Juma, Oktabr 11, 2024
Homeyangiliklar“OYMASHA” POLIGONIDA HAMKORLIKDAGI O‘QUVLAR O‘TKAZILDI

“OYMASHA” POLIGONIDA HAMKORLIKDAGI O‘QUVLAR O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Birlestik – 2024” mintaqaviy xalqaro o‘quvlarida ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston va mezbon davlatdan tashqari Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylari ham qatnashdi.

O‘quvlar “Oymasha” poligoni va Tokmak burnidan 2 kilometr uzoqlikdagi dengiz maydonida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hamkorlikdagi xalqaro o‘quvda ishtirokchi davlat harbiy bo‘linmalari qurolli mojarolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma operatsiyani o‘tkazdi. Shuningdek, boshqa davlatlar armiyasi bilan tajriba almashish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli keskin vaziyatlarga doimo shay turish, eng so‘nggi texnologiyalar yordamida harbiy xizmatchilar ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishga alohida e’tibor qaratildi.

Jarayonlarni bevosita kuzatish uchun O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Qozog‘istonda bo‘ldi.

“Oymasha” poligonida bo‘lib o‘tgan mazkur harakatlar doirasida ishtirokchi davlatlarning harbiy xizmatchilari 17 ta taktik epizodni namoyish etdi. Ularning barchasi yagona o‘quv-jangovar vazifa – noqonuniy qurolli guruhlarni aniqlash, qurshab olish va yo‘q qilishga yo‘naltirildi.

Shartli jangarilarning tayanch hududlari, pozitsiyalari va ularning oldinga harakatlanish marshrutlarini aniqlash ishlari qiruvchi samolyotlar ekipajlari, uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan amalga oshirildi. Aniqlangan nishonlar joylashuvi artilleriyadan o‘qqa tutish natijasida to‘xtatildi. Shartli dushman pozitsiyalaridan uchirilgan uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari esa ko‘chma zenit raketa komplekslari va zenit qurilmalari yordamida radioelektron kurash vositalari bilan hamkorlikda bartaraf etildi.

Operatsiyaning muvaffaqiyati oldindan qulay pozitsiyani egallagan taktik havo desanti kuchlarining jangga kiritilishi, shuningdek aralash aviatsiya guruhining zarbalari bilan rivojlantirildi. Keyingi harbiy manyovrlar Kaspiy dengizi sohilida va Tokmak burni yaqinidagi dengiz hududida davom etdi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mazkur o‘quvlar mintaqada harbiy hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

 

Podpolkovnik

Shuhrat SA’DULLAYEV

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine