Juma, May 24, 2024
HomemaqolalarMIRSHAROPOV VA UNING 17 NAFAR OFITSERI

MIRSHAROPOV VA UNING 17 NAFAR OFITSERI

Milliy qo‘shin. Matbuotdagi chiqishlar

XX asr boshlarida istiqlolga ega bo‘lib, zamonaviy davlat barpo etishni maqsad qilgan va bu yo‘lda moli-yu jonini ayamagan ma’rifatparvar jadidlar g‘oyalaridan biri milliy qo‘shinni yaratish edi. Zotan, barcha zamonlarda milliy qo‘shin mavjud davlatning eng muhim ramzlaridan biri – tayanchi o‘laroq e’tirof etiladi.

Abdurauf Fitrat 1917-yilning 5-dekabr sanasida “Hurriyat” gazetasida chop etilgan maqolasida “…iqror etamanki: siyosiy, ilmiy, maishiy va askariy yo‘llarda zamon bizdin ko‘b ishlar talab etadur. Ammo bizda ishlayturg‘an odam nihoyatda oz va bori ham ishlamaydi va yo egri ketadi. Bu fursatlar o‘tganlaridek o‘tub ketar. So‘ngra pushaymonlikdin boshqa qo‘lda bir narsa qolmas, masalan, hozirda askariy va ilmiy ishlardan qochamizkim, bu bir bolaning maktabdin qochg‘anining o‘zginasidir”, deb yozgan edi. Shu yillar matbuotida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Hoji Muin, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev kabi jadidlarning ham milliy qo‘shin masalalariga bog‘liq maqolalarini o‘qish mumkin.

O‘sha davr matbuotini varaqlaganda harbiy ish bo‘yicha ko‘plab materiallar ko‘zga tashlanadi. Ularning ayrimlarini keltiramiz:

“43 yoshli erkaklarni askarlikka olish”, “Musulmon askarlari syezdi tarqatilgani”, “Musulmon polklarini ajratish masalasi”, “Musulmon soldati kuni”, “Musulmon askarlari qurultoylari”, “Musulmon batalyonining tarqatilishi”, “Polyak askarlari soyuzining Turkiston muxtoriyatiga munosabati”, “Navbatdagi askar yig‘ish ishlari” (“Ulug‘ Turkiston”, 1917-yilgi sonlar);

“Turkistondagi musulmon askarlari ne holda?” (Z. Rahmat. “Ishtirokiyun”, 1919-yil 9-fevral);

“Toshkentda musulmonlar uchun harbiy maktab” (Abdurahmon Abdumalik. “Ishtirokiyun”, 1920-yil 29-aprel);

“Umumiy askariy ta’limot haqida” (Salimxon Tillaxonov. “Ishtirokiyun”,
1920-yil 17, 18, 23-iyun);

“Turkiston jumhuriyatida askariy tashkilot” (El o‘g‘li. “Qizil bayroq”, 1921-yil 8-mart);

“O‘zbek maorif qurultoyi ham o‘zbek qizil askari” (H. Musayev. “Qizil bayroq”, 1922-yil 18-yanvar);

“O‘rta Osiyodagi milliy harbiy maktablar birlashdi” (A. Bobojonov. “Turkiston”, 1924-yil 20-sentabr);

“O‘rta Osiyo milliy harbiy maktabidan qochganlarga sud” (A. Bobojonov. “Turkiston”, 1924-yil 20-sentabr).

Matbuotdagi bunday chiqishlardan Turkistonda milliy qo‘shinlarga kuchli ehtiyoj sezilgani va bu masala jadidlar o‘rtasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgani anglashiladi.

Mirsharopovning ilk qadamlari

Mustamlakachilar Turkiston erki va ozodligi uchun ko‘tarilayotgan isyonlarni bostirish niyatida harbiy mutaxassislarni shu yerning o‘zida tayyorlash uchun 1900-yilda Toshkent kadetlar korpusi, 1915-yilda praporshiklar maktabini ochdi. Inqilobdan keyin hukumat bolsheviklar qo‘liga o‘tgach, 1918-yilda Turkiston sovet qo‘mondonligi kurslari tashkil etildi. Mazkur va undan keyin tashkil etilgan harbiy maktablarga mahalliy xalq vakillari – o‘zbek, tojik, turkman, qozoq va qirg‘iz millatiga mansub yigitlar ham jalb etilib, ular ikki daryo oralig‘i va uning tevaragida sodir bo‘lgan harbiy harakatlarda faol qatnashadi.

1920-yil 17-martda Toshkent piyodalar qo‘mondonlik kursi deb qayta nomlangan bilim yurtida 1-apreldan o‘quv dasturiga o‘zbek tili fani ham kiritiladi. Shu yilning 12-noyabrida bo‘lib o‘tgan 5-bitiruvda Mirkomil Mirsharopov, Is’hoq Muqombayev, Ibrohim Murodov, Nurmat Muhamedov, Muhammad Rahimov kabi mahalliy xalq vakillari bor edi.

Ular orasida Mirkomil Mirsharopov noyob harbiy iste’dodi bilan alohida ajralib turardi. Turkiston fronti qo‘mondoni M. Frunze 1920-yilning mart oyida 8 oylik harbiy kursni tugatgan Mirkomil Mirsharopov va Turg‘unpo‘lat Qirg‘izovni Xorazmga milliy harbiy qismlarni tashkil etish uchun yuboradi. Mirsharopov va Qirg‘izovning sa’y-harakatlari natijasida Xorazmda alohida o‘qchi batalyon va otliq polk tashkil etildi. Uning rahbarligida 500 dan ortiq mahalliy millat vakillarini o‘zida jamlagan eskadron tuzildi.

Xorazm Xalq Respublikasi e’lon qilingach, M. Mirsharopov 1921-yil 15-avgustda Respublika harbiy kengashi raisi va harbiy noziri etib tayinlanadi. Shu bilan birga 1920–1923-yillarda 1-Xorazm otliq polkining qo‘mondoni sifatida ham faoliyat olib boradi.

Qo‘mondon Mirsharopov

Harbiy-nazariy bilimni mukammal egallash maqsadida 1925–1929-yillarda bo‘lajak Sovet Ittifoqi marshali Kliment Voroshilov bilan birga Frunze nomidagi harbiy akademiyada tahsil oladi. 1931-yildan boshlab 6-o‘zbek otliq askarlari polkiga komandir etib tayinlanadi. Keyinchalik bu polk 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasiga aylantiriladi.

Mirkomil Mirsharopov jangovar yo‘lning murakkab va mashaqqatli bekatlaridan o‘tib, 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasining qo‘mondoni darajasigacha ko‘tarildi, shu diviziyaning qo‘mondoni sifatida xalq va armiya o‘rtasida katta shon-shuhrat qozondi, deb yozadi akademik Naim Karimov.

Jadidlar hayoti va faoliyatini ko‘p yillar fidoyilik bilan o‘rgangan zahmatkash olim Naim Karimov so‘zlariga quloq tutamiz.

– Abdulla Avloniy muallimlik qilgan maktabni tugatgan yoshlardan biri bo‘lajak mashhur o‘zbek sarkardasi Mirkomil Mirsharopov edi. Oradan ma’lum bir vaqt o‘tgandan keyin Mirkomil Mirsharopov katta harbiy martabalarga erishadi. Va natijada u 1930-yillarning o‘rtalarida Samarqanddagi tog‘-o‘qchi diviziyasiga polk komandiri etib tayinlandi. Men shu masalalar bilan shug‘ullanganim uchun shu narsada hayratga tushganmanki, bu diviziya butun ma’noda milliy qo‘shinlardan iborat edi. Uning milliy cholg‘u asboblaridan iborat o‘z orkestri ham bor edi. Karnay, nog‘oralar va boshqa musiqa asboblarida chalinadigan jangovar milliy musiqalari bo‘lgan. Harbiy safarlarga “Mirkomil Mirsharopov” degan marshni aytib borishgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, shu marsh so‘zini ajoyib shoirimiz Maqsud Shayxzoda yozgan ekan.

Ikki do‘st

Mirkomil Mirsharopovning harbiy bilim va mahorati tobora ortib borardi, bu holat hukumatni tashvishga soladi. Chunki u hukumat rahbarlaridan biri Akmal Ikromov bilan qalin do‘st edi. Naim Karimovning ta’kidicha, Mirkomil Mirsharopov Toshkentga kelganida Akmal Ikromovning uyida, Ikromov Samarqandga borganida Mirsharopovning uyida yashar edi. Ular birgalikda tez-tez Hamza nomidagi drama teatri premyeralariga borardi. Akmal Ikromov o‘g‘liga Komil deya ism qo‘ygani ham Mirkomil Mirsharopovga bo‘lgan hurmati yuzasidan bo‘lsa, ajab emas. 1960-yilda A. Ikromovning o‘g‘li Komil Ikromov Mirsharopov va uning harbiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Karvon o‘tar, iz qolar” nomli tarixiy roman ham yozgan.

Mirsharopov Mo‘g‘uliston va Shimoliy Kavkazda

Harbiy bilim yurti bitiruvchilaridan iborat, boshida Mirsharopov turgan o‘zbek milliy diviziyasining harbiy mashqlarda erishgan yutuqlari, zamonaviy harbiy bilim va texnikani mukammal egallab borayotgani Moskvani cho‘chitadi. Markaz nazarida, respublika rahbarlari milliy diviziya yordamida O‘zbekistonni Sovet Ittifoqidan ajratib olishi mumkin edi.

Xavfsiragan hukumat Mirkomil Mirsharopovni Turkistondan uzoqlashtirish maqsadida 1935-yilda Mo‘g‘ulistonga harbiy attashe etib yuboradi. M. Mirsharopov Mo‘g‘ulistonda qiladigan ish yo‘qligi, egallagan harbiy bilimlari zoye ketayotgani, yurtga qaytishi zarurligi haqida Moskvada birga o‘qigan kursdoshi Voroshilovga maktub yozadi. Shundan keyin M. Mirsharopov 1936-yilda Shimoliy Kavkaz harbiy okrugi qo‘mondoni vazifasiga tayinlanadi. Qisqa muddatda u boshqarayotgan harbiy okrug Sovet Ittifoqining eng namunaviy jangovar okruglaridan biriga aylanadi. U 5 oy ichida Shimoliy Kavkazdagi Dog‘iston, Kabardin-Bolqor, Shimoliy Osetiya, Chechen-Ingush Avtonom Respublikalari, shuningdek Qorachoy va Cherkesskda yashovchi 11 tilda so‘zlashuvchi 26 millat va elatga mansub askarlarni o‘z tarkibiga olgan yangi brigadani shakllantirishga muvaffaq bo‘ladi.

Hukm

1938-yil oktabrda Mirkomil Mirsharopov boshqa jadidlar qatori hukumatning qarori bilan “aksilinqilobiy millatchilik faoliyati” olib borganlikda, 1929-yildan A. Ikromov tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan Aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga jalb etilganlikda hamda tashkilotning harbiy filialiga rahbarlikda, O‘zbekistonni SSSR tarkibidan ajratib olish va mustaqil davlatni barpo etishga urinishda ayblanib, hibsga olindi va otuvga hukm qilindi. U bilan birga ko‘plab ofitser va askarlari qatl etildi, diviziya butunlay tarqatib yuborildi.

Mirkomil Mirsharopovning diviziyasi maxsus bo‘limining sobiq xodimi A. Karpachevskiy 1939-yil 15-oktabrda bo‘lib o‘tgan so‘roq paytida bunday ko‘rgazma bergan:

“Men tergov ishiga aloqador shaxslarga kartochka to‘ldirar hamda ayblanuvchilar va guvohlarning so‘roq bayonnomalaridan kimning qanday ko‘rgazma berganini ko‘chirib yozar edim. Ba’zan tunda ayblanuvchilarni jazolash maqsadida tayyorlangan zax, siymon polli kameraga olib borar edim…

Agar ayblanuvchi 6 sutkadan 10-12 sutkagacha bo‘lgan davr mobaynida ko‘rgazma berishdan bosh tortsa yoki talab etilgan narsani yozib bermasa, NKVD maxsus bo‘limi boshlig‘i Mishkovskiy uni o‘zining xonasiga olib ketar yoki bu ishni Vasilyevga topshirar edi. Ba’zan ular uyqusizlikdan madorsizlangan ayblanuvchilarni birgalashib kaltaklar va shunday yo‘l bilan ulardan kerakli ko‘rgazmani olar edilar”.

Akademik Naim Karimovning aytganlari

“Askarlar qiynoq orqasida diviziyada aksilinqilobiy millatchilik va hatto qo‘zg‘olonchilik tashkiloti borligini “tan olib”, bu tashkilotga go‘yo a’zo bo‘lgan do‘stlari va komandirlari nomini aytib beradi. Shu tarzda 1937-yil martidan 1938-yil noyabriga qadar bo‘lgan muddatda diviziyaning dastlab 30, keyin 20 nafar, jami 50 nafar ko‘zga ko‘ringan askar va komandiri qamoqqa olinadi.
17 kishi, shu jumladan Mirkomil Mirsharopov va boshqa qo‘mondonlar otuvga hukm qilinadi. Qolganlarga esa turli muddatli qamoq jazosi beriladi. Shu tarzda o‘zbek xalqining iftixori bo‘lgan 19-o‘zbek tog‘-otliq askarlar diviziyasi shafqatsizlarcha tugatiladi va tarqatib yuboriladi”,
deb yozgan akademik Naim Karimov bir suhbatimizda shunday degan edi:

– 1956-yilda Mirkomil Mirsharopovni oqlash masalasi kun tartibiga qo‘yilganda, u bilan birga Samarqandda xizmat qilgan va hayot bo‘lgan bir qancha jangchilar, askar va ofitserlardan ko‘rgazma olinadi. Ular NKVDning tergovchilari bilan uchrashib, bilganlarini qo‘rqa-pisa aytadilar. Shunda M. Mirsharopovni yaxshi bilgan pastdarg‘omlik Nurmurod Bekmurodovdan “Sizning Mirsharopov haqidagi fikrlaringiz qanaqa, u chindan ham xalq dushmani bo‘lganmi yoki bo‘lmaganmi?” deb so‘raydilar. Shunda u: “M. Mirsharopov haqida bir gap aytishga juda cho‘chiyman. Men Mirsharopov bilan birga ishlaganman. Shu paytgacha men uni nihoyatda hurmat qilardim. Va boshqa safdosh do‘stlarim ham hurmat qilardi. Bir kuni Mirkomil Mirsharopov meni chaqirtirdi. O‘sha paytda bir qo‘rboshining boshini olib kelgandim. Buning uchun menga albatta “Qizil yulduz” ordeni berilishi kerak edi. Shunda Mirkomil Mirsharopov: “Nechta orden olgansiz?” deb so‘radi. “Ikkita orden olganman”, dedim. Shunda Mirsharopov: “Boshqa orden olmaysiz”, degan. Men uning shu gapiga tushunmaganman”, degan.

Ana shu kabi voqealarni bir-biriga qiyoslab, Mirkomil Mirsharopov o‘ziga o‘xshagan qo‘mondonlarning qo‘li bilan yana millat fidoyilarini qirishda davom etayotganini sezgan, degan fikrga keldim. Shuning uchun bu ishlarni o‘zining vijdoniga xilof deb hisoblagan. “Boshqa orden olmaysiz”, deganida u “ozodlik kurashchilarini boshqa o‘ldirmaysiz” ma’nosida gapirgan bo‘lishi kerak.

1956-yil.Oqlovda ko‘rgazma berganlar

Pastdarg‘omlik Nurmurod BEKMURODOV:
“Men Mirsharopovni taxminan 1927-yildan beri bilar edim. U 1927–1932-yillarda 41-otliq askarlar polkiga, 1932-yildan 1934-yilgacha 19-o‘zbek diviziyasiga qo‘mondonlik qilgan. U polk va diviziya komandiri bo‘lgan vaqtida komandir va askarlar o‘rtasida katta obro‘ qozongan. Lagerga yaqin joylashgan kolxozlardan biri uning nomi bilan atalgan, u haqdagi o‘zbek tilidagi qo‘shiqda polk, keyin esa diviziya “Mirsharopov diviziyasi” deb ulug‘langan”.

Iste’fodagi general Ibragim BEKJONOV:
“1929–1930-yillarda Mirsharopov diviziyaga komandir etib tayinlangan, men esa shu vaqtda 41-otliq askarlar polkiga komandir edim. 1933-yilda Olmaota shahriga ketdim. 1935-yili qaytib kelganimda, u diviziyada yo‘q edi. U polkka komandirlik qilgan paytida o‘zini savodli hisoblar, qo‘l ostidagilariga katta talabchanlik bilan qarardi. Ko‘p vaqtini O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti va Markaziy inqilobiy komitetning turli syezdlari, plenumlari, kengashlari va boshqa joylarda o‘tkazardi.

Yaxshi eslayman, Mirsharopov: “O‘zbek diviziyasidagi yevropalik komandirlar muvaqqat komandirlar bo‘lib, ularning vazifalari o‘zbeklardan komandir kadrlarni tayyorlash, shundan keyin barcha komandirlar tarkibi faqat o‘zbeklardan iborat bo‘lishi kerak”, deb doim ta’kidlardi”.

Toshkentlik Mirvahob MIRABDULLAYEV:
“Men Mirsharopovni muomalali, madaniy va sezgir komandirlardan biri sifatida bilganman. U doim harbiy bo‘limlarda bo‘lib, oddiy qizil askarlar bilan suhbatlashar, ularning arz-dodini diqqat bilan tinglar, qanday yordam berishi mumkin bo‘lsa, shu yordamini berardi. Shu bilan birga Mirsharopov juda talabchan edi. Hech kim uning topshiriqlarini bajarmaslikka jur’at qilolmas edi. Komandir va jangchilar o‘rtasida hurmati katta, hamma hurmat qilar edi”.

Furqat ERGASHEV,
“Vatanparvar”

Mirkomil MIRSHAROPOV

1900-yilda Avliyoota (hozirgi Toroz) shahrida tug‘ilgan.

1914-yili rus-tuzem maktabini tugatgan.

1921-yildan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi harbiy noziri.

1925–1929-yillarda Moskvadagi harbiy akademiyada o‘qigan.

1929–1932-yillarda Samarqanddagi o‘zbek otliq askarlar polkining komandiri va komissari.

1932–1935-yillarda 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi qo‘mondoni va komissari.

1935-yili sobiq SSSRning Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasidagi harbiy attashesi.

1936–1937-yillarda Shimoliy Kavkaz harbiy okrugi alohida otliq brigadasi qo‘mondoni va komissari.

1937-yil 28-oktabrda sovet rejimi tomonidan Maykopda qamoqqa olinib, Toshkentga jo‘natilgan.

O‘zbek diviziyasi yordamida O‘zbekistonni SSSR tarkibidan ajratib olish va mustaqil davlatni barpo etishga urinishda ayblanib, 1938-yil 10-oktabrda otilgan.

U bilan birga qo‘l ostidagi 17 nafar turli toifadagi ofitser yo‘q qilingan.

———————————————————————————————

Mirkomil Mirsharopov bilan birga “aksilinqilobchi”, “millatchi”, qaysidir davlatning josusi sifatida ayblanib, 1938-yil 10-oktabrda otilgan 19-o‘zbek
tog‘-otliq diviziyasining 17 nafar ofitseri

 

  1. Abdurahimov Muhammad.

1903-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 42-otliq polki harbiy komissari bo‘lib ishlagan.

  1. Abdullayev Abdujalil.

1903-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 42-otliq polkining katta siyosiy rahbari.

  1. Azizov Toshkenboy.

1903-yilda Farg‘ona viloyatining Olmos qishlog‘ida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 19-otliq artilleriya divizioni otlar bo‘yicha texnik.

  1. Aliyev Mamadali.

1907-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 41-otliq polki vzvod komandiri.

  1. Otayev Sulaymon.

1904-yilda Qozog‘iston SSR Turkiston tumani Otaboy qishlog‘ida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasining siyosiy bo‘lim instruktori.

  1. Dadaboyev Yo‘ldosh.

1901-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi siyosiy bo‘limining katta instruktori.

  1. Isomiddinov Hamid.

1902-yilda Qozog‘iston SSRning Turkiston shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 41-otliq polki shtabining rahbari.

  1. Egamberdiyev Dadajon.

1903-yilda Pop tumani Pop qishlog‘ida tug‘ilgan.

  1. Muftazodiyev Axat.

1904-yilda Yuqori Chirchiq tumani Qarshi qishlog‘ida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 41-otliq polki maktabining vzvod komandiri.

  1. Tolipov Komiljon.

1900-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 42-otliq polk qo‘mondonining yordamchisi.

  1. Umaraliyev Akbar Haydarovich.

1902-yilda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumani Qashqarmakay qishlog‘ida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi mexdivizionining siyosiy yetakchisi.

  1. Hamroqulov Burhon.

1902-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi partiya komissiyasining bosh kotibi. Harbiy unvoniga ko‘ra, batalyon komissari.

  1. Shokirov Jo‘raboy.

1904-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi siyosiy bo‘limining katta instruktori.

  1. Shukurov Xolmat.

1900-yilda Qozog‘iston SSRning Chimkent shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi shtabi 1-bo‘limi rahbarining yordamchisi.

  1. Yo‘ldoshev Botir.

1909-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi siyosiy bo‘limida komsomol ishi bo‘yicha instruktor.

  1. Yoqubov Sodiq.

1905-yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 42-otliq polkining otlar bo‘yicha texnik instruktori.

  1. Risqulov Mirzaqul.

1904-yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasining nashri bo‘lgan “Qizil yulduz” gazetasida muharrir.

 

Previous articleISHONCH RAMZI

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine