Juma, Oktabr 11, 2024
HomemaqolalarORAMIZDAGI ODAMLAR

ORAMIZDAGI ODAMLAR

Bundan besh-olti yillar muqaddam Ikkinchi jahon urushida o‘zbeklardan birinchi bo‘lib Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini olgan jangchi haqida maqola tayyorlashimiz kerak bo‘ldi. Shu topshiriqqa qadar bu borada kimning birinchi bo‘lganligi bilan qiziqib ko‘rmagan ekanman.

Sovet davrida Ikkinchi jahon urushi salkam ilohiylashtirilgan edi. Urush qanday maqsad va sabablar bilan boshlanmasin, u insoniyatga nisbatan jinoyat, adolatsizlik va zulmdir! Yurtimizdan juda olislarda kechgan urushga qariyb ikki million kishi jalb qilindi. O‘sha paytda mamlakatimiz aholisi olti milliondan sal oshar edi. Front uchun berilgan moddiy yordamning aniq hisob-kitobi ham aqlni shoshirsa kerak.

Aslida bugungi mavzu butunlay boshqa. O‘zbek millatining insonparvarligi haqida so‘z aytmoqchimiz. Yuqorida aytganimdek, qahramon izlab, oliyjanob insonlarni uchratdik. Birinchi o‘zbek qahramonini topish unchalik ham oson bo‘lmadi. Chunki tug‘ilgan joyi Turkmaniston ko‘rsatilgan, Farg‘onadan 1940-yilda harbiy xizmatga chaqirilgan, ism-familiyasi ham sho‘ro davrida keng tarqalgan xato, hatto nopisandlik bilan yozilgan: Durdiyev Kachkar?!

Farg‘ona viloyatida bunday ism-familiyali inson yo‘q edi. Nihoyat jasur jangchining daragini topdilar. U Andijonning Oyim qishlog‘idan, 1940-yili emas, 1939-yili harbiy xizmatga chaqirilgan, fin urushida ham qatnashgan Qo‘chqor Turdiyev ekan! Ikkinchi jahon urushining qahramonlaridan mashhur uchuvchi Aleksey Meresyev (u haqda yozuvchi Boris Polevoy “Chin inson haqida qissa” kitobini yozgan) uni juda hurmat qilgan, aziz mehmoni sifatida qabul qilgan. Taniqli fotograf, rasmlari bilan Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston solnomasini yaratgan Georgiy Zelma qahramonimizning to‘yida (bu to‘y qozon to‘la palov bilan emas, qovoq somsa bilan o‘tgan edi) ishtirok etgan, hayotining yorqin lahzalarini “Izvestiya”, “Ogonyok”, “Krasnaya zvezda” sahifalariga muhrlagan.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek gap bu haqda emas. Gap qahramon jangchining dilbandi, qizi Mamlakat opa haqida. Opa ellik yildan ortiq Oyimdagi umumta’lim maktabida ishlagan. Rus tilini mukammal bilgani uchun otasi Qo‘chqor Turdiyevning sobiq Ittifoq bo‘ylab safarlarida hamrohlik qilgan.

Opa bilan bir necha bor suhbatlashganmiz. Bir gal shunday voqeani aytib berganlar:

– Maktabimizda rus tili va adabiyoti muallimasi bo‘lar edi. Millati rus. U bilan bir necha yillar birga ishladik. Yaxshi inson edi. Bitta-yu bitta qizi bor edi. U bilan juda faxrlanardi. Og‘zidan bol tomib maqtardi. Qizi voyaga yetgan kuni ota-onasining uyini tark etib ketdi. Shundan so‘ng uning Oyimga qaytganini birov ko‘rmadi. Qiz haqida yangiliklarni onasidan eshitib turar edik. Orada uning harbiy uchuvchiga turmushga chiqqanini, eri bilan Qirg‘izistonda yashashini bildik.

– Kuyovim polkovnik, qiruvchi samolyotni boshqaradi, – deb maqtanib qoldi bir kuni. – Har yili ta’tilda Toshkentda dam olishadi. Bolalariga ham, qizim ikkoviga ham Toshkent va uning tog‘li joylarida dam olish juda yoqadi. Qizim aytib berdi, rasmlar yuborgan…

Hammamiz jim bo‘lib qoldik. Hamkasbimiz Oyimdan tashqariga chiqmagan, chiqqanida eshitar edik. Qizi turmushga chiqibdi, bolalari bor ekan… Toshkentga yetgan oyog‘i Andijonga yetmabdimi?! Onasini ko‘rgisi kelmas ekanmi? Nahotki sog‘inmasa? Shu qiz uchun jonini fido qilardi-ya?! Savol berishga andishalandik. Savollarimiz uning ko‘nglini vayron qilishi aniq edi.

Yillar o‘taverdi. Muallima opa ham pensiyaga chiqdi. Yo‘qlab turardik. Bir kuni choy ichib o‘tirsak, uy eshigiga ishora qilib dedi:

– O‘lsam, tobutimni shu eshikdan yasattirasiz!

– O‘lim haqida gapirmang, uncha-muncha yoshlardan baquvvatsiz, – dedim-u, o‘ylanib qoldim. Yaqin o‘rtada ruslar ham yo‘q. Jomadoni yonida millat ekanmi, hammasi har tomonga ketib bo‘ldi. Birgina shu hamkasbimiz qoldi. O‘lim ham haq bo‘lsa…

Hech xayolimdan ketmay qoldi. Qizidan umidini uzib bo‘lgan shekilli, oxirgi paytlar umuman nomini tilga olmay qo‘ydi. Qandaydir cho‘kib qolgan. O‘ylab-o‘ylab bir qarorga keldim. Ko‘p o‘tmay yeguliklar olib, yana yo‘qlagani bordim. Gapning po‘skallasini aytib qo‘yaqoldim:

– O‘limdan gapirmang, desam, o‘zingiz boshlayapsiz. Unda eshiting: bu o‘rtada tobut yasaydigan odamning o‘zi yo‘q. Xo‘p, bir amallab yasattirdik ham deylik. Qolgan ishlar nima bo‘ladi? Bitta bo‘lsa-da, nasroniy yo‘q-ku, yaqin-o‘rtada. Siz bilan ancha yillar birga ishladik, el sizni hurmat qiladi. O‘lganingizda izzat-hurmat bilan kuzatishni xohlaymiz.

– Nima qil, deysiz?

– Islomni qabul qiling! – dedim ko‘zlariga qarab. – Keyin yoningizga uy-joyga muhtoj bironta yosh oilani olasiz. Keksalikda yolg‘iz qolmaysiz. Issiq-sovug‘ingizdan xabar olib turishadi. O‘z onalariga qanday qarashsa, sizga ham shunday g‘amxo‘rlik qilishadi. Qizingiz endi bu yerlarga qaytmaydi. Unga bu uyning keragi ham yo‘q. Tag‘in o‘ylab ko‘ring, sizni majbur qilayotganim yo‘q.

Ayol yig‘ladi. Taklifimdan emas, qizi haqidagi gapim uning qalbini o‘rtab yubordi.

Opa islomni qabul qildi. Yosh oila uning hayotiga rang olib kirdi. Bolalari bilan ovundi. Tetiklashib, elga aralashib yurdi. So‘nggi yo‘lga ham elimiz ehtirom bilan kuzatdi.

Qizi esa… baribir kelmadi.

 

Inobat IBROHIMOVA,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine