Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarKO‘KDA QALQON, YERDA POSBON DESANTCHILAR

KO‘KDA QALQON, YERDA POSBON DESANTCHILAR

Tonggi soat uch yarim, atrof qorong‘i. Ishxonadan kasbdoshlar bilan mashinaga o‘tirgancha Toshkent viloyatida joylashgan “Markaz” desantchilar tayyorlash bazasiga yo‘l oldik. Bir soatlar chamasi yo‘l yurib, manzilga yetib bordik. Desantchilar saf tortib turar, nazoratchilar esa parashyutlarni tekshirardi. Tekislikdan iborat maydon anchagina katta bo‘lib, tonggi sokinlik hukm surardi. Tabiatning tonggi ko‘rinishi ham insonga zavq berarkan. Allaqayerlarda hurayotgan itlar ovozi, xo‘rozlarning qichqirig‘i, chigirtkaning chirillashi-yu qurbaqaning qurullashi…

Olis-olislarda biz tomon uchib kelayotgan vertolyotning ovozi barcha o‘y-xayollarimni tarqatib yubordi. Beixtiyor ovoz tobora kuchayib kelayotgan tomonga qararkanman, ovozidan ko‘ra ancha uzoqroqda bo‘lgan vertolyotga ko‘zim tushdi. Ortimda esa “Saflan, rostlan!” buyrug‘i eshitildi. Hammasi ana shu tarzda boshlandi…

Desantchilar komandirlardan so‘nggi topshiriq va ko‘rsatmalarni olganidan keyin birinchi qatorda turgan guruh 500 metr chamasi nariga qo‘ngan vertolyot tomon harakatlana boshladi. Barcha uchun hayajonli onlar edi. O‘quv yig‘iniga kelgan harbiylar orasida birinchi marotaba parashyut bilan sakrayotganlarning ham borligi yanada qiziqishimni orttirdi. Xuddi o‘zim sakrayotgandek ularning harakatlarini hayajon bilan kuzata boshladim. Birinchi guruh 600 metr balandlikdan sakradi. Samoda 521, 522, 523, deya parashyut halqasi tortildi. Vertolyot ortidan xuddi qo‘ziqorindek parashyutlar birin-ketin ochila boshladi. Nazoratchilar uzoqni yaqinlashtiruvchi moslama orqali ularning harakatlarini kuzatarkan, ovozkuchaytirgich orqali desantchilarga kamchiliklarini aytib turish bilan bir qatorda ularni baholab bordi.

Ikkinchi guruhning sakrash balandligi 1 200 metr etib belgilandi. Ularni parashyuti ochilmaguncha ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. Desantchilar bu balandlikdan sakrar ekan, 521, 522, 523, 524, 525, deya halqani tortdi. Uchinchi guruhning sakrash balandligi
3 000 metr bo‘lib, bu uzoqlikda nafaqat parashyut, balki vertolyotning o‘zi ham ko‘rinmas edi. Desantchilar yerdan taxminan
1 500 balandlikka kelganida ularni ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi. Bunda manzara tobora boshqacha tus olgandi. Asosiy parashyut bilan birgalikda qo‘shimcha parashyutlar ham ochilgan, desantchilar qo‘shaloq parashyutlarda belgilangan nuqtaga qarab harakatlanardi.

Tonggi soat sakkizlar atrofida sakrashlar nihoyasiga yetdi. Vertolyot ham kelgan tomoniga qarab sekin-asta ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Va yana tekislikdan iborat kengliklarga sokinlik cho‘kdi…

Aslini olganda, Toshkent harbiy okrugining “Markaz” desantchilar tayyorlash bazasida doimiy ravishda soha mutaxassislarining bilim va malakalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv kurslari tashkil etib kelinadi. Bu galgi o‘quv kursida Janubi-g‘arbiy maxsus va Toshkent harbiy okrugi desantchilari ishtirok etdi. Xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf ila ado etayotgan zabardast bu o‘g‘lonlar Vatan himoyasini muqaddas burch deb e’zozlaydi. Egniga harbiy libos kiyib, yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashni o‘zi uchun sharaf bilgan desantchilar doimiy ravishda jangovar shayligini oshirib bormoqda.

“Markaz” desantchilar tayyorlash bazasida harbiy xizmatchilar yerdagi tayyorgarlik mashqlarini bosqichma-bosqich bajarib boradi. Bunda nafaqat sakrash, yerga qo‘nish, balki parashyutni to‘g‘ri taxlash yo‘l-yo‘riqlarini amalda sinovdan o‘tkazib, ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Tayyorgarlik mashqlarini bajarayotgan yigitlar ham o‘tgan vaqt davomida soha sir-asrorlarini mukammal o‘rganadi. Har tomonlama toblanadi. Bir qarashda oddiy ko‘ringan ushbu jarayonlar davomida o‘g‘lonlar 20 dan ortiq osondan murakkabga tomon qarab boradigan mashqni o‘zlashtirishi kerak. Barchasini mukammal o‘zlashtirgan harbiy xizmatchigina amaliy sakrashlarga o‘tishi mumkin.

 

Sherzod SHARIPOV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine