Payshanba, Iyun 13, 2024
HomemaqolalarEKRANDA URUSH OBRAZI

EKRANDA URUSH OBRAZI

So‘nggi 4-5 yillikda tarixiy xotirani tiklash, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganish borasidagi izlanishlarni jadal davom ettirishga alohida e’tibor qaratila boshlagach, Ikkinchi jahon urushi mavzusi milliy kinomizda yana dolzarb mavzulardan biriga aylanmoqda. Agar 1991-2018-yillar orasida faqatgina “Vatan” filmi (2006) urush mavzusini yetakchi planga olib chiqqan bo‘lsa, oxirgi yillarning o‘zida to‘rtta film – “Berlin–Oqqo‘rg‘on”, “Ilhaq”, “101”, “O‘zbek qizi” urush manzaralarini turli rakurslardan ochib berishga qaratildi.

“Vatan” (rej. Z. Musoqov, 2006) mustaqillik davrida Ikkinchi jahon urushi mavzusida yaratilgan dastlabki to‘liq metrajli badiiy film bo‘lish bilan birga, Sovet boshqaruvidan xalos bo‘lgan O‘zbekistonning urush mavzusiga nisbatan mustaqil yondashuvini ham ilk bor ekran orqali namoyish etdi. Film ijtimoiy-maishiy kontekstga qurilgan bo‘lsa-da, urush davri bilan bog‘liq jiddiy siyosiy masalalarga urg‘u berdi, urush oqibatlarini ulkan insoniy fojialar vositasida tadqiq etib, umuminsoniy g‘oyalarni milliy obrazlar orqali yorita oldi. Filmning g‘oyaviy mazmuni uning nomlanishida aks etgan. Film ijodkorlari “Vatan aslida nima?” degan masalani o‘rtaga tashlab, urush fonida ushbu savolga javob topishga urinishgan. Albatta, bunday yondashuv endigina mustaqillikka erishgan hamda o‘z milliy qadriyatlari va an’analarini qayta tiklashga kirishgan, mustaqil davlat sifatida oyoqqa turib borayotgan O‘zbekiston uchun o‘ta dolzarb va ehtiyojtalab zarurat edi. Chunki jamiyat (millat) ongi va qalbiga, avvalo, chinakam vatanparvarlik hissini singdirmay turib, islohotlardan kutilgan natijaga erishish amrimahol. Shu bois film orqali, birinchi galda, Vatanning mohiyatini obrazli ochib berishga alohida urg‘u berilgan.

“Berlin–Oqqo‘rg‘on” (rej. Z. Musoqov, 2018) filmida urush mavzusidagi o‘zbek badiiy filmlari tarixida ilk marotaba urushdan avvalgi va urush yillaridagi siyosiy-mafkuraviy qarashlar hamda ularning jamiyat hayotiga ta’sirini mustaqil pozitsiyadan turib mushohada qilishga, urush yillaridagi turli toifaga mansub insonlar qismatini ko‘rsatish orqali tarixiy haqiqatlarni yetkazishga urinish amalga oshirilgan. Shuningdek, filmda urushdan avvalgi va urush yillaridagi fojialarga, xalq boshiga tushgan musibatlarga faqat fashistik g‘oya tarafdorlari aybdor degan biryoqlama munosabatdan chetlashilib, bunda sobiq Ittifoqda yuritilgan siyosatning ham kuchli ta’siri bo‘lgani ochib berilgan. Film tahlili davomida filmning shakliy-uslubiy jihatlari va obrazli yechimlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Jahongir Ahmedov rejissyorligida ishlangan “Ilhaq” filmi (2020) esa Ikkinchi jahon urushi mavzusida milliy koloritga qurilgan ommabop talqinni olib kirdi. Bu ommaboplik, avvalo, syujet qurilmasi hamda qahramonlarning umumlashma xarakterga ega tipik obrazlarida namoyon bo‘ldi. Filmda, birinchidan, davr siyosatiga mutlaqo erkin munosabat bildirilib, urush yillaridagi mafkuraning yolg‘on targ‘ibot ustiga qurilganligi ochib berilgan; ikkinchidan, shaxsga sig‘inishning ayanchli oqibatlariga e’tibor qaratilgan; uchinchidan, filmda e’tiqod masalasiga alohida urg‘u berilganki, bu mustaqillik davrida Ikkinchi jahon urushi mavzusida yaratilgan filmlarning yana bir xususiyatini aks ettiradi; to‘rtinchidan, “Ilhaq” filmi to‘lig‘icha milliy koloritga qurilgan. Buni uch xil rakursda ko‘rish mumkin. Birinchisi, dekoratsiya va liboslardan iborat tashqi bezaklarda. Ikkinchisi, urf-odat va turmush tarzida. Uchinchisi, albatta, qahramonlar xarakteri va o‘zaro munosabatlarida ifodalangan.

Ikkinchi jahon urushi mavzusida yaratilgan “101” badiiy filmida tarixiy xotirani tiklash, maxsus konslagerda tajriba qurboniga aylantirish maqsad qilingan 101 nafar o‘zbek yigitining ma’naviy-ruhiy g‘alabasini ko‘rsatish vazifasi belgilangan edi. Biroq “101” filmidan shunday xulosa kelib chiqadiki, tarixiy mavzuda, jumladan Ikkinchi jahon urushi mavzusida film yaratish uchun, birinchi navbatda, davr muhiti va mavzuga oid barcha materiallarni chuqur o‘rganish, tarixchi va harbiy konsultantlar bilan maslahatlashish va eng asosiysi, voqealarni kinematografik talqinda yetkazishga intilish zarur. Chunki bunday tarixiy filmlarni suratga olishdan maqsad faqatgina o‘sha davr haqida yoki o‘sha zamon kishilari to‘g‘risida ma’lumot berib qolishgina emas, balki badiiy obrazlar vositasida tomoshabin ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatish va shu orqali jamiyatni o‘tmishda yuz bergan fojialarni takrorlashdan ogohlantirishdir.

“O‘zbek qizi” filmidagi o‘zbek jangchi ayoli obrazi milliy kino uchun yangi talqin. Chunki bunga qadar urush mavzusidagi o‘zbek badiiy filmlarida ayollar obrazi, asosan mushtipar ona, sadoqatli yor, urush tufayli jabr chekkan zaifa sifatida olib chiqilgan. Biroq jahon kinosi, ayniqsa Rossiya filmografiyasida Ikkinchi jahon urushi yillari qahramonlik ko‘rsatgan snayperchi ayollar haqida filmlar talaygina. “Diqqat, Moskvadan gapiramiz” (2005), “Snayper 2: Tungus” (2012), “Snayperlar: Nishondagi muhabbat” (2012), “Nishon ko‘rinyapti” (2013), “Sevastopol uchun jang” (2015) va yana boshqa shu singari filmlarda urush yillaridagi ayol snayperchilar obrazi turli taqdir yo‘llari orqali ko‘rsatilgan. “O‘zbek qizi”da bu kabi filmlarning ijodiy tajribasidan dadil foydalanilgani butun kompozitsion tuzilmada aks etgan. Ayniqsa, Jamilaning snayperchi qizlar maktabidagi tayyorgarlik jarayonlari, qizlar o‘rtasidagi dialoglar va qahramonning ruhiy holatini tasvirlovchi epizodlar hamda qahramonning frontdagi kadrlarida ma’lum klishelar qo‘llanilgani yaqqol seziladi. Garchi filmda front voqealarini epik ko‘lamda yoritish, jang epizodlarini maxsus effektlar bilan jonlantirish borasida katta mehnat qilingani kuzatilsa-da, urush mavzusiga original yondashuv nuqtayi nazaridan filmga yuqori baho berish amrimahol. Shunga qaramay, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “O‘zbek qizi” kabi harbiy-qahramonlik yo‘nalishidagi filmlarga ehtiyoj kattaligini qayd etish zarur.

Ikkinchi jahon urushi mavzusida yaratilgan badiiy filmlar kishida vatanparvarlik hissini oshirishi, zulm va shafqatsizlikka qarshi nafrat uyg‘otishi, ajdodlar jasoratini ulug‘lashi va o‘tmish sahifalarini jonlantirishi bilan muhim ijtimoiy-g‘oyaviy vazifani bajarar ekan, bu mazkur yo‘nalishdagi filmlarning har bir davr uchun dolzarb ahamiyat kasb etishini tasdiqlaydi. Shu ma’noda bugungi avlodga tarix sahifalaridagi qahramonliklarni original syujet va milliy obrazlar orqali professional darajada namoyish etish muhim vazifalardan bo‘lib qolmoqda.

 

Aziz MATYAKUBOV,

san’atshunos

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine