Juma, May 24, 2024
HomeyangiliklarISHONCH RAMZI

ISHONCH RAMZI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar-xizmat faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan, harbiy mahoratni mukammal egallagan, malakali va intizomli harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyoz asosida respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun tavsiyanomalar berib kelinmoqda. Mazkur imtiyoz ularga oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha kvota bilan davlat granti asosida o‘qish imkonini beradi.

Ayni kunlarda tavsiyanomalarni topshirish tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Mudofaa vazirligi markaziy apparatida bo‘lib o‘tgan tadbirda 25 nafar yoshga mana shunday tavsiyanomalar topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yurtimizda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolariga yaratilayotgan sharoitlar, mustahkam ijtimoiy himoyaning amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritdi.

– Bugun barchaning, ayniqsa o‘g‘il-qizlarimizning ko‘zlarida quvonch, – deydi Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilar oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova. – Boisi ular oliygohlarning talabalari bo‘lish uchun qo‘shimcha imkoniyatni qo‘lga kiritdi. Ota-onalarning esa yuragida hayajon. Chunki ular Vatan uchun qilgan xizmatlari mahsuli bugun farzandlarining kelajagiga ijobiy ta’sir qilayotganining guvohi bo‘lmoqda. Bugungi tadbirda yoshlar harbiy xizmatchining farzandi ekanidan yana bir bor g‘urur tuyg‘usini his etdi. Yanada ko‘proq bilim olishga, ota-onasiga munosib farzand bo‘lish uchun doimo harakatdan to‘xtamaslikka va’da berdilar. Bu esa bizni ham xursand qiladi. Ertamiz egalari bunday imtiyozdan ruhlanib, yuksak marralarni zabt etishlariga ishonamiz.

Mana shunday tavsiyanoma Qurolli Kuchlar tizimida bir necha yildan buyon xizmat qilib kelayotgan kichik serjant Shamil Ummatovning farzandi Sevinch Dangalovaga ham nasib etdi. Biz Sevinchning so‘zlariga quloq tutdik.

– Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha 5 foizli kvotaga ega bo‘lish ham odamni quvontiradi, ham mas’uliyat yuklaydi, – deydi u. – Chunki bu imtiyoz berilgan rag‘bat o‘laroq ishonch demakdir. Avvalo, Yurtboshimiz tomonidan biz, yoshlarga bildirilgan ishonch, otamning Vatan tinchligi yo‘lida qilayotgan xizmatlariga berilgan ishonchdir. Bu ishonchni oqlashimiz, munosib bo‘lishimiz zarur. Tavsiyanomagagina tayanib qolmay, bilim va ko‘nikmamni oshirib, davlat test imtihonlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. Kelajakda o‘zim tanlagan yo‘nalish bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib, yurtimiz ravnaqiga hissamni qo‘shish orqali bildirilgan ishonchni oqlayman deb va’da beraman.

Bu imtiyoz harbiylik kasbini tanlab, yurt uchun xizmat qilayotganlar va ularning oila a’zolari uchun berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi. Ishonamizki, ular ishonchni oqlab, eng nufuzli oliygohlarning talabalari bo‘ladi.

Vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.

 

* * *

 

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Termiz garnizonidagi harbiy qism ma’naviyat va ma’rifat markazida ham Termiz, Kakaydi, Xayrobod garnizonlaridagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning 49 nafar o‘g‘il-qiziga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtiyozini beruvchi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘lat Sativaldiyev so‘zga chiqib, joriy yilda umumta’lim maktablarini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma olayotgan yoshlarga omad tiladi.

Shuningdek, marosimda harbiy xizmatchilarning farzandlari ham so‘zga chiqdi. Ular yoshlarga  ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va kelajakda bu ishonchni yorug‘ yuz bilan oqlashga va’da berdilar.

– Bugun men ham imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ldim. Bundan quvonchim cheksiz, – deydi podpolkovnik Bobur Bo‘ranovning qizi Aziza Bahodirova. – Bu yil Jarqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabini bitiryapman. Orzum – xorijiy til bo‘yicha mutaxassis bo‘lish. Shu bois Buxoro davlat universitetining Jahon tillari fakultetiga hujjat topshirmoqchiman. Kelgusida o‘z tanlagan sohamning yetuk mutaxassisi bo‘lib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qilsam deyman.

 

Ro‘ziqul OCHILOV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine