Juma, May 24, 2024
HomemaqolalarKURSDOSHLAR GENERALI

KURSDOSHLAR GENERALI

Eng buyuk kitob

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytgan hikmat o‘yga toldirdi: o‘qiladigan eng buyuk kitob bu insondir. Uni o‘qiy oldikmi? Necha sahifasini o‘qidik? Suratini o‘qidikmi, siyratini? Borlig‘imizni foniy surat bilan ko‘ra olmaymiz-ku? Savollar ko‘p. O‘zimizni topolmay, o‘zimizni anglamay yurgan bir banda bo‘lsak. Bu kitobni o‘qishga yo‘l bo‘lsin.

Surati va siyrati boshqa-boshqa insonlarga ham yo‘liqamiz. Ularni o‘qish mumkinmi? Bilmadim, buning uchun qanaqa ilm kerak ekan?! Qalbni o‘qishga o‘rgatadigan fan bormi?! Ishonuvchanligim – ojizligim belgisi. Shu sabab surati aldab qo‘ygan kitoblar ko‘p bo‘lgan.

Hayot surati va siyrati bir xil odamlarga ham yo‘liqtirdi. Ular bilan muloqot qilganimda qalbim nurga to‘lgandek bo‘ladi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja siymosiga chizgilar bitish oson emas. Ko‘z oldimda birdaniga uch qiyofa gavdalangandek bo‘ladi: do‘st, olim, rahbar. Talabchan, qattiqqo‘l rahbar siymosini ko‘rganda faol pozitsiya paydo bo‘ladi. Vatan, millat uchun fidoyi bo‘lishga ichki bir kuch unday boshlaydi. Mehribon, ko‘ngilchanligida do‘st qiyofasi gavdalanadi. Ilm haqidagi kuyunchakligini ko‘rib, qalb ravshan tortadi. Ilm yo‘lini izlaganlarning manzilini yoritishga harakat qilayotgan olimni ko‘rasiz. Ko‘zani ilm nuri ila to‘ldirishga shoshaman.

Qaysi biriga qarab Sherzodxonning portretini shakllantira olasiz? Murakkab jumboq. Ammo yechimi yana uning o‘zida. Olimlik ustun keladi. Bebaho hikmat xayolimga keladi: “Allohning shunday bandalari bor. Ular yomg‘irlarga o‘xshaydi. Quruqlikka yog‘sa – xayr-u barakot, dengizga yog‘sa – marvarid hosil qilurlar”. Yomg‘ir avliyolar, olimlarga ishora. Ularning suhbati, aytadigan so‘zi, qiladigan amallari jismimizga yomg‘ir bo‘lib tushganda xayrli ishlarga rag‘batimiz ortadi. Qalbimizga tomganida jonimiz ilm-u ma’rifat bilan, ya’ni bebaho marvarid bilan bezanadi. Men bu kitobdan shuni o‘qidim. Sherzodxonning siymosi haqidagi tasavvurimga chizgi tortdim: olimligi ustun kelgan rahbar, olimligi ustun kelgan do‘st.

Ko‘za qanchalik chiroyli bo‘lmasin, uni tomosha qilishdan zerikasiz. Shunday. Maqsad surat emas, siyrat bo‘lgani uchun. Ko‘zadan maqsad – ichidagi suv. Zilol obi hayot – masalaning mohiyati. Suratga mahliyo bo‘lib, ma’noda g‘ofil qolish kishini adashtiradi.

Vzvod komandiri

1994/1995-o‘quv yilida Toshkent davlat universiteti harbiy kafedrasida tahsil oldik. Sherzodxon vzvod komandiri edi. Harbiychasiga aytganda, guruhda haqiqiy lider edi. Bu fazilat harbiylikda qadrlanadi. Shu sababli kursdoshlar hazillashib, “general” derdik. Farishtalar omin deganmi, bugun O‘zbekiston jurnalistikasining generallaridan biri, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Jurnalist sifatidagi faoliyatini boshqa hamkasblar batafsil yozadi, degan umiddaman. Lekin bu unvonni berish uchun uning bitta ishi yetarli: “Xalqaro press-klub”. O‘zbekiston, xalq manfaati yo‘lida haq so‘zni aytishga chog‘langan media yetakchi. Aslida, har bir narsaning botiniga nazar solgan haq yo‘lni topadi.

Universitet tuprog‘ida ungan urug‘

2019-yil, bahor. Mudofaa vazirligi mutasaddilari bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga keldik. Harbiy jurnalist kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasida memorandum imzolashimiz kerak. Tantanali ravishda hujjatga imzo qo‘yildi. Bu bilan ish bitmadi. Hazil aralash menga ishora qilgancha: “Polkovnikni berasizlar”, dedi Sherzodxon vazirlik rahbariyatiga. To‘g‘risi, biz harbiy jurnalistika ilmining taqdiri haqida o‘ylab ko‘rmagandik. Hujjat imzolasak, qolgani O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining muammosi, degan ichki bir o‘y ham yo‘q emasdi. Sherzodxon rahbar sifatida emas, olim sifatida o‘yladi. Yangi yo‘nalish – harbiy jurnalistikaning ilmi haqida poydevor qo‘yilmasidan qayg‘urdi.

Bugun O‘zbekistonda harbiy jurnalistika ilmi rivojlana bormoqda. Dissertatsiyalar himoya qilindi. O‘quv qo‘llanmalari, darsliklar yozildi. Faqat bakalavriat emas, magistratura yo‘nalishi ham ochildi. Alohida kafedra tashkil etildi. Urug‘ qachon unib chiqib, hosil beradi? Muhit yaxshi bo‘lganida. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tuprog‘ida unyapti, hosil beryapti shu urug‘. Bunda, albatta, jurnalistika ilmiga haqiqiy yetakchilik qilayotgan inson, professor, universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing hissasi, u yaratgan ilmiy muhitning ahamiyati katta.

Nurga yetgan ilm

Sherzodxon do‘stim ko‘pincha menga “o‘rtoq polkovnik”, deya murojaat qiladi. Maqtasa ham, tanbeh bersa ham, odatda bu so‘z ishlatiladi. Unga javoban “hurmatli general”, deyman. Muloqot va suhbatimiz samimiyatiga shu so‘zlar yetarli bo‘ladi. Yarimta gapdan masala anglashiladi. Harbiycha kalomning kuchi shunday. Qadimda qo‘mondonlar buyursa, “Bosh ustiga!” deyilgan.

2019-yilda faoliyatimni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida davom ettirdim. Universitetda ilk bor ilmiy kengash yig‘ilishida ishtirok etdim. Ilm bilan bog‘liq mashvarat manfaatli-da. Kutilmaganda rektor Sherzodxon Qudratxo‘ja men haqimda ma’lumot bera boshladi: “Haqiqiy polkovnik. Harbiy jurnalistika sohasi rivojida juda katta ishlar qilgan. Bugun biz bilan bir safda. Xudo xohlasa, ilmda general bo‘ladi!”

Bu gaplarda samimiyat bor edi. Ruhlanib ketdim. Rahbaring, do‘sting, olim odam shunday deb turgandan keyin “Bosh ustiga!” deysan. O‘sha kundan e’tiboran men o‘zimga vazifa belgilab olganman. Orzularimning eng afzalini ilmga qaratdim. Ustoz degan maqomga munosib bo‘lish, o‘quv adabiyotlari yozish, harbiy jurnalistika sohasida baholi qudrat tadqiqotlar o‘tkazish harakatidaman. Rektor, olim, do‘st Sherzodxon Qudratxo‘janing yonida hech bo‘lmasa ilmning bir askaridek turish uchun bel bog‘laganman.

Ovozingni emas, so‘zingni yuksaltir, deydi Rumiy. Momaqaldiroq shovqin ko‘targani bilan maysani undiradigan yomg‘ir bo‘ladi. Bu gap olimlar uchun ham ayni muddao deb o‘yladim. Afsus, bugun jamiyatda hamma ham so‘zini yuksaltirishga o‘zida rag‘bat sezmaydi.

Sherzodxon Qudratxo‘janing rektorligi, olimligi, professional jurnalistligi, suyansa bo‘ladigan do‘st ekani borasida, balkim, ko‘p narsa ayta olmagandirman. Bilim va kuch sarflab, nurga yetishga intilish – olimning qismati. Nurga yetgan ilmdan yaxshi ham, yomon ham bahramand bo‘ladi. Do‘stim Sherzodxonning siymosida, u rektor bo‘ladimi, olim bo‘ladimi, taniqli jurnalistmi, bir narsani – nurga yetgan ilmni ko‘raman.

Ellik yoshingiz muborak bo‘lsin, hurmatli general!

 

Alijon SAFAROV,

O‘zJOKU Harbiy va sport jurnalistikasi

kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),

dotsent

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine