Istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari og‘ir va sharafli yo‘lni bosib, mustaqilligimiz va xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida yuksak xizmat ko‘rsata oldi.
Maxsus operatsiyalar kuchlari tashkil topganining
26 yillik sanasi harbiy qismda bayramona tarzda nishonlanib, unda Mudofaa vazirligi mas’ullari, tizimdagi ko‘plab soha fidoyilari, keksa-faxriylar, xizmat burchini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari jam bo‘ldi.
Saf maydoni uzra shaxsiy tarkib saf tortib, jangovar bayroq mag‘rur hilpiradi.
Tantanali marosimni ochib bergan mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov dastavval sana munosabati bilan mudofaa vazirining tabrigini o‘qib eshittirdi. Vazir o‘rinbosari ushbu tarixiy kun bilan barchani qutlar ekan, har qanday vaziyatda ham Vatan xizmatiga shay bo‘lib kelayotgan harbiy xizmatchilarimizni, tizimda mehnat qilayotgan zahmatkash soha egalarining fidoyiligi hech qachon unutilmasligini g‘urur bilan tilga oldi.
Sir emaski, 1999–2000-yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hamda Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlari tog‘li hududlaridagi to‘qnashuvlarda, 2005-yildagi Andijon voqealarida Maxsus operatsiyalar kuchlari harbiy xizmatchilarining jonbozligini xalqimiz yaxshi eslaydi.
Ayniqsa, 2000-yilda Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida bir guruh g‘alamislarning yo‘li to‘silgani barchaning yodida bo‘lsa kerak. Tun-u kun davom etgan to‘qnashuvlarda jon olib, jon berildi. O‘nlab dushman kuchlari yo‘q qilindi. O‘sha mudhish voqea millatimizning bir qancha norg‘ul yigitlarini ham olib ketdi. Ular xalq ichida doston bo‘ldi va mudom yod etilmoqda.
Uchrashuvdagi do‘st-birodarlar tilida Elomon, Yunusjon, Ulug‘bek, Sayyor, Bobur, Qahramon kabi nomlarni eshitasiz. Ularning safdoshlari o‘sha mudhish damlarni eslar ekan, yigitlar ko‘rsatgan jasorat, ulardagi mardlik va shijoat armiyamiz o‘g‘lonlari uchun chinakam namuna ekanini g‘urur bilan tilga oldi.
Ayniqsa, harbiy qismga tashrif buyurgan mehmonlar orasida marhum qahramon jangchilarning ota-onalari, oilasi, yaqinlari barchaning ko‘z o‘ngida bo‘ldi. Chunki ko‘ksini el tinchligi uchun dushman o‘qiga tutgan o‘g‘il tarbiyalash har qanday ota-ona uchun ulkan sharaf.
Tabrik uchun so‘z olganlar ham sohada olib borilayotgan zamonaviy islohotlar, yaratilgan shart-sharoitlarning yorqin ifodasi xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritilayotgan yutuq va g‘alabalar misolida aks etayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Bayramona tadbir davomida harbiy qism shaxsiy tarkibining tantanali marsh yurishi, xizmat itlari ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar, faxriy qorovulning o‘ziga xos namoyishlari, Maxsus operatsiyalar kuchlari harbiy xizmatchilarining pistirmaga qarshi harakatlari, qo‘ljangi ko‘rgazmalari barchaga yuqori kayfiyat baxsh eta oldi.
Harbiy qismdagi “Xotira maydoni”ga gul qo‘yish marosimida esa halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlar yana bir bor xotirlandi.
Marhum jangchi Elomon Otajonovning otasi Xolmurod Otajonov va onasi Yanglish Otajonova o‘g‘illari haqida xotiralarni yoshlarga ulashdi.
– O‘g‘lim kichkinaligidan harbiy bo‘laman, derdi. Xulqi yaxshi, o‘rtoqlari bilan ahil edi. Ko‘p eslayman, o‘g‘lim armiyadan qaytsa, mashina olib, meni aylantirib yurishni niyat qilar edi, – deya eslaydi Yanglish Otajonova. – Ta’tilga kelganida qarindoshmi, do‘stimi – hammasining uyiga birma-bir kirib chiqardi. Men esa qachon uylanasan, deb qistovga olganim olgan edi. “Opa (aya ma’nosida), poligonga borib kelay, so‘ng bir qiz haqida aytaman, sovchi bo‘lib borasiz”, degandi. Endi u qiz, u kunlar… U Vatan xizmatini birinchi o‘ringa qo‘yar edi…
Bayram tantanalari harbiy qismning ma’naviyat markazida davom etdi. Kuy-qo‘shiqlar sadolari ostida Maxsus operatsiyalar kuchlarining tashkil etilishi va rivojlanishi yo‘lida mehnat qilayotgan, yosh avlodni tarbiyalashda namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh ustozlar, nafaqadagi faxriylar, harbiy xizmatchilar, marhum qahramonlarning oila a’zolari yuksak sharaf ila taqdirlandi.
Kapitan Bobur ELMURODOV,
“Vatanparvar”