Payshanba, Iyun 13, 2024
HomemaqolalarTURKISTON TARIXINI O‘RGANISHDA JADID TARIXSHUNOSLIGINING AHAMIYATI

TURKISTON TARIXINI O‘RGANISHDA JADID TARIXSHUNOSLIGINING AHAMIYATI

So‘nggi yillarda tarix sahifalaridan o‘chirib tashlangan qancha-qancha allomalarning nomlari tiklanmoqda va abadiylashtirilmoqda. Jadidchilik harakatini bunga misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Jadidchilik ijtimoiy-siyosiy sohalarda jahon sivilizatsiyasi qo‘lga kiritgan yutuqlardan xalqni bahramand bo‘lishga chaqirdi, feodal va milliy cheklanishlar, ma’naviy tanazzullar sababini ochiq-oydin xalqqa tushuntirishga harakat qildi. Shu bois jadidlarning boy merosini har tomonlama xolisona o‘rganish dolzarb masalalardan biridir.

Turkiston tarixini o‘rganishda XX asrning buyuk mutafakkirlaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tarix va jug‘rofiya” asari muhim o‘rin egallaydi. Asarda aytilishicha, tarix va jug‘rofiya fanlari o‘sha paytgacha bid’at, gunohdan iborat deb hisoblab kelingan. M. Behbudiy esa bu fanlarni o‘z zamonasi uchun zarurligini isbotlaydi, ayni paytda ularni islomning mo‘tabar fanlari qatoriga qo‘shib, bu fanlar jadid maktablarining ixtirosi emas, balki jamiyat hayotida qadimdan mavjud bo‘lib kelganini ta’kidlaydi.

  1. Behbudiy tabiiy va ijtimoiy fanlarni “aqlli ilmlar” tushunchasi ostida birlashtiradi. Xalq, mamlakat, islom tarixini bilmay turib, oddiy musulmon, davlat arbobi, ruhoniy, olim ham bo‘lishi mumkin emas, deydi alloma. Behbudiyning fikricha, “tarix hamma narsani – davlatning gullab-yashnashi va inqirozining sabablarini, odamlar e’tiqodining holatini, musulmonchilikning tanazzulini, islom ilohiy poydevorining buzilishini tushuntiradi. Komil va adolatli inson bo‘lish uchun albatta tarixni bilish kerak, birorta bilim tarix ilmisiz komil bo‘lmaydi”. Shuningdek, Behbudiyning “moziy istiqbolning tarozusidir”, degan fikri nafaqat o‘sha davr uchun, balki bugungi kunimiz uchun ham katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.

Mahmudxo‘ja Behbudiy mamlakat taraqqiyoti, o‘zlikni anglashda, komil inson bo‘lib yetishishda, jamiyatni boshqarishda tarix fanining beqiyos ekanini ta’kidlaydi. Faqat Vatan tarixi emas, Yevropa va jahon mamlakatlari tarixini ham o‘rganish zarur, busiz hech kim ma’rifatli inson bo‘la olmaydi, degan fikrni ilgari suradi.

“Tarix ko‘p ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudurki, bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila taraqqiy etganin o‘qib, ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxiri munqariz bo‘lib ketganini qo‘yib, mundan ham etmak mumkindir”, deb yozadi Behbudiy o‘zining “Turkiston tarixi” maqolasida. Uning fikricha, tarixni bilmay turib, hech kim komil va adolatli inson bo‘la olmaydi.

Tarix sohasida qalam tebratgan Is’hoqxon Ibrat rus va Sharq sharqshunoslari asarlari bilan tanishib chiqdi, shuningdek tarixiy asarlar yozishda G‘arb sharqshunoslarining tarixiy asar yozish metodikasidan foydalandi. Uning tarixnavislikdagi eng muhim jihati shundaki, u o‘z asarlarida xon, bek va amaldorlarga bag‘ishlab, ularning harbiy yurishlarini ko‘klarga ko‘tarib yozilgan asarlarni tanqid qiladi va shu bilan tarixni yozishda xolislik nuqtayi nazaridan yoritish zarur, degan g‘oyani ilgari suradi. Shuningdek, tarixiy voqealarga o‘z munosabatini bildirib, har qanday qonli urushlarni insonlar boshiga tushgan falokat, deydi. Masalan, “Tarixi Farg‘ona” asarida shunday g‘oyani ko‘rishimiz mumkin, unda Buxoro amiri Nasrulloxonning Qo‘qonda olib borgan qirg‘inbarot urushini qoralaydi va o‘z navbatida, Xudoyorxonning ham qipchoq qirg‘ini bilan shug‘ullanganini uning xatosi deb hisoblaydi. Ibrat “Tarixi taboqat ul-tohiriy”, “Tarixi Tabariy”, “Tarixi shohi Jarir” va boshqa shu kabi tarixiy asarlardan foydalanib, Farg‘ona tarixini yoritishga harakat qiladi, Farg‘onaning Qubo, Axsi kabi qadimgi shaharlari bilan bog‘liq ma’lumotlar berib o‘tadi.

Tarix ilmiga ijodiy yondashgan Fitrat tarixni ikki qismga: muqaddas tarix, ya’ni din, payg‘ambarlar va aziz-avliyolar tarixi hamda jamiyat tarixiga ajratib tahlil etadi va u tarixga o‘ziga xos baho berib, “saboq beruvchi va o‘qituvchi fan” deb ataydi. Fitratning fikricha, tarix – millatlarning o‘tmishi, taraqqiyoti hamda tanazzulining sababini o‘rganadurg‘on ilmdir. Chunonchi, buyuk ma’rifatparvar Abdurauf Fitratning “Ozodlik yo‘riqnomasi” asari o‘lka tarixini o‘rganishda muhim manbalardan sanaladi. Ayni shu ma’noda B. Ergashevning “Bu kitob XX asr boshlaridagi Markaziy Osiyo xalqlari ijtimoiy-falsafiy ongining yirik yodgorligidir”, degan fikri o‘rinlidir.

Turkiston tarixini o‘rganishda muhim sanalgan asarlardan yana biri kommunistik terrordan qochib, din-u diyonatini, jonini saqlash maqsadida chet ellarga hijrat qilishga majbur bo‘lgan andijonlik yurtdoshimiz Muhammad Muso Turkistoniyning “Ulug‘ Turkiston fojiasi” tarixiy asaridir.

“Ulug‘ Turkiston fojiasi” asari ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi jildi o‘zbek tilida, eski o‘zbek yozuvida bitilgan. Ushbu asarni varaqlagan kishi undan Vatanimiz tarixi haqida ko‘plab qimmatli ma’lumotlar oladi. Kitobda ruslarning tarixi, urf-odatlari, mo‘g‘ullar davri, Amir Temurning siyosatlari, sovetlarning islom diniga qarshi olib borgan siyosati, kollektivlashtirish, surgun siyosatlaridan parchalar keltirilgan. Jumladan: “Ruslar 5 yillik plan deb mudhish siyosatni yo‘lga qo‘ydi. Besh yilda amalga oshiriladurg‘on rejalarini avvalda kollektivlashtirish usuli bajo keltirildi. Bu usul ko‘p mudhish sur’atda amalga oshirildi. …Yangi Nizom, yangi planga ko‘ra, bir qishloqning dehqonlari to‘planib, yerlarni birlashtirib, hamma bir bo‘lib ishlaydur, bir bo‘lib ekadur. O‘roqda, xirmonda, boshoqda bir hosil oladur. Buni ismi kolxo‘zdir”, deb yozadi Muso Turkistoniy.

Kolxoz tuzilishi va uning asl mohiyatiga baho bergan muallif quyidagilarni bayon qilgan: “Aka-uka, el-xalq bir-birini go‘shtini yedilar. Gulistonlar go‘riston bo‘ldi, bozorlar mozor bo‘ldi. Tijorat bari kolxo‘zlar qo‘liga o‘tdi. Erkak-xotun, o‘g‘il-qiz majburiy ishladi, ishlaganlarga non berildi, ishlamaganlarga non yo‘qdur”.

Eshelonlashtirish va quloqqa tortilgan aholining surgun voqealarining guvohi bo‘lgan Muso Turkistoniy quyidagilarni ta’riflaydi: “Turkistonliklarni ona yurtidan surib chiqarish uchun avvaldan hozirlangan tadbirlar 1930 va 1932-yillarda amalga oshirildi. Zamonasida maxfiy sur’atda hozirlangan ro‘yxatga ko‘ra, Turkistonning hamma shaharlarida bir kechada ro‘yxatdagi uylar bosildi va bu hol dahshatli davom etdi. Har mahalladan, har uydan ushlangan mushtumzo‘r (quloqlar) oilasi ila, o‘ziga qarashli o‘g‘il-qizi va boshqa tobelari ila uy-ro‘zg‘or ashyolari, qo‘ylari, buzoqlari, tovuqlari, qo‘shlari ila hammasi tutilib, bir yerga to‘plandi. Yig‘i-zori, oh-u nolalar ko‘kka chiqdi. Shahar ko‘chalaridagi dod-faryod bir mashhardan iborat bo‘ldi. Ko‘chalardagi askarlarning amri bilan qator turgan yuk arobalarining ko‘pligidan o‘tgani yo‘l yo‘q, bosgani yer yo‘q. Bu dahshatli hodisa uch kecha-kunduz davom etdi. So‘ngra ushlanganlar hammasi temiryo‘l arobalarining qizil vagonlariga qo‘y, ot yuklagandek bosh olomon odam yuklanib, kechalari jo‘natildi. Bu tur amaliyoti hamma shaharda siyosiy idora (GPU)ning nazorati ostida amalga oshirildi”.

1929–1930-yillarda respublikadagi yuzlab masjidlar yopilgan. Muqaddas ziyoratgohlar, namozgohlar va qadamjolar vayronaga aylantirilib, ulardagi yog‘och, g‘isht va boshqa qurilish materiallari ombor, kasalxona, choyxona, klub va boshqa inshootlar qurilishiga olib ketilgan. Bu kabi qurilishlarga hatto qabristondagi g‘ishtlar ham olingan.

Masjidlar bilan birga vaqf mulklariga qarashli uy-joylar, xonaqohlar, hammom, tegirmon, do‘konlar ham yarim vayrona holatiga keltirilgan, ko‘pchiligi yo‘qotib yuborilgan. Dindorlar va diniy tashkilotlarga tegishli bo‘lgan bog‘ va yer maydonlari tashlandiq joyga aylangan, vaqfkor dehqonlar esa yarim och, qashshoq holda yashagan. Dinga va dindorlarga qarshi kurash faqatgina diniy muassasalarni yopish bilan emas, balki xudosizlikni keng miqyosda tashviq va targ‘ib qilish bilan ham olib borilgan. O‘zbekiston SSR Maorif komissarligi qoshida sirtdan ta’lim beradigan dinga qarshi kurashuvchilar instituti ochilib, 18 yoshdan boshlab ta’lim oladiganlar targ‘ibot ishlariga yo‘naltirilgan.

Ushbu holatlarni ta’riflagan Muso Turkistoniy: “Namoz, ro‘za o‘rtadan ko‘tarildi. Qur’on o‘qish mamnu’ (man), qurbonlik yo‘q, qo‘y, mol, so‘qum so‘yulmaydur. Qurbonlik qilganning jazosi mahkamada, 5 yillik surgunga mahkum, haqiqatda esa qaytib kelmaydur, degan hukmnomada ishora bordur. Bir kishi zakot bersa va yo boshqa diniy ibodatlari ila uni dindorlig‘i sobit bo‘lsa, uning jazosi Sibir, ya’ni eng sovuq mintaqalardin o‘rmonlikka qarag‘ay daraxtlarini kesa-kesa o‘lishga mahkumdir. Xalqda diniy bayramlar yo‘q, jum’a ta’tillari yo‘qdur”, deb ta’kidlaydi. Musulmonlarning umrida bir marta amalga oshiradigan haj safarlari ham tushga aylangan.

Mazkur asarda o‘sha davrda insonlar hayotining tahqirlanishi va boshqa xalqlarga nisbatan hukumatning noxolis siyosati “nodir bir hikoya”da tasvirlangan: “Tramvay suruvchi bir xotun oy kuni yaqin bo‘lib, idora boshlig‘idan tug‘ub olish uchun ruxsat so‘rabdur. Firqaning planiga sig‘maydur, deb ruxsat bermabdur. Bechora xotun vazifa boshida, ya’ni tramvayni haydab turgan vaqtida to‘lg‘oq tutib qolibdur. Darhol tramvayni to‘xtatib, onda tug‘ib qo‘yg‘onligi, yo‘lovchilar shoshib qolib hayratda qolg‘onlari mashhurdir. Kambag‘al ishchilarning yashash tarzi shundoqdur. Bundoq hodisalar amr voqea bo‘lub, xalq o‘rganib qolgandur. Har kimning maxsus bir daftari bo‘ladur. Bu daftarda hayoti bo‘yincha hukumat ila idoralar bilan bo‘lg‘on aloqalarini, kamoliyot ashyolarini vaqti-vaqtida yozilib turadur. U daftarg‘a yozilmay qolg‘on narsalar davlatning moli bo‘ladur, deb firqaning amriga topshiriladur. Hamma idoralarda siyosiy idoraning bir sho‘basi bordur. Hamma doiraga hukmi balanddur. Katta-kichik masalalarda bu sho‘ba muvaffaqiyatli olinadur, unga ko‘ra ijro qilinadur. Aksar ishlar bu sho‘ba ila telefon ila bo‘ladur”.

Xullas, fanlarni, ayniqsa tarixni uslubiy bilish jadidlarga O‘rta Osiyo xalqlari tarixiy tajribasidan kelib chiqib, o‘z zamonasining holatini o‘rganib, jamiyatning kelajakdagi qurilishi loyihasini ishlab chiqishlari uchun imkoniyat yaratdi. Jadidlarning tarix sohasida yozgan asarlaridan Turkistondagi siyosiy, ijtimoiy vaziyatni to‘liq tasavvur etish mumkin.

Olim YULDASHEV,

Qurolli Kuchlar akademiyasi

o‘qituvchisi

Previous articleEKRANDA URUSH OBRAZI

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine