Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarTANDIRDAN UZILGAN NON YOXUD GAZETACHILIKNING MASHAQQATLI YO‘LI HAQIDA AYRIM MULOHAZALAR

TANDIRDAN UZILGAN NON YOXUD GAZETACHILIKNING MASHAQQATLI YO‘LI HAQIDA AYRIM MULOHAZALAR

– Gazetaning yangi soni keldi, – xursand kirib keldi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari. O‘tirganlar birin-ketin sahifalarni varaqlay boshladi. Ularni jim kuzataman. Ko‘pi bilan 2-3 daqiqada 24-sahifaga yetib kelishadi. Aksariyatini sarlavhalar, maqolalarning umumiy mazmuni va mualliflar qiziqtiradi.

Xayolan tahririyatga qaytaman. Ish juda ham qizg‘in.

– Hozir yilning issiq kunlari, shu haqda foydali ma’lumotlar berish kerak.

– Yozgi ta’tilda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘kazishga xizmat qiladigan materiallarni ko‘proq chop etsak.

– Tarixiy mavzular esdan chiqmasin.

– Jadidlar faoliyatidan harbiy xizmatchilar, albatta, xabardor bo‘lishi lozim.

– Jangovar va o‘quv mashg‘ulotlari, seminar va anjumanlarni oldingi sahifalarga joylashtirgan ma’qul.

– Chet mualliflardan, yozuvchi va ziyolilardan ko‘proq jalb qilish foydadan xoli bo‘lmaydi…

“Xizmat taassurotlarim haqida kundaliklarimni to‘plab, maqola tayyorlasam bo‘ladimi? Gazeta tarixi haqida ham gapirib bera olasizmi?” – askar yigitlardan birining savoli xayollarimni to‘zg‘itib yuboradi. Uning e’tiboridan xursand bo‘lib, batafsil ma’lumot berishga kirishaman:

– Mudofaa vazirligining markaziy matbuot nashri “Vatanparvar” gazetasi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri – Milliy gvardiya qo‘mondonining 1992-yil 19-iyundagi 81-sonli buyrug‘iga binoan tashkil etilgan.

1992-yil 24-iyun kuni “Vatanparvar”ning ilk soni chop etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni, davlatning mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi siyosatini keng targ‘ib qilish, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida ulug‘ ajdodlarga munosib vorislar etib tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, harbiy xizmat va kasb nufuzini oshirish maqsadlarida faoliyat yuritayotgan gazeta 2005-yil 29-aprel 48-sonidan to‘liq rangli sahifalarda, haftalik gazeta sifatida chop etila boshladi.

2015-yili tahririyat tomonidan “O‘zbekiston armiyasi” jurnalining birinchi soni chop etildi…

Bu kabi savol-javoblarga ko‘nikib qolganmiz. Xizmat safarlari bir-biriga ulanib ketadi. Gazeta sahifalarini yangi-yangi maqolalar bezayveradi. Sahifalarga sig‘magan satrlar kitoblarga ko‘chadi. 2012–2023-yillarda “Vatanparvar” kutubxonasi seriyasida “Buyuk ajdodlardan meros muqaddas Vatan”, “Oila – hayot gultoji”, “Axborot-psixologik xurujlar va tahdidlar”, “Vatan omon bo‘lsin”, “Qalqon qo‘shig‘i”, “Mangu jasorat”, “O‘zbekiston armiyasi obyektiv qarshisida”, “Armiya bilan hamqadam, hamfikr, hamnafas” nomli kitoblar jami 14 500 nusxada chop etilib, Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga tarqatildi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimlari – Qurolli Kuchlar xizmatchilari Zulfiya Yunusovaning “Muhabbatning azobi”, “Qaltis xato”, “Baxt tilsimi”, “Bobolarim kutgan onlar”, Inobat Ibragimovaning “Chinni”, “Gunash sharqisi”, Begali Eshonqulovning “Men axir senman”, “Voh”, mayor Aziz Norqulovning “Posangi”, “Jar yoqasidagi masxaraboz”, katta leytenant Islomjon Qo‘chqorovning “Seni izlayman”, katta leytenant Dilshod Ro‘ziqulovning “Dehqoni so‘z” kabi kitoblari chop etildi. Shu yillar davomida mayor Aziz Norqulov, katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov, Qurolli Kuchlar xizmatchilari Zulfiya Yunusova, Inobat Ibragimova, Begali Eshonqulov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘ldi.

Tunlarni tonglarga, yo‘llarni yo‘llarga ulagan ijodiy safarlar o‘zining samarasini beradi, albatta. Bir qator tahririyat xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlanib, respublika miqyosida e’tirof etilgan. O‘tgan yillarda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyatining 10 nafar xodimi – “Jasorat”, “Shuhrat” medallari va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 5 nafar xodimi “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi g‘olib va sovrindorlari safidan o‘rin oldi.

Respublika miqyosidagi tanlovlar g‘oliblari ham tahririyat muxbirlari orasida talaygina. 2023-yili tahririyat ijodiy xodimlari bir qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, bo‘lim boshlig‘i katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov “Kelajak bunyodkori”, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Begali Eshonqulov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bo‘lim boshlig‘i mayor Aziz Norqulov respublika miqyosida o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz”, bo‘lim boshlig‘i katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov “Posboniman muqaddas yurtning” tanlovlarida faxrli o‘rinlarni egalladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyati tomonidan ham harbiy xizmatchilar, ularning farzandlari, OAV xodimlari o‘rtasida ko‘plab tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. “Vatanga xizmat – muqaddas burch”, “Milliy armiyamiz – mustaqillik qalqoni”, “Mustaqillik mening taqdirimda”, “Yuksak huquqiy madaniyat”, “Mening dadam – Vatan himoyachisi”, “Ajdodlar merosi”, “Posboniman muqaddas yurtning”, “Vatan himoyachisi – mening tasavvurimda”, “Kitobxon posbon”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Jamoatchi muxbir”, “Temur tuzuklari” bilimdoni” kabi 15 dan ziyod tanlov tashkil etildi.

Quvonarli yana bir jihat, bir guruh safdoshlarimiz armiya hayotiga ilmiy yondashib, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyatining qo‘shinlar bilan ishlash bo‘limi maxsus muxbiri katta leytenant Dilshod Ro‘ziqulov 2023-yilda “O‘zbekistonda harbiy jurnalistikada axborot integratsiyasining nazariy va amaliy xususiyatlari” mavzusida doktorlik (PhD) dissertatsiyasini yoqlab, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti mustaqil izlanuvchisi, “Vatanparvar” birlashgan tahririyati bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Gulnora Xodjamuratova “O‘zbekistonda harbiy PR–kommunikatsiyalar: mazmuni, yo‘nalishlari, samaradorligi masalalari”, kapitan Bobur Elmurodov “Jasorat” fenomenini shakllantirishda o‘zbek epik dostonlari: strukturaviy-funksional yondashuv” mavzusida (PhD) dissertatsiyasini tayyorlamoqda.

Aytgancha, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti jamoasi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan talabalarni amaliyotga tayyorlash borasida ham muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Universitetning Harbiy va sport jurnalistikasi kafedrasi ko‘chma filiali ochilgan.

Faoliyatimizning aksariyat qismi xizmat safarlari bilan o‘tadi. Ayrim yangiliklardan gohida o‘zimiz ham sal kechikib xabardor bo‘lamiz.

Bu tanish hodisa esa ko‘p takrorlanadi:

– Gazetaning yangi soni keldi, – xursand kirib keladi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.

O‘tirganlar birin-ketin sahifalarni varaqlay boshlaydi. Ularni jim kuzataman. Boshlarini ko‘tarmay mutolaaga berilib ketganlarini ko‘rsam, sevinib, ich-ichimdan faxrlanib o‘tiraman. Tandirdan uzilgan nondek gazetaning yangi soni ularning qo‘liga yetib kelgunicha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni ko‘z oldimga keltiraman.

Yana bir quvonchli voqea. Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimizning qaroriga ko‘ra, yurtimizning bir guruh faol, fidoyi va mard o‘g‘lonlari “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular orasida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyatining bo‘lim maxsus muxbiri, yosh olim katta leytenant Dilshod Ro‘ziqulovning ham borligi bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.

Gazeta tashkil etilganining
32 yillik tantanalarini yorug‘ yuz bilan nishonlayotgan hamkasblarimga ko‘p tashakkur aytaman! Ana shunday mas’uliyatli va muqaddas vazifaning bir ishtirokchisi ekanimdan faxrlanaman!

 

Mayor Aziz NORQULOV,

“Vatanparvar”

Previous article26 YILLIK TARIXIY SANA
Next articleOT HAQIDA HAQIQAT

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine