Payshanba, Iyun 13, 2024
HomeyangiliklarUBAYDULLA XO‘JAYEV – ADVOKAT, NOSHIR, MUHARRIR, HARBIY VAZIR

UBAYDULLA XO‘JAYEV – ADVOKAT, NOSHIR, MUHARRIR, HARBIY VAZIR

Ubaydulla Xo‘jayev 1886-yili Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan.

Jadidchilik harakatining yirik vakili.

Turkiston muxtoriyatining harbiy ishlar vaziri.

1908–1912-yillarda Saratov shahridagi Huquqshunoslik institutida o‘qigan.

1913-yil. “Turon” jamiyatining asoschilaridan biri.

1914-yil. “Sadoyi Turkiston” gazetasini tashkil etgan.

1916-yili Oq podshoning mardikorlikka jo‘natish haqidagi farmonini bekor qilish uchun Mirkomilboy Mirmo‘minboyev bilan Peterburgga borgan.

1917-yil. Butun Turkiston musulmonlari birinchi qurultoyida tashkil qilingan Turkiston o‘lka musulmonlari milliy markazi kotibi va a’zosi, Butun Rossiya musulmonlar kengashi MK a’zosi.

1942-yilning 31-oktabrida qamoqxonada halok bo‘lgan.

Birinchi o‘zbek advokatining shakllanish yillari

 Turkiston el-ulusining haq-huquqlarini himoya qilish, milliy qo‘shin tuzish ishlari haqida so‘z ketganda, jadidlarning taniqli vakili Ubaydulla Xo‘jayev nomi birinchilardan tilga olinadi. Chunki u jadidlar orasida yangi zamon qonunlarini mukammal bilgan, huquqshunos-advokat degan shahodatnomaga ega yagona shaxs edi.

1904-yili gimnaziyani tugatgan Ubaydulla Toshkentdagi sudyalardan biri Oranskiyning qo‘lida mirza bo‘lib, sud jarayonlarida tarjimonlik qiladi. 1907-yilda Toshkent temiryo‘l boshqarmasining Orenburg shahriga ko‘chirilishi munosabati bilan temiryo‘lning yuridik bo‘limida xizmat qilayotgan Ubaydulla 1908-yili Saratov shahriga ko‘chadi. 1913-yilga qadar O‘rol temiryo‘li boshqarmasida turli lavozimlarda xizmat qilib, shu yillarda Saratov shahridagi universitetning adliya bo‘limini sirtdan tamomlaydi va xususiy himoyachi shahodatnomasiga ega bo‘ladi.

Shu yillarda Rossiyada keng muhokamalarga sabab bo‘lgan ulug‘ yozuvchi Lev Tolstoyning yovuzlikka qarshi yovuzlik bilan javob bermaslik haqidagi nazariyasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini yozib, adibga jo‘natadi. Uning asosli fikrlari Lev Tolstoyni qiziqtirib, yosh huquqshunos xatiga javob yozadi. Bu voqea yosh o‘zbek advokati Ubaydulla Xo‘jayevning teran aql-zakovat sohibi ekanini anglatadi.

 Jadidlar safida

 Uning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi faol ishtiroki Toshkentga qaytganidan so‘ng boshlanadi.

1913-yildan Toshkent okrug sudida xususiy advokat bo‘lib ishlagan davridan boshlab, jadidchilik harakatiga qo‘shiladi va tez orada yetakchilaridan biriga aylandi. Toshkentda 1914-yilning aprelida “Sadoyi Turkiston” gazetasini chiqarib, unga muharrirlik qildi. O‘z atrofiga yoshlarni to‘plab, “Umid” yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot “Taraqqiyparvar” deb nomlanib, Turkiston jadidlarining asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi. “Sadoyi Turkiston” gazetasi 1915-yilning aprelida Rossiya imperiyasining mahalliy ma’murlari tomonidan yopilgach, u Andijonga boradi va rus tilida “Turkestanskiy golos” gazetasini nashr qildiradi. Viloyat harbiy gubernatori gazeta nashr qilish uchun ruxsatnoma berishdan avval U. Xo‘jayevning qanday shaxs ekanligi haqida ma’lumot to‘playdi. Buni uning 1913-yil 31-dekabr kuni Turkiston general-gubernatori nomiga yo‘llagan bildirishnomasi tasdiqlaydi: “Politsiyachilar tomonidan to‘plangan mening ixtiyorimdagi ma’lumotlar janob Xo‘jayevning siyosiy yoxud axloqiy tomondan inobatli shaxs ekanidan shubhalanishga asos bermaydi. Lekin, shunga qaramay, mahalliy tildagi yagona bu xususiy gazeta butun o‘lka miqyosida juda katta ahamiyat kasb etishi mumkinligini hisobga olib, uning mazmun va yo‘nalishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatish zarurligini ma’lum qilaman”.

Advokatlik faoliyatiga chizgilar

 Turkistondagi huquqsizlik, chor ma’murlariga qarshi o‘z haqlarini talab qilib chiqqan mazlumlarning ayanchli taqdiri Ubaydulla Xo‘jayevni iztirobga soladi va aniq choralar ko‘rishga undaydi.

  1. Xo‘jayev 1916-yilda Davlat Dumasida Turkistonda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan ma’ruza qiladi, mahalliy aholidan mardikor olish xatarli ekani haqida harbiy vazir nomiga telegramma yuboradi. Dumada hatto mardikorlikka olish haqidagi imperator farmonini bekor qildirish talabini qo‘yadi.

“1916-yili Andijon qo‘zg‘olonining shafqatsizlik bilan bostirilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani uchun Ubaydulla Xo‘jayev mahalliy chor hokimiyatining vahshiyona xatti-harakatidan g‘azabga keladi, deydi akademik Naim Karimov. Peterburgdagi Davlat Dumasini Andijondagi chor amaldorlari bedodligidan xabardor qilib, F. Kerenskiy rahbarligidagi Davlat Dumasi komissiyasining tekshirish uchun Andijonga kelishiga muvaffaq bo‘ladi. Ularni qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tgan va qo‘zg‘olonchilarning qonlari to‘kilgan joylarga olib borib, jabrdiydalarning hasratli qissalarini ularga tarjima qilib beradi. Duma a’zolari Andijonda bo‘lib o‘tgan vahshiyliklar haqida Peterburgga borib, Davlat Dumasini ogoh qiladilar”.

Samarqandlik Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzodaning “Jizzax qo‘zg‘oloni” deb nomlangan xotiralarida ham Ubaydulla Xo‘jayevning advokatlik faoliyatiga oid chizgilar bor. 1936-yilda Jizzax voqealarining 20 yilligi munosabati bilan yozilgan xotiralardan o‘qiymiz: “Gunohkorlarning qarindosh-urug‘laridan bir necha kishi Toshkentga borib, o‘sha paytlar advokatlik qiladigan jadidlarning yirik namoyandalaridan biri Ubaydulla Xo‘jayevga oldindan xizmat haqini to‘lab, uni gunohkorlarga vakil bo‘lishga ko‘ndirdilar. Ubaydulla Xo‘jayev Petrogradga borib, u yerdan birinchi darajali ikki advokat Beniamin va Ibrohim Axtamovlarni Samarqandga olib keldi. Bu tatar advokatlar aka-uka edilar”.

Oxirgi sudga yetib kelgan advokatlarning so‘zlari jabrlanuvchi va sud ishtirokchilarining hayratini oshiradi: “Navbat prokurorga keldi. Prokuror uzundan uzoq nutqi davomida suvdan halvo yasab, yo‘qni bor, borni yo‘q qilib ko‘rsatishga ko‘p kuch sarfladi va suddan gunohkorlarga qattiqroq jazo berishni so‘radi. So‘z navbati advokatlarga yetdi. Avval Beniamin Axtamov chiqib, nutq so‘zladi. U nutqida begunohlarga ayb qo‘yilayotganligini, bu borada Turkiston hukumatdorlarining noqonuniy xatti-harakatlar qilayotganligini ta’kidlab, bu haqda Davlat Dumasiga axborot beraman, deya joyiga o‘tirdi.

Shundan so‘ng navbat oxirgi advokat Ibrohim Axtamovga yetdi va u qariyb ikki soatcha nutq so‘zladi. “Muhtaram sudyalar! Mana necha asrlardan buyon Rusiyada noqonuniylik va soxta idora tizimi davom etib kelmoqda. Ayni zamonda, ya’ni XIX asr oxiri va XX asr boshlarida qonunni oyoqosti qilayotgan, soxtagarchilikni kuchaytirayotgan bizning o‘zimiz, boshqacha ta’bir noo‘rin. Chunonchi, qonunlarga amal qilmaslik oqibatida yuzaga kelgan tartibsizliklar, isyonlarni kim bilmaydi, deysiz. 1892-yili Astraxanda tartibsizliklarning vabodek tarqalishi, o‘t qo‘yishlar, turli shaharlarda yahudiylarni qirg‘in qilishlar, Kavkazda armanilar bilan tatar (turk)lar o‘rtasidagi mojarolarning yuzaga kelishi Rusiyada urchib ketgan qonunsizliklarning oqibati ekanini qay birimiz inkor eta olamiz?” deydi Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzoda xotiralarida. Natijada sud prokurorning talabini inobatga olmay, qattiqroq jazo o‘rniga “yengilrog‘i”ni qabul qiladi.

Qurultoyda so‘zlangan nutq

 Ubaydulla Xo‘jayev 1917-yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan “Butun Rossiya musulmonlari ikkinchi syezdi”da ishtirok etib, nutq so‘zlaydi:

“Muhtaram janoblar! Turkistonda hanuz eski hukumat zamonidagi kabi tazyiq hukm surmoqda. Soldat va ishchi deputatlar (Soldat va ishchi sho‘rolari) Turkiston xalqlarini xohlaganlaricha qisadilar…

Ishchi va soldat sho‘rolari ideya jihatidan juda yaxshi muassasalar bo‘lsa ham, ularning Turkistondagilarini bilib bo‘lmaydir. Ular o‘z oralarig‘a musulmonlarni kiritmaydilar, kiritsalar ham 1-2 dan ortiq o‘rin bermaydirlar va o‘zlari Turkistonning siyosiy va madaniy manfaatlari uchun sa’y qilmaydilar…

Ularning hozircha qo‘llarida askarlari, pulemyotlari va to‘plari bor, ammo yerli xalqlarning hech nimarsasi yo‘q…”

Ubaydulla Xo‘jayev nutqini shunday yakunlaydi:

“Umuman demokratlar (ya’ni bolsheviklar) turkistonlilarni kishiga sanamaydilar, o‘z kishilarini qaramoqni o‘zlariga topshirishni ma’qul ko‘rmaydilar. Shul sababdan Turkistonga o‘z taqdirini o‘zi hal qilishga muxtoriyat bermoq, onda musulmondan ixtiyoriy polklar tashkil qilmoq, qirg‘izlar orasindan rus askarlarini olib, alarni o‘rniga musulmon askarlarini yubormoq ham qirg‘izlar ila birga tura olmaydurgan muhojirlarni ko‘chirmoq kerak. Shul vaqtdagina Turkiston xalqini jabr va zulmlardan qutqarmoq mumkin bo‘ladir”.

Bu so‘zlar hukmron hukumat va uning o‘z aytganlariga ters ish qilishi, mahalliy xalqning hanuz azob-uqubatda ekanidan darak berishi bilan birga, Ubaydulla Xo‘jayev shaxsini ko‘z o‘ngimizda butunligicha namoyon qiladi.

Harbiy ta’lim guruhlari

Jadidlarning yorqin siymolaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov Ubaydulla Xo‘jayevning eng yaqin hamfikr va hamkorlaridan biri edi. Munavvarqorining ijtimoiy faoliyatini doimiy ravishda zimdan kuzatib borgan Rossiya oxrankasining Turkiston bo‘limi o‘lka bosh gubernatori nomiga yo‘llagan bildirishnomalarida Munavvarqorini “Sadoyi Turkiston” gazetasining asosiy ma’naviy ustunlaridan biri deb ko‘rsatgan. 1914-yilda Munavvarqori “Sadoyi Turkiston” gazetasining muharriri, xususiy himoyachi Ubaydulla Xo‘jayevning asosiy yordamchisi bo‘lgan” (1916-yil 19-noyabr. Maxfiy bildirishnoma).

Munavvarqori Abdurashidxonov 1919-yilda “Ittihod va taraqqiy”ning Turkiston bo‘yicha o‘tgan qurultoyida tashkil etilgan “Milliy ittihod” tashkilotining Markaziy qo‘mitasiga rais etib saylanadi. Tashkilotning bosh mafkurachisi va rahbari sifatida, avvalo, turli sohalarda milliy kadrlarni tayyorlash masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Milliy davlatni qurish va boshqarish hamda muhofaza qilish uchun maktablarda harbiy ta’lim beradigan guruhlar tuzishni rejalashtiradi. 1918-yilda bunday guruhlardan bir nechtasi tuziladi. Matbuotda berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Said Ahroriy rahbarligida “Izchi”, Haydar Shavqiy rahbarligida “Temur”, S. Rojiy rahbarligida “Turk kuchi”, Tangriqul Maqsudiy rahbarligida “Turon kuchi” va ularning “Lochin”, “Botu” kabi qo‘llari, ya’ni filiallari tashkil qilinadi.

“Idora xalqning o‘z qo‘lig‘a ko‘chuvi…”

 Tadqiqotchi Erkin Rajabovning “Turkiston muxtoriyatida tuzilgan milliy qo‘shin tarixidan” maqolasida muhim ma’lumotlar berilgan. 1917-yilning 26–28-noyabr kunlarida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan butun Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida Turkiston muxtoriyati hukumati tuziladi. Sakkiz kishidan iborat hukumat tarkibida Ubaydulla Xo‘jayev ham bo‘lib, u bir ovozdan harbiy ishlar vazir lavozimiga tayinlanadi.

Turkiston muxtoriyati qo‘shini haqida o‘sha davr matbuotida qator maqolalar e’lon qilinadi. Xususan, Muxtor Bakir “Ulug‘ Turkiston”da “Muxtoriyat hukumatining vazifasi” nomli maqolasida “Mustabid chor hukumati vaqtida Turkistonga chetdan naqadar ko‘p qurolli askar kelturilib turilar erdi. Muxtoriyat e’lon qilinub, idora xalqning o‘z qo‘lig‘a ko‘chuvi ila bu askarlarga ehtiyoj bitdi. Shuni e’tiborga olib bo‘lsa kerak, hozir Turkistonning boshqa shaharlarida bo‘lg‘on askarlar har qaysinisi o‘z Vatanlariga qayta boshladilar”, deb yozadi. “Turkiston muxtoriyati va turkistonlilar” nomli maqolada “Muxtoriyatni e’lon qiluv bilan turkistonliklar oldiga g‘oyat ulug‘ va og‘ir bo‘luvchi ila barobar muqaddas va mas’uliyatli xizmatlar kelub turmaqdadur. Mazkur vazifalar qatorida eng muhim vazifalardan biri sifatida askariy mahkamalar va tashkilotlar tuzish va zobitiya ishlarini tartib etish e’tirof etib o‘tiladi”, deydi.

Mustafo Cho‘qayning tashakkuri

 Muxtoriyatni saqlab qolishning muhim shartlaridan biri bo‘lgan askar masalasi o‘rtaga chiqqanda bu ishga hukumat o‘ziga xayrixoh bo‘lgan va harbiy sohadan xabardor boshqa millat vakillarini ham jalb etadi. Turkiston muxtoriyatining raisi Mustafo Cho‘qay o‘g‘lining xotiralaridan o‘qiymiz: “O‘sha paytda mening yonimda bir polshalik harbiy shtab-ofitseri bor edi. Ismini unutib qo‘yganman, bu kishi askariy tashkilotimizning sho‘ba mudiri edi. O‘sha bizning milliy ishlarimizga yurakdan berilgan, bilarmon va qobiliyatli edi”. Mustafo Cho‘qay xotiralarida yana bir polyak ofitseri Yunisha Gzovskiyga ham o‘z tashakkurini bildirgan.

Bog‘da o‘tgan harbiy yig‘in

 Muxtoriyat e’lon qilingan dastlabki kunlardanoq hukumat milliy armiyasi hamda militsiyasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. 1918-yilning 9-yanvarida Turkiston muxtoriyati askarlari dastlabki harbiy namoyishni o‘tkazdi. Qo‘qonlik Abdurazzoqboyning bog‘ida o‘tgan yig‘inda muxtoriyat askarlarini Ubaydulla Xo‘jayev o‘zi va yangi hukumat nomidan tabriklab, “Sizlar Turkiston muxtoriyatining birinchi qahramonlari bo‘ldilaringiz, bunga faxrlansangiz arziydi, chunki sizlar Vatanga birinchi marta o‘z ixtiyoringiz bilan askar bo‘ldingiz. Men sizlarni muxtoriyatli Turkiston hukumati a’zolari nomidan tabriklab qolaman”, deya Turkiston yoshlarining vatanparvarlik hissini uyg‘otuvchi nutq so‘zlaydi.

O‘sha kuni qurollangan qo‘shin soni 500 kishini tashkil etdi, shundan 200 tasi otliq askar edi. Ubaydulla Xo‘jayev va boshqa fidoyilar sa’y-harakatlari bilan qisqa vaqtda muxtoriyatning askarlari soni 2 mingga yetadi.

 Kechikib kelgan ko‘mak

 Turkiston muxtoriyatining oziq-ovqat vaziri bo‘lgan Obidjon Mahmudov o‘z vakolati doirasiga kirgan vazifadan tashqari, muxtoriyat askarlarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, unga professional mutaxassislarni jalb etish masalasiga ham katta ahamiyat berdi. 1918-yilning boshlarida u Kavkazda ochilgan “Ittihod va taraqqiy” partiyasi rahbari Hasan Ravshaniy bilan Ozarbayjonda uchrashdi. Uchrashuv vaqtida u Turkiston ittihod va taraqqiyparvar jamiyatining Hasan Ravshaniy nomiga yozilgan maktubini topshirdi. 1918-yilning 9-yanvarida yozilgan bu xatda Turkistonda milliy kuchlar tashkil qilinishi uchun tajribali mutaxassislar so‘ralgan edi. Turkiston ittihod va taraqqiyparvar jamiyatining maktubi va talablarini Hasan Ravshaniy zudlik bilan Istanbuldagi “Ittihod va taraqqiy” partiyasining bosh markaziga yubordi.

1918-yilning 8-mart sanasida Hasan Ravshaniy Obidjon Mahmudovga javob xati yo‘lladi. U maktubida…Turkistonda zobit yetishtirmoq maqsadida bir harbiy maktab ochish, harbiy tashkilot qurish va milliy oloylar (polklar) tuzish uchun zobitlar ham yuborildi… Zobit afandilar ham qaydsiz-shartsiz “Ittihod va taraqqiy” partiyasiga itoat qiladir va faqat harbiy ishlar bilan shug‘ullanadir. Ana shu tartibda ish yuritilgan taqdirda katta muvaffaqiyatlarga vosil bo‘lishingizdan umidvorman hamda Turkiyaning har sohada turkistonlik qardoshlarimizga yordam etajagiga va’da beraman, Afandim”, deya javob qaytardi.

Muxtoriyatning ag‘darilganidan bexabar Hasan Ravshaniy va’dasiga ko‘ra, Yusuf Ziyo ismli shaxs hamda 20 nafarga yaqin usmonli askarini Obidjon Mahmudov bilan birgalikda Turkistonga yubordi. Ammo bu vaqtga kelib, fursat boy berilgan, muxtoriyat bolsheviklar tarafidan zo‘ravonlarcha ag‘darilgan edi.

Muxtoriyat askarlarining hujumi

 O‘sha davr matbuotining xabar berishicha, 1918-yil 31-yanvarda (hozirgi hisob bilan 14-fevralda) muxtoriyat milliy qo‘shini bilan qizil askarlar o‘rtasida jang boshlanadi.

Muxtoriyat askarlari vaqtdan yutish, dushmanni dog‘da qoldirib, qurol-aslahalarini o‘lja olish uchun 12-fevralga o‘tar kechasi Qo‘qondagi harbiy qism joylashgan qo‘rg‘onga hujum qiladi, deydi akademik Naim Karimov. Ammo qo‘riqchini o‘ldirib, darvozani ochib, qo‘rg‘on ichiga kirgan askarlardan biri bexos tepkini bosib yuboradi. Otilgan o‘q ovozidan uyg‘ongan askarlar “trevoga” ko‘tarib, qo‘rg‘on darvozasini yopib oladi…

O‘sha kuni kechasi muxtoriyatning bir necha askari telefon stansiyasiga kirib, telefonistlardan Yangi shahardagi aloqa tarmog‘ini uzishni talab qiladi. Boshqa bir guruh esa qo‘riqchini o‘ldirib, Qo‘qon Soveti binosiga bostirib kiradi va Sovet raisi Babushkinni qo‘lga olmoqchi bo‘ladi. Ammo Babushkin qochibgina qolmay, bolsheviklarga xayrixoh kuchlarni zudlik bilan to‘plashga muvaffaq ham bo‘ladi. Babushkinning tashabbusi bilan tuzilgan inqilobiy komitet (revkom) Toshkent bilan aloqa bog‘lab, harbiy yordam so‘raydi.

Vaziyatning shunday murakkablashganiga qaramay, muxtoriyatchilar qo‘rg‘onni bosib olish niyatlaridan qaytmaydilar. Qizil askarlar bunga javoban 31-yanvar kunduz soat 3 da zambaraklardan Eski shaharga 10 ta, ertasiga esa 20 ta snaryad otadi. Eski shahar vayron qilinadi.

Muxtoriyat vahshiyona bostirilganidan so‘ng VChK – OGPU – NKVD organlari U. Xo‘jayevni bir muddat ham tinch qo‘ymagan. U 1921, 1926, 1929, 1931-yillarda qamoqqa olinib, qisqa muddatli jazo muddatlarini o‘tagan. U ozodlikka erishgan paytlarida turli bahonayi sabablar bilan qatag‘on qilinayotgan vatandoshlarini advokat sifatida mardona himoya qiladi. 1938-yili esa so‘nggi marta olib ketilib, turmada hayotdan ko‘z yumadi.

Furqat ERGASHEV

 

Previous articleKURSDOSHLAR GENERALI

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine