Juma, Oktabr 11, 2024
HomemaqolalarMILLIY LIBOS – MILLAT YUZI

MILLIY LIBOS – MILLAT YUZI

Zaminga ildiz otgan har bir millatning o‘z Vatani, ona tili, milliy qadriyatlari bor. Mana shu millatlarning milliy qadriyatlari shakllangan madaniy merosidan biri milliy libosidir. Qancha asrlar, davr-u zamonlar o‘zgarmasin, ularning milliy liboslari yangi urfda sayqallansa-da, o‘zligini yo‘qotmaydi.

Ko‘p insonlar Yevropa va G‘arb davlatlari umumiy kiyinish madaniyatiga o‘tgan, milliy liboslari deyarli unutilgan, bu madaniy meros faqat Sharqda asralgan, deb o‘ylaydi. Lekin o‘sha rivojlangan mamlakatlarda ham  qadriyatlariga sodiq millat vakillari o‘zlari uchun muhim bo‘lgan kunlarda, bayramlarida milliy liboslarini kiyadi, ajdodlar an’analariga rioya qiladi. Avstriya davlatining Vena shahridagi mashhur oshxonalardan birida bo‘lganimda, ularning asrlar davomida asrab kelinayotgan an’anasiga duch keldim. Ya’ni uch yuz yildan ziyod vaqt mobaynida avloddan avlodga o‘tib, faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bu oshxona qadim qadriyatlarga rioya qilar ekan. Sayyohlarning qadami uzilmaydigan yemakxonada barcha ishchi-xizmatchilar mijozlarni faqat milliy libosda qarshi olarkan. Qarangki, zamonaviy uslubda qurilmagan kamtargina bu oshxonaga tashrif buyurganlar ro‘yxatidan ko‘plab davlat rahbarlari va mashhur insonlar joy olganiga guvoh bo‘ldim, suratlari bilan tanishdim. Xususan, mamlakatimizning birinchi Prezidenti ham. Buning siri nimada? Albatta, bu go‘shada nemis millatining qadim qadriyatlari asralishida, mehmonlarga qadim milliy taomlar va ichimliklarini taqdim etishida.

Asrlar ortiga boqsangiz, insonlarning qaysi millatga mansubligi uning kiyim-boshidan bilingan. Hozirda ham bunga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Masalan, Hindiston, Pokiston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarda bu qadriyatga e’tiqod qilinadi. Bizda esa bu qadriyat asosan bahor bayrami – Sharqona Yangi yilimiz Navro‘zda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Adras-u atlas kiygan go‘zal qizlar, oq yaktak ustidan belbog‘ bog‘lagan, boshida qalampirnusxa do‘ppili yigitlar milliy liboslarimizni, an’analarimizni ko‘z-ko‘z qiladi.

Shuningdek, milliy liboslarimizning dunyoga bo‘y ko‘rsatishida mohir dizaynerlarimiz va san’atkorlarimizning o‘rni katta. Dunyo miqyosidagi turli tanlovlarda ishtirok etayotgan yoshlarimiz olamga zamonaviy milliy liboslarimizda yuzlanayotganiga guvohmiz. Shu bilan birga, poytaxt va viloyatlarimizdagi ko‘plab milliy taomlar tayyorlanadigan oshxonalarda xizmat qilayotgan yigit-qizlar xo‘randalarni o‘zligimizga xos go‘zal liboslarda, qo‘llari ko‘ksida qarshi olmoqda. Bu dunyo mamlakatlaridan yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlarning milliy qadriyatlarimiz xususidagi qarashlariga, o‘zbekona liboslarimiz bilan tanishishida katta ahamiyat kasb etadi.

Inson hamisha go‘zallikka oshifta, hamisha go‘zallikka intilib yashaydi. Buni har jabhada kuzatish mumkin, xususan, liboslar borasida ham. Shu sabab modalar olamidagi yangiliklar, o‘zgarishlar har doim el e’tiborida turadi. Biroq qanday holda bo‘lmasin, liboslar behayolikka emas, go‘zallikka xizmat qilishi kerak. Ayniqsa, qiz-juvonlarimiz bunga e’tiborli bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Zamonaviy kiyinganga nima yetsin, biroq haddan ziyod zamonaviylikka berilib, o‘ta kalta va tor-tanqis, ochiq-sochiq liboslar kiygan yoshlar uchraydiki, ular jamiyat ahli tomonidan tanqid qilinsa qilinadiki, e’tirof topmaydi.

Milliy libos – millat yuzi, deyishadi. Asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy liboslarimiz borki, ko‘rgan odamning ko‘zi qamashadi. Ammo keyingi yillarda qiz-juvonlarimiz orasida urfga aylangan xorij libosi sanalmish hijobga qanday baho berish mumkin? Ba’zida qora libosga o‘ralib, yuziga qadar berkitib olgan yoshlarni ko‘rib beixtiyor kayfiyating tushib ketadi. Eng achinarli jihati, umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan yosh qizaloqlarning ro‘molga burkanib olganiga nima deysiz? Maktabda bo‘lganimda ularni darsdan bo‘sh payti dugonalari bilan quvlashmachoq o‘ynab, terlab-pishib yurganini ko‘rib, dilim ranjidi. Qizaloqlardan birining onasidan so‘radim:

– Qizingiz endigina birinchi sinf o‘quvchisi ekan. Hijobga kirishiga hali juda yosh-ku, nega ro‘mol o‘ratdingiz?

– Men unga ro‘mol o‘ra demadim. Sinfidagi hamma o‘rtoqlari hijobga kiribdi. Yolg‘iz o‘zi ajralib qolgani uchun shuni istadi…

Taassuflar bo‘lsinki, ayni bilim poydevorini o‘zlashtirayotgan yetti-sakkiz yashar qizaloqlarga bu yoshda hech bir dinda o‘ralish buyurilmagan bo‘lsa kerak. Maktablar ma’muriyati bu borada ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borishi zarur. Bu kelajak avlodning istiqboli bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmas dolzarb masaladir. Qizchalarini ko‘r-ko‘rona hijobga kirgizgan ota-onalarning bu libos haqida hech qanday ma’lumotga ega emasliklari yanada achinarli. Bilishimcha, arab davlatlarining ayollari uylaridan tashqariga chiqayotganda chodra yopinib oladi. Hijob esa ularning xizmatkorlariga tegishli kiyim ekan.

Arab filmlaridan birida ko‘rgandim, ya’ni 13-14 yashar qizlarda voyaga yetganlik belgisi ko‘ringandagina, ma’lum marosim bilan ro‘molga kirgizilar ekan. Film davomida o‘smir yoshidagi qizlar qo‘ng‘iroq sochlari yoyilgan holda o‘ynab-kulib yurgani, keyin ham chodraga kirishni istamagani tasvirlangan.

Boshida hamisha harir ro‘mol bo‘lgan, hayo va andishada benazir millatparvar shoira va go‘zal notiq egasi Tursunoy Sodiqovaning bu boradagi fikri bilan tanishamiz. Opa bilan suhbat o‘tkazgan jurnalist o‘rtasida quyidagicha savol-javob bo‘lib o‘tgan:

– Hozir ko‘cha-ko‘yda, transportda, boshdan-oyoq hijobga o‘ralgan qizlarga duch kelamiz. Kimdir ularga havas bilan, yana kimdir g‘ashlik bilan, yana birov achinish bilan qarayapti. Haqqa ishongan, dilini poklagan bu qizlarni tabriklash kerakdir, balki. Biroq hali butun kelajagi oldinda turgan, ilm olish, eliga, yurtiga xizmat qilish kerak bo‘lgan bu qizlar bir oz shoshilishmadimikin. Qolaversa, turonzaminning islomiy iymoni butun ayollariga hijob xos emas edi-ku!

– O‘zim islomiy tarbiya tarafdoriman. Iymon, halollik, shukrona, hammaga va har doim yaxshilik qilish… Bu da’vatlarday oliylik bormi? Kishining fe’li hijobli bo‘lsin. Hammaning kiyinish tarzida shunday rusum bo‘lsa, boshqa gap edi. Hijobga o‘ranib olish mana bundoq ilm o‘rganyapman, deb pisanda qilishday bo‘lib qolmasin. Odamlarning e’tiborini tortish ham islomga zid, qolaversa, hijob kiyganga qaragan ham, qaramagan ham qaraydi, qiz bolaning o‘ziga ham o‘ng‘aysizlik tug‘iladi.

Undan ko‘ra, o‘zimizning go‘zal milliy kiyimlarimizga yo‘l ochaylik: yenglari va bo‘ylari to‘kis ko‘ylaklar, siqma bel kamzullar, nafis ro‘mollar, do‘ppilar, zebigardonlar…

Hammaga o‘xshayversam, goh rusga, goh inglizga, goh yaponga taqlid qilaversam, otim betayin bo‘lmaydimi, singlim! Mening birinchi qarzim va farzim – zotimga, avlodimga, millatimga o‘xshab turishimdir!

Ulug‘ ustoz bu borada na’qadar haq. Liboslar millat ma’naviyatining ko‘zgusidir. Millatimizning birgina qalampirnusxa do‘ppisi-yu atlas matosi dunyoning qaysi burchida bo‘lmasin, uning o‘zbek ekanligini anglatib turadi. Darhaqiqat, har bir millatning ajdodlaridan meros bo‘lib kelgan o‘ziga xos kiyinish san’ati, urf va uslubi bor. Ammo davr va zamonlar bir joyda turmagani, evrilishlarga yuz tutgani kabi liboslarning urflari ham o‘zgarib turadi. Bu bugungi kun bilan, zamon talabi bilan uzviy bog‘liq, shubhasiz. Shunday ekan, o‘zbekona milliy liboslarimizni zamonga moslab kiyganimizga nima yetsin?!

Bu borada millatning yana bir dilbar va dono farzandi Jamila Shermuhammedovaning milliy liboslarimizga sadoqati borasida to‘xtalishni istardim. Falsafa fanlar doktori, professor Jamila Toshpo‘latovnani tadbirlar va uchrashuvlarda hamisha atlas va adras liboslarda ko‘rganman. Zamonaviy kiyimlarining hech bo‘lmaganda, qaysi bir joyida, yoqasi yoki yengida, yoxud bo‘ynilarida adras sharf bo‘ladi. Dunyoning o‘ttizdan ziyod davlatida bo‘lgan ulug‘ olima o‘z o‘rnida milliy liboslarimizni ham jahonga ko‘z-ko‘z qilib kelayotgan vatanparvar fidoyilardan.

Har bir sohada bo‘lgani kabi dizayner va chevarlarimiz milliy liboslarning yangi urflarini yaratish ustida tinmay izlanishlar olib bormoqda va bu boradagi yangi loyihalarini – tayyor liboslarini elimizga, jahonga namoyish etmoqda. Tanlovlarda yuqori e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. Bu tahsinga loyiq, albatta. Ammo o‘ylaymanki, ularning oldida turgan asosiy vazifa o‘zligimizga xos atlas, adras, beqasam kabi matolardan o‘quvchilar, talabalar va ishchi-xizmatchilar uchun zamonaviy liboslar yaratishdir. Balki shundagina milliy liboslarimiz ko‘rgazmalar va bayramlardagina kiyiladigan mavsumiy kiyim-bosh emas, millatimizning yuzi – faxri bo‘lib qoladi.

 

Zulfiya YUNUSOVA,

“Vatanparvar”

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine