Payshanba, Iyun 13, 2024
HomemaqolalarSAMIMIY TUYG‘ULAR YOLQINI

SAMIMIY TUYG‘ULAR YOLQINI

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi mayor Aziz Norqulov ko‘p yillardan beri “Vatanparvar” gazetasi tahririyatida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib keladi. Uning turli yillarda yozilgan bitiklarida Vatanni chindan sevuvchi insonlar, ularning yuksak o‘ylari, turmush chorrahalaridagi insoniylik sifatlari ko‘zga yaqqol tashlanadi. Harbiy sohadagi faoliyati sababmi er yigitning yuragidan o‘tganlari unga juda yaqin. Bugun ijodkorning “Jar yoqasidagi masxaraboz” kitobi nashrdan chiqdi. Yillar mobaynida misqollab yig‘ilgan yoziqlar, maqolalar, ko‘ngil kechinmalari, taassurot va tavsiflar bir to‘plamda jam bo‘ldi. Kitob so‘zboshisida muallif shunday yozadi:

“Vaqtga ta’rif berarkanman, uni do‘st deyishga ham, dushman atashga ham ikkilanib qolaman. Qancha qadrlasang, shu qadar ehtirom ko‘rsatadi. Nima qilayotganimni tushunib-tushunmay, tirikchilik tashvishlaridan xalos bo‘lish ilinjidagi urinishlar bilan qirqni qoralayapman. Shu yoshimda o‘zimni bir jamlagim keldi.

Ushbu mo‘jaz kitobda jurnalistika sohasidagi faoliyatim mahsuli to‘plandi. Kimgadir, qayerdadir nafi tegsa, umrim uzaygandek tuyuladi”.

Quyida ijodkorning ushbu to‘plami haqida yozilgan kechinmalarni taqdim etarkanmiz, undagi serzavq xayollar sizni-da befarq qoldirmasligiga ishonamiz.

TAHRIRIYAT

***

So‘zning yuki og‘ir, mas’uliyati zalvarli. Qalam ahli, shoir yoki adib bo‘ladimi, adabiyotshunos yoki jurnalistmi, qat’i nazar, buni teran his etishi muhimdir. Aks holda, yozganlari na o‘ziga va na jamiyatga naf berishi mushkul.

Har bir asar muayyan mezonlarga javob berishi zarur va bu mezonlar ichida eng muhimi tuyg‘uning samimiyligi va ifodaning rostligidir. Nazariy qoidalarga, janr talablariga nechog‘li mos kelmasin, agar u samimiyat va haqqoniyatdan mahrum bo‘lsa, asar o‘quvchi shuuriga ta’sir etmaydi, uning qalbidan joy topa olmaydi.

Publitsist va adib do‘stimiz Aziz Norqulovning hikoya va badialari, hajviya va badiiy-publitsistik maqolalari samimiyat izhori, dil harorati bilan yo‘g‘rilgani bois o‘quvchilarga tobora ko‘proq manzur bo‘lib bormoqda. Jurnalistik faoliyati samarasi bo‘lgan maqolalar va suhbatlaridan tarkib topgan “Jar yoqasidagi masxaraboz” kitobi fikrning tiniqligi, uslubning ravonligi va izhorning samimiyligi bilan alohida ajralib turadi.

Uning ijod namunalari odatiy qoliplardan yiroqligi, ijodiy yondashuvga tayanilgani uchun katta qiziqish bilan o‘qiladi. Ijodkorning yutug‘i shundaki, an’anaviy mavzularga ham yangicha nazar va uslub bilan yondasha biladi. “Bobomning omonati” badiasi buning isbotidir.

Ajdodlarimizdan omonat bu ulug‘ Vatanni asrash, uning ravnaqiga xizmat qilish mavzusida ming-minglab maqolalar yozilgan bo‘lsa ajab emas. Shu bois bu mavzuga yangicha yondashish uchun ohorli ijodiy tafakkur zarur. Ana shu fazilat natijasi o‘laroq bu maqola g‘oyatda o‘qishli va jozibali chiqqan.

Maqola muallifning tushida bobosi bilan oq tulporda sayr etishi voqeasi tasviridan boshlangan:

“– Kel, bolam, hali manziling olis, o‘zim yordam beraman, – deb menga qo‘l uzatadi.

– Qayerga boramiz, bobo?! – deb so‘rayman.

– Chala qolgan ishlarim bor, – deb bobom muloyim jilmayadi. – Shularni tugatib qo‘yishing kerak”.

Yo‘l charchog‘i bilinganda, bobo nevaraga urushda ko‘rganlari oldida bu qiyinchiliklar dengizdan tomchi ekani, asirlikda chekkan mashaqqatlari, buning ustiga “qoraxat” kelgani-yu, momo uni yetti yil kutgani haqida so‘zlaydi.

“Biroq boshimga tushgan ko‘rgiliklardan sira afsuslanmayman, – deydi bobo. – Axir Vatan omon qoldi-ku. Bu Vatan esa bizdan senga omonat. Sen Vatanni asrashing kerak!”

Vatanni asrash tuyg‘usini hech bir tamasiz, suiiste’mol qilmasdan, tabiiy tarzda ifodalash oson emas. Ana shu samimiyat bois Aziz Norqulov bobolardan omonat ona zamin haqidagi o‘ylarini qog‘ozga bitibgina qolmay, ko‘ngillarga ham ko‘chira oladi. Hamma ham uchavermaydigan vertolyot va harbiy samolyotlarda tomosha qilar ekan, ona yurt sarhadlarini mehr ko‘zi bilan kuzatadi. Tog‘lar, cho‘llar, shahar-u qishloqlar – bobosi otda sayr qildirgani bilan aynan uyg‘un ekanidan hayrat hissini tuyadi. Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan, avlodlarga bezavol yetkazish lozim bo‘lgan omonatni asray olayotganimizga shukr qiladi.

Kitobdagi “Ota uy” maqolasi ham shunchaki o‘qilmaydi. Muallifning kechinmalari bamisoli qo‘shiqday ko‘nglingizga oqib kiradi, qalbga yaqin tuyg‘ularni yodga soladi. Vatan ota uydan boshlanishi, olam va odam qismati haqidagi hayot falsafasi ana shu ma’vo bilan chambarchas bog‘liqligi haqidagi to‘xtamga olib keladi. Bu hol Aziz Norqulov maqolalarida publitsistik pafos va ijodiy tafakkur uyg‘unlashib ketganidan dalolat beradi.

Jumladan, mazkur maqolada ona qishlog‘iga, ota uyga borayotgan muallif kechinmalari quyidagicha tasvirlanadi: “Katta yo‘lda pitillab ketayotgan mashinadaman. Atrofni jiim kuzataman. Yo‘limda uchragan har bir narsa nimagadir ishora qilayotgandek. Bug‘doyzorlar shamolda dengizdek chayqaladi. Sarg‘aya boshlagan boshoqlar bosh silkitib xo‘shlashadi. Qishlog‘im, Oyqorning qorli tog‘lari olislardan quchog‘ini ochib qarshilaydi. Oylar o‘tib yana qaytayotganimdan sevinadi, menimcha. Jilg‘alaridagi suv o‘ynoqlab poyimga shoshiladi. Undagi shaffoflik qalbimga ko‘chadi. Shaharga ketayotganimda tog‘lar tund qiyofada bo‘ladi. Buni katta yo‘lga chiqib, ortimga qaraganimda sezaman. Mayin shabboda bilan yelkamga qoqib, dalda beradi. Bundan kuch-quvvatga to‘lib, yana ildamroq ilgarilayman. Qaytayotganimda ilonizi cho‘qqilar pastlab kelayotgandek, qarshimga peshvoz chiqib, peshonamdan o‘pmoqchi bo‘lib egilayotgandek tuyuladi”.

Bu go‘zal tasvirlarda ota uyga sog‘inch tuyg‘usi badiiy ifodalangan. Bu esa, o‘z navbatida, muallif fikrlarining o‘quvchi qalbiga tezroq va ta’sirliroq yetib borishini ta’minlaydi. Hovlida kuymalanayotgan onasi quchog‘iga talpinishi, volida peshonasida ajinlar ko‘payganidan kuyinish hissi, hassaga tayangan otaga qarab, bu mo‘tabar siymoga shu chirigan yog‘ochchalik ham nafi tegmayotganidan o‘kinish, ota-onasini mahkam quchib, toabad bag‘irlarida qolishni istash – har birimiz uchun tanish tuyg‘ular ekani bilan ham qimmatli.

Inson tafakkurining yuksalishlarini kitobdan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yosh avlodning, butun millatning kitobxon bo‘lishiga erishmoq – yuksak orzu. Bu niyatga shunchaki erishish imkonsizdir. Millat oydinlari, jamiki ziyolilari, kuch-qurbi yetadigan barcha intellekt egalari butun ijodiy salohiyatini, ilmiy quvvatini, iqtisodiy imkoniyatlarini ana shu ishga safarbar etishi – zamon talabi.

Aziz Norqulovning “Jar yoqasidagi masxaraboz” maqolasi ushbu muammo hayotiy misollar orqali juda ta’sirli talqin etilgani bilan ahamiyatlidir. Muallif da’vat va shiorlardan tiyiladi. Kitobxonlikka targ‘ib etishning o‘ziga xos usulini topadi: Onore de Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” asarini o‘quvchi bilan birgalikda mutolaa va mulohaza qiladi.

Asardan maqola muallifi keltirgan ko‘chirmalar, chuqur mushohadaga tayanilgan qarashlar o‘quvchi tafakkurini charxlaydi, qalbini tozartiradi, ruhini yuksaltiradi. O‘quvchi kitob mutolaasi nechog‘li zarurat ekani haqida teran xulosaga keladi.

“Endi barcha tilak-istaklaringiz aniq, ammo sizning umringiz hisobiga amalga oshadi” – maqola kompozitsiyasi asardagi sag‘ri terini changaliga olgan yigitga muzeydagi chol aytgan ushbu gaplar asosiga quriladi. Muallif ayni haqiqatni bosqichma-bosqich o‘quvchi qalbiga joylay boradi.

“Asarni o‘qir ekanman, – deb yozadi u, – olamning boshqa bir qiyofasi ochilib kelardi, go‘yo. Biz har bir so‘zimiz, nigohimiz, harakatimiz bilan butun koinotga ta’sir ko‘rsatayotgandek. Tabiat bilan tillashib, umrimiz evaziga ayrim narsalarni ayirbosh qilayotgandek. Sizif kabi ana shunday evrilishlarda yashayotgan millionlab odamlar kurashdan charchamaydi. O‘z olami va mavjud borliq orasidagi nomutanosiblik tinka-madorini quritayotgan qancha do‘stlarimiz bor. Ular Sharqning mashhur rivoyatidagi orqalaridan quvib kelayotgan arslonni ham, quduq tubida kutayotgan ajdarhoni ham, ushlab turgan shoxlarini kemirayotgan oq va qora sichqonni ham ko‘rib turgan odamlar. Ular qanday qilib asalning totini tuysinlar?!”

Maqola zamondoshlarimizni olamda kechayotgan voqea-hodisalarga, jamiyatdagi chuqur o‘zgarishlarga teran qalb ko‘zi bilan qarashga undaydi. Bu undov-chorlov quruq chaqiriqqa emas, fikrning tabiiy oqimiga tayanilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Yana bir muhim jihati, muallif har bir fikrni bugungi zamon bilan, biz yashayotgan davr muammolari bilan bog‘laydi. Kitob mutolaa etganda, undagi nodir hikmatlardan bugungi kun uchun foydalanmoq zaruratini samimiy va ta’sirli ifodalaydi.

Zo‘rma-zo‘raki urinishlar bilan ovoza bo‘ladigan to‘ylar qilishga, dabdabali ko‘pkari uyushtirishga, qo‘niq berishga, to‘qlarni o‘ynab-kuldirishga bor budini sarflayotgan, lekin o‘zining sog‘lig‘i, farzandining ta’limi va tarbiyasini yoddan chiqarayotgan zamondoshlarga katta toshoyna tutadi.

Oliygohda kontrakt pulini to‘lay olmay, o‘qishdan haydalib ketayotgan iste’dodli talaba, qo‘shnisiga yordam berishni ep ko‘rmaslik, achinarlisi, to‘ydan keyin katta qarzga botib, qaysidir xorijiy davlatga ishlagani ketayotganlarning ham uchrashi haqida kuyinib-yoshovrab yozadi.

Balzakning “Afsuski, biz ermaklar uchun hamisha pul topamiz, foydali va eng zarur narsalarga esa xasislik qilamiz”, degan fikrlari barcha davrlar uchun dolzarb ekani haqidagi to‘xtamga keladi.

Umuman, iste’dodli jurnalist va mahoratli qalamkash Aziz Norqulovning bitiklari muttasil ravishda fikrlayotgan, faqat o‘zini o‘ylamay, jamiyat hayoti uchun kuyinayotgan, jonajon Vatani va ona xalqining ertangi kuni uchun chin dildan qayg‘urayotgan millat ziyolisining fikrlarini ifodalagani jihatidan qimmatlidir.

Eng muhimi, bu fikrlar ko‘ngillarga samimiyat yog‘dusini indiradi, o‘quvchiga g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi, ona yurtga daxldorlik hissini kuchaytiradi. Ushbu kitobni mutolaa etsangiz, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz.

 

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine