O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli adiba Shahodat Isaxonovaning Turon malikalari turkumida yaratgan “Sulton Jaloliddin Manguberdi”, “Bibixonim”, “Gavharshod begim”, “Nodirayi davron yoxud amirning tavqi la’nat to‘ni” tarixiy asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda so‘zga chiqqan adabiyotshunos olimlar, adiblar-u shoirlar, muxlislari yozuvchimizning yoshi haqida “Ayollarda yosh bo‘lmaydi…” deya lutf qilgan bo‘lsalar ham, dilbar ijodkorning 75 yoshni qarshilaganlarini bilganimdan keyin hayratga tushdim, havaslandim. Ayniqsa, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ehtirom bilan kiydirilgan zarbof libos va do‘ppida opaning yanada yosharib ketganlariga guvoh mehmonlar gulduros olqishlar bilan o‘z hayratlarini ifodaladilar.
Sevimli adibamizning asarlari dunyoning turli tillariga tarjima qilingan. Tarixiy asarlar shunchaki dunyoga kelmaydi. Ularni yaratish uchun ko‘pdan ko‘p manbalardan xabardor bo‘lish, o‘qish, tahlil qila bilish, xulosalar chiqara bilish talab etiladi. Donolarning aytishlariga qaraganda, tarix o‘zgarmas ekan, tarixga nisbatan bizning qarashlarimiz o‘zgarar ekan. Qahramon bilganimiz xoin, xoin bilganimiz qahramon chiqishi ana shu qarashlar mahsulidir.
Turonzamin tarixida, saltanatlar boshqaruvida malikalar ham muhim o‘rin tutganlar. Xorazmshohlar malikasi Turkon Xotunni eslang! Sharafli taqdir-la siylangan, ayanchli yakun… Uni bizga ko‘proq qora bo‘yoqlarda tanitadilar. Murakkab shaxs. Ayrim manbalarda ilm-ma’rifatga, ilm odamlariga e’tibori yuksak bo‘lganligi e’tirof etiladi.
Tarixiy asarlar o‘z o‘quvchilarini topishi oson emas. Turon malikalari turkumidagi tarixiy asarlar esa o‘z o‘quvchisini tez topdi. Malikalar hayoti, ularning tarixda qoldirgan o‘chmas izlari hech kimni beparvo qoldirmasa kerak. Bolaligimda tarix darsligini sevib o‘qirdim. Qadimgi dunyo tarixi juda qiziqarli tayyorlangan edi-da. Rivoyatlar ham, tarixiy hujjatlar ham bolalarga tushunarli tarzda bayon qilingan. O‘sha davrda yurtimiz tarixiga oid deyarli hech narsa yodimda qolmagan. Qiziqarli tariximiz yo‘q ekan-da, degan xayolga borganman. Bo‘lmasa, Shahrisabzda necha yuz yillardan beri muhtasham Oqsaroy qad rostlab turadi. Uning ham muhtasham va sharafli tarix ekanini o‘qimagan, anglamagan ekanman. Chunki men u davrlarda ko‘proq o‘qiganlarimga ishonar edim. Va uning qurilishi, sohibqiron Amir Temurning zavjayi muhtaramasi Saroymulkxonim bilan bog‘liq afsonalarni ishonqiramay tinglaganman. Bu borada bugungi kun yoshlari biz, katta avloddan har tomonlama omadliroqdir. Sha’n-shavkatli tariximiz haqida istalganicha asl ma’lumotlarni topish mumkin.
Shahodat Isaxonovaning Turon malikalari hayotidan yozilgan asarlari tarix haqidagi bilimlarni boyitishga hissa qo‘shadi. Yo‘q, yo‘q, biz badiiy asarni ilmiy manbaga tenglashtirish fikridan yiroqmiz. Ammo ishonamizki, bu asarlar malikalar shaxsiga muhabbatni, qiziqishni orttiradi, malikalar shaxsi esa shohlar, sultonlar, amirlar, xonlar, aniqrog‘i yurtimiz tarixiga daxldordir. Bu qiziqish va muhabbat asl manbalarni o‘rganishga da’vat etadi.
Is’hoqxon Junaydulloxoja o‘g‘li Ibrat qalamiga mansub “Tarixi Farg‘ona” asari xalqimizning qimmatli yozma yodgorliklaridan biri sanaladi. Bu kabi bebaho asarlar mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida nashr etilgan. “Tarixi Farg‘ona” 1916-yilda yozilgan. Oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. O‘zbek adabiy tilida o‘zgarishlar kechdi. Bugungi kun o‘quvchilariga mazkur asarni anglash birmuncha qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, ayrim marsiyalar, nazmiy parchalar tarjima qilinmagan. Ammo mukammal izohlangan.
Zukko o‘quvchilarimizni Ibrat qoldirgan qimmatli yozma yodgorlik bilan Shahodat Isaxonovaning tarixiy asarlari o‘rtasida qanday bog‘liqlik borligi taajjubga solishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, tarixiy asarlar yuksak badiiyat bilan yaratilsa-da, vaziyatni anglatish uchun badiiy to‘qimalarga murojaat qilinsa-da, tarixiy haqiqatlardan tamoman chekinmaydi. Asosida o‘sha muzaffar kunlar nash’u namolari, fojialari aks etib turadi.
“Tarixi Farg‘ona”dan o‘qiymiz:
“Muhammad Alixonni Muhammad Amin degan murohiq o‘g‘li va zavjasi va oyimini va yaqin joriya – hammasini suydurub, avvalda Muhammad Alixonni suydurub, andin so‘ng Muhammad Amin degan o‘g‘lini so‘yganda, murohiq (balog‘atga yetmagan) xonzodaga anosi betoqat bo‘lub, munga qarab, anosiga vidolashib, oh-u fig‘onda turganda, mazluma onasi so‘yiladurgon yerga borib, bir ko‘zi o‘g‘lida va bir ko‘zi amirni tarafiga haqorat qilib: “Ey zolim, sanga osiy bo‘lgan atosi, bu murohiqi begunoh nima qildi?! Ey berahm zolim, qizil qonga bo‘yading, Xudoning oldida sening ila murofaa qilaman, sen ham nuri chashmingdan ajrab, xonavayron bo‘lub, qizil qoningg‘a bo‘yal, xonadoningdan ajrab, xarob bo‘l!” deb alfozi qabiha va shani’alar ilon og‘zig‘a nima kelsa qaytarmay, amirni hech pisand qilmay turganda, yaqinlarini hammasini suydurgon ekan”.
Tarixning eng qora, qonli sahifasi… xon barobarida xonadoni ahli, go‘daklarning qatl etilishi, oyimlarning qatl etilishi… Nodirayi davron qatli…
O‘qiymiz: “1841-yilning noyabr oyida… Buxoro amiri Nasrullo Qo‘qonni bosib oladi va Sulton Mahmudxon, Muhammad Ali, Mohlar oyim (Nodira) va boshqalarni qatl etadi”.
Aziz o‘quvchi, siz asar nomlanishiga e’tibor berdingizmi? Shahodat Isaxonova mazkur asarini “Nodirayi davron yoxud amirning tavqi la’nat to‘ni” deb nomlagan. Amir ham tavqi la’natdan to‘n kiyishi mumkinmi?! U qanday tavqi la’nat edi?
O‘qiymiz: “Baland, shohona devorlar bilan o‘ralgan ulkan va mahobatli qasr fayzsiz va ko‘rimsiz bir ahvolga tushib qolgan, kattagina bog‘chadan iborat marmar hovuzli hovlining g‘ishtin yo‘laklari ajriq bosganidan g‘ishtlari yarim-yorti ko‘rinardi. Bog‘dagi dov-daraxtlar deyarli kuzalmagan, g‘ovlab ketgan shoxlarining ba’zilari shamol va qor ta’sirida sinib tushganicha, tarvaqaylab yotardi. Ostiga to‘kilgan barg-xazonlar supurilgan bo‘lsa ham, olinmay, har yer-har yerda uyulganicha, xuddi mozordagi eski qabrlar kabi do‘mpayib turardi”.
Ha, qachonlardir bu hovlida hayot qaynardi. Bu xonadon bekasi o‘g‘li Olimxon sharafiga xonoyim deya e’zozlanardi. Umarxoni jannatmakonning og‘asi… Umarxon tomonidan o‘ldirilgan, uch o‘g‘lini ham qo‘shib…
O‘qiymiz: “– Pushaymonmen, malikam… – Umarxon boshini xontaxtaga urib, yig‘lab yubordi. – Pushaymonmen!
– Oh… bul pushaymonlik dod-voylar-u oh-vohlar, ko‘z yoshlari birlan yuvilsa koshki erdi, – Nodira begim boshini nadomat bilan chayqadi, – aning to‘lovi, tovoni og‘ir bo‘ladur?! Yo Rab! O‘zing kechir! O‘shal kuni ammaginam ne deb qarg‘aganini eslaysizmu?
– Eslaymen, malikam… Har kuni eslaymen! Eslamasam, unutsam koshki erdi…
– Yo Alloh, o‘shal nolalar hamon quloqlarim ostinda jaranglayotir! “Menga bul kunni ravo ko‘rganlarning o‘zlari ham, zurriyotlari ham qirchininda qiyilsun” deb duoyi bad etgan erdilar-a!
– Ha, qirchinimda qiyilmoq fursati yetdi, shekilli, kecha tabiblar bedavo dardga mubtalo bo‘lganimni so‘ylashdi…”
Qarg‘ish qo‘rqinchli narsa. Qarg‘ishdan qo‘rquvimiz bolalikdan ongimizga quyilganidan bo‘lsa, ehtimol. Bolalik… daryoga yaqin dala yo‘lining shundoqqina yoqasida poliz bor edi. O‘zi shu tomonlarda kalta-kulta yerlar ko‘p bo‘lib, qovun-tarvuz ekilardi. Handalak va qovunlarning xushbo‘ylari uzoqlarga taralardi. Yo‘l yoqasidagi bu polizga birorta bola bo‘ylamasdi. “Egasi yomon, qarg‘aydi…” deb, hamma aylanib o‘tishga harakat qilardi. Tiriqtirib quvishlar, hay-haylagan lalmi do‘qlardan qo‘rqmasdik, qarg‘ishdan qo‘rqardik.
Shahodat Isaxonovaning har bitta tarixiy asari xususida to‘xtalib o‘tishning imkoni yo‘q. Zero Yozuvchilar uyushmasida adabiyotimiz sinchilari ularga munosib bahoni berib bo‘ldilar. Biz shunchaki siz, aziz o‘quvchilarimizni bu go‘zal asarlardan boxabar qilyapmiz. Mazkur tarixiy asarlar ustasining qo‘liga tushsa, dunyo sevib tomosha qilgan turklarning “Muhtasham yuz yil”idan ham muhtashamroq film yaralishi shubhasiz!
Qanchalik haqiqat ekanini bilmadim-u, sevimli adibamizning navbatdagi tarixiy asari temuriy malikalarimizdan yana biri Zebunnisoga bag‘ishlanar emish. Yana bir mukammal roman dunyo yuzini ko‘rsa, ajab emas. Omad tilaymiz.
So‘zimizni “Nodirayi davron yoxud amirning tavqi la’nat to‘ni”dan parcha bilan yakunlaymiz:
“– Sen yaxshisi, Xo‘qand xonligi ustidan qozonilgan g‘alabamiz haqinda go‘zal bir “Zafarnoma” yoz!..
– Tilim, tilim, tilimdur, tildin tanam tilimdur… – amirning gapidan rangi oqarib ketgan Hoziq qo‘lidagi daftarni shosha-pisha naycha qilib o‘rab, cho‘ntagiga soldi…
Hoziq bir lahza taraddudlanib turdi-da, so‘ng ilojsizligini his qilib, atrofga jonsaraklik bilan ko‘z tashladi. Davradagilar ham hozir biror fojia yuz beradiganday qo‘rquv qalqqan nigohlarini unga tikib olishgan edi. Hoziq cho‘ntagidan daftarni oldi.
To‘n kiydingiz tavq-u la’natdin bul dam,
Yechmog‘ingiz mushkul qiyomatda ham…
O‘tirganlar “oh” deb yuborishdi. Nasrullohxonning rangi bo‘z tusga kirdi. U oldida turgan oltin ko‘zani otmoqni mo‘ljalladimi, dastasidan shart ushlab ko‘tardi. Ko‘za ichidagi sharob bilaklariga to‘kildi”.
Huzurli mutolaalar tilagi bilan,
Inobat IBROHIMOVA,
“Vatanparvar”