Juma, Oktabr 11, 2024
Homemaqolalar“BERLIN”dan “OQQO‘RG‘ON”gacha qanday tarix bor?

“BERLIN”dan “OQQO‘RG‘ON”gacha qanday tarix bor?

“Berlin – Oqqo‘rg‘on” (rejissyor Zulfiqor Musoqov, 2018) filmida urush mavzusidagi o‘zbek badiiy filmlari tarixida ilk marotaba urusholdi va urush yillaridagi siyosiy-mafkuraviy qarashlar hamda ularning jamiyat hayotiga ta’sirini mustaqil pozitsiyadan turib mushohada qilishga, bu davrdagi turli toifaga mansub insonlar qismatini ko‘rsatish orqali tarixiy haqiqatlarni yetkazishga urinish amalga oshirilgan. Buni yuzaga chiqarish vositasi sifatida muhim siyosiy shaxslar hisoblangan davlat va jamoat arboblari tanlab olingan.

 Ayniqsa, jahon tarixidagi ikki yirik shaxs – Adolf Gitler hamda Iosif Stalin obrazlarining voqealar ishtirokchisi o‘rnida talqin etilgani mustaqillik davri o‘zbek kinosida tashlangan dadil odimlardan bo‘ldi. Chunki ular timsolida urush arafasida jahon siyosati maydonida kechgan ulkan jarayonlarni taftish etishga intilish kuzatiladi. Masalan, Gitlerning Rudolf Gess, Genrix Gimmler va Yozef Gebbels bilan suhbatini aks ettirish orqali Stalin siyosati va shaxsi to‘g‘risida ayrim haqiqatlarni yetkazish maqsad qilingan. Gitler tomonidan “Sovet xalqining Stalinga munosabati qanday?” deb berilgan savolga javob berar ekan, Gimmler “Stalin Rossiyada Germaniyaga nisbatan o‘n baravar ortiq konslagerlar qurdirgan. Sovet xalqi undan nafratlanadi va qo‘rqadi” deya aniq fikr bildiradi. Sobiq Ittifoqda konslagerlarning natsistlar davlatinikidan o‘n karra ko‘proq bo‘lganiga urg‘u berilishi Stalin tuzumining repressiv xarakterini ifodalash bilan birga, o‘sha davrdagi qatag‘on siyosatini eslatib o‘tadi, qolaversa, xalqning qo‘rquvdaligini alohida ta’kidlash orqali siyosiy tazyiq va ta’qiblar qanchalik kuchli bosim bilan amalga oshirilganiga urg‘u berilgan. Stalinning 1939-yil 21-avgustda Vyacheslav Molotov (Skryabin) bilan qurgan suhbatida esa SSSRning hali urushga tayyor emasligi, Gitler bilan tenglashish uchun yana kamida ikki-uch yil talab etilishi ma’lum qilinganki, bu ham bo‘lsa urush arafasidagi sobiq Ittifoqning ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-texnik imkoniyatlari cheklanganligi bilan bog‘liq ma’lumotni yetkazgan. Filmda har ikkala diktatorning siyosiy qarashlari orqali urush yillaridagi siyosiy jarayonlar tahlil etib borilgan.

E’tiborli jihati, filmda urusholdi va urush yillaridagi fojialarga, xalq boshiga tushgan musibatlarga faqat fashistik g‘oya tarafdorlari aybdor degan biryoqlama munosabat emas, balki sobiq Ittifoqda yuritilgan qattiq siyosatning ham kuchli ta’siri bo‘lgani o‘rinli epizodlar orqali ochib berilgan. Nodira Norboyeva (N. Karimboyeva ijrosida) oilasi bilan kechgan voqealar shunga misol. Nodira va uning qizi Gulshodani xalq dushmanining oilasi sifatida avvaliga chekka qishloqqa, keyinroq esa Rossiyaning olis hududlaridan biriga jazo o‘tash uchun yuborilishi va baxtli tasodif tufayligina (Nodiraning Stalinga yo‘llagan maktubi ijobiy ko‘rib chiqiladi) ozodlikka chiqarilishi orqali urush yillari oddiy odamlarga nisbatan kuchli siyosiy tazyiq o‘tkazilgani, oqibatda minglab oilalar parokanda bo‘lib ketgani ayonlashadi. Ikkinchi tomondan esa urush yillaridagi siyosat, hatto ziyolilarni ham ayamagani mashhur teatr arbobi Meyerxoldning qamoqxonada otib tashlanish epizodi orqali ochib berilgan. Bundan tashqari, filmda shaxsga sig‘inishning oddiy xalq tafakkuriga qanchalik chuqur singdirilganini yorituvchi epizodlar ham film mazmunini boyitgan. Jumladan, qishloq maydonchasida sahnalashtirilgan spektaklda Stalin rolidagi aktyorni ko‘rib, tomoshaga yig‘ilganlarning barchasi – yosh-u qari, ayol-u erkak xuddi qarshisida haqiqiy Stalin turgandek hayajondan qotib qolishi va o‘z “dohiylari”ni olqishlab, ko‘klarga ko‘tarishi, hatto ko‘ziga yosh olib, qo‘llaridagi bor-budini Stalinga – aktyorga berishi zamirida sobiq Ittifoqda yuritilgan siyosatning ayanchli manzarasi aks etgan. Xaloyiq yoppasiga Stalin – aktyor bilan bor-yo‘g‘i qo‘l berib ko‘rishish uchun mahtal bo‘lib turgan paytda, bu holatni chetdan kuzatayotgan Norboyevaning yirik planda tasvirlanishi ham o‘ziga xos kontrast hosil qilib, xalq olqishlayotgan Stalinning o‘zi ana shu xalqning yuz minglab vakillarini dushmanlikda ayblab, qanchadan qancha begunoh oilalar yostig‘ini quritganiga nozik ishora beradi.

Agar sovet davrida urush mavzusida ishlangan o‘zbek badiiy filmlarida natsistlar harakati, asosan sovet kishisining ularga bo‘lgan munosabati, ular haqda aytganlari va ta’riflari fonida anglashilgan bo‘lsa, “Berlin – Oqqo‘rg‘on” filmi orqali bu stereotipga nuqta qo‘yilib, dushman tarafning vakillari ham alohida shaxs, alohida taqdir egasi va alohida qahramon sifatida olib chiqildi. Auditoriyaga gitlerchilarning nimalar haqida fikrlagani, orzu-istaklari va rejalari ularning o‘z tillaridan yetkazildi.

Xususan, filmning asosiy syujet chiziqlaridan birini tashkil etuvchi Klaus Kyostling hayoti misolida beg‘ubor nemis bolakayining qanday qilib yovuz fashistga aylanish jarayonlari xronologik tarzda ochib berilgan. Klaus obrazi orqali, bir tomondan, oddiy nemis xalqi vakillarining natsistlar safiga qo‘shilish omillari ko‘rsatilsa, ikkinchidan, urush insonlarning sof tuyg‘ularini, o‘zaro mehr-muhabbatlarini ham shafqatsizlik bilan o‘chirib tashlagani aks ettirilgan. Klausning biografiyasi 1928-yildan, hali u beg‘ubor bolakay bo‘lgan chog‘laridan, yahudiy qo‘shni qizcha bilan birga ulg‘ayish pallasidan boshlab tasvirlangan. Klaus har safar eshikdan mo‘ralab, ro‘paradagi yahudiy qo‘shni qiz bilan nigohlarini to‘qnashtirganda oradan yillar o‘tib borayotgani ularning ulg‘aygan qiyofalari va 1928, 1930, 1933-yili degan izohli yozuvlardan bilinadi. Albatta, filmda Klausning aynan yahudiy qiz bilan birga ulg‘ayishi va keyinchalik unga ko‘ngil qo‘yishi bejiz tanlanmagan. Bu bilan, birinchidan, natsistik mafkura va urush tufayli millatlar o‘rtasidagi birdamlik va sevgi-muhabbatga chek qo‘yilgani yoritilgan bo‘lsa, ikkinchidan, qo‘shni qiz orqali yahudiylarning qanchalik tahqirlangani hamda fojiaviy tarzda qirg‘in qilingani ochib berilgan, uchinchidan esa natsistlar va urush Klaus singari oqko‘ngil yigitlarni ham vahshiy qotilga aylantirgani, ularni qanchalik tubanlashtirgani yetkazilgan. Mana shu uchala omil ikkita epizod orqali yaqqol namoyon bo‘lgan.

Birinchi epizodda 1933-yili Klaus sinfdoshlari bilan yahudiy muallimidan musiqa darsini olayotganda natsist askarlarining xonaga kirib kelishi va yahudiy bo‘lgani uchun muallimni tahqirlashlari ko‘rsatilgan. Ular bolalarga muallimni “Iflos yahudiy cho‘chqasan”, deb so‘kishga buyuradi, biroq birgina Klaus ularga qo‘shilmaydi, uning yuz ifodasidan noroziligi sezilib turadi. Bunday munosabati uchun natsist askari tomonidan qistovga olinganda Klaus reyx-kanselyarida xizmat qiladigan dadasiga shikoyat qilishini aytadi, muallimi yonini olib, uning hech qayerga ketmasligini baralla ta’kidlaydi. Klausning dadasi qayerda ishlashini eshitgach, natsistlar boshqa biror so‘z demay, chiqib ketishadi. Mana shu epizodda Klausning insonparvarligi, qalbida nohaqlikka qarshi isyon borligi, hali fashistik g‘oyalar ta’siriga berilmagani ko‘rinadi, ayniqsa yahudiy muallimini himoya qilishi, uning or-nomusi uchun natsistlarga qarshi turishi Klausdagi eng oliyjanob sifatlarni yuzaga chiqargan.

Ikkinchi epizodda esa mutlaqo teskari manzara. Voqealar 1940-yili Polshada, ya’ni oldingi epizoddan yetti yil o‘tib sodir bo‘ladi. Natsistlar boshlig‘i cherkovda yashiringan yahudiy oilasini aniqlaydi, bu oila Klaus bilan bir umr yonma-yon yashab kelgan yahudiy oila bo‘lib chiqadi, ularning orasida Klausdan homilador qo‘shni qiz ham bor edi. Natsistlar boshlig‘i tanish bo‘lgani uchun ularni tinchitishni ayni Klausga buyuradi, u esa hech ikkilanmay, ularni o‘z qo‘llari bilan otib tashlaydi. Mazkur epizoddagi Klaus bilan birinchi epizoddagi sofdil o‘spirin Klaus o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq borligi yaqqol ko‘rinadi. Natsistlar harbiy kiyimdagi Klausda endi zarracha rahm-shafqat hissi qolmagan, hatto o‘z zurriyotini ko‘tarib yurgan ayolni ham tap tortmay o‘ldirishga qodir kimsaga aylangan. Bir-biriga kontrast ushbu epizodlar nafaqat natsistlarning nemis yoshlarini fashistga aylantirish oqibatlarini, balki dushman obrazining individual sifatlarini, natsistik g‘oyalarning amaldagi fojialarini ham ochib beradi.

“Berlin – Oqqo‘rg‘on” filmida urush mavzusini yoritish bo‘yicha noodatiy, o‘ziga xos shakl tanlangan. Dastlabki epizoddayoq muallif urush bilan bog‘liq turfa xotiralarini quroqqa o‘xshatar ekan, buni bevosita film uchun tanlangan shaklga ishora sifatida qabul qilish mumkin. Chindan ham, film voqealari bir qarashda anchayin tarqoq va turli xronologiyaga qurilgan quroqqa o‘xshash har xil epizodlardan iboratdek ko‘rinadi. Biroq film voqealari aniq kompozitsiyali yaxlit syujetga qurilgan. Shunchaki filmda mustaqil tuzilmaga ega, ammo mantiqan bir-biriga bog‘langan uchta liniya mavjudligi sabab voqealar avvaliga biroz chalkashday tuyulishi mumkin.

Film umum kompozitsiyasini tashkil etuvchi birinchi liniyani “Rahbariyat liniyasi” deyish o‘rinli. Bu liniyaga ikki davlat – fashistlar Germaniyasiga taalluqli Adolf Gitler, Genrix Gimmler, Yozef Gebbels, Rudolf Ges, German Gerringdan iborat guruh vakillarini hamda SSSR rahbariyatiga kiruvchi Iosif Stalin, Maksim Litvinov, Aleksandr Poskryobishev, Vyacheslav Molotov (Skryabin) singari shaxslar obrazi yoritilgan syujet tarmog‘ini kiritish mumkin. Ikkinchi liniya “Ziyolilar liniyasi” bo‘lib, unda Vsevolod Meyerxold, Mixail Chexov, Zinayida Ray, Maryam Yoqubova kabi ziyoli insonlar taqdiri o‘rin olgan. Nihoyat, uchinchi liniyani “Oddiy xalq” tashkil etib, unda Qo‘zivoy Shodiyev va Klaus Kyostling oilasi bilan bog‘langan voqealar yoritiladi.

Mana shu uchala – “Rahbariyat”, “Ziyolilar” va “Oddiy xalq” liniyalari film voqealari davomida o‘zaro kesishib, bir-birini taqozo etuvchi yaxlit syujet zanjiriga aylangan. Film uchun tanlangan bunday shakl urush yillaridagi jarayonlarni turli qatlam va doiralar misolida keng qamrab olish imkoniyatini bergan. Shu sabab filmda urushni alanga oldirgan Berlindagi yirik siyosatchilardan tortib, Oqqo‘rg‘onga o‘xshash chekka qishloqlarda yashovchi Qo‘zivoy singari oddiy insonlar obrazini uchratamiz. Film nomlanishi zamiridagi ma’no ham aslida Berlindan Oqqo‘rg‘ongacha yetib borgan urushning ko‘lami va mohiyatiga ishora qilib, urushdan hech kim omon qolmasligiga o‘zaro kesishgan turli taqdirlar misolida urg‘u beradi.

O‘tmish voqealarining bugungi kun bilan bevosita bog‘lanishi esa film dramaturgiyasida bir qancha parallel leytmotiv chiziqlarni hosil qilgan. Shulardan biri “qasos olish” syujet tarmog‘i bo‘lib, Klaus tomonidan otib tashlangan yahudiy oilaning taqdir taqozosi bilan tirik qolgan a’zosi tarafidan qartaygan Klausdan o‘ch olinishi hisoblanadi. Klaus obrazining bugungi kun bilan bog‘lanishi film voqealarini tarixda bo‘lib o‘tgan hodisa sifatida chetdan turib emas, balki zamondosh qahramonlar hayotida kechgan va bugungi kunda ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan real jarayonlar sifatida qabul qilishga undaydi. Filmda “xalq dushmani”ning oilasi sifatida jazoga tortilgan Gulshoda va onasi bilan bog‘liq voqealar, frontda snayperchi bo‘lib xizmat qilgan va fashistlar dodini bergan Qo‘zivoyning hayotida yuz bergan hodisalar (tog‘asining dushmanlar tomonidan bo‘laklab tashlanganiga guvoh bo‘lishi, “xalq dushmani” oilasining boshiga tushgan ko‘rgiliklariga sherik bo‘lishi) ham ana shunday alohida syujet chiziqlarini tashkil etgan. Qolaversa, “xalq dushmani”ga chiqarilgan odamning ayoli bilan qizini garchi ular qattiq nazorat ostida bo‘lsa-da, o‘zbek oilasi tomonidan iliq kutib olinishi va ularga nisbatan bir oila sifatida qaralishi o‘zbek xalqiga xos mentalitet sifatida aks etgan.

“Berlin – Oqqo‘rg‘on”ni Ikkinchi jahon urushi mavzusida mustaqillik davrida yaratilgan eng ko‘lamli, keng ma’noli va mavzuga chuqur kirishga intilgan film sifatida baholash o‘rinli.

Aziz MATYAKUBOV,

san’atshunos

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine