E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, yaqin yillardan buyon aholi orasida energetik ichimliklarni iste’mol qilish odat tusiga kirdi. Katta yoshdagi insonlar, balki, bu ichimlik nimaligini yaxshi bilmas. Lekin yoshlarimizning aksariyati allaqachon qaram bo‘lib ulgurgan. Afsuski, ular ko‘p miqdorda kofein va shakarning kombinatsiyasi turli tizimlar va organlarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilmaydi (energetik ichimliklar tarkibida 150 milligrammdan ortiq miqdorda kofein, taurin va inson organizmining hayotiy faoliyatini o‘zgartiruvchi boshqa tarkibiy qismlar mavjud). Bu boradagi tadqiqotlar ko‘plab xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan.
Masalan, 2014-yilda Avstraliyaning Deakin universitetida tarkibida ko‘p miqdorda kofein moddasi bo‘lgan energetik ichimliklarni iste’mol qilish, uning bolalar va o‘smirlar salomatligiga salbiy ta’siri masalalarini dunyo miqyosida o‘rganishga bag‘ishlangan birinchi xalqaro konferensiya tashkil etilgan. Unda ishtirok etgan olimlar, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari va voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlar shunday xulosa bergan: energetik ichimliklarni doimiy ravishda iste’mol qilish voyaga yetmaganlarda yurak xurujlari, vahima, ko‘rish qobiliyatining susayishi va aqliy nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Achinarlisi, energetik ichimliklarga o‘rganib qolish natijasida o‘smirlar kelgusida ko‘plab asab kasalliklariga chalinishi mumkin. Chunki bunday ichimliklar insonda qo‘rquv (stress) holatlarini keltirib chiqaradi. Ba’zi shifokorlarning fikricha, bu ichimlik hatto bepushtlikka olib kelishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘smirlar va bolalar uchun hafta mobaynida kofein iste’molini 60 milligrammdan oshirmaslik zarurligini tavsiya qilgan. Bitta energetik ichimlik tarkibida o‘rtacha 30 milligramm kofein mavjudligi inobatga olinsa, uning qanchalik zararli ekani ma’lum bo‘ladi.
Cheklovlar bor, lekin…
Energetik ichimliklarni sotish bo‘yicha dunyoning ko‘plab davlatlarida qonuniy cheklovlar belgilangan. Masalan, aksariyat mamlakatlarda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga bu kabi ichimliklarni sotish cheklangan bo‘lsa, Daniya, Turkiya, Norvegiya, Islandiya kabi davlatlarda va AQShning ayrim shtatlarida energetik ichimliklar sotuvi butunlay taqiqlangan.
Mamlakatimizda ham bu borada bir qator qonuniy tartiblar belgilangan. Xususan, energetik ichimliklar reklamasida ichimliklarni ichish jarayonini namoyish etish man qilingan bo‘lib, reklama iste’molchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega, degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak. Mazkur qonun talablarini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Lekin, afsuski, bironta mamlakatda uning iste’mol qilinishi butkul taqiqlangan emas. Mutaxassislar o‘rgangan ma’lumotlarga ko‘ra, energetik ichimliklarni iste’mol qilish bozori yiliga 13-15 foizga kengayib bormoqda. Asosiy iste’molchilar 18-35 yoshdagilardir. Agar bu ichimlikni asosan yoshlar iste’mol qilayotgani hisobga olinsa, bizda uning ehtimoliy iste’molchilari aholining 64 foizini (30 yoshgacha bo‘lganlar) tashkil etishi mumkin.
Zararli bo‘lsa, nima uchun ommalashyapti?
Xo‘sh, energetik ichimliklar zararli ekan, unda nima uchun ommalashyapti? Sizda shunday savol tug‘ilishi tabiiy. Mazkur ichimliklar tarkibidagi kofein psixostimulyator modda bo‘lib, u insonga vaqtinchalik tetiklik hissini beradi, charchash holatini yengillashtiradi va aqliy faoliyatni kuchaytiradi. Energetik ichimliklar tarkibida tetiklantiruvchi moddalar sabab ba’zi insonlarda “faqat shuni ichsamgina, kun davomida o‘zimni tetik his qilaman”, degan fikr paydo bo‘lgan. Shu bois ular bu ichimlikni ko‘p miqdorda ichishga odatlangan, ya’ni ularda allaqachon energetikka nisbatan doimiy qaramlik kelib chiqqan. Ammo ular ma’lum bir vaqtdan so‘ng inson organizmida charchoq battar kuchayishi, bosh og‘rig‘i paydo bo‘lib, aqliy va jismoniy faoliyati susayishiga e’tibor bermaydi. Tez-tez va surunkali iste’mol qiluvchilarda keyinchalik bo‘g‘im og‘riqlari yuzaga keladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 18 yoshga to‘lmagan bolalar va o‘smirlar, homilador va emizikli ayollar, yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabetga chalingan bemorlarga energetik ichimliklarni ichish taqiqlanadi. Bunday ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish inson tanasidagi hujayra va to‘qimalarga jiddiy zarar yetkazib, jigar, qandli diabet, saraton, yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi.
Unutmang, bu ichimlik chanqoqbosdi emas!
Oramizda shunday insonlar borki, suvsasa, energetik ichimlik ichadi. Ya’ni uni chanqoqbosdi deb biladi. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, mutlaqo unday emas! Inson chanqaganda faqat suv ichishi kerak. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, yoshi katta insonlarda tananing 60–70, bolalarda 80–90 foiz qismi suvdan iborat bo‘lib, inson hujayralaridagi barcha jarayonlar suv orqali amalga oshadi. Shu bois organizm qancha suv talab qilayotgan bo‘lsa, shuncha miqdorda suv ichish zarur. Suv gazlanmagan, turli moddalar qo‘shilmagan bo‘lishi lozim.
Quyida energetik ichimliklarning inson salomatligiga bo‘lgan salbiy ta’siri xususida batafsil ma’lumot beramiz.
Yurak faoliyatini buzadi
Darhaqiqat, bu ichimlik yurak faoliyatini izdan chiqaradi. Energetikdagi kofein va boshqa stimulyatorlar yurak tezligi va qon bosimini oshiradi. Eng dahshatlisi, bunday ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish aritmiya va hatto yurak to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tetiklantiruvchi ichimliklar hatto yoshlarga ham zarar yetkazishi mumkin. Masalan, olimlar olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, 14 va 16 yoshli ikki sog‘lom yigitda fibrillyatsiya holati kuzatilgan.
O‘tkir holatlardan tashqari energetik ichimliklar muntazam iste’mol qilinganda ham yurakka zarar yetkazishi mumkin. Olimlar tetiklantiruvchi ichimliklarni iste’mol qilish qon tomirlari endotelial funksiyasini kamaytirishi va trombotsitlar agregatsiyasini rag‘batlantirishi mumkinligini aniqladi. Uzoq muddat ichilsa, qonda tromb paydo bo‘lish xavfini oshiradi.
Asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi
Qisqa vaqt ichida bir nechta energetik ichimliklar ichish zaharlanishga olib kelishi mumkin. Uning alomatlari orasida tashvish, uyqusizlik, taxikardiya, ovqat hazm qilish jarayonining buzilishi, titroq, mushaklar tortishishi va bezovtalik kuzatiladi. Kofeinning yuqori dozalari surunkali bosh og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, energetik ichimliklar tarkibida mavjud bo‘lgan kofein, taurin va guarana birikmasi miya uchun toksik bo‘lishi va asab hujayralarini buzishi mumkin.
Energetik ichimliklar ayniqsa o‘smirlar uchun xavflidir. Bir tadqiqot 15-16 yoshdagi o‘smirlarda kofein iste’mol qilish va xatti-harakatlarning buzilishi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan.
Semirishga olib keladi
Energetik ichimliklar shakarga boy bo‘lgani sababli ortiqcha iste’mol qilish semirish va 2-toifadagi diabet xavfini oshiradi.
Xuddi shu sababga ko‘ra, tetiklantiruvchi ichimliklar ingichka ichakdagi foydali bakteriyalarning xilma-xilligini kamaytirishi mumkin, bu ham vazn ortishi va metabolik sindromning rivojlanishi bilan xarakterlanadi.
Jigarga zarar yetkazadi
Me’yordagi energetik ichimliklar jigarga zarar keltirmaydi, lekin agar haddan tashqari oshirib yuborilsa yoki spirtli ichimlik qo‘shilsa, tananing asosiy filtri bardosh bera olmasligi mumkin.
Suvsizlanishga olib keladi va buyraklarga zarar yetkazadi
Energetik ichimliklar ko‘pincha sport musobaqalarida ishlatiladi, chunki kofein sportchilarning ish faoliyatini yaxshilashi mumkin. Shu bilan birga, siydik va natriy miqdorini oshiradi, bu suvsizlanish va elektrolitlar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun uzoq vaqt davomida jismoniy faollik paytida, ayniqsa issiq sharoitda energetik ichimliklar ichmaslik kerak.
Tish emalini yemiradi
Yuqori kislotalilik va energetik ichimliklar tarkibidagi ko‘p miqdordagi shakar tufayli tish emaliga yomon ta’sir qiladi.
Amerikalik o‘smirlar ishtirok etgan ikkita tadqiqot eroziya va tishlarning parchalanishi shakarli ichimliklar, shu jumladan energetik ichimliklar miqdori bilan bevosita bog‘liqligini tasdiqladi.
Shunday ekan, hayotni mudom tabiiy qabul qilish lozim. Sun’iy narsalar esa har doim vaqtinchalik bo‘ladi. Buni yuqorida keltirgan ma’lumotlarimizdan ham angladingiz degan umiddamiz.
G. XODJAMURATOVA tayyorladi.