Home yangiliklar ESKI QOLIPLARNI SINDIRGAN “YALANGTO‘SH”

ESKI QOLIPLARNI SINDIRGAN “YALANGTO‘SH”

Jahon kinosida tarixiy filmlarning roli va ahamiyati shu qadar muhimki, unda nafaqat sanoat va san’at, balki millat qadriyatlari va qahramonlari ham dunyoga chiqadi. Bir paytlar “Sheryurak” filmi orqali Shotlandiya tarixiga bemisl qiziqish uyg‘otgan Uilyam Uolles timsoli hali-hamon qalblarda yashayotganini e’tiborga olsak, tarixiy kartinalarning o‘rnini chuqurroq his qilish mumkin.

Shu kungacha o‘zbek kinosida ham ko‘plab tarixiy filmlar suratga olingan bo‘lsa-da, ularning aksariyati jahon standartlari darajasida emasligi tomoshabinlar tomonidan bot-bot tilga olinadi. Ammo kuni kecha premyerasi bo‘lib o‘tgan “Bahodir Yalangto‘sh” filmi ongimizdagi ushbu qoliplarni parchalagandek taassurot qoldirdi. Biz gazetamiz orqali ayrim mutaxassislarning kartina haqidagi fikrlarini jamlashga urindik…

Shahnoza SOATOVA, jamoatchilik faoli:

Birinchi xulosa shuki, nihoyat bizda tarixiy filmlar yo‘nalishida tajribalar bosqichi tugab, haqiqiy filmlarni suratga olish bosqichi boshlanibdi. Har holda, “Bahodir Yalangto‘sh” haqiqiy to‘laqonli, qiziqarli va ta’sirli tarixiy film.

Birinchidan, tarixiy filmlarga xos keng miqyos, epiklik, ta’sirchanlik va ko‘rimlilik bor. Katta ekranda ko‘rganimizga balki bu ta’sir yanada kuchliroq bo‘ldi. Qorong‘ida, yomg‘irli, loyli va shiddatli janglar, mahobatli saroylar, qimmatbaho kostyumlar, soch turmaklari, ommaviy sahnalar ekrandan oldingizgacha chiqib kelgandek bo‘ladi.

Ikkinchidan, aktyorlar. Juda chiroyli vizuallik borki, yangi qiyofalar u yoqda tursin, tanish va sevimli aktyorlar ham yangicha ko‘rinadi. Qozog‘istondan jalb qilingan aktrisa – TOP! Yana Bahodir Yalangto‘shning o‘g‘li Boybek obrazini yaratgan aktyor qiyofasidagi bo‘rtiqlik, joziba va hissiylik uncha-muncha turk kinoyulduzlaridan afzal ko‘rindi.

Uchinchidan, ssenariy. Ssenariy mualliflari Hasan Toshxo‘jayev va Jahongir Ahmedov bitta yo‘llik syujetdan ham keng miqyosli qiziqarli film qila olishgan. Keyinroq tarixiy filmlarimiz epik janr talablariga ko‘ra, ko‘p yo‘llik syujet tipida ham namoyon bo‘lishiga umid qilamiz. Lekin bu muhimmas. Muhimi, 2 soat-u 20 daqiqa zaldan hech kim chiqib ketmagani, turli epizodlar qarsaklar bilan kutib olingani. Ayniqsa, dialoglarni alohida ta’kidlash lozim. Men odatdagi tarixiy filmlarimizdagi arxaizmlarga to‘la uzun va hissiz jumlalarni kutgandim. Balki shungami, ko‘p o‘rinlarda qisqa, zarbali, aforizmsifat o‘tkir gaplar yoqimli syurpriz bo‘ldi.

To‘rtinchidan, eng asosiysi – film g‘oyasi. Yaxshigina jangnoma va siyosatnoma bo‘libdi. Ikkita asosiy g‘oyani ta’kidlamoqchiman.

Birinchisi, hokimiyat, saroyda doim fitnalar bo‘ladi. Taxtga qanchalik yaqinlashganing sayin fitnalar shunchalik jiddiy. Bunda sadoqat taqchil, og‘a-inilik ham bekor. Eng oliy mansabdagi odamning do‘sti ham juda kam bo‘lar ekan. Faqat adolatli siyosat yuritsa, hukmdorga xalq do‘st bo‘lishi mumkin, vaqti kelsa, siyosiy fitnalardan ham faqat xalq qutqara oladi, agar hukmdor odil va xalqparvar bo‘lsa.

Ikkinchi mujda – ichki dushmanlar. Ashtarxoniylarni mag‘lub qilgan asosiy dushman jung‘orlar emas, balki ichki bo‘linish. Hamjihatlik yo‘qligi uchun sulola sindi. Bizga katta saboq bo‘lishi kerakki, adolat va hamjihatlik bo‘lmasa, davlatchilikka putur yetadi. O‘zimizning do‘stimiz ham, dushmanimiz ham o‘zimiz!

Sharofiddin TO‘LAGANOV, jurnalist:

Shahnoza Soatovaning fikrlariga to‘la qo‘shilaman. Ayniqsa, “Sheryurak”ka o‘xshatib bo‘lmasligi borasidagi fikrlari to‘ppa-to‘g‘ri. “Bahodir Yalangto‘sh” filmi “Amir Temur” filmidan yaxshi ishlangan.

Ammo filmda bir kadr bor. Bahodir Yalangto‘sh jung‘orlar ustidan g‘alaba qozongandan keyin bu voqea yon-atrofdagi davlatlarda keng muhokama qilinadi.

Shunda 10 soniyaga ham bormaydigan kadrlarga ko‘zim tushib qoldi.

Xitoy va Rus davlatlari ko‘rsatilganida o‘sha davlatlar hukmdorlarining saroylariga ko‘zingiz tushadi (Rus saroyi xuddi Kremlga o‘xshab ketgandek bo‘ldi). Xitoy saroylariga e’tiroz yo‘q. Ammo XVI asrda Rus davlatida hashamdor saroylar yo‘q edi. Saroylar Pyotr I dan keyin qurila boshlangan. (To‘g‘ri, Rus davlatini ko‘rsatish uchun ham hashamatli qasrlar ko‘rsatilgandir, ammo podsholari u qadar qudratli bo‘lmagandi, ular mute edi, kinoda ana shu mutelik ko‘rsatilishi kerak edi).

Yuqoridagi fikrlar tomosha jarayonida xayolimga keldi. Endi do‘ppini boshdan olib o‘ylab qarasam, go‘yoki hozirgi global siyosat kadrlarga ko‘chmadimikan, degan fikrga keldim. Shuningdek, saroy o‘yinlari yaxshi ochib berilgan.

Yana bir e’tiroz Bahodir Yalangto‘sh tomonidan jung‘or malikasi (to‘g‘rirog‘i mo‘g‘ullar xonining qizi)ni asir sifatida olib kelinishi “Mendirman Jaloliddin” serialidagi sahnalarni eslatib yuborgandek bo‘ldi.

Rasul KUSHERBAYEV, jamoatchilik faoli:

Tarixiy filmlarning muhim qismini jang sahnalari tashkil qiladi. Sen shu mavzuga qo‘l urdingmi suratga olish juda katta mashaqqat talab etadigan ommaviy sahnalarga tayyor bo‘lishing kerak.

Buyuk sardor va sarkarda Bahodir Yalangto‘sh haqida Prezident tashabbusi bilan ishlangan film premyerasidan so‘ng o‘zimiznikilar ham jang sahnalarini qoyillatib suratga olishi mumkinligiga amin bo‘ldim. Gollivud filmlarida ko‘rib yurgan ajoyib sahnalarimizni o‘zimizning kinochilar ham olishiga ishondim.

Aytgancha, “Bahodir Yalangto‘sh” filmi Samarqandda 3,5 ming muxlis ishtirokida katta premyera qilindi. Albatta, kinoni tomosha qilish, o‘zbek filmlari rivojlanishiga o‘zimiz ham hissa qo‘shishimiz zarur. Ayniqsa, so‘nggi yillarda olingan bunday katta masshtabli tarixiy-badiiy film ajoyib ma’naviy ozuqa bo‘la oladi.

Eldar ASANOV, jurnalist, bloger:

Sovet filmlarida (mustaqillik davrida bu haqda filmlar olinganini eslolmadim, “O‘tkan kunlar”dan tashqari) xonlik davri o‘ta qoloq qilib tasvirlanadi: hamma yoq kulba, shaharlar vayrona, xonlar, amaldorlar “tupoy”, karikaturali, johil, qo‘rqoq, na siyosatni tushunadi, na jang qilishni biladi. Tabiiyki, xonliklar SSSRning tirik va to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblari bo‘lgan, shunga propaganda ularni maksimal darajada yerga urishga harakat qilgan. “Qora kunlar”, “Amir Temurdan so‘ng mintaqa orqada qolib ketgan” degan stereotip gaplar o‘sha propagandaning qoldiqlaridir.

“Bahodir Yalangto‘sh”da esa, aksincha, xonlik davri juda yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan: go‘zal saroylar, ulkan qo‘shinlar, buyuk sarkardalar, o‘ta aqlli, uzoqni ko‘ra oladigan xonlar va boshqa siyosatchilar.

Haqiqat o‘rtaroqda: xonliklar davri SSSRda tasvirlanganday qoloq bo‘lmagan, xonlar va qushbegilar yoppasiga saroydan tashqarini ko‘ra olmaydigan galvarslar bo‘lmagan; ayni paytda XVII asrdan so‘ng ortga ketish boshlangan, har sohada sifat buzilishi boshlangan. Lekin baribir xonliklarda o‘qimishli odamlar bo‘lgan, xonlar, saroy ahli siyosatni, davlat boshqaruvini tushungan, diplomatiya yuritgan, turli davlatlar bilan aloqalar o‘rnatgan, ichki boshqaruvda o‘ziga yarasha tartib bo‘lgan, xullas inqirozga yuz tutib kelayotgan, ammo ma’lum an’ana, tartib-intizom saqlanayotgan davlatlar bo‘lgan.

Odatda men tarixiy shaxslarni bo‘rttirib, kam-ko‘stsiz qilib tasvirlashlariga qarshiman: Temurning ham, Navoiyning ham, boshqasining ham kamchiligi bo‘lgan, hech kim doim jiddiy yurib, ufqqa o‘ychan termiladigan, nuqul buyuk materiyalarni o‘ylaydigan odam bo‘lmagan: hamma hazillashgan, kulgan, yig‘lagan, xato qilgan, eringan, yutqizgan, nimanidir tushunmagan, xullas oddiy odam bo‘lgan.

Lekin bu safar teskari vaziyat – odatda karikaturali qilib johil va qo‘rqoq qilib tasvirlanadiganlar juda oliyjanob, mard va aqlli qilib ko‘rsatilgan. Shu bois “Bahodir Yalangto‘sh” filmida kam-ko‘stsiz obrazlar qaysidir ma’noda dekonstruksiya bo‘lib xizmat qilyapti – eski stereotiplarni sindiryapti. Shunga bu safar me’damga tegmadi, uquvsiz propaganda bo‘lib tuyulmadi.

Film bir ko‘rishda yoqdi – dinamika joyida, ekshn zo‘r, grafika sal bilinib qolgan-u, o‘zbek kinematografi uchun juda yaxshi, saundtreklar kutilmagan darajada chiroyli va esda qoladigan, syujet mantiqli. Lekin kamchilik ham ko‘p. Bir qismini kechirsa bo‘ladi, lekin kechirilmaydiganlariyam bor.

Ammo film baribir yaxshi – qozoqlarning tarixiy filmlari, xususan “To‘maris”dan sakkiz baravarlar yaxshi chiqqan (o‘zi qozoq tarixiy filmlari juda sifatsiz, nega ilgari ularga havas qilardik, bilmadim, shunchaki shunday filmlari borligi uchun shekilli). Umuman, mintaqa kinosi uchun yutuq deb baholasa bo‘ladi.

Nurbek ALIMOV, bloger:

Film premyerasidan yaqinda chiqdim. Ilk taassurotlarim juda yaxshi. Ayniqsa, ovoz (zvuk) saundtreklar, go‘zal rassomlik ishlari e’tiborimni tortdi. Aktyorlar mahorati, epik janglar, dialoglar ham yuqori darajada. Nahot bizdayam shunday film ishlash mumkin devordim. Ayniqsa, syujet liniyasi doim oqsagan bizni filmlarda bu o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Tanqid qilishga ham yetarli joylari bor. Masalan, bosh qahramonning yoshlikdagi bek-raundi ochilmagani va eng oxirgi jang sahnasidagi sloumoning ko‘proq ishlatilishi.

Umuman olganda esa film juda zo‘r emotsiyalar berdi, syujet dinamikasi tomoshabinni oxirigacha ushlab turadi, buni amfiteatrdagi odamlarning
90 foizi soat 23 gacha ketib qolmasdan oxirigacha ko‘rganidan ham anglash mumkin
. Saroy intrigalari zo‘r ko‘rsatilgan. Tungi janglar, yonayotgan paykonlarning uchishdagi vizual effektlari lol qoldirdi.

Bloger Nozim Safarining ta’kidlashicha, “Amir Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy filmining jang sahnalari “Nomad Stan’s” xalqaro kaskadyorlar jamoasi ishtirokida suratga olindi.

“Nomad Stan’s” jamoasi xalqaro kaskadyorlar akademiyasi mukofoti “Taurus” (kaskadyorlar Oskari)ga sazovor bo‘lgan.

Jamoa ko‘plab Gollivud filmlarida jang sahnalarini qo‘yishda ishlagan bo‘lib, ularning so‘ngisi rejissyor va prodyuser Ridli Skottning “Napoleon” filmi hisoblanadi.

 

Bobur ELMURODOV tayyorladi.

NO COMMENTS

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here