Seshanba, Iyun 25, 2024
HomemaqolalarFARG‘ONANING SAMOVIY TULPORLARI

FARG‘ONANING SAMOVIY TULPORLARI

professor Ablat Xo‘jayevning “Buyuk ipak yo‘li” asaridan

Chjang Chyan Markaziy Osiyoda bo‘lib, mintaqadagi yo‘llar, mamlakatlar va xalqlar haqida ma’lumot to‘plagan Xitoyning ilk rasmiy davlat elchisidir. U safardan qaytganidan keyin borgan joylari va ko‘rganlari haqidagi ma’lumotlar saroy tarixchilari tomonidan rasmiy tarixga kiritilgan. Ushbu ma’lumotlar “Tarixiy xotiralar” nomli yirik asarning “Chjang Chyanning tarjimayi holi” va “Farg‘ona tazkirasi” nomli boblarida uchraydi.

MILODDAN AVVALGI asrlarda Xan sulolasi taxtida o‘tirgan U-di qaytadan xunlar tazyiqiga tushib qolmaslik uchun “yovni yov qo‘li bilan yo‘q qilish” siyosatini amalga oshirishga kirishdi. O‘tmishda xunlar bilan jangda mag‘lubiyatga uchrab, Amudaryo bo‘ylariga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan g‘uzlar bilan aloqa bog‘lash maqsadida 138-yilda Chjang Chyanni kelib chiqishi xunlardan bo‘lgan tarjimon Tangyi Ganfu hamrohligida ulug‘ g‘uzlar yurtiga elchi qilib jo‘natadi.

YO‘LGA CHIQQAN elchi ko‘p yurmasdan Krurona mamlakatida xunlar qo‘liga tushadi. Manbalarga ko‘ra, bola-chaqalik bo‘lsa o‘z maqsadidan qaytadi, degan fikr bilan Chjang Chyanni mahalliy ayollardan biriga uylantirishadi. O‘n yil o‘tgandan so‘ng nazoratning susayganidan foydalanib, Xitoy elchisi tutqunlikdan qochib, ulug‘ g‘uzlar yurtiga yo‘l oladi.

U o‘n kun yo‘l yurib, Farg‘onaga yetib boradi. Farg‘ona xoni elchini yaxshi kutib oladi va uni Kangkiya davlatiga, Kangkiya davlati esa Chjang Chyanni ulug‘ g‘uzlar davlatiga yetib olishiga ko‘maklashadi. Vaqt o‘tib o‘z yurtiga qaytgan Xitoy elchisi hukmdoriga quyidagi ma’lumotlarni yetkazadi.

“Farg‘ona, Kan, Arshak-(Anshi, Parfiya)lar katta mamlakat. Ularda g‘aroyib narsalar ko‘p. Xalqi o‘troqlashgan. Ularning shimolida Dayuejilar bilan Kangkiya davlatlari bor, harbiy qudrati nisbatan kuchli”. Bu va boshqa ma’lumotlarni eshitgan xoqon mamlakati hududini kengaytirish maqsadida bu o‘lkalarga elchi jo‘natish uchun farmon beradi.

SHU TARIQA ko‘plab elchilarning Markaziy Osiyoga bordi-keldisi bilan bu mamlakatlar aholisi, iqtisodiyoti, madaniyati va urf-odatlari haqida Xitoyda avvalgidan ham ko‘proq ma’lumotlar to‘planadi. Biroq U-di o‘z maqsadiga erisha olmaydi.

TURKISTON VA XITOY o‘rtasidagi ot savdosi Chjang Chyanning Farg‘onaga kelishi va bu yerda arg‘umoq otlarni ko‘rishi bilan bog‘liq. Bungacha xitoyliklar foydalangan otlar asosan, Mo‘g‘ulistondan olib kelingan. Bu otlar keng yag‘rinli, oyoqlari kaltaroq, bo‘yi pastroq bo‘lib, judayam chopqir bo‘lmagan.

Elchining Farg‘onada ko‘rgan otlari tezlik va uzoqqa chopishda mo‘g‘ul otlaridan katta farq qilib, uning hayratini oshiradi. Shu bois u bu arg‘umoqlarni parvarishlash va boqish usullari bilan jiddiy tanishadi. U Chan’anga qaytganidan keyin Farg‘onaning afsonaviy otlari va ularning yemishi bo‘lgan beda o‘simligi haqida ko‘rgan-bilgani, to‘plagan ma’lumotlarini o‘z hukmdoriga taqdim etadi. Elchisining gaplarini eshitgan xoqon o‘z qo‘shinlarini mazkur tulporlar bilan ta’minlash va jangovarligini bir necha barobarga oshirish rejasini tuzadi. Farg‘onaga katta boylik bilan elchi jo‘natadi. Elchilarni izzat bilan kutib olgan farg‘onaliklar bir-ikki ot sovg‘a qilish bilan cheklanib, ko‘p miqdorda ot sotishga rozilik bermaydi.

MILODDAN AVVALGI 104-yilda U-di Farg‘onaga Li Guangli qo‘mondonligidagi katta qo‘shin yuborib, arg‘umoq otlarni berishga majbur qilmoqchi bo‘ladi. Lekin birinchi marta Farg‘onaga yuborilgan qo‘shin maqsadiga erisha olmay, O‘zgandan ortga qaytadi. Mag‘lubiyatdan qattiq ranjigan xoqon Farg‘onaga yanayam ko‘proq qo‘shin jo‘natadi, ammo ikkinchi yurish ham kutilgan natijani bermaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, miloddan avvalgi 102-yildagi urinishda Li Guangli ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 14 ta,
boshqa bir ma’lumotga ko‘ra 30 dan ortiq ot olib qaytishga muvaffaq bo‘ladi. Xitoyda zotdor otlar ana shu davrdan boshlab paydo bo‘la boshlagan.

O‘SHA ZAMONDA bitta salt otning bahosi 100 tilla, bitta yuk tashiydigan yoki aravaga qo‘shiladigan otning bahosi esa 5 ming tanga bo‘lgan. Ayrim davrlarda otning narxi nihoyatda baland bo‘lgan. Jumladan, miloddan avvalgi
93-yilda miniladigan bitta otning narxi 150 ming tangaga qadar yetgan. Ot narxi bilan ipak mato narxini solishtirganda, arzonchilik bo‘lgan yillari eng arzon ot sotib olish uchun 8-9 bo‘lak ipak mato sarflash lozim bo‘lgan. Miniladigan ot uchun esa kamida 200 bo‘lak ipak mato sarflash kerak edi.

O‘sha davrlarda ot tez harakat qiluvchi qudratli jangovar harbiy kuchning asosi hisoblanar edi. Bu borada Davan, ya’ni hozirgi Farg‘onaning “Osmon tulporlari” – arg‘umoqlar Xitoyda juda mashhur bo‘lib, unga talab juda katta bo‘lgan. Sababi shuki, o‘sha davrda qaysi davlat yoki xalqning “Osmon tulporlari”dan iborat otliq qo‘shini bo‘lsa, shular kuchli hisoblangan. Shu tufayli ot nihoyatda aziz va qimmatbaho savdo moli hisoblangan.

BUYUK XITOY DEVORI ham “Osmon tulporlari” va uning chavandozlari hujumiga qarshi barpo etilgani manbalarda qayd etiladi. Chin mamlakatining hokimi Chin Shixuangdi
(mil.av. 246–208) uchqur otlar bilan qurollangan va ot ustida chopib ketayotib o‘q-yoy otishga mohir bo‘lgan turkiy xalqlarning hujumlarini to‘sishning birdan bir yo‘li shimoliy chegara bo‘ylab ot o‘tolmaydigan darajada baland devor qurish deb bilgan edi. Va uning qarori bilan uzunligi 5 ming kilometrni tashkil qiluvchi Buyuk Xitoy devori barpo etildi. Portlatuvchi qurollarning paydo bo‘lishiga qadar bu devorlar mustahkam himoya vazifasini bajargan.

O‘RTA ASRLARDA turkiy xalqlar vakillari Xitoyga ot sotish uchun chiqqanlarida kamida
3-4 ming ot haydab borgan. Qiziq bir ma’lumot: 735-yilda turkiylar Xitoyga
15 mingta ot sotgan, shunda ushbu otlar evaziga to‘lash uchun mamlakatdagi ipak matolar yetmay qolgan ekan.

UYG‘URLAR TOMONIDAN 830-yilda Xitoyga sotilgan otlar evaziga hukumat 230 ming
bo‘lak ipak mato to‘lagan. Ko‘p hollarda ipak yetmasdan ular otlarni qarzga sotib olgan. Manbalarga ko‘ra, 780-yilga kelib, Tan sulolasining uyg‘urlarga bo‘lgan qarzining umumiy miqdori 1,08 million ipak matoni tashkil qilgan. Shundan keyin Tan sulolasi ushbu qarzning bir qismi uchun 100 ming lyang (1 lyang 37,3 gramm) oltin bergan. Sotib olingan otlarning barchasi deyarli harbiy maqsadlarda ishlatilgan.

Furqat ERGASHEV tayyorladi.

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine