Jadidchilik XIX asr oxiri va XX asr birinchi choragida Turkiston milliy ozodlik harakatining milliy mafkurasi o‘lka xalqlarining mustaqillik va ma’rifatparvarlik g‘oyasi sifatida shakllandi. Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Munavvarqori, Abdulla Avloniy kabi jadidchilik harakatining taraqqiyparvar namoyandalari Turkiston xalqlarini birlashtirish va butun o‘lkaning milliy mustaqilligi uchun kurash g‘oyasini ilgari surdi.
Jadidlarning eng muhim talablaridan biri maorif, ya’ni barkamol avlod tarbiyasi edi. Ular bu orqali millatni zamonaviy taraqqiyot yo‘liga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, zamonaviy idora usulidagi ozod va farovon jamiyat qurishni maqsad qilgan edi. Chor hukumati istibdodidan qoloq ahvolga tushib qolgan aholining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy turmushini, ong-saviyasini ko‘tarish, taraqqiy ettirish maqsadida juda katta ishlarni amalga oshirdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek, “Har bir mamlakatda islohot va madaniyat asbobig‘a tasavvul (vosita) va tashabbus etmoqlik harakati u mamlakatning yoshlari tarafidan zuhur eta boshlagani kabi bizning Turkistonda ham madaniyat eshigi manzalasida bo‘lgan maktabi ibtidoiy ila intiboh va islohot jarchisi bo‘lgan milliy matbuot qayratlu yoshlarning harakati maorif parvaronlarini soyasida vujudga keldi”.
Jadidlar voyaga yetgan yoshlar Turkiston kelajagi, ravnaqi uchun kurashchi bo‘lib yetishishi kerakligini uqtirib, har xil illatlardan xalos bo‘lishga da’vat qildi. Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqandda ruslar tomonidan ochilgan pivo do‘konlarini qattiq tanqid ostiga oladi. Masjid va madrasalar yaqinidagi bunday do‘konlar bolalarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etadi. O‘sib kelayotgan avlod Turkistonga xizmat qiluvchi shifokor, huquqshunos, iqtisodchi va boshqa zamonaviy mutaxassislar bo‘lib yetishib chiqishi uning orzusi edi.
Munavvarqori Abdurashidxonov bolaning ta’lim-tarbiya olishida ota-onaning javobgarligi haqida so‘z yuritib, o‘z farzandining ma’rifatli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgancha harakat qiladigan zotlar mavjudligini, aksincha buni istamaganlar ham yetarli ekani haqida qayg‘urib yozadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy sayohati davomida Bayrut oliy o‘quv yurtlari va dorulfununi faoliyati bilan tanishar ekan, u yerda toliblar farang, olmon va ingliz tillarida o‘qitilishi, yevropalik olimlarning dars berishi, kimyo laboratoriyalari, tibbiyot oliygohlarida jarrohlik xonalarining borligiga havas qiladi, Turkistonning taraqqiyotdan naqadar orqada qolganini afsuslar bilan yozadi.
Turkistondagi maorif tizimini isloh qilishni asosiy maqsad qilib olgan jadidlar yoshlarni milliy mustaqillik manfaatlarini himoya qila oladigan etib tarbiyalash, iqtisodiy va siyosiy qaramlikdan chiqish muammolari bilan shug‘ullanadi. Yoshlarni Yevropaning eng yaxshi o‘quv maskanlarida o‘qitish zarur, deb hisoblaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiy bu haqda “Oyna” jurnalida quyidagicha yozgan: “To‘y va ma’raka oqchasidan bolalarni… talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulga va Rossiya dorulfunun va dorulsaltanatlarig‘a yuborilib, diniy, dunyoviy va zamonaviy odamlar yetishdurmoqg‘a sa’y qilinsun. Ma’lumki, Munavvarqori Abdurashidxonov ham bu yo‘lda jonbozlik ko‘rsatgan. U o‘zining “Jamiyati xayriya” nomli tashkiloti orqali “ilk maktablarni bitirgandan so‘ng Turkiya, O‘rinburg, Ufa va Ozarbayjonga yashirin yuborilgan talabalarga yordam ishlarini boshqarar edi”.
Shu o‘rinda jadidlarning yoshlarga murojaatiga e’tibor qilaylik: “Ey, g‘ayratlik yoshlar! Bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, millat yo‘lida xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan hurmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va g‘urur emas, muhtaram yoshlar! Zamon siznikidir. Balki butun sharingiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz”.
Tarixdan ibrat olib yashash, tarix haqiqatlarini bilish kishiga quvvat beradi, uni hayot haqiqati bilan qurollantiradi. Tarixni yozishda hech qachon o‘ng tomonga ham, chap tomonga ham og‘masdan, faqat haqiqat va adolat nuqtayi nazaridan yo‘l tutilishi kerak. Soxta tarix bamisoli og‘u kabi insonni zaharlaydi, uning ong-u dunyoqarashini chalg‘itadi.
Eski tuzum davrida biz o‘z tariximizni bilmas edik. Ko‘zimiz bamisoli ko‘r edi. Butun olam yuksak hurmat va ehtirom bilan tilga oladigan buyuk ajdodlarimizni tanimas edig-u, soxta “dohiy”lar hayotini – qachon, qayerda tug‘ilgan, nima karomatlar ko‘rsatgan – bilar edik, to‘g‘rirog‘i, yodlab olgan edik. Ularni bobomiz, otamiz, deb sig‘inar edik. Bu aynan istibdod va qullik davri edi. Nafaqat moddiy jihatdan nochor edik, eng yomoni, or-nomusimiz toptalgan, qadriyat va an’analarimiz oyoqosti qilingan edi. Bir so‘z bilan aytganda, qornimizga emas, qadrimizga yig‘laydigan bir davr edi.
O‘zlikni anglash degani – bu o‘z tariximizni, ming-ming yillik an’analarimizni bilish degani. Agarki har qaysi odam kechagi kunni yaxshi biladigan bo‘lsa, hech qachon avvalgi xatosini yana takrorlamaydi.
O‘zingiz eslang, bir vaqtlar, kommunistik mafkura zamonida milliy urf-odatlar, an’analarni rivojlantirish u yoqda tursin, hatto janozaga borish mumkin emas edi. Qarang, qanday og‘ir zamon edi! Bu haqiqatni bolalarimizga to‘g‘ri tushuntirib bersak, tarix bilan, haqiqat bilan qurollanib olsak, hayotimizni shunday to‘g‘ri yo‘lga qo‘yamizki, uning aniq manzillari barchaga ayon bo‘ladi, butun xalqimizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlab turadi. Bu erkin, ozod, tinch va barqaror, obod va farovon hayot demakdir.
Jadid bobolarimiz sa’y-harakatlari, shaxsiy mablag‘lari va tashabbuslari bilan Turkistonda tashkil etilgan ilk zamonaviy maktablarda yoshlarga faqat milliy ruhinigina emas, balki umuminsoniy qadriyat, baynalmilallik, Vatan ravnaqi, go‘zalligini ham singdirishga harakat qilgan.
Jadidchilik Turkiston yoshlarining milliy, madaniy, ijtimoiy uyg‘onishida va ravnaqida asosiy omil bo‘lib xizmat qildi. Zamonning dolzarb masalalarini, hayotning muammolarini ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy yo‘l bilan yechish yo‘llarini jadidlar o‘z maqola va asarlarida ko‘rsatgan. Jahon taraqqiyotining ilm-fan yo‘nalishida erishgan yutuqlarini Turkistonga olib kelish istagida yoshlardan Vatan uchun xizmat qiladigan yetuk olimlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarining zamonaviy bilimdon, o‘z ishining yetuk mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, ular yurtni obod, farovon etishlariga ishongan. Chunki jadidlarning o‘zlari ham yosh bo‘lganliklari uchun mahalliy yoshlarning muammolari, fikr-g‘oyalari, turli voqealarga munosabati ularga juda yaqin va tushunarli edi. Jadidlar faoliyatida madaniyatga, ma’rifatparvarlikka, yangilikka, taraqqiyotga intilish, yoshlarni, butun xalq ommasini shunga da’vat etish g‘oyalari umrlarining oxirigacha yetakchi fikr bo‘lib qoldi. Har qanday og‘ir sharoitda ular o‘z qarashlarini o‘zgartirmadi.
Jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy faoliyatini tahlil qilib va ularning asr boshidagi g‘oyaviy qarashlaridan kelib chiqqan holda shuni aytishimiz o‘rinliki, jadidlar Turkiston xalqlarini savodsizlik, qullik, qashshoqlikdan, chor hukumati mustamlakasidan qutqarishga bel bog‘lab, ko‘p sa’y-harakatlar qilgan. Ularning yoshlar manfaatini himoya qilish, jamiyat va davlatda munosib o‘rin egallashlari uchun tegishli sharoitlarni yaratish borasidagi fikrlari bugungi mustaqil O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Zero barcha zamonlarda ham yoshlar hal qiluvchi kuch rolini o‘ynagan.
Podpolkovnik Azimjon MAJITOV,
podpolkovnik Mirzo RAJABOV,
Qurolli Kuchlar akademiyasi katta o‘qituvchilari