdan foydalanish ko‘rsatildi. Shu kuni kechga yaqin haligi mina tortilgan simni tepib o‘tgan razvedkachi askar granatani qorniga qo‘yib, o‘zini portlatib yuborganini eshitdik, uni ko‘rgani borganlar bo‘ldi, men bormadim. O‘sha askar xizmatni endigina boshlagandi. Uni birinchi marta oziq-ovqat omborida yuk tushirayotganimizda ko‘rgandim, dzyudo bilan shug‘ullangan ekan, yelkasi keng, bo‘yi baland, juda baquvvat edi. Keyin bilsam, “ded”lar uni ruhan sindirishgan ekan.

(Davomi bor)

Sodiqjon ALIMOV

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine