Shanba, Dekabr 14, 2024

NOTAVON

(voqeiy hikoya)

Katta shaharning mashhur kiyim bozori. Necha minglab xaridorlarga xizmat ko‘rsatayotgan yuzlab do‘konlarni bir kunda aylanib chiqish amrimahol. Xilma-xil yemaklarni xaridorlarga ilinib turgan katta-kichik tamaddixonalar-u yo‘l yuzida savdo qilayotgan “kep qoling, op qoling”larning sanog‘i yo‘q.

Chumoli yanglig‘ har tomonga harakatlanayotgan odamlar oqimida men ham do‘konlar tomon intilaman. Yo‘l chetidagi necha tur narsalar-u ne’matlarga nazar tashlab borar ekanman, “Qora qo‘chqorning dumbasidan qilingan somsalarni yemabsiz, bu dunyoga kelmabsiz! Somsalarga kep qoling!” degan tovush qulog‘imga tanish tuyuldi. Beixtiyor o‘sha tomonga qaradim. Qaradim-u, joyimda qotdim. “O‘sha men bilgan g‘ururli va qat’iyatli harbiy xizmatchi – Muxtorbekmi? Qanday qilib u?..” Xayolim poyoniga yetmay, mendan yigirma-yigirma besh metr uzoqlikda “mol”iga berilib xaridor chaqirayotgan yigit termilib turganimni sezgandek men tomonga qaradi. Nigohlarimiz to‘qnashdi. To‘qnashdi-yu, kutilmaganda ko‘zlarini olib qochdi. “Nahotki Muxtorbek bo‘lsa? Balki, aka-ukasidir, balki, egizagi bo‘lgandir?” Taxminimni aniqlash uchun o‘sha tomonga qarab yurdim.

Odamlar orasida turtina-turtina somsa sotayotgan yigit tomon yaqinlashdim. Uning xaridor chorlovi tin olgandek bo‘ldi va zum o‘tmay, ingichkaroq ovozdagi boshqa yigit atrofdagilarga zo‘r berib somsaning ta’rif-u tavsifini keltirishga tutindi. Bu orada men uning qoshida turardim.

– Keling, opa, bizning somsa bozorda bitta, super. Mol go‘shtligidan beraymi, qo‘y go‘shtligidan?

– Uzr, menga hozirgina shu yerda somsa sotib turgan yigit kerak edi.

– Yigit?

– Ha, sherigingiz bo‘lsa kerak. MuxtOrbek.

– Haaa, Muxtormi? Orqa tomonga o‘tib ketdi, – bosh barmog‘ini orqaga niqtab, astoydil tushuntirdi va: – Muxtorning kimi bo‘lasiz? – menga bosh-oyoq sinchkov nazar tashladi u.

– Tanishi, – javobni qisqa qildim va meni taajjubga solgan holatning javobini bilishga oshiqdim. – U harbiy xizmatchi bo‘lgan, shundaymi?

– Harbiy xizmatchi? – ensasi qotib yuzimga qaradi.

– Ha, serjant. Menimcha, xizmatdan voz kechib, bozorga o‘tgan bo‘lsa kerak.

– O‘ylab gapiryapsizmi, opa, harbiylikka yaqinlashib bo‘lmaydi-ku, shunday ishdan voz kechib, bozorda somsa sotadimi? “Tembolee” serjant bo‘lgan, deyapsiz.

– Men ham shunga hayronman. Harbiy qismda hurmati baland yigitlardan edi, – o‘zimga o‘zim gapirgandek hamon hayratimni yashira olmasdim. – To‘g‘ri, shunday kasbdan ketib…

– “Koneeshna”, – endi o‘zingga kelding degandek fikrimni “o‘z tili”da davom ettirib ketdi u. – Muxtor hech qachon harbiy bo‘lmagan, men bunga “sto protsent” kafilman.

Somsa sotayotgan yigit oldida qancha turib qoldim, bilmadim.

– Opa, xaridorlarimning yo‘lini to‘sib qo‘yyapsiz, chetroq tursangiz, yaxshi bo‘lardi, – uning tanbehi va quloqni qomatga keltiruvchi “Uylanmagan, qora qo‘chqorning go‘sht-u dumbasidan bo‘lgan somsalarga kep qoling!” degan xaridor chorlovidan o‘zimga keldim.

***

Yashash manzilim harbiy qism yonginasida joylashgani uchun har tong ishga ketayotib, xizmatga shoshilayotgan harbiy xizmatchilarga duch kelaman. Qaddi-basti tik, harbiy libos yarashgan, jiddiy qiyofadagi Vatan posbonlariga beixtiyor havas qilasan, kishi. Men kabi o‘g‘illari voyaga yetayotgan onalar esa farzandlari ular kabi bo‘lishini yurakdan orzu qiladi. Ayniqsa, duch kelganda salomini kanda qilmaydigan, harbiy libos yarashgan, alpdek qomatidan tortib qadam tashlashiga qadar kasbidan faxrlanishi sezilib turgan qat’iyatli Muxtorbek men uchun o‘g‘illarim o‘rnak olsa arziydigan yigitlardan edi.

Buning yana bir sababi o‘qituvchi bo‘lganim uchun sinf rahbari sifatida vatanparvarlik mavzusidagi tadbirga harbiy xizmatchilarni taklif qilish uchun harbiy qism qo‘mondonligiga murojaat qildim. Ular iltimosimni ijobiy hal qildi. Tadbirda qatnashgan ofitserlar qatorida serjant Muxtorjon Mardonov ham bor edi. O‘shanda uning kasbiga bo‘lgan muhabbati, sohani yaxshi o‘zlashtirgani, suxandonlik ila o‘quvchilarni bir zumda o‘ziga jalb qilganiga guvoh bo‘lganman. Shu sabab o‘g‘illarimga tanbeh berganda ham, nasihat qilganda ham, albatta Muxtorbekni misol qilib ko‘rsatar, o‘shandek qat’iyatli, kasbiga munosib yigit bo‘lishlarini qayta-qayta ta’kidlar edim.

Biroq keyinchalik Muxtorbek ko‘rinmay qoldi. “Xizmat joyi o‘zgargan bo‘lsa kerak. Qayerda bo‘lsa ham, omad yor bo‘lsin. Bunday o‘g‘lonlar elimiz faxri”, xayoldan o‘tkazib qo‘yardim ba’zida. Bugun esa uni bozorda somsa sotayotganini ko‘rib, kayfiyatim tushib ketdi. Sarobga duch kelgan, oq bilan qoraning farqiga bormagan, o‘qituvchi bo‘la turib, odam ajratishga ojiz kimsadek kalovlanib qoldim. Ertasigayoq buning tagiga yetish uchun harbiy qismga yo‘l oldim…

***

– Serjant Mardonov, sizni har doim shaxsiy tarkibga o‘rnak qilib ko‘rsatib kelganmiz. Oilada, xizmatda, hayotda munosib o‘rin topayotgan edingiz. Bunday nosog‘lom, harbiy xizmatchi sha’nini bulg‘aydigan yo‘lga qachon kirib ulgurdingiz?

Harbiy qism komandiri xonasida boshini egib o‘tirgan Muxtorbek uning jo‘yali tanbehiga javob qaytarishga ojiz edi.

– Bu sharmandali holatni siz qanday izohlaysiz, mayor Po‘latov? Qo‘l ostingizdagi harbiy xizmatchi yaqin bir yildan buyon oilasini deyarli qarovsiz qoldirib, axloqsiz ayol bilan yashab yursa-yu, siz bexabar bo‘lsangiz! Safdosh do‘stlari-chi? Ularning ko‘zi qayoqda edi?! Haqiqiy do‘st degani uning nomaqbul xatti-harakatining oldini olib, noto‘g‘ri yo‘ldan ortga qaytarmaydimi? Agar serjant Mardonovning otasi kelib, bu haqda xabar bermaganida tashqarida – el orasida harbiy xizmatchi sha’ni bulg‘anib, axloqsizlik tamg‘asi bosilib yuraverarmidi? Xizmatdan keyin harbiy libosda oilasiga emas, axloq-odob qoidalariga zid ravishda o‘ziga munosib bo‘lmagan ayolning uyiga borib yashab yursa… Bu nima degan gap?!

Mayor Po‘latov, serjant Mardonovning turmush o‘rtog‘i erining yurish-turishi haqida qism qo‘mondonligiga biror marotaba murojaat qilganmi? Balki, oilaviy bordi-keldisi bor yaqin safdoshiga dilini yorib, yordam so‘ragandir?

– O‘rtoq polkovnik, serjant Mardonovning xotini tomonidan bunday murojaat bo‘lmagan. U bilan suhbatlashganimizda, ayoli: “Agar bu haqda bildirsam, erining ustidan arz qilgan sabrsiz ayol bo‘lib qolardim, sha’niga yaxshi gap aytilmasdi. Insof berib, ortga qaytishini kutdim”, dedi.

– Haa… bizning ayollar sabr-bardoshli. Erining xiyonatini ichiga yutib, farzandlarining yetim ulg‘ayishini istamagan. Oxiri bo‘lmagach, qaynona-qaynotasidan yordam so‘ragan. Erining iflos qiliqlariga chidagan o‘sha ayolga rahmat. Ammo yara gazak olmasidan oldini olganida, bizga murojaat qilganida, yanada yaxshi bo‘lardi.

Xo‘sh, serjant Mardonov, sha’ningizni bulg‘agan bu holatni qanday izohlaysiz? Adashganingizni tan olasizmi?

Muxtorbek boshini eggan ko‘yi bir nuqtaga tikilgancha jim qotib turar, uning ma’nosiz nigohida pushaymonlik sezilmasdi.

– Serjant Mardonov, o‘rtoq polkovnik sizdan javob kutyapti. Xizmat faoliyatingiz mana shu javobingizga bog‘liq.

Mayor Po‘latovning tanbehidan so‘ng:

– O‘rtoq polkovnik, oilamga qaytib, hayotimni izga solishga harakat qilaman, – degan sado chiqdi yigitdan.

– Bu harbiy xizmatchining javobi emas, harbiy xizmatchi harakat qilmaydi, bajaradi! – qism komandirining qat’iy buyrug‘i yangradi: – Mayor Po‘latov, serjant Mardonovga, uning guruh komandiriga va sizga qattiq xayfsan e’lon qilinadi. Serjant Mardonovga oilasiga qaytib, hayotini izga solib olishi uchun uch kun muhlat. Uning xizmat faoliyati, oilaviy hayoti, yurish-turishi haqida menga muntazam axborot berib turasiz. Aslida, bunday axloqsiz harbiy xizmatchilarga oramizda aslo o‘rin yo‘q. Ammo ko‘ziga yosh to‘lib turgan keksa ota-onasi, andishali, sabrli turmush o‘rtog‘i va o‘g‘il-qizi uchun bir marotaba imkon beriladi unga. Buyruq bajarilsin!

– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq polkovnik!

Muxtorjon ertasiga oilasiga qaytdi. Xotini Laylo va farzandlariga begonadek tund muomala qilayotgan yigit ota-onasi oldida bo‘lishga majbur edi.

– Uzoq yo‘l bosib kelganimizga bir hafta bo‘ldi, o‘g‘lim, – asta o‘zini bosib so‘z boshladi Turob aka. – Nahot, ota-onangni ham ko‘rging kelmasa? Xizmatdagi o‘rtoqlaringga necha bor xabar berdim, kelmading. Shundan so‘ng komandiringga uchrashga majbur bo‘ldim. Harbiy bo‘lganingda yaqinlaringdan tortib qishloq ahliga qadar quvongandi. Hamma senga havas qilardi. Suygan qizingga uyladik, o‘g‘ling bor, qizing bor. Davlatimiz shunday chiroyli uylarda yashashingga sharoit yaratib beribdi. Nima yetishmayapti senga, bolam, yana nima kerak?

Turob akaning gapidan xotini Xursanoy opa yig‘lab yubordi.

– O‘g‘lim, sizlarni peshona teri bilan, mehnatning ichida qiynalib katta qilgandik, – yalinchoq ohangda so‘z boshladi onaizor. – Aka-ukalaringning ichida sen boshqacha eding, senga ko‘proq ishonardik. Bu nima qilganing, bolam? Ko‘zingni och. Yosh xotining, bolalaringni tashlab, o‘zingdan yoshi katta, bozorchi xotin bilan yashab yurganing nimasi? Bu oilamiz sha’niga isnod-ku, o‘g‘lim!

– Ko‘z yoshingni yig‘ishtir, undan ko‘ra o‘g‘lingga Xudodan insof tila, – ko‘zlari ma’nosiz, jim turgan o‘g‘lining yuziga qarab, nafrati qo‘zidi otaning. – Bizni, oilangni desang, shaytoniy yo‘ldan qaytib, avvalgi oriyatli, g‘ayratli, oilaparvar Muxtorbekka aylanasan! Bo‘lmasa, sendek bolamiz yo‘q!

Turob akaning so‘nggi so‘zidan Xursanoy opaga qo‘shilib Laylo ham yig‘lab yubordi. O‘n va sakkiz yoshlardagi, ota mehriga muhtoj o‘g‘il-qizi onalarining pinjiga tiqildi. Ammo axloqsizlik girdobida o‘zligini unutgan notavon o‘g‘ildan sado chiqmadi…

***

Katta shaharning mashhur kiyim bozori. Oftobda qorayib ketgan, soqoli o‘sgan, egnidagi kiyimiga ter aralash somsa hidi unnab qolgan bo‘ychan, ozg‘in yigit: “Kep qoling, op qoling”, deya moliga xaridor chorlayapti. Harbiy libosdagi, ko‘rkam va qat’iyatli Muxtorbekni ko‘rgan inson borki, bu holda uni darhol taniy olmasligi aniq. Harbiy xizmatdan haydalib, ota-onasining qarg‘ishini olib, oilasidan ayrilgan irodasiz yigitni uzoqdan kuzatar ekanman, lablarim beixtiyor shivirlaydi: “Notavon, notavon…”

Zulfiya YUNUSOVA

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine